Buddaviylik. Buddaviylik dini qachon paydo bo‘ldi. Buddaviylik dinining muqaddas kitobi. Буддавийлик. Буддавийлик дини қачон пайдо бўлди. Буддавийлик динининг муқаддас китоби.
Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar:
Tarix fanidan olgan bilimlaringizga tayanib, quyidagi savollarga javob bering.
- Buddaviylik dini qachon va qayerda paydo bo‘lgan?
- Bugungi kunda mazkur dinga e’tiqod qiluvchilar sonini bilasizmi?
- Buddaviylik dini tarqalgan mamlakatlarni dunyo xaritasidan ko‘rsating.
- Nima uchun bu din jahon dini deyiladi?
- Bizning o‘lkamizga buddaviylik dini qachon kirib kelgan?
- Buyuk Ipak yo‘lining buddaviylik dini tarqalishidagi o‘rnini tushuntirib bering.
Buddaviylik miloddan avvalgi VI–V asrlarda Shimoliy Hindistonda vujudga kelgan bo‘sa-da, ko‘p o‘tmay sharqqa tomon keng tarqala boshladi. Rivoyat qilinishicha, Budda vafotidan so‘ng uning jasadi kuydirilib, hoki sakkiz buddaviy jamoaga yuborildi. Uning hoki dafn etilgan joylarda buddaviylik stupalari (gumbazlari) barpo etildi.

O‘zi yuzaga kelgan Hindistondan hinduiylik ta’sirida siqib chiqarilgan buddaviylik boshqa mamlakatlarga keng tarqalib, jahon dini darajasiga chiqdi.
Buddaviylik milodning I asrida Xitoy, IV asrda Koreya,VI asrda Yaponiya, VII asrda Tibet, XIII asrdan XVI asrgacha Mongoliya, XVII asrdan XVIII asrgacha Buryatiya va Tuva, XIX–XX asrlarda Amerika va Yevropa qit’alariga kirib borgan.
Markaziy osiyoga buddaviylikning kirib kelishi
Buddaviylik O‘zbekiston janubining qadimgi va ilk o‘rta asrlar tarixida chuqur iz qoldirgan din hisoblanadi. Mamlakatimiz hududida buddaviylik madaniyatiga oid yodgorliklarning ochilgani va o‘rganilgani, yuksak darajali ko‘rinishdagi badiiy asarlar va buyumlarning topilgani ham bundan dalolat berishini siz tarix darslarida o‘qigansiz.
Buddaviylikning eng mashhur qadimgi yodgorliklari milodning III–I asrlariga mansub. VII asrning boshlarida Termizda 10 ta buddaviylik monastiri (sangarama) va mingta rohib bo‘lgan. Markaziy Osiyoda V–VIII asrlarda buddaviylik o‘rnini islom dini egallay boshladi.
1927-yilda qadimiy Termizda buddaviylikka oid noyob yodgorliklar mavjudligi aniqlandi. Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasining (TAKE) ishlari natijasida Qoratepa va Chingiztepa balandliklarida ikkita yirik buddaviylik monastiri bo‘lganligi aniqlandi va grek-buddaviylik me’morchiligi va haykallarining parchalari topilgan o‘nlab joylar qayd etildi.
Ayritom
Ayritom. Ayritom Termizdan 7 km masofada, Amudaryoning qadimiy kechuvi yaqinida, tik qirg‘oqning o‘ng tomonida joylashgan.
Ko‘hna shaharning sharq tarafida buddaviylik stupasiga o‘xshash minora shaklidagi xom g‘ishtdan qurilgan bino vayronalari joylashgan.

1933-yil arxeolog Mixail Yevgenyevich Masson tomonidan xom g‘ishtdan qurilgan bino qoldiqlari, uning ichida esa haykal, tosh karnizlar, me’moriy buyumlar, toshdan yasalgan muqaddas yodgorliklar, musiqachilar va mutafakkirlar, ehson keltiruvchilarning shakllari tushirilgan haykallarning hoshiyali tosh plitalari topilgan.
Qoratepa
Qoratepa. Tepalik buddaviylik ruhoniylarining eng katta markazi hisoblangan va u Kushon imperiyasi davridagi Termizning tashqi devori himoyasi ostida, shahar tashqarisida joylashgan bo‘lgan.
