Irsoli masal (Ирсоли масал).
Gapda yoki she’rda xalq og‘zaki ijodida mashhur bo‘lib ketgan biror maqol, matal, ibora yoxud hikmatli so‘z keltirib, nutq ta’sirchanligini oshirish usuliga irsoli masal san’ati deyiladi.
Bu yerdagi irsol – keltirish, masal – misol, tamsil, maqol, matal, ibora ma’nolarini anglatadi. Eski o‘zbek tilida maqol, matal va iboralar masal yoki zarb ul-masal deyilgan. Hozirgi tilshunosligimizda maqol, matal va iboralar frazeologizmlar deb yuritiladi.
Irsoli masal san’ati o‘zbek yozma adabiyotining eng qadimgi namunalarida ham uchraydi. Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig», Ahmad Yugnakiyning «Hibat ul-haqoyiq» asarlarida bu ifoda va tasvir vositasining yuksak namunalariga duch kelamiz.
Xususan, Mavlono Lutfiy she’riyatida irsoli masal juda ko‘p uchraydi. Shunga ko‘ra, irsoli masal qo‘llash – shoir ijodiyotining yetakchi uslubiy fazilatlaridan biri, deyish mumkin.
Irsoli masalda muallif o‘z fikr-mulohazasini tap-tayyor maqol, matal, ibora yo hikmatli so‘z orqali quvvatlab oladi, shu tariqa o‘quvchini ishontirishni kuchaytiradi, ifoda ta’sirchanligini oshiradi.
Mumtoz adabiyotimiz vakillari asarlarida irsoli masal san’atining eng yorqin namunalari mavjud. Qalam ahli, xususan, shoirlarimiz tilning shunday zo‘r imkoniyatidan mumkin qadar ustalik bilan foydalanishga harakat qilishgan.
Ayni jihatdan Mavlono Lutfiy ijodi o‘zigacha bo‘lgan davr shoirlari ichida alohida ajralib turadi. Bu qalam sohibi merosida shunday g‘azallar ham borki, ular boshdan-oxir badiiy-uslubiy tarafdan tamoman ana shu irsoli masal san’ati asosiga quriladi. «Ayoqingg‘a tushar har lahza gisu…» g‘azali xuddi shunday asarlar sirasiga kiradi. Undagi mavjud besh baytning bari aynan ana shu san’at ishtirokida yaratilgan. Bu qo‘shmisralarning hammasida maqol ikkinchi satrda kelgan. Amalda u birinchi qatordagi fikrning tasdig‘i yanglig‘ qog‘ozga tushgan. Shu tariqa shoir fikrini ikki karra mustahkamlagandek bo‘ladi.
Savol va topshiriqlar
- Irsoli masal san’atining badiiy nutqdagi asosiy vazifasi nimadan iborat?
- Irsoli masal san’atining xalq og‘zaki adabiyoti bilan aloqasini aytib bering.
- Irsoli masal qaysi o‘zbek shoirlari ijodida ko‘proq uchraydi?
- Irsoli masal haqidagi nazariy ma’lumotlar asosida bu badiiy san’at ishtirok etgan asarlarni qayta o‘qib chiqing.







