Ishonma (Musa Jalil sherlari)

0

Ishonma (Musa Jalil sherlari)

Senga mendan xabar bersalar,
«U yiqildi charchab», – desalar,
Yo‘q, ishonma, jonim!
Bu so‘zni –
Do‘stlar aytmas yaqin ko‘rsalar.

Bayrog‘imga qon bilan yozgan
Ontim undar olg‘a borishga!
Haqqim bormi hech qoqilishga,
Haqqim bormi charchab-horishga?

Senga mendan xabar bersalar,
«U Vatanni sotdi» desalar,
Yo‘q, ishonma, jonim!
Bu so‘zni –
Do‘stlar aytmas meni sevsalar.

Yurtdan ketdim yurtni, seni deb,
Men kurashdim qonli har damda.
Yurtni, seni qo‘limdan bersam,
Nima qolar menga olamda?

Senga mendan xabar bersalar:
«Musa o‘ldi endi», – desalar,
Yo‘q, ishonma, jonim!
Bu so‘zni –
Do‘stlar aytmas meni sevsalar.

Tuproq ko‘mar tanni, ko‘molmas
O‘tli qo‘shiq to‘lgan ko‘nglimni.
«O‘lim» deyish mumkinmi, axir,
Yengib o‘lgan bunday o‘limni?

Musa Jalilning «Moabit daftari»ga kirgan bu she’ri 1943-yilning 20-noyabrida, o‘limidan ikki oygina oldin yozilgan. Guvohi bo‘lganimizdek, uning har bir bandi shoirning so‘nggi yillardagi taqdirini o‘zida mujassam etadi. Birinchi va ikkinchi band og‘ir jangda qattiq yaralanmasin, dushman qurshovini yorib chiqishga urinayotgan, tanasidan mador ketib borayotganiga qaramay, ruhi taslim bo‘lishni istamayotgan jangchi kechinmalarini aks ettiradi. Bilasizki, har bir askar harbiy xizmatga kirar ekan, ont – qasamyod qabul qiladi. Unda qanday sharoitga tushmasin, qanday qiyinchiliklarga duchor bo‘lmasin, o‘z vazifasini ado etishga, yurtiga va xalqiga sadoqatli bo‘lishga qasam ichiladi. She’r qahramonining esa bu qasamga qanchalar sodiqligini ontga berilgan ta’rif orqali bilib olamiz: «Bayrog‘imga qon bilan yozgan ontim…»

Demak, bu jangchi qasamyodni shunchaki yodlab takrorlagan emas. U o‘z ontiga shu qadar sodiqki, bundan avvalgi janglar davomida bayrog‘iga tomgan qoni bilan ham buni isbotlagan.

Avval aytganimizdek, 1942-yilning iyun oyida Musa Jalil dushman qo‘liga asir tushgach, undan oilasiga, yor-do‘stlariga xat-xabar kelishi birdan to‘xtab qoladi. Bunday paytda askarning yaqinlariga telegramma orqali «bedarak yo‘qoldi» degan xabar yuborish rasm bo‘lgan edi. Ayrim og‘ziga kuchi yetmaganlar shunday taqdirga duchor bo‘lgan askarlar haqida «harqalay, dushmanga sotilib ketgan bo‘lsa kerak» qabilidagi badgumon gaplarni tarqatishdan ham toyishmasdi. Ayni holatni ko‘ngli sezgan shoir she’rning uchinchi-to‘rtinchi bandida bunga o‘zining qalb javobini beradi. Bu javob o‘zining qat’iyati, mantig‘i bilan kishini to‘la ishontiradi. Darhaqiqat, yurtdan shu yurtni, yurtdoshlarni deb qonli jangga ketgan chinakam fidoyi inson ona Vatanini yog‘iyga sotishi mumkinmi?!

Shoir qalbidagi bu vatanparvarlik, yurtga muhabbat hissi shunday badiiy ifodasini topganki, u o‘zgalar yuragida ham ayni hislarning kuchayishiga sabab bo‘ladi:

Yurtni, seni qo‘limdan bersam, Nima qolar menga olamda?

