15-§. Iqtisodiy qaror qabul qilish

0

Iqtisodiy qaror qabul qilish. Иқтисодий қарор қабул қилиш. Иктисодий карор кабул килиш.


Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

  1. Muammo: aytaylik, sizga dadangiz tug’ilgan kuningizda 800.000 so’m pul berdi va nima sotib olsam ekan, deb o’ylanib qoldingiz.
  2. Muqobil yechimlar: aytaylik, bu pulga “Qaror qabul qilish jadvali” deb atalgan, yuqorida keltirilgan jadval satrlarida yozilgan muqobil narsalarni sotib olishingiz mumkin: 1) o’rtog’ingizning velosipedini; 2) kostum-shim; 3) audio-pleyer; 4) 6 oy davomida pullik karate seksiyasiga qatnash; 5) 3 oy davomida ingliz tilidan pullik kursga qatnash; 6) o’zingizga xush kelgan yana nimadir. Jadvalni daftaringizga ko’chirib oling va 6-narsaning ham nomini oxirgi qatoriga yozib qo’ying.
  3. Baholash mezonlari: har bir narsani sotib olishdan ko’rishingiz mum- kin bo’lgan naf, uning maqsadingizga qanchalik mos kelishi va ehtiyojlaringizni qay darajada qondirishini ko’rsatuvchi mezonlar yuqoridagi jadvalda keltirilgan. Shu bilan birga siz uchun yana muhim bo’lib ko’ringan boshqa me’zonni ham jadvalning bo’sh ustunga yozib qo’ying.
  4. Har bir muqobil yechimni mezonlar bo’yicha baholash: har bir yechimni keltirilgan mezonlar bo’yicha baholab, mos kataklarga: agar mezon bo’yicha fikr ijobiy bo’lsa, “+”, agar salbiy bo’lsa, “—”, agar ijobiy ham, salbiy ham bo’lmasa, “0”, agar noma’lum bo’lsa, “?” belgisini qo’yib chiqing.
  5. Tanlov: baholash natijasiga ko’ra, qaysi narsa eng ko’p ijobiy baho olganligini aniqlang. Xuddi shu narsa siz sotib olishingiz kerak bo’lgan narsa bo’lib chiqadi.
  6. Qarorlaringizni yoningizda o’tirgan o’rtoqlaringizniki bilan taqqoslang. Nima sababdan qarorlar turlicha bo’lib chiqdi?

“Bo’ston” fermer xo’jaligining rahbari Kamol Abdullayev o’zi yashab turgan qishloqda sutni qayta ishlash korxonasini qurishga qaror qildi.

Keling, bunday qarorning paydo bo’lish sabablarini o’zimizcha tahlil qilishga urinib ko’raylik. Albatta, har bir qarorning qabul qilinishidan oldin iqtisodiy vaziyat, mavjud resurslardan foydalanish imkoniyatlari sinchiklab o’rganib chiqilgan. Iqtisodchilar tili bilan aytadigan bo’lsak: Nima ishlab chiqarish kerak? Qanday ishlab chiqarish kerak? Kim uchun ishlab chiqarish kerak? degan savollarga javob izlangan. Ya’ni qaror (imkoniyatlardan birini tanlash) iqtisodiy jihatdan eng maqbul qaror bo’lgan. Abdullayev bunday qarorni qabul qilishdan oldin har xil muqobil imkoniyatlarni obdon taqqoslab ko’rdi. Uning oldida konserva zavodi, meva sharbati ishlab chiqarish, go’shtni qayta ishlash korxonalarini qurish imkoniyatlari ham mavjud edi. Lekin u barcha imkoniyatlarini ‘‘qancha mablag’ talab qilinishini’’, ‘‘mahsulotga talab mavjudligi’’, ‘‘keltiradigan daromadi va foydasi’’, ‘‘mavsumiyligi’’ kabi mezonlar bo’yicha iqtisodiy tahlil qilib ko’rdi. Ushbu mezonlar yordamida imkoniyatlarni baholadi va o’zi uchun eng iqtisodiy maqbul bo’lgan qarorni qabul qildi — sut ishlab chiqarish korxonasini qurishni tanladi. Ya’ni, bunday iqtisodiy qaror qabul qilish bo’yicha ish bir nechta muammo, muqobil imkoniyatlar, baholash mezonlari, baholash, tanlov kabi bosqichlarda amalga oshirildi.

Har bir qarorning qadr-qimmati va nafi alohida olingan shaxsga hamda jamiyatga keltiradigan qiymati bilan o’lchanadi. Abdullayevning sutni qayta ishlash korxonasini qurish haqidagi qarorining xususiy qadr- qimmati, korxonani ishlatish natijasida, avvalo, uning o’ziga keladigan foyda va o’z ishidan qoniqish hissi kabi naf bilan korxonani qurish uchun sarflanadigan xarajatlar va qo’ldan boy berilgan imkoniyatlarni o’zaro taqqoslash natijasida aniqlanadi. Ikkinchi tomondan, bu qarorning ijtimoiy qadr-qimmati ham bo’lib, u qishloqda qo’shimcha ish o’rinlarini yaratish, odamlarning sut mahsulotlariga bo’lgan ehtiyojlarini qondirish kabi jamiyatga keltiriladigan naf bilan jamiyat tomonidan qilinadigan chiqimlar va boy berilgan boshqa muqobil imkoniyatlarni o’zaro taqqoslash natijasida aniqlanadi. Shunday qilib, har bir shaxs qaror qabul qilayotganida ham shaxsiy, ham ijtimoiy nuqtai nazardan qo’lga kiritadigan yutuqlari bilan qo’ldan boy beradigan imkoniyatlarini, albatta, o’zaro taqqoslashi lozim ekan.

Kamol Abdullayev sutni qayta ishlash korxonasini qurishga qaror qilganida bu qaror, albatta, tejamkorlik bilan ratsional qabul qilingan. Ikkinchi tomondan esa bu qarorni amalga oshirgandan so’ng olinadigan natija haqida o’ylab ko’rilgan. Bu natija, albatta, o’zining eng “katta”, maksimal qimmatli nafga ega bo’lishi bilan ajralib turishi lozim. Aks holda bunday qaror qabul qilinmas edi. Haqiqatan, agar K. Abdullayev uchun sutni qayta ishlash korxonasidan ko’ra konserva zavodini qurish ko’proq qimmatli va nafli (samarali) bo’lganida edi, u o’z qarorini o’zgartirgan bo’lar edi.

Endi davlat miqyosidagi bitta qaror bilan tanishib chiqaylik.

O’zbekiston hukumati 2025 yilga kelib paxta tolasini eksport qilishni butkul to’xtatishga va uni mamlakatimizning o’zida to’liq qayta ishlashni yo’lga qo’yishga qaror qildi.

2025- yilga kelib mamlakatimizda to’qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni 2,6 marta, eksport hajmini esa 4,7 marta oshirish, ya’ni 7,1 mlrd AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Bir qarashda, paxta tolasi eksporti davlatga juda katta hajmdagi chet el valutasini olib keladi. Lekin ikkinchi tomondan, 1 tonna paxta tolasini eksport qilishdan tushgan daromadga qaraganda uni qayta ishlaganda olinadigan to’qimachilik mahsulotini eksport qilish bir necha marta ko’p daromad keltiradi. Shuni hisobga olgan holda hukumatimiz shunday qaror qabul qilgan. Demak bu yerda ham qaror ratsionallik va maksimallik xususiyatlariga ega.

Demak, har qanday iqtisodiy qaror xoh u kichik tadbirkor darajasida, xoh davlat miqyosida qabul qilingan bo’lsin, bu qaror qaysidir ma’noda, o’zining ratsionallik va maksimallik xususiyatlari bilan ajralib turishi lozim ekan.

Topshiriq

Sizning maktabda bir yil o’qishingiz uchun:

a) ota-onangiz; b) davlat taxminan qancha mablag’ sarflayotganini hisoblab chiqing.

Maktabda o’qishingizdan:

a) shaxsan o’zingizga; b) jamiyatga qanday naf borligini aniqlang va yuqorida aniqlangan chiqimlar bilan taqqoslang. Siz bu chiqimlarni oqlayapsizmi?

Ratsionallik — biror resursdan tejamli foydalanish yoki eng maqbul qaror qabul qilish xislati.

Maksimallik — eng yaxshi, eng yuqori natijaga erishish.

Qadriyatlar!

“Yetti o’lchab — bir kes”, “Ishning o’zini emas — ko’zini bil” degan maqollarni qanday tushunasiz.


Bilimingizni sinab ko‘ring!

  1. Iqtisodiy to’g’ri qaror qabul qilishning qanday bosqichlari va mezonlarini bilasiz? Biror misol asosida tushuntirib bering.
  2. Ratsional ish ko’radigan kishi deganda qanday odamni tushunasiz?
  3. Kechagi kuningizni ertalabdan kechgacha qanday o’tkazganingizni soatlar bo’yicha tavsiflang. Siz kun davomidagi o’z faoliyatingizni tejamli — ratsional tashkil qildingizmi? Siz o’tgan kundan maksimal naf oldingizmi? Kuningizni unumli va yoqimli o’tkazdingizmi?
  4. Shu kunlardagi faoliyatingizdan o’zingizga, oilangizga va jamiyatga qanday naf bor deb o’ylaysiz? Bu xatti-harakatlaringiz tufayli qanday chiqimlar, xarajatlar yuzaga kelmoqda?
  5. Xususiy va ijtimoiy qadr-qimmati bir-biriga teskari bo’lgan qarorga misol keltiring va unga nisbatan o’z munosabatingizni bildiring.
  6. Faraz qiling, bozorga biror bir kiyim xarid qilish uchun bordingiz. Bu yerda o’zingizga kerak narsani xarid qilgunga qadar bir nechta narsalarni ko’rdingiz. Bu sizning qaroringizni o’zgartirishi mumkinmi? Javobingizni asoslab bering.

Buni yodda tuting!

  • Har bir kishining farovon yashashi ko’p jihatdan oqilona iqtisodiy qaror qabul qilishga bog’liq.
  • Har bir kishi qaror qabul qilayotganida qo’lga kiritadigan yutuqlari bilan qo’ldan boy beradigan imkoniyatlarini, albatta, o’zaro taqqoslashi lozim.
  • Qaror qabul qilish (yechim tanlash) jarayonining bosqichlari:
  1. muammoni aniqlash;
  2. barcha muqobil yechimlarni aniqlab chiqish;
  3. baholash mezonlarini aniqlab olish;
  4. har bir yechimni mezonlarga ko’ra baholab chiqish;
  5. baholash natijasiga ko’ra eng yaxshi yechimni tanlash.
Previous articleSug’urta nima? Суғурта нима?
Next articleRatsionallik nima? Рационаллик нима?