Biz – O‘zbekiston fuqarosimiz

0

Biz – O‘zbekiston fuqarosimiz. Биз – Ўзбекистон фуқаросимиз. Биз – Узбекистон фукаросимиз.


Aziz o‘quvchi, e’tibor berganmisiz, ota-onangiz yoki qarindoshlaringiz chet davlatga bormoqchi bo‘lsa, o‘zi bilan albatta pasportini oladi. Chunki pasport insonning fuqaroligini tasdiqlaydigan hujjatdir. Odamning fuqaroligi esa qaysi davlat yoki xalqqa mansubligini, uning o‘sha davlat himoyasida ekanini, o‘z yurtiga munosib bo‘lish majburiyatini bildiradi. Shuning uchun o‘z davlatining fuqarosi bo‘lish kishiga katta g‘urur va iftixor baxsh etadi.

«Fuqaro» so‘zi grajdanlik ma’nosini anglatadi. Grajdanin lotincha so‘z bo‘lib, huquqiy jihatdan biror-bir davlatga mansublikni bildiradi.

Qadimda fuqaro so‘zi o‘rnida tabaa, raiyat kabi so‘zlar ham ishlatilgan. Ota-bobolarimiz o‘zlari haqida gap ketganida, kamtarlik bilan «faqir-u haqir», «faqiringizni afv etgaysiz», «faqirlik-da, bilmay qolibmiz» kabi iboralarni ishlatganlar. Bu iboralarda o‘zini boshqalar oldida burchdor deb bilish ma’nosi ham bor.

Biz – O‘zbekiston davlatiga mansubmiz va buni e’tirof etar ekanmiz, har safar qalbimiz quvonchga to‘ladi. Chunki, avvalgi suhbatlarimizda aytilganidek, O‘zbekiston dunyoda qiyosi yo‘q go‘zal va betakror mamlakatdir. Bunday Vatanda tug‘ilish, uning bebaho ne’matlaridan bahramand bo‘lish hammaga ham nasib qilavermaydigan ulkan saodatdir.

O‘zbekiston fuqaroligining huquq va burchlari mamlakatimiz Konstitutsiyasida, Fuqarolik kodeksi va boshqa qonun hujjatlarida belgilab berilgan.

Fuqarolik hissi Vatanimiz farzandlarini birlashtiradi, ahil va inoq qiladi. Bunday hamjihatlikning ahamiyatini Prezidentimiz Islom Karimov alohida ta’kidlaydi.

«Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson o‘zini eng avvalo O‘zbekiston fuqarosi deb, shundan keyingina muayyan bir hudud vakili, aytaylik, xorazmlik, samarqandlik yoki Farg‘ona vodiysi farzandi deb his qilishi lozim. Tabiiyki, bu holat har birimizmansub bo‘lgan «mo‘jaz vatan»ning, tug‘ilib o‘sgan shahar yoki qishloqning qadri va ahamiyatini aslo kamaytirmaydi. Biroq shuni esda tutish kerakki, haddan tashqari bo‘rttirib yuborilgan mahalliy vatanparvarlik millatning, xalqning jipslashuviga xalaqit beradi.

Biz Vatan tuyg‘usini mana shunday yaxlit holda, ya’ni dunyoda yagona o‘zbek millati bor, xorazmlik, farg‘onalik, surxondaryolik o‘rtasida hech qanday milliy farq yo‘q, ularning barchasi o‘zbek xalqining farzandi deb anglashimiz, yosh avlodimizni aynan shu ruhda tarbiyalashimiz zarur»[1].

O‘zining fuqarolik burchini chuqur his qilgan odam mamlakat qonunlariga qat’iy amal qiladi, qonunlarning har bandida xalqning irodasini ko‘radi. Shu bois haqiqiy fuqarolik hissi bilan yashagan odam o‘z xalqi va Vataniga nisbatan qilingan nohaqlikka aslo chidab turolmaydi.

