Botanika

0

Ma’lumki, ona tabiatni rang-barang o‘simliklar olamisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yer yuzida o‘simlik turlari juda keng tarqalgan. Bu o‘simliklarni jazirama cho‘llardan tortib, to baland tog‘lar cho‘qqisigacha bo‘lgan turli tuproq va iqlim sharoitida uchratish mumkin. O‘zbekistonda tabiiy holda o‘sadigan yuksak o‘simliklarning 4500, O‘rta Osiyoda 8000, Yer yuzida esa 500 000 dan ortiq turi borligi aniqlangan. Tabiatda o‘simliklar uchramaydigan joy nihoyatda kam.

O‘simliklarning turli sharoitda o‘sishi tabiatshunoslik darslaridan sizga ma’lum. O‘simliklar o‘sishda joy tanlamaydi. Ular suvsiz, qumli va sho‘rxok cho‘llarda, hamisha qor va muzliklar bilan qoplanib yotadigan joylarda, inson qadami yeta olmaydigan g‘oyat baland tik qoya-toshlarda, g‘orlar ichkarisida va suv ostida ham o‘saveradi. Tabiatda dengiz, daryo, ko‘l va kanall arda, shuningdek, botqoql iklarda o‘sadigan o‘simliklar ham kam emas. O‘simliklar uzoq yillar davomida turli sharoitda o‘sishga moslashgan.

Tabiatshunoslik darslarida olgan bilimingiz siz uchun yangi fan -biologiyaning bir bo‘limi – botanikani yanada mukammal o‘rganishingizda katta yordam beradi.

Botanika – yunoncha «botane» – ko‘kat, o‘t, o‘simlik degan ma’noni bildiradi. Bu fan o‘simliklarning paydo bo‘lishi, hayoti, tashqi va ichki tuzilishi, rivojlanishi, yer yuzida tarqalishi, tabiat bilan bog‘liqligini, ulardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish usullarini o‘rganadi hamda o‘rgatadi.

O‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishini mukammal o‘rganganimiz sari tabiatni asrab-avaylashimiz zarurligini to‘liqroq anglab boramiz. Madaniy o‘simliklarni to‘g‘ri parvarish qilishni bilishimiz esa ulardan yuqori hosil olish imkonini beradi.

Biz yashab turgan jonli tabiatni o‘simliklar olamisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Yashil o‘simliklar barcha tirik mavjudot uchun hayot manbayi hisoblanadi. Ulardan hayvonlar, qushlar, hasharotlar hamda suvda yashovchi hayvonlar oziq sifatida foydalanadi. O‘simliklar havodagi kislorodni boyitadi. Kislorod bilan esa barcha tirik organizmlar nafas oladi. O‘simliklar tuproqning unumdorligini oshiradi va uni yemirilishdan saqlaydi.

1-rasm. Dorivor o‘simliklar: 1- isiriq; 2 - chakanda; 3 - zubturum.
1-rasm. Dorivor o‘simliklar:
1- isiriq; 2 – chakanda; 3 – zubturum.

O‘simliklarning odamlar hayotida tutgan o‘rni benihoya katta. Ulardan odamlar uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurilish materiallari, uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa narsalar tayyorlanadi. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda, ayniqsa, xalq tabobatida ishlatiladigan dorivor o‘simliklarga bo‘lgan talab yanada orta boshladi (1-rasm). Tabiatda o‘zi va mevasi iste’mol qilinadigan o‘simliklar juda ko‘p. Rovoch, qulupnay, malina, ukrop, do‘lana, tut, olxo‘ri va hokazo o‘simliklarni bunga misol qilib keltirish mumkin (2-rasm). Aksariyat o‘simlik turlari – shuvoq, yantoq, beda, sebarga, izen, keyreuk, saksovul, javdar kabilar chorva mollari uchun to‘yimli ozuqa hisoblanadi (3-rasm).

 Iste’mol qilinadigan o‘simliklar: 1 - rovoch; 2 - qizil do‘lana.
2-rasm. Iste’mol qilinadigan o‘simliklar: 1 – rovoch; 2 – qizil do‘lana.
3-rasm. Yovvoyi yem-xashak o‘simliklari: 1 - shuvoq; 2 - sebarga; 3 - burchoq.
3-rasm. Yovvoyi yem-xashak o‘simliklari: 1 – shuvoq; 2 – sebarga; 3 – burchoq.

