Buddaviylik ta’limoti. Buddaviylikda muqaddas matnlar

0

Буддавийлик таълимоти. Буддавийликда муқаддас матнлар. Buddaviylik ta’limoti. Buddaviylikda muqaddas matnlar


Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

  1. Birorta dinning jahon diniga aylanishiga nimalar sabab bo‘lishi mumkin?
  2. Buddaviylik ta’limoti nima sababdan jahon bo‘ylab keng tarqalgan?
  3. Siz tomosha qilgan badiiy filmlar orasida budda rohiblari haqidagilari bormi? Rohiblarning xulq-odobi va axloq me’yorlariga rioya qilishlari haqida fikr yuriting.

Har bir millatning Budda ta’limotini o‘z tilida o‘qib-o‘rganishi mumkinligi buddaviylikning turli hududlarga tarqalishiga zamin yaratgan. Milodning birinchi asrida buddaviylik butunlay boshqacha tus oladi. Budda ilohiylashtirilib, xudo darajasiga ko‘tariladi va unga sig‘ina boshlanadi.

Bodxisatva, Dalvarzintepa. III asr
Bodxisatva, Dalvarzintepa. III asr

Buddaviylikda muqaddas matnlar

Buddaviylikning muqaddas manbasi «Tripitaka» (sanskritcha «Uch savat donolik») uchta katta bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘lim – «Vinaya-pitaka» (sanskritcha – «Axloqiy me’yorlar kitobi») buddaviylar jamoasi «sangxa» tarkibiga kirish tartibi, rohiblarning xulq-atvori hamda diniy ko‘rsatmalarga rioya qilish qonun-qoidalari va unga amal qilinmagan taqdirda beriladigan jazolar tavsifini o‘z ichiga oladi.

Ikkinchi bo‘lim – «Sutta-pitaka» (sanskritcha – «Duolar kitobi») hajm jihatdan eng kattasi hisoblanadi. Unda, asosan, «to‘rt asl haqiqat» haqida so‘z yuritiladi.

Budda ta’limoti shogirdlari tilidan masal, suhbat, nasihat, afsona, hikmatli so‘z, dostonlar shaklida bayon etilgan. Shuningdek, ushbu bo‘limda Budda jamoasi («sangxa»)ning tuzilishi va uning shogirdlariga oid ma’lumotlar ham keltiriladi.

Uchinchi bo‘lim – «Abxidxarma-pitaka» (sanskritcha – «Diniy-falsafiy masalalar kitobi»)da diniy ta’limotning asosiy qoidalari ifodalanib, buddaviylik amaliyotining falsafiy mazmun-mohiyati ochib berilgan. Matn yozilish uslubi va tili murakkabligi uchun buddaviy rohiblar ularni faqat ustozlaridan ta’lim olish yo‘li bilan o‘zlashtirganlar.


Budda bilim orqali azobuqubatlardan qutulish mumkinligini uqtirgan.

Buddaviy donishmandlar fikricha, har bir inson juda ko‘p ezgu va yaxshi ishlar qilish orqali Buddaga aylanishi mumkin.


«Tripitaka» matnlariga vaqt o‘tishi bilan o‘zgartish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilgan. Bunday o‘zgarishlar buddaviylikda o‘ziga xos yo‘nalishlar paydo bo‘lishiga zamin yaratgan.

«Tripitaka»ning ilk matni sanskrit tilida yozilgan bo‘lsa ham, vaqt o‘tib asl matnlar yo‘qolib ketgani uchun faqat tibet, xitoy va yapon tillariga tarjima qilingan namunalari saqlanib qolgan. Mazmunan «veda» (sanskritcha – muqaddas bilim) va brahmanlik falsafiy qarashlaridan xoli bo‘lgan buddaviylik manbalari, o‘zining ommabop uslubdagi talqini bilan oddiy xalqqa tushunarli bo‘lgan. Masalan, «mahayana» aynan shu xususiyati tufayli buddaviylikni Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoga yoyilishini ta’minlay olgan. Milodning birinchi asridan boshlab buddaviylik Xitoy, Koreya, Yaponiya Shri-Lanka, Birma, Tayland, Vetnam, Kambodja, Laos sarhadlarigacha yetib borgan.


«Nirvana» san skrit cha — «so‘lish», «o‘chish», «rupaloka» san skritcha — «jannat», «kamaloka» sanskritcha — «do‘zax», «eng quyi olam»dir. «Tripitaka» sanskritcha — «Uch savat donolik» demakdir.


