Mirzo Ulug‘bek (Tarixiy fojiadan lavhalar)

0

Mirzo Ulug‘bek (Tarixiy fojiadan lavhalar). Мирзо Улуғбек (Тарихий фожиадан лавҳалар). Мирзо Улугбек (Тарихий фожиадан лавхалар).


Qatnashuvchilar:

Mirzo Ulug‘bek ibn Shohrux – buyuk olim, Movarounnahr hukmdori; 56 yoshda.

Abdullatif Mirzo – uning o‘g‘li; 30 yoshda.

Ali Qushchi – Ulug‘bekning shogirdi va mahrami. Astronom; 35 yoshda.

Sakkokiy – mashhur shoir. Ulug‘bekning do‘sti; 45 yoshda.

Shayxulislom Burhoniddin – zamonaning taraqqiyparvar ulamolaridan; 65 yoshda.

Abbos – Sayid Obidning o‘g‘li. Abdullatifning mahrami; 28 yoshda.

Abdurazzoq Samarqandiy – mashhur tarixchi; 35 yoshda.

Bek Arslon – sardor; 50 yoshda.

Mavlono Shamsiddin Muhammad Miskin – Samarqand qozisi; 70 yoshda.

Piri Zindoniy (Hasan ohangar) – mahbus; 80 yoshda.

Berdiyor – Ulug‘bekning navkari; 35 yoshda.

Ota Murod – dehqon; 67 yoshda.

Chin, Hind, Farang, Misr, Rus elchilari.

Amir Temurning arvohi.

Samarqand. Go‘ri Amir. Temurning maqbarasi. Ulug‘ bek kirib keladi, orqasida mash’al ko‘targan ikki mahram.


Ulug‘bek

Shu – qirq yillik andishaga alamli yakun,
Ketib qoldi zamonadan diyonat, rostlik.
Mudhish bir jar yoqasida turmish mamlakat,
Zulmatli tun qo‘nayotir yurtning ufqiga.
Bobo Temur, omonating saqlayolmadik,
Avlodlaring chiqib qoldi g‘oyat noqobil.
Bobo Temur, tirigingda o‘zing va so‘zing
Ulkanlikda sig‘mas edi shu yer yuziga.
Endi nega maydalandi Temur urug‘i,
Endi nega razillashdi hokimlar ruhi.
Endi nega mirzolarning ko‘zlari ojiz,
Qulog‘i kar, idroki bo‘sh, iroda kuchsiz…

Ulug‘bek qabrga engashib chuqur xayolga botadi. Birdan Temur tobuti qarsillab ochilgani eshitiladi. Sag‘anani tutun bosib, mash’al o‘chadi. Shu paytda sahnaning orqa pardasida soyalar qo‘ynida bir balandlikda Amir Temurning mujassam qomati paydo bo‘ladi. Uning qiyofasi haybatli. Qo‘lidagi uzun qilichini havoda o‘ynatib, qahqaha urib yuboradi.

Temur arvohi

Yer yuzida buzilganga o‘xshar intizom.
Avlodimdan sohibqiron chiqolgan kim