O‘simliklarning odamlar hayotida tutgan o‘rni benihoya katta. Ulardan odamlar uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurilish materiallari, uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa narsalar tayyorlanadi. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda, ayniqsa, xalq tabobatida ishlatiladigan dorivor o‘simliklarga bo‘lgan talab yanada orta boshladi (1-rasm). Tabiatda o‘zi va mevasi iste’mol qilinadigan o‘simliklar juda ko‘p. Rovoch, qulupnay, malina, ukrop, do‘lana, tut, olxo‘ri va hokazo o‘simliklarni bunga misol qilib keltirish mumkin (2-rasm). Aksariyat o‘simlik turlari – shuvoq, yantoq, beda, sebarga, izen, keyreuk, saksovul, javdar kabilar chorva mollari uchun to‘yimli ozuqa hisoblanadi (3-rasm).

O‘simliklar hayotimiz ko‘rki va tabiat go‘zalligidir. Hovliga, maktab tajriba dalasi va istirohat bog‘lariga ekilgan rang-barang gullar, mevali hamda manzarali o‘simliklarni ko‘rib bahri dilingiz ochiladi. Shu sababli ham o‘simliklar olamiga qiziqish, uni o‘rganish juda qadimdan boshlangan.

O‘rta Osiyo hududida ham tabiiy o‘simliklar juda qadimdan o‘rganib kelinmoqda. O‘rta Osiyo, shu jumladan hozirgi O‘zbekiston o‘simliklariga oid ma’lumotlarni bundan bir necha yuz yillar ilgari yashagan mashhur allomalarimizning asarlarida uchratamiz. Jumladan, Abu Rayhon Beruniy (973-1048) tabobatga bag‘ishlangan “Kitob as-Saydana fit- tibb” nomli asarida diyorimizda o‘sadigan juda ko‘p dorivor o‘simliklar haqida ma’lumotlar bergan. Abu Ali ibn Sino (980-1037) “Tib qonunlari” va “Kitob ush-shifo” nomli asar- larida O‘rta Osiyoda o‘sadigan ko‘pgina dorivor o‘simliklarni aniq tasvirlab, ularning shifobaxshlik xususiyatlarini to‘liq ko‘rsatgan. XI asrda yashagan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” nomli kitobida ham qadimgi Turkiston hududida uchraydigan 200 ga yaqin o‘simlik turlari haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan.

O‘zbekistonning tabiatdagi o‘simliklarini har tomonlama o‘rganish ishida O‘zRFA Botanika (hozirgi o‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti) institutining xodimlari tomonidan nazariy va amaliy ahamiyatga ega ilmiy izlanish- lar olib borilgan va ularning natijalarini aks ettiruvchi ko‘p tomli asarlar nashr etilgan. Bu ishda olimlarimizdan: akad. Q.Z. Zokirov, A.M. Muzaffarov, Y.P. Korovin, I.I. Granitov, F.N. Rusanov, professorlardan M.M. Orifxonova, S.S. Saxo- biddinov, O‘.P. Pratov va boshqalar ilmiy izlanishlar bilan bir qatorda darslik va boshqa asarlar yozishda o‘zlarining katta hissalarini qo‘shib kelishmoqda.

Hozirgi kunda respublikamizda o‘sadigan o‘simliklardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga jiddiy e’tibor berilmoqda. O‘zbekistonda yo‘qolish xavfi ostida bo‘lgan o‘simlik turlari O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitob»iga kiritilgan (4-rasm). O‘zbekistonda «Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi» tashkil etilgan. Tabiatni muhofaza qilish, uni asrab-avaylash, boyliklarini ko‘paytirish har bir kishining muqaddas burchidir. Hech shubha yo‘qki, maktab o‘quvchilari ham bu ishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shadilar.


  1. Botanika fani nimalarni o‘rgatadi?
  2. O‘simliklar tabiatda qanday ahamiyatga ega?
  3. O‘simliklarning odamlar hayotida tutgan o‘rni nimalardan iborat?
  4. O‘zbekistonda botanika fanining rivojlanishiga hissa qo‘shgan yana qaysi olimlarni bilasiz?
Previous articleTоpishmоqlаrdаn nаmunаlаr
Next articleGulli o‘simliklar bilan umumiy tanishish