Ijodiy faoliyat

Berilgan matnni o‘qing va buddaviylik ta’limotining asosi haqida flkr bildiring.

Budda fikricha, inson «Pancha shila» (sanskritcha — besh nasihat)ga amal qilishi, qotillik, o‘g‘rilik, gumrohlik, yolg‘on so‘z, mast qiluvchi narsalardan saqlanishi lozim.

Buddaning 84 mingta nasihati 108 jilddan iborat «Kangyur»da, uning talqin va tafsiri 225 jilddan iborat «Tengyur» kitoblarida aks etgan. Shuningdek, Buddaning hayotiga bag‘ishlangan va milodning II asrida yozilgan «Maxavosu», milodning II–III asrlarida yozilgan «Lalitavistara» («Buddaning hayoti»), buddaviy faylasuf Ashvagxosha tomonidan milodning I–II asrlarida yaratilgan «Buddxacharita», milodning I asrida yozilgan «Abnixishkramansutra» va «Nidanakatxa», «Dhammapada» («Dharma yo‘li», «Buddaning fikr-g‘oyalari») kabi asarlar buddaviylikning muhim manbalaridan hisoblanadi.


Bodxisatva — nirvanaga erishgan, lekin jonli mavjudotlarga muhabbati tufayli undan voz kechgan inson.


Buddaviylik yo‘nalishlari

Buddaning o‘limidan so‘ng shogirdlari orasida ajralish ro‘y berdi.

Xinayana

Xinayana (sanskritcha — kichik arava) yo‘nalishi an’anaviy qarashlarga rioya qilishi bilan birga Budda ta’limotiga qat’iy mantiqiy izchillik berishga intildi.

Rivoyat qilinishicha, Budda vafotidan so‘ng uning jasadi olovda kuydirilgan. Buddaning shogirdlaridan biri o‘sha joydan Buddaning tishini topib olgan va bu tish ibodatxonada saqlangan. «Buddaning tishi» ibodatxonaning yer ostida, kumushdan yasalgan qo‘ng‘iroq ichida oltin idishlarda saqlanadi.

Buddaviylikning ilk yo‘nalishlaridan biri, najot topishning tor yo‘li xinayana miloddan avvalgi I asrda shakl- langan bo‘lib, uning asosiy qoidalari «Tiripitaka»da bayon qilingan.


«O‘zingga ozor yetmasin desang, o‘zgalarga ozor berma, boshqalarga ozor bersang, o‘zing ham ozor chekasan. Hirs­u havas barcha baxtsizliklarning sababchisidir.

Budda


Xinayanada «Budda tishiga sig‘inish», muqaddas, joylarni ziyorat qilish kabi dabdabali marosimlar pay- do bo‘lgan. Buddaviylarning muqaddas joyi Shri Lanka bo‘lib, bu yerga turli mamlakatlardan bu dinga e’tiqod qiluvchilar tashrif buyuradilar. Shri Lankaning avval- gi poytaxti bo‘lgan Kandi shahrida dunyoga mashhur «Buddaning tishi» ibodatxonasi joylashgan.

Mahayana (sanskritcha — katta g‘ildirak) yo‘nalishi Budda ta’limotining barcha tomonlarini isloh qildi.

Buddaga ilohiylik tusini berib, diniy marosim va ibodatlarni joriy etdi. Ushbu yo‘nalishlarning mahalliy qad riyatlar va boshqa dinlar bilan aralashuvi lamaizm, vajrayana, dzen (chan) buddizm, tyantay, dxiana kabi yo‘nalishlarning vujudga kelishiga zamin yaratdi.

Toshkentdagi Budda ibodatxonasi
Toshkentdagi Budda ibodatxonasi

Xudolarga yetish yo‘llari barcha uchun mumkin bo‘lgani sababli «mahayana» yo‘nalishi «katta arava» nomini olgan.


Dzen buddizm

Dzen buddizm V–VI asrlarda Xitoyda paydo bo‘lgan mahayana yo‘nalishidagi maktablardan biridir. Uning asoschisi afsonaviy rohib Bodxidxarma hisoblanadi. «Dzen» (lotincha – meditatsiya, fikrni jamlash, diqqat bilan mushohada qilish) buddizmning asosiy xususiyatlari shundaki, unda nazariyadan ko‘ra amaliyotga, diniy o‘git va qonun-qoidalarni yodlash o‘rniga mushohada qilishga alohida e’tibor berilgan.

Dzen buddistlar jismoniy mehnat qilish, san’at turi bilan shug‘ullanishga katta ahamiyat beradilar. Dzen buddizmda tashqi olamdan uzilib, abadiy tashvishlardan chetlanish va fikrni bir nuqtaga jamlashga alohida e’tibor beriladi.


Kamchilik va nuqsonlaringni ko‘rsatib, seni koyigan donishmandning etagidan mahkam tut.

Zero, u zot xazinaga eltayotgan yo‘lboshchiga o‘xshaydi va sen sira kam bo‘lmaysan.

Budda


 Hozir dunyo bo‘yicha dzen buddistlar 10 milliondan ortiq, ularning 85 foizi Yaponiyada yashaydi. Yaponiyada dzen ibodatxonalari diniy, siyosiy va madaniy markazga aylanib, yoshlar tafakkuri, turmush tarzi, faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, dzen san’ati Xitoy va Yaponiya madaniyati an’analaridan biriga aylangan.


Lamaizm

Lamaizm (tibetcha — eng ulug‘) VII–XIV asrlarda Tibetda mahayana yo‘nalishi ta’sirida vujudga kelgan.

«Kang‘yur» va «Teng‘yur»da bayon qilingan barcha qonun-qoida va talablar lamaizm e’tiqodining asosini tashkil etadi. Lamaizm ta’limotiga ko‘ra, inson faqat lamalar yordamida najot topadi, gunohlardan poklanadi, ularning yordamisiz oddiy kishilar jannatga tusha olmaydi.

Buddaning Yer yuziga yana qaytishi va dunyoda adolat o‘rnatishiga ishonch lamaizm ta’limotida muhim o‘rin egallaydi. Xudolarning Yerdagi vakili hisoblangan lamalarga va dunyoviy hokimiyatga so‘zsiz bo‘ysunish, ibodat va rasm-rusumlarni dabdabali o‘tkazish, muqaddas kitoblar talqinini teatrlashtirilgan tomoshalarda aks ettirish lamaizmga xos xususiyat hisoblanadi. Odam o‘ldirish, o‘g‘rilik, yolg‘onchilik, tuhmat, g‘iybat, bekorchi so‘zlash, ochko‘zlik, kek saqlash, zino qilish lamaizmda ham og‘ir gunoh sanaladi.

«Lamaizm» tibetliklarning asosiy dini hisoblanadi. Tibetda 3000 dan ortiq buddaviylik ibodatxonalari mavjud. Shuningdek, lamaizm Rossiyaning Buryatiya, Dalay­lama Tuva, Oltoy kabi hududlarida ham keng tarqalgan.

Lamaizmning oliy diniy rahna mosi Dalay­lama (tibetcha – «den gizdek ulug‘lama») tug‘ilgan mavjudotlarning eng ulug‘i, «bod hisattva»ning  Yerdagi ko‘rinishi, tirik xudo hisoblanadi.


Neobuddizm

Neobuddizm XX asrning 40–50-yillaridan boshlab keng tarqala boshlagan oqim bo‘lib, Birma, Tayland, Laos, Vetnam mahalliy ziyolilarining ozodlik va milliy uyg‘onish harakati bilan bog‘liqdir. Uning asosida yangi zamon talabiga javob bera oladigan bunyodkor g‘oya- larni targ‘ib qilish kabi masalalar yotadi. Aql-idrokning ahamiyatsizligi, dinning najotkorligi e’tirof etilib, bud- daviylik g‘oyalarini tushuntirishda bilish nazariyasi usullaridan foydalaniladi. Milliy ozodlik kurashida faol qatnashgan neobuddizm oqimi diniy-islohotchilik hara- kati kuchayishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.


Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Buddaviylik asosiy manbasining nomlanishi «Tipitaka» qanday ma’noni anglatadi?
  2. Buddaviylik ta’limotidagi oqimlarning umumiy va o‘ziga xos tomonlari nimalardan iborat ekanligini ayting.
  3. «Inson o‘ziga xos mavjudot bo‘lib tug‘iladi, o‘zini­o‘zi halok qiladi yoki qutqaradi». Mazkur matndagi «o‘zini-o‘zi halok qiladi» degan iboraga hayotiy misollar keltiring.