Fuqaro so‘zi Vatanning chin farzandi, fidoyi inson ma’nolarini ham anglatadi. Insoniyat tarixida o‘z fuqarolik burchini hayotining ma’no-mazmuni deb bilgan, ona Vataniga munosib bo‘lish yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan zotlar ko‘p bo‘lgan.

Siz jasur fransuz qizi Janna d’Ark haqidagi kitoblarni o‘qigan, filmlarni ko‘rgan bo‘lishingiz mumkin. Uni orleanlik qiz deb ham ataydilar. U yosh bo‘lishiga qaramasdan, Orlean shahrini inglizlardan ozod qilishga, taxtdan chetlashtirilgan fransuz qirolini o‘z o‘rniga tiklashga qaror qiladi. Uning qalbida jo‘sh urgan fuqarolik hissi, vatanparvarlik tuyg‘usi shunga da’vat etadi. U akalari bilan birga yurtga sodiq insonlarga bosh bo‘lib, dushmanga qarshi mardona jang qiladi va Orlean shahrini ozod etadi.

Bu jasoratli qizning xalq ichida obro‘-e’tibori ortib borayotganidan sarosimaga tushgan yov lashkarboshilari va mutaassib din peshvolari uni jodugarlikda ayblab, cherkov nomidan sud qilib, o‘tda yondirishadi.

Janna d’Arkning buyuk jasorati siz yaxshi biladigan To‘maris momomizning qahramonligiga o‘xshab ketadi.

Massagetlar qabilasining boshlig‘i bo‘lgan To‘maris Eron shohi Kirning kuchli lashkariga qarshi jang qiladi. Kir ochiq urush qilishdan qo‘rqib, hiyla ishlatadi. To‘marisning o‘g‘lini mast qilib, keyin asir oladi. Bundan g‘azabga to‘lgan To‘maris makkor yovni ochiq jangga chaqiradi. Qaqshatqich urushda To‘maris dushman ustidan g‘alaba qozonadi.

Bunday misollar, millati, tili va dinidan qat’i nazar, dunyodagi barcha insonlarning muqaddas tuyg‘ulari o‘zaro o‘xshash ekanini ko‘rsatadi.

Davlat o‘z zimmasiga fuqarolarning haq-huquqlari, hayotining daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha muayyan majburiyatlarni oladi. Shuningdek, fuqarolar ham davlatga xizmat qilish, uning mustaqilligi, moddiy va ma’naviy boyliklarini himoya qilish bo‘yicha tegishli majburiyatlarga ega bo‘ladi.

Ongli fuqaro nafaqat o‘z manfaati yoki o‘zi mansub bo‘lgan guruh, toifa manfaatini, balki xalq va Vatan manfaatini ko‘zlab yashaydigan fuqarodir.

Bugungi kunda biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati, avvalo ongli fuqarolarga tayanadi. Ongli fuqaro o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonib harakat qiladi. Bu darajaga yetish uchun inson yoshlikdan ko‘p o‘qishi, irodasini tarbiyalab borishi lozim. Masalan, katta bo‘lib, yurtimizda o‘tadigan saylovlarda ishtirok etsangiz, jamoat ishlarida faol qatnashsangiz, qonun talablarini qat’iy ado etsangiz, ongli fuqarolik fazilatlarini namoyon etgan bo‘lasiz.


[1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 90–91-betlar.


Savol va topshiriqlar:

  1. Fuqarolik hissi deganda nimani tushunasiz?
  2. Fuqarolik tuyg‘usi bilan yashab, qahramonlik ko‘rsatgan insonlardankimlarni bilasiz?
  3. Biz qurayotgan jamiyat nima uchun ongli fuqarolarga tayanadi?
  4. Ongli fuqaro bo‘lish uchun nima qilish zarur?
Previous articleUmumbashariy qadriyatlar
Next articleFuqaro nima? Фуқаро нима?