Islom dinida hayotning qadrlanishi

0

Islom dinida hayotning qadrlanishi. Ислом динида ҳаётнинг қадрланиши. Ислом динида хаётнинг кадрланиши.


Islom dinida begunoh insonlarning qonini nohaq to‘kish katta gunoh ekanligi ta’kidlanib, bunday qabih ish insoniyatga qilingan tajovuz hisoblanadi.

Qur’oni karimda inson o‘zining yashash huquqiga tajovuz qilishi ham man etilib: «Bir-biringizni nohaq o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir» (Niso surasi, 29-oyat), deya ogohlantirilgan.

Muhammad (ﷺ) hadisi shariflarda o‘z-o‘zini o‘ldirish harom ekanligi, bunday ishni qilgan kishiga oxiratda abadiy azoblar borligi haqida aytib o‘tgan. Xususan, Jundub ibn Abdullohdan rivoyat qilingan quyidagi hadisda shunday deyiladi:

«Rasululloh (ﷺ) shunday dedilar: «Sizlardan avvalgilar ichida jarohatli bir kishi bor edi. Jazavaga tushib, pichoqni olib qo‘lini kesdi. Qon to‘xtamadi va shu sababli vafot etdi. Alloh taolo aytdi: «Bandam nafsini mendan shoshiltirdi. Men unga jannatni harom qildim».

Rasululloh (ﷺ) o‘z joniga qasd qilgan kishining janozasini o‘qimaslikni uqtirgan deyiladi, bu esa mazkur ishning naqadar yomonligidan dalolat beradi. Shunga ko‘ra, islom manbalarida o‘zini o‘ldirgan kishiga masjid imomi janoza o‘qishi mumkin emas, deyilgan.

Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda: «Kimki tog‘ tepasidan tashlab, o‘z-o‘zini o‘ldirsa, o‘lgandan so‘ng jahannamda ham shu xil azobga giriftor bo‘ladi. Agar zahar ichib o‘zini o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham abadiy shu azobga mubtalo bo‘ladi. Kimki o‘zini temir parchasi bilan o‘ldirsa, u kishi temir parcha qorniga suqilgan holatda jahannam o‘tida abadiy qolur», deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati).

Islom ta’limotiga ko‘ra, hayot ne’mati insonga Alloh taolo tomonidan beriladi. Bu ne’matning qadriga yetish, har soat, har daqiqada xayrli va savobli ishlarni qi lish talab etiladi.

Hozir ba’zi guruh va shaxslar «o‘zini o‘ldirish» tushunchasini shahidlik bilan qorishtirib talqin qilishmoqda. «Shahid» Alloh taoloning sifatlaridan biri bo‘lib, «guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi zot» degan ma’nolarni anglatadi. «Shahid» so‘zining yana bir ma’nosi o‘zga shaxs tomonidan nohaq o‘ldirilgan musulmondir.


Ijodiy faoliyat

  1. Rasmlarga diqqat bilan qarang va quyidagi savollarga javob bering. Rasmlardagi narsalarga nima uchun taqiqlash belgisi qo‘yilgan? Ularning inson salomatligiga qanday salbiy ta’siri bor?
  2. Siz o‘z salomatligingizni saqlashga qanday e’tibor berasiz?
  3. Inson o‘z sog‘lig‘iga e’tiborsiz bo‘lishi qanday oqibatlarga olib keladi?
  4. Sog‘lig‘iga zarar bo‘ladigan ishlarni bajarish, sog‘lig‘iga e’tibor bermaslik, tibbiy madaniyatga rioya qilmaslik tushunchalari bilan o‘z joniga qasd qilish tushunchasini bog‘lab ko‘ring. Bunday holatlarga dinning munosabati qanday?

Shaxsning ma’lum maqsadlar yo‘lida o‘zini o‘zi o‘ldirishini shahidlik amaliyoti deb baholash ayni adashishdir. Yovuz niyatli kuchlar o‘z harakatlarini oqlash maqsadida keltirgan barcha dalillarni islom ulamolari qoralashgan va asossiz, deb topishgan.

Kishining o‘zini o‘zi o‘ldirishi, garchi niyati din yo‘lida deb e’lon qilinsa-da, o‘z joniga suiqasd qilish deb baholanadi. O‘zini o‘zi o‘ldirish — bu o‘z hayotini qasddan to‘xtatish, parvardigor bergan hayotga tajovuz qilish darajasidagi gunohi kabira hisoblanadi.

Alloh taolo bu haqda shunday deydi: «Ana o‘sha (ilk qotillik) tufayli Isroil avlodiga shunday hukmni bitib qo‘ydik: «Biror jonni o‘ldirmagan yoki yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir». Ularga rasullarimiz (ilohiy) hujjatlarni keltirganlar. So‘ngra ularning ko‘pchiligi o‘shandan keyin (ham) yerda isrof qiluvchilardir» (Moida, 32-oyat).

Jahondagi nufuzli islom muassasalari va ulamolari o‘zini turli portlovchi vosita bilan portlatish orqali begunoh odamlarning o‘limiga sabab bo‘lish harom amal bo‘lib, islom diniga aloqasi yo‘q ekanini qayd etganlar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi ham «O‘zini-o‘zi turli yo‘llar bilan qasddan o‘ldirishning og‘ir gunohligi haqida» fatvo chiqarib, bunday jirkanch harakatni qat’iy qoralaydi.


Batafsil >> Dinlarda hayot qadri faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

Previous articleDinlarda hayot qadri faollashtirish uchun savol va topshiriqlar
Next articleDunyoviylik — dahriylik emas