Диний атамаларнинг изоҳли луғати. Диний атамаларнинг изохли лугати.
ALLOH (arab. «al-iloh» – ilohiy kuch, turkiy xalqlarda, xususan, o‘zbeklar- da – Tangri, fors-toj. – Xudo), Alloh – islom dinida butun mavjudotni yaratgan oliy ilohiy kuch; xudoning nomi. Odatda, Allohga taolo (ulug‘, oliy), taboraka va taolo, jalla jaloluhu, karim, buzurg, parvardigori olam kabi sifatlar qo‘shib aytiladi.
ANAFEMA – cherkov a‘zoligidan quvilish, cherkovdagi eng oliy jazo.
AQIDA – arab tilida biron narsani bir-biriga bog‘lash ma’nosini anglatadi. Istilohda esa aqoid ilmining mashhur nomlaridan biri.
ARONKADESH (ibr. «Muqaddas sandiq») – sinagoga yoki ibodat uyida mavjud bo‘lib, unda «Tavrot» tumorlari saqlanadi. U masjiddagi «mehrob»ga o‘xshash vazifani bajaradi va kirish eshigining to‘g‘risida bo‘ladi.
ARVOH (ar.) – ruhning ko‘plik shakli.
ASH’ARIYLIK – islom dini sunniylik yo‘nalishidagi ikki aqidaviy maktabning biri.
ATEIZM (grekcha atheos — xudosiz) – lug‘aviy ma’nosi Xudodan yuz o‘girish, Xudoni inkor etgan holda inson aql-idrok kuchini iqror etish demakdir.
BANU ISROIL («Isroil o‘g‘illari») – yahudiy xalqining nomlaridan biri. «Ibtido» kitobida keltirilishicha, bugungi kunda barcha yahudiylarga nisbatan ishlatiladigan «Isroil o‘g‘illari» nomi Ya’qub payg‘ambarga Xudo tomonidan berilgan.
BIBLIYA (yunoncha — «kitoblar») – yahudiylik va xristianlik dinlarining asosiy muqaddas manbasi. Yahudiylar «Bibliya»si «Kitve kadesh» va «Tanax» ham deb nomlanadi. Xristianlar tomonidan tan olinadigan Bibliya «Qadimgi Ahd» va «Yangi Ahd»dan iborat bo‘lib, umumiy hisobda 66 kitobdan tarkib topgan.
BUXORO YAHUDIYLARI – yahudiylikdagi etnokonfessional va etnolingvistik jamoa.
DINIY BAG‘RIKENGLIK – xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zamin, bir Vatanda buyuk g‘oya va niyatlar yo‘lida hamjihat, hamkor bo‘lib yashashi, faoliyati.
DINIY SEKTA – ma’lum bir dindagi rasmiy aqidalarga zid ravishda ajralib chiqqan yoki mavjud dinlar va konfessiyalarga umuman aloqasi bo‘lmagan holda din bayrog‘i ostida faoliyat ko‘rsatadigan guruhlar.
DINIY TASHKILOT — fuqarolarning dinga e’tiqod qilish, ibodat, rasm–rusumlar va marosimlarni birgalikda ado etish maqsadida tuzilgan ko‘ngilli birlashmalari (diniy jamiyatlar, diniy o‘quv yurtlari, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va boshqalar).
DINLARNI TASNIFLASH – dinlarni o‘rganishda ularning tarixi, e’tiqodiy asoslari, aqidalari, shuningdek, bir–biriga ta’siri kabi jihatlarini e’tiborga olish.
ESXATOLOGIYA – dunyoning oxiri, narigi dunyo, jannat, do‘zax haqidagi tasavvurlar majmuyi.
FAQIH – fiqh ilmining bilimdoni.
GUNOH (fors. — jinoyat, ayb; asli shu ma’nodagi arab. «junoh» so‘zidan olingan) — shariat qonunlariga va diniy aqidalarga xilof ish yoki xatti-harakat.
