Tanobchilar (Muqimiy hikoya)

0

Tanobchilar (Muqimiy hikoya)

Bo‘ldi taajjub qiziq hangomalar,
Arz etayin emdi yozib nomalar.

Adl qulog‘i-la eshit holimi,
Zulm qilur, baski, menga zolimi.

O‘n iki oyda keladur bir tanob ,
O‘zgalara rohat-u menga azob.

Sulton Ali Xo‘ja, Hakimjon ikav,
Biri xotun, birisi bo‘ldi kuyav.

Ikkalasi bo‘ldi chunon ittifoq,
Go‘yo xayol aylaki, qilmay nifoq .

Osh yesalar o‘rtada sarson ilik,
Xo‘ja – chirog‘ yog‘i, Hakimjon – pilik.

Bir-birisiga solishurlar o‘run,
Erta-yu kech o‘pushub og‘iz-burun.

Sallalari boshlarida oq savat,
Ko‘rpacha tagda hamavaqt uch qavat.

Birlari mo‘ltoninamo, hiylagar,
Birlaridur kunda pix-u gavda xar .

Og‘izlari maqtanib o‘n besh qarish,
Mayda suxan , ezmachuruk, zanchalish .

Qaysiki qishloqqa tushar otidin,
Elni yig‘ib, voqif etar zotidin.

Derki: «Ko‘zunga hali kal jo‘jaman,
Maxdumi a’zam lik o‘zim xo‘jaman.

Bizga bobo hazrati Shohlig‘ mazor ,
Muxlisimiz mardumi ahli diyor.

Ham yana Erhubbi bo‘lodur tag‘o,
Ammamizning erlaridur Nurato .

Bibi Ubayda bo‘ladur xolamiz,
Goh kelur erdi kichik bolamiz.

Xizr otamlarga birodar erur,
Chimlig‘ azizlar menga dodar erur.

Garchiki men olim-u shayxi zamon,
Qirqingiza emdi beray bir qozon.

Manki tanobingg‘a chiqibman kelib,
Xizmatimi yaxshi qilinglar bilib.

O‘t qo‘yubon kuyduradurg‘on o‘zim,
Hokiming-u o‘lduradurg‘on o‘zim.

Xoh tanobingni du chandon qilay,
Xoh karam birla boshingni silay».

Xo‘ja so‘zini munga bermay qaror,
Mardumi sahroyi bo‘lur beqaror.

Derki Hakimjoni: «Ayo oqsoqol,
Bizni topibsan magaramkim o‘sol ?

Hozir etib to‘rt nafar mardikor,
To‘g‘ri qil oldimg‘a qilibon qator.

Arqonimi yeringa sudrab chiqay,
Bachchataloq qishloqilarni uray.

Bir burayin mo‘ylabimni chiqib,
Tort tanobini jazosi siqib!

Yaxshilig‘ingni fuqaro bilmagay,
Holi bular ko‘zga bizi ilmagay.

Ikki tanobini qilay o‘n tanob,
Yurtingizi kuydurub aylay xarob.

Xoh o‘ling, xoh qoling, bachchag‘ar»,
Debki, uzangiga ayog‘in tirar.

Bir-biriga qishloq eli boqishib,
Goh u yon, goh bu yon chopishib.

Jam bo‘lishib, aylayubon maslahat:
«Do‘g‘mag‘a, – der, – bir nima berib jo‘nat» .

Aqcha qo‘lida iki-uch mo‘ysafid,
Derki: «Bu nazringiz-u, bizlar murid».

Zulm bilan ellig-u yuzni olur,
Boz tanobini duchandon solur.

Tag‘i bular yaxshi-yu, bizlar yomon,
El tamizidin hazar et, alamon …

So‘zni, Muqimiy, kerak etmak tamom,
Mazzasi qolmas uzun o‘lsa kalom.


Savol va topshiriqlar

  1. Tanobchi amaldorlar o‘z nasl-nasablari bilan maqtanishlarizamirida qanday maqsad yotganini tushuntiring.
  2. «Tanobchilar» satirik she’riy hikoyasidan olgan taassurotlaringizni yozma bayon qiling.
Previous articleMuhammad Aminxo’ja Muqimiy
Next articleHajviy asar haqida tushuncha