Dinlarda hayot qadri faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

0

Dinlarda hayot qadri faollashtirish uchun savol va topshiriqlar. Динларда ҳаёт қадри фаоллаштириш учун савол ва топшириқлар. Динларда хаёт кадри фаоллаштириш учун савол ва топшириклар.


  1. «Hayot — bebaho ne’mat» hikmatini sharhlang.
  2. Tirik jonga ozor bermaslik haqidagi maqollar hamda ota-bobolarimiz tomonidan aytilgan hikmatlarni eslang.
  3. O‘rta asrlarda o‘z joniga qasd qilganlarga qanday munosabatda bo‘lingan?
  4. Nima deb o‘ylaysiz, islom dinida o‘z joniga qasd qilganlarga janoza o‘qilmasligining sababi nimada?

Barcha dinlarda hayotning insonlarga Xudo tomonidan berilgani va undan samarali foydalanish lozim ekani uqtiriladi. Shu sababli ham har bir din o‘z ta’limotida zo‘ravonlik, shafqatsizlik, o‘ziga va o‘zgalar joniga qasd qilishni, tinch aholiga zulm yetkazish va qon to‘kish ni qat’iy taqiqlaydi.

Ba’zi din a’zolari kutilmaganda tirik mavjudot kirib ketmasligi va uni nobud qilib qo‘ymaslik maqsadida hatto og‘izlarini bog‘lab oladilar, tasodifan oyoqlari bilan qumursqalarni bosib olmaslik uchun oyoqlari ostini supurib yuradilar.


Halokatga olib boruvchi yettita gunohdan saqlaninglar:

1) Allohi Taologa shirk keltirmoq;

2) sehr ishlari bilan shug‘ullanmoq;

3) birovni nohaq o‘ldirmoq;

4) sudxo‘rlik;

5) yetimlarning molini yemoq;

6) yov bilan bo‘layotgan jangdan qochmoq;

7) erli, mo‘mina, iffatli ayollarni fohisha deb haqoratlamoq.

Hadis


Dunyo dinlarida hayotga tajovuz qilishning qoralanishi

Jahon dinlari ichida eng keng tarqalgan xristianlik dini o‘z joniga qasd qilishni qat’iy qoralaydi, chunki insonning necha yil yashashi Xudo tomonidan belgilanib, taqdirdan qochish deb qaraladi. Bundaylarning ruhini poklash va mozorga ko‘mish man qilinadi. O‘rta asr g‘arb davlatlarida buning oldini olish uchun o‘z joniga qasd qilganlarni qattiq tahqirlashar edi. O‘z joniga qasd qilib, tirik qolganlarni esa, qotil sifatida juda og‘ir ishlarga surgun qilinar edi. Ular markaziy ko‘chalarga oyog‘idan osib qo‘yilar, yuragiga yog‘och qoziq qoqib, chorrahaga ko‘mib qo‘yishar, o‘lgan hayvonlarni ham yoniga qo‘shib qo‘yishar edi.

Masalan, Fransiya podshosi Lyudovik XIV davrida o‘z joniga qasd qilganning tanasi yuzi yerga qaragan holatda ko‘chalar orqali zambilda sudralib, osilib, keyin qassobxonaga tashlanar edi.

Xristianlik dinining pravoslav yo‘nalishida o‘z joniga qasd qilish — qotillik va umidsizlikni sodir etganligi uchun og‘ir gunohlardan sanaladi. Mazkur ishga qo‘l urgan kishining dafn marosimida marsiya (otpevanie) o‘qilmaydi. Agar o‘z joniga qasd qiluvchining aqli noraso bo‘lsa bundan mustasno. 1950-yillarga qadar o‘z joniga qasd qilganlar qabristondan tashqarida ko‘milgan. Bularning barchasi o‘z joniga qasd qilish og‘ir gunohligini bildirish hamda o‘zgalarni ogohlantirish uchun qi- lingan.

Injilning «Havoriylar faoliyati» kitobi 16-bob, 28-qatorda o‘z joniga qasd qilmaslik haqida quyidagi so‘zlarni ko‘rish mumkin: «Lekin Pavlus baland ovozda baqirib: «Zinhor o‘z joningga qasd qilma», dedi».

Buddaviylikda esa o‘z joniga qasd qilish insonning hayotga nisbatan qilgan noshukurligi sifatida baholangan.

Qadimgi slavyan xalqlarida o‘z joniga qasd qilganlarni «nopoklar» deb ataganlar. Bunday kishilarning ruhi tiriklarga ozor beradi, balo keltiradi, azobga qo‘yadi, deb ishonganlar. O‘zga insonlarga zarar keltirmasin deb ularning qabriga tog‘terak tayog‘i qoqilgan.

Shuningdek, Xitoyda ham o‘z joniga qasd qilish qoralanadi. Xitoyliklar o‘z joniga qasd qilganning ruhi osmonga ko‘tarilmasdan, suiqasd sodir etgan uyida qolishiga va oila a’zolariga omadsizlik, balo-ofat keltirishiga ishonganlar.


Islom dinida hayotning qadrlanishi

Islom dinida begunoh insonlarning qonini nohaq to‘kish katta gunoh ekanligi ta’kidlanib, bunday qabih ish insoniyatga qilingan tajovuz hisoblanadi.

Qur’oni karimda inson o‘zining yashash huquqiga tajovuz qilishi ham man etilib: «Bir-biringizni nohaq o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir» (Niso surasi, 29-oyat), deya ogohlantirilgan.

Muhammad (ﷺ) hadisi shariflarda o‘z-o‘zini o‘ldirish harom ekanligi, bunday ishni qilgan kishiga oxiratda abadiy azoblar borligi haqida aytib o‘tgan. Xususan, Jundub ibn Abdullohdan rivoyat qilingan quyidagi hadisda shunday deyiladi:

«Rasululloh (ﷺ) shunday dedilar: «Sizlardan avvalgilar ichida jarohatli bir kishi bor edi. Jazavaga tushib, pichoqni olib qo‘lini kesdi. Qon to‘xtamadi va shu sababli vafot etdi. Alloh taolo aytdi: «Bandam nafsini mendan shoshiltirdi. Men unga jannatni harom qildim».

Rasululloh (ﷺ) o‘z joniga qasd qilgan kishining janozasini o‘qimaslikni uqtirgan deyiladi, bu esa mazkur ishning naqadar yomonligidan dalolat beradi. Shunga ko‘ra, islom manbalarida o‘zini o‘ldirgan kishiga masjid imomi janoza o‘qishi mumkin emas, deyilgan.

Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda: «Kimki tog‘ tepasidan tashlab, o‘z-o‘zini o‘ldirsa, o‘lgandan so‘ng jahannamda ham shu xil azobga giriftor bo‘ladi. Agar zahar ichib o‘zini o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham abadiy shu azobga mubtalo bo‘ladi. Kimki o‘zini temir parchasi bilan o‘ldirsa, u kishi temir parcha qorniga suqilgan holatda jahannam o‘tida abadiy qolur», deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati).

Islom ta’limotiga ko‘ra, hayot ne’mati insonga Alloh taolo tomonidan beriladi. Bu ne’matning qadriga yetish, har soat, har daqiqada xayrli va savobli ishlarni qi lish talab etiladi.

Hozir ba’zi guruh va shaxslar «o‘zini o‘ldirish» tushunchasini shahidlik bilan qorishtirib talqin qilishmoqda. «Shahid» Alloh taoloning sifatlaridan biri bo‘lib, «guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi zot» degan ma’nolarni anglatadi. «Shahid» so‘zining yana bir ma’nosi o‘zga shaxs tomonidan nohaq o‘ldirilgan musulmondir.


Ijodiy faoliyat

  1. Rasmlarga diqqat bilan qarang va quyidagi savollarga javob bering. Rasmlardagi narsalarga nima uchun taqiqlash belgisi qo‘yilgan? Ularning inson salomatligiga qanday salbiy ta’siri bor?
  2. Siz o‘z salomatligingizni saqlashga qanday e’tibor berasiz?
  3. Inson o‘z sog‘lig‘iga e’tiborsiz bo‘lishi qanday oqibatlarga olib keladi?
  4. Sog‘lig‘iga zarar bo‘ladigan ishlarni bajarish, sog‘lig‘iga e’tibor bermaslik, tibbiy madaniyatga rioya qilmaslik tushunchalari bilan o‘z joniga qasd qilish tushunchasini bog‘lab ko‘ring. Bunday holatlarga dinning munosabati qanday?

Shaxsning ma’lum maqsadlar yo‘lida o‘zini o‘zi o‘ldirishini shahidlik amaliyoti deb baholash ayni adashishdir. Yovuz niyatli kuchlar o‘z harakatlarini oqlash maqsadida keltirgan barcha dalillarni islom ulamolari qoralashgan va asossiz, deb topishgan.

Kishining o‘zini o‘zi o‘ldirishi, garchi niyati din yo‘lida deb e’lon qilinsa-da, o‘z joniga suiqasd qilish deb baholanadi. O‘zini o‘zi o‘ldirish — bu o‘z hayotini qasddan to‘xtatish, parvardigor bergan hayotga tajovuz qilish darajasidagi gunohi kabira hisoblanadi.

Alloh taolo bu haqda shunday deydi: «Ana o‘sha (ilk qotillik) tufayli Isroil avlodiga shunday hukmni bitib qo‘ydik: «Biror jonni o‘ldirmagan yoki yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir». Ularga rasullarimiz (ilohiy) hujjatlarni keltirganlar. So‘ngra ularning ko‘pchiligi o‘shandan keyin (ham) yerda isrof qiluvchilardir» (Moida, 32-oyat).

Jahondagi nufuzli islom muassasalari va ulamolari o‘zini turli portlovchi vosita bilan portlatish orqali begunoh odamlarning o‘limiga sabab bo‘lish harom amal bo‘lib, islom diniga aloqasi yo‘q ekanini qayd etganlar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi ham «O‘zini-o‘zi turli yo‘llar bilan qasddan o‘ldirishning og‘ir gunohligi haqida» fatvo chiqarib, bunday jirkanch harakatni qat’iy qoralaydi.


Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Xristianlik dinida o‘z joniga qasd qilish haqida nima deyiladi?
  2. Qadimgi slavyan va Xitoy dinlarida o‘zini o‘ldirgan insonga qanday munosabat bildirilgan?
  3. Qur’oni karimda nohaq qon to‘kish haqida nima deyiladi?
  4. «Shahidlik» va o‘z joniga qasd qilish o‘rtasidagi farqni tushuntirib bering.
Previous articleInformatsion tahdid nima? Informatsion xavf nima?
Next articleIslom dinida hayotning qadrlanishi