Ma’lumot uchun
Buddaning hayoti bilan bog‘liq ko‘plab voqealarga afsonaviy tus berilgan. Xususan, rivoyatlardan birida keltirilishicha, Budda 84 marta ruhoniy, 58 marta shoh, 24 marta rohib, 13 marta savdogar, 18 marta maymun, 12 marta tovuq, 8 marta g‘oz, 6 marta fil, shuningdek, baliq, qurbaqa, kalamush, quyon qiyofalarida 550 marta qayta tug‘ilgan. So‘nggi marta xudolar uni insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi uchun inson qiyofasida yaratganlar.
1961-yildagi tadqiqot ekspeditsiyasi natijasida Qoratepa binolarining uch qavati topilgan. Asosiy majmuaning uch qismi g‘arbdan sharqqa qarab deyarli to‘g‘ri tortilgan. Maxsus hovlida Budda qabrining timsoli bo‘lgan «stupa» o‘rnatilgan.
Fayoztepa
Fayoztepa. Qoratepa sharqidan sakson metr narida Fayoztepa ibodatxona-monastiri majmuyi aniqlandi. Fayoztepa ibodatxonasi to‘g‘ri to‘rtburchakdan iborat tuzilishga ega.
Bino uchta teng qismga ajralgan, ularning har birida ichki hovli bo‘lgan. Bir qismida yashash xonasini o‘z ichiga olgan monastir (rohibxona) joylashgan. Unda rohiblar yashaganlar. Bundan tashqari, ovqatlaniladigan xona, oshxona, non yopiladigan xona kabi yordamchi xonalar bo‘lgan. Uchinchisi ibodatxonaga o‘xshagan markaziy xona bo‘lib, devorlari xom g‘isht va paxsadan qurilgan, somonli loy bilan suvalgan va oqlangan.
Dalvarzintepa
Dalvarzintepa. Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanida joylashgan. Buddaviylikka oid mazkur yodgorlik 1962-yili aniqlangan.
Ushbu qadimiy shahardan tashqarida ham yana bir buddaviylik ibodatxonasi, vino tayyorlash qurilmalari hamda dafn qilish joyi topilgan.
Ijodiy faoliyat
- Buddaviylikning Markaziy Osiyoga yoyilishi qaysi davrlardan boshlanganligini eslang.
- Bu davrda Markaziy Osiyodagi xalqlar qaysi dinlarga e’tiqod qilgan?
- Qo‘shimcha adabiyotlardan mamlakatimiz hududida buddaviylik tarqalgan hududlardagi madaniy hayot haqida ma’lumot to‘plang.
Mazkur shaharchadan Markaziy Osiyo hududlarida birinchi marta loydan yasalgan, yaxshi saqlangan Budda tasvirlangan va ko‘plab boshqa haykalchalar, bezaklar, diniy marosim buyumlari va tangalar topilgan.
Ibodatxonadagi Buddaning tik turgan haykali juda yaxshi saqlangan: uning oyoqlari mustahkam g‘ishtin asosda turibdi, kiyimlarining burmalari aniq, bularning barchasi yorqin qizil rangga bo‘yalgan. Budda sochlarining tubi, asosan, qora, tepasi qizil rangda. Xuddi shu rang bilan qosh va ko‘zining qorachiqlari chizilgan.
Quva
Quva. 1957-yilda Farg‘ona vodiysidagi Quva shahri vayronalarida arxitektura va haykaltaroshlikning ajoyib namunasi bo‘lgan buddaviylik ibodatxonasi qoldiqlari topilgan. Ushbu materiallar Farg‘ona viloyatida VII asrda buddaviylik dini keng tarqalganini tasdiqlaydi.
Bu davrda Markaziy Osiyoning boshqa hududlarida zardushtiylik dini, xususan, uning mahalliy diniy an’analarni o‘ziga singdirgan shakli hukmron bo‘lgan. Bugungi kunda yurtimizda buddaviylikning lamaizm yo‘nalishi tarqalgan.
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
- Milodning I–III asrlarida O‘zbekistonning janubida qaysi davlat faoliyat yuritgan?
- Bu davrda qaysi podshoh hukmronlik qilgan?
- Nima uchun buddaviylik davlat diniga aylangan?
- Berilgan rasmlar asosida o‘sha davrda davlatning buddaviylik diniga bo‘lgan munosabatini tushuntirishga harakat qiling.
- Ziyoning «O‘zbek davlatchiligining shakllanishi» kitobidan Kushon imperiyasi va buddaviylik dini haqidagi ma’lumotlarni toping.