«Muzqaymoq» hikoyasi haqida

0

XX asr mamlakatimiz hayotida ham fojialar, ham buyuk o‘zgarishlar asridir. Xalqimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganiga qadar ne-ne xo‘rlik va qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Millionlab asl insonlar arzimagan sabablar, tuhmat, adolatsizliklar tufayli tazyiqlarga uchragan, qamalgan va hatto otib, yo‘q qilib yuborilgan davrlar bo‘ldi. Bir millat vakili bo‘lib, bir mahallada yonma-yon yashab, bir-biriga yov, dushmanga aylangan odamlar ham, afsuski, ko‘p uchradi. Ana shunday jamiyat barpo etib, kishilarni qo‘rquvga, dahshatga solib turgan siyosat sho‘rolar zamonida necha o‘n yillar hukm surdi. Bu davr insoniyat tarixiga Stalin qatag‘onlari davri bo‘lib kirdi.

>> Muzqaymoq (hikoya) <<

Aziz o‘quvchi! Hali Siz Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi xalqimizning ulkan ijodkorlari hayoti va ijodi bilan tanishganingizda, qatag‘on siyosati va uning yovuzliklari haqida yana ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lasiz.

Bu siyosat o‘z haq-huquqini tanishni, ozodlik, erkinlikni istagan, pok, halol yashagan har bir ziyoli, har bir fuqaroga qarshi qaratilgan edi.

Adib Odil Yoqubov ham o‘z otasi taqdiri misolida qatag‘on davrining dahshatlari aks etgan bolalik xotiralarini qalamga oladi. Mehnatkash, halol, sadoqatli otasining o‘z xizmatlari uchun tuhmatga uchrab, qatag‘on qilingani voqealarini tasvirlaydi.

Bu hikoya Birinchi Prezidentimizning «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» kitobida ta’kidlangan quyidagi da’vatning naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi:

«Xalqimiz va millatimizning yaqin o‘tmishidagi yopiq sahifalarni to‘la ochib berish, shu tarixdan saboq chiqarib, bugungi va kelajak hayotimizga ongli qarashni shakllantirish, begunoh qurbon bo‘lgan insonlar xotirasini abadiylashtirish biz uchun ham qarz, ham farz».[1]

Bo‘lajak yozuvchi ham o‘n yashar chog‘larida otasining qo‘rquv va xavotir ichida yurgan kunlari guvohi bo‘lgan. Otasi sho‘ro idoralarida katta-katta lavozimlarda ishlagan, buvalari Yoqubshayx so‘filik qilgani uchun o‘g‘li urilib tuman moliya bo‘limiga kichik bir vazifaga tushirib qo‘yilgan. Qatag‘on siyosati avjiga chiqayotgan pallalar. Barcha tahlikada, bir-biridan gumonsiragan davrlar. Ana shunday kunlarning birida ota hibsga olinadi. Yozuvchi mazkur manzarani tasvirlar ekan, bir tomonda dahshatdan haykalday qotib qolgan otasi, dod-faryod solib yig‘layotgan opasi, burchakka tiqilishib qo‘rquvdan bir-birining pinjiga kirib olgan ukalari holatini ko‘rsatib, qatag‘on davrining naqadar qo‘rqinchli bir hodisa ekanini o‘quvchi tasavvurida akslantiradi.

Hikoyada yozuvchi go‘yo yaqin do‘st, qo‘shni bo‘lgan kishilarning dushmanga aylanishi, yaxshilik kutmagan odamlardan insoniy, samimiy munosabat ko‘rganlarini tasvirlab, qaltis, sinovli holatlarda kishilarning asl mohiyati namoyon bo‘lishini, kishining sirtiga qarab emas, qilgan ishi, og‘ir vaziyatlarda o‘zini qanday tuta olganiga qarab baho berish lozimligini uqtiradi. Bu fikrlar xushsurat yigitcha – shahar komsomol qo‘mitasi kotibining yozuvchi otasiga qamalgunicha xushomad qilib yurib, musibatdan so‘ng yovga aylanib, hatto, bolani tahqirlashi, «Qashqirdan tug‘ilgan qashqircha» deb haqoratlashi parchasida yaqqol aks etadi. Davr shunday yovuz ediki, hatto, bolani otaga dushman qilib qo‘yar edi. Sho‘ro zamonida o‘z otasini dushman sanab, qizil askarlarga tutib bergan Pavlik Morozov degan bola qahramonga aylantirilib, barcha maktab o‘quvchilariga ibrat qilib ko‘rsatilardi. Ana shunday targ‘ibot-tashviqotlar ta’sirida asl voqelikni tushunmay yurgan hikoya qahramoni tintuv chog‘i o‘z uyida kitob javoni qulfini ochib berib, o‘zini Pavlik Morozov deb maqtaganlaridan g‘ururlanadi. «Xalq dushmanlari» sifatida qancha-qancha begunoh yurtdoshlarini abgor qiladigan mitinglarga chorlovchi nog‘ora gumburi-yu, karnay-surnay sadolariga mahliyo bo‘lib, uni chalayotgan pionerlar ketidan ergashib boradi. Bu tasvirlar orqali yozuvchi inson ichki dunyosining naqadar murakkabligini, yolg‘on aqidalar, g‘oyalarga ishontirilgan odam o‘z yaqinlarining dushmaniga aylanishi mumkinligini ta’kidlaydi. Uni ma’naviy tanazzulga olib boradigan holatlarni ko‘rsatib beradi. Ayni chog‘da o‘g‘liga muzqaymoq olib berolmay armonda qolgan otaning haqsizlik, tuhmatlar tufayli naqadar ojiz, g‘arib bir ahvolga tushishi, adolatsizlik hukm surgan jamiyatning qanchalar insonlar qalbini zada qilganini tasvirlash orqali yozuvchi mustaqillikning qadriga yetish, o‘shanday yovuzliklar bo‘lmasligi uchun kurashish, mehr-oqibat, adolat g‘oyalari barqaror bo‘lishiga erishish fikrini ilgari suradi. O‘quvchilarni bu borada ibratli xulosalar chiqarishga undaydi.


Savol va topshiriqlar

  1. «Muzqaymoq» hikoyasida qaysi davr voqealari aks etgan?
  2. Hibsga olingan otaning holatini so‘zlab bering.
  3. Yosh qo‘shni yigit – kotibning xatti-harakatini qanday izohlashmumkin?
  4. Nog‘ora sadolari ostida o‘tadigan mitinglardan maqsad nima?
  5. Hikoya qahramoni nima uchun maqtov eshitadi?
  6. Hikoyadan o‘zingiz uchun qanday xulosalar chiqardingiz?

[1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T.: «Ma’naviyat», 2008. 98-b.

Previous articleVoleybol o’yinining vujudga kelishi, uning dastlabki qoidalari
Next articleVoleybol o`yining sobiq ittifoqda vujudga kelishi va rivojlanishi