IBRONIY (ibr. «ever», «avar» – narigi tomonning odami, kechib otgan) – yahudiylarning manbalardagi nomlaridan biri. «Ibroniy» atamasi Ibrohim (a.s.)ning Mesopotamiyadan Kan’onga ko‘chib o‘tish vaqtida yuzaga kelgan. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, ularning bunday nomlanishlariga balki daryoni kechib o‘tib kelganlari sabab bo‘lgandir.
INJILLASHTIRISH – missionerlik tashkilotlari tomonidan Injilni keng tarqatish ma’nosida ishlatiladigan atama. Ba’zida bu so‘z missionerlikning sinonimi sifatida ham qabul qilinadi.
ISLAMOFOBIYA (arab. – islam, yunon. phobia — qo‘rqish, dahshatga tushish) – islom dinini dahshatli suratlarda ko‘rsatish, barcha yomonlik va jinoyatlarni uning nomi bilan bog‘lab, aholi qatlamini islomdan qo‘rqitishga qaratilgan harakat.
JABROIL – Islom ta’limotida Alloh bilan payg‘ambarlar o‘rtasida elchi vazifasini bajaruvchi farishta.
KALOM – so‘z, nutq ma’nosini bildiradi. Aqida ilmining nomi.
KAROMAT – (arab. «karam» — ikrom etish fe’lning masdari bo‘lib, o‘zbek tiliga yaxshiliklar deb tarjima etiladi) asosan, tasavvuf istilohi sifatida ko‘p qo‘llanadi. Ularning pirovard maqsadi kishilarni yaxshilikka chaqirish, gunoh ishlardan tiyish, tavba qilishga chorlashdir.
LAMA (Tibet. – eng ulug‘) – Tibet, Mo‘g‘uliston, Rossiya lamaistlarida Budda monaxi. Qalmiqlarda bu unvon faqat ruhoniylar boshlig‘iga beriladi. Dindorlar uni g‘ayritabiiy fazilatlarga ega va ilohiy olam bilan gaplasha oladigan shaxs deb biladilar.
MURID – (arab. «xohlovchi») so‘fiylik yo‘liga kirib, murshidga qo‘l bergan shogird.
MURSHID — (arab. — yo‘l ko‘rsatuvchi) tasavvufda tariqat odoblaridan saboq beruvchi pir, shayx va ustoz. Tasavvuf yo‘nalishining oliy rahnamosi.
MUTAKALLIM – kalom ilmi bilan shug‘ullangan olimlar.
OXIRAT – (arab. — boshqa, oxirgi, ikkinchi) bu dunyo oxiriga yetganidan keyin barcha qayta tirilib, qilgan amallariga yarasha mukofot yoki jazo oladigan ikkinchi hayot.
SHABBAT – yahudiylarda shanba kunining nomlanishi.
SO‘FIY – tariqatga mansub shaxs, murid.
SURA (arab. — yuqorilik, balandlik, devor) — boshlanish, tugallanish va nomlarga ega kamida uch oyatdan iborat Qur’on qismlariga nisbatan qo‘llaniladi.
VATIKAN – Rim katolik cherkovining diniy-ma’muriy markazi. Ayni paytda, Papaning rasmiy qarorgohi sanaladi. Shuningdek, u Italiya poytaxti Rim shahrida joylashgan teokratik shahar-davlatdir.
VIJDON ERKINLIGI – diniy e’tiqod erkinligi, mamlakat fuqarolarining muayyan dinga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik erkinligini anglatadi. Bularning barchasi demokratik davlatlarning konstitutsiyalarida inson huquqlari to‘g‘risida Birlashgan Millatlar Tashkiloti qabul qilgan Umumjahon deklaratsiyasi asosida o‘z ifodasini topgan.
YEPARXIYA (yun. ἐπαρχία — «viloyat») – xristian cherkovida yepiskop (arxierey) boshchiligidagi ma’muriy-hududiy bo‘linma.
YIG‘I DEVORI – Quddus shahrida joylashgan, 70 yilda rimliklar tomonidan vayron qilinganidan keyin Ikkinchi Ibodatxonaning 485 metr uzunlikdagi saqlanib qolgan bir qismi. Yahudiylarning muqaddas ziyoratgoh joyi.