Cho’lpon sheri / she’ri / she’rlari (Чўлпон шеърлари). Binafsha. Buzilgan o’lkaga. Бинафша. Бузилган ўлкага / улкага.
Binafsha
Binafsha senmisan, binafsha senmi,
Ko’chada aqchaga sotilgan.
Binafsha menmanmi, binafsha menmi,
Sevgingga, qayg’ungga tutilgan?
Binafsha, nimaga bir ozroq ochilmay,
Bir erkin kulmasdan uzilding?
Binafsha, nimaga hidlaring sochilmay,
Yerlarga egilding, cho’zilding?
Binafsha,
Ayt menga,
Kimlardir, ularkim,
Ignani bag’ringga sanchalar?
Binafsha,
Bir so’yla,
U qanday qo’llarkim,
Uzalar, hidlaylar, yanchalar?
Binafsha, shunchalar chiroyli yuzing bor,
Nimaga uzoqroq kulmaysan?
Binafsha, shunchalar tortguvchi tusing bor,
Ko’nglimga isriqlik to’kmaysan?
Binafsha, yig’lama, binafsha, kel beri,
Qayg’ungni qayg’umga qo’shgil.
Binafsha, sen uchun ko’kragim erk yeri,
Bu yerdan ko’klarga uchgil.
Binafsha, go’zalim, qayg’ulim, kelmaysan,
Qayg’ung zo’r, qayg’umni bilmaysan,
Menga bir kulmaysan.
Cho’lpon 1922
Savol va topshiriqlar:
- Binafsha obrazi qanday majoziy ma’noga ega deb o’ylaysiz?
- She’rning: «Binafsha senmisan, binafsha senmi, Ko’chada aqchaga sotilgan. Binafsha menmanmi, binafsha menmi, Sevgingga, qayg’ungga tutilgan?» misralarida ifodalangan fi kr va tuyg’ular haqida o’ylab ko’ring.
- Binafsha obrazida lirik qahramon munosabati to’liq namo-yon bo’lgan o’rinlarni toping va izohlang.
- Azobli hayot ta’sirchan tasvirlangan satrlarni aniqlang va sharhlab bering.
- She’rning uchinchi bandi dastlabki to’rt misrasidagi so’zlar miqdoriga e’tibor bering. Uni badiiy vazifasi jihatidan izohlashga harakat qiling.
- «Binafsha, sen uchun ko’kragim erk yeri» misrasining mazmunini sharhlang.
- She’rda shoir ruhiyatining ifodalanishiga e’tibor qiling.
- She’rni yod oling.
Buzilgan o’lkaga
Ey, tog’lari ko’klarga salom bergan zo’r o’lka,
Nega sening boshing uzra quyuq bulut ko’lanka?
Ujmohlarning kavsaridek pokiza,
Sadafl arning donasidek top-toza.
Salqin suvlar tog’dan quyi tusharkan,
Tomchilari yomg’ir kabi ucharkan,
Nima uchun yig’lar kabi ingraylar?
Yov bormi, deb to’rt tarafni tinglaylar?
Tabiatning o’tini yo’q o’tida,
Sharaq-sharaq qaynab chiqqan buloqlar
Har qorong’i, qo’rqinch tunning betida
Shifo istab kelmasin der, qo’noqlar.
– Bu nega?
Ayt menga.
Ko’m-ko’k, go’zal o’tloqlaring bosilg’on,
Ustlarida na poda bor, na yilqi,
Podachilar qaysi dorga osilg’on?
Ot kishnashi, qo’y ma’rashi o’rniga
– Oh, yig’i,Bu nega?
Tumorchalar, hamoyillar[1] taqingan,
Dalalarda lola bargi yopingan,
Tog’-toshlarda o’yin qilgan,
Chopingan
Go’zal qizlar, yosh kelinlar qayerda?
Javob yo’qmi ko’klardan-da, yerdan-da,
Xarob bo’lgan eldan-da.
Ot minganda qushlar kabi uchguvchi,
Erkin-erkin havolarni quchguvchi,
Ot chopganda uchar qushni tutguvchi,
Uchar qushday yosh yigitlar qayerda?
Tog’ egasi: sor[2], burgutlar qayerda?
Sening qattiq sirt-bag’ringni ko’p yillardir ezganlar,
Sen bezsang-da, qarg’asang-da, ko’kragingda kezganlar,
Sening erkin tuprog’ingda hech haqqi yo’q xo’jalar,
Nega seni bir qul kabi qizg’anmasdan[3] yanchalar?
Nega sening qalin tovshing[4] «ket» demaydi ularga?
Nega sening erkli ko’ngling erk bermaydi qo’llarga?
Nega tag’in tanlaringda qamchilarning kulishi?
Nega sening turmushingda umidlarning o’lishi?
Nega yolg’iz qon bo’lmishdir ulushing?
Nega buncha umidsizdir turishing?
Nima uchun ko’zlaringda tutashguvchi olov yo’q?
Nima uchun tunlaringda bo’rilarning qorni to’q?
Nima uchun g’azabingni uyg’otmaydi og’u – o’q?
Nima uchun borlig’ingda bu daraja buzg’unlik?
Nima uchun o’ch buluti sellarini yog’dirmas?
Nima uchun kuch tangrisi bor kuchi-la soldirmas?
…Kel, men senga qisqagina doston o’qiy,
Qulog’ingga o’tganlardan ertak to’qiy.
Kel, ko’zingning yoshlarini so’rib olay…
Kel, yarali tanlaringni ko’rib olay, to’yib olay…
Nima uchun ag’darilgan, yiqilgan
Og’ir tojning zahar o’qi ko’ksingda?
Nima uchun yovlaringni bir zamon
Yo’q qilgunday temirli o’ch yo’q senda?
Ey, har turli qulliklarni sig’dirmagan, hur o’lka,
Nega sening bo’g’zingni bo’g’ib turar ko’lanka?
1921
- [1] Hamoyillar – qo‘ltiq tagidan o‘tkazib taqiladigan yomon ko‘zdan asrovchi toshli tumor, bezaktosh.
- [2] Sor – qarchig‘aylar turiga mansub yirtqich qush.
- [3] Qizg‘anmasdan – ayamasdan.
- [4] Qalin tovshing – yo‘g‘on, qat’iy tovushing.
Savol va topshiriqlar:
- She’rning shu tarzda nomlanish sababini tushuntiring.
- O’lka tabiatining go’zalligi va qismatining og’irligi yorqin ifodalangan misralarni toping.
- She’rning: «Nima uchun yig’lar kabi ingraylar?» misrasi dagi ohangdorlikka e’tibor bering va musiqiylikning sababini anglatin g.
- «Tabiatning o’tini yo’q o’tida, Sharaq-sharaq qaynab chiq qan buloqlar» misralaridagi timsol va tashbihlarni sharhlang.
- «Shifo istab kelmasin der qo’noqlar» misrasidagi «qo’noqlar» so’ziga yuklangan ayricha ma’noni izohlang.
- She’rda «nega», «nima uchun» kabi so’roqni ifodalovchi so’zlarning qayta-qayta ishlatilish sabablarini tushuntiring.
- She’rning boshdan oyoq bir xil o’lchovda yozilmaganligi, she’riy ohangdagi tovlanishlar sababini nimada deb o’ylaysiz?
- «Qulog’ingga o’tganlardan ertak to’qiy» misrasining maz munini va she’riy vazifasini tushuntiring. Shoir qanday ertak aytmoqchi deb o’ylaysiz?