Asarning eng yuqori pardasi, uning so‘nggi bandlari hisoblanadi. Musa Jalil – hayot hodisalarini chuqur idrok etuvchi ijodkor, o‘zining fashistlar qo‘lidan osonlikcha qutula olmasligini, aziz umri mana shu tutqunlikda xazon bo‘lishi ehtimolini o‘ylamasligi mumkin emas edi. Qolaversa, dushman ham o‘z changalida oddiy odam emas, balki fashizm kirdikorlarining tub mohiyatini teran anglaydigan, agar qamoqxonadan tirik chiqib ketsa, bu yerda ko‘rgan-kechirganlarini dunyo afkor ommasiga oshkor qilishi mumkin bo‘lgan qalami o‘tkir ijodkor turganini yaxshi bilardi. Shu tufayli ham fashistlar shoirni xufiyona o‘ldirishni maqsad qilgan edilar. Ularning bu niyatini ichdan his qilgan Musa Jalil o‘limni mardonavor qarshi oladi, uning qoshida tiz cho‘kmaydi. Garchi o‘zining jonsiz vujudi tuproqqa qorishib ketsa-da, misralar aro uning o‘lmas ruhini o‘zida mujassam etgan she’r-u dostonlari mudom tirik bo‘lishini bashorat qiladi.

She’rning so‘nggi misralari esa Musa Jalilning butun hayoti va ijodiga qo‘yilgan go‘zal badiiy obida bo‘lib qoldi:

«O‘lim» deyish mumkinmi, axir, Yengib o‘lgan bunday o‘limni?

Darhaqiqat, shoirning «Moabit daftari»da kuylangan erkin hayotga chanqoqlik, insoniyatning baxtli kelajagiga ishonch hissi Musa Jalilning har qanday o‘limni dog‘da qoldirganidan yorqin dalolatdir. Shu daftardan o‘rin olgan «Qushcha» nomli she’rida qamoqxonaning tikanli simiga kelib qo‘ngan erkin qushchaga murojaat qilib, shoir:

Uch, qushcha, hur
Qo‘shig‘im bo‘lib! –
Shudir sendan so‘nggi tilagim.
Tanim qolsin bunda (Tan nima?)
Ona yurtga borsin yuragim, –

deya kuylagan edi. Uning o‘lim oldidan qilgan orzusi ro‘yobga chiqdi. Shoir she’rlarida ifoda etilgan o‘tli tuyg‘ular, go‘zal insoniy hislar nafaqat yurti va o‘z yurtdoshlari, balki jahonning ko‘plab xalqlari yuragiga yetib bordi, millionlab qalblarda aks sado berdi. Jumladan, o‘zbek kitobxoni Musa Jalilning «Moabit daftari» to‘plamini (tarjimon – Mamarasul Boboyev) va boshqa asarlarini o‘z ona tilida o‘qib, ko‘ngliga jo qildi.


Savol va topshiriqlar

  1. Musa Jalilning hayoti va ijodi qanday davrda kechdi?
  2. Shoirning serqirra faoliyati o‘z ichiga nimalarni qamrab oladi?
  3. «Moabit daftari»ning yaratilish tarixini so‘zlab bering.
  4. Bu qo‘lyozmaning taqdiri qanday kechgan ekan?
  5. «Ishonma» she’rida shoirning qanday kechinmalari badiiyifodasini topgan?
  6. Nima sababdan shoir «Bu so‘zni – Do‘stlar aytmas meni sevsalar» deya ishonch bilan ta’kidlaydi?
  7. Musa Jalil taqdiriga o‘xshash taqdirli ijodkorlardan yanakimlarni bilasiz?
  8. Shoirning «Ishonma» she’rini yod oling.
Previous articleMusa Jalil hayoti va ijodi
Next articleKo’krakni katta qilish usullari – Кўкракни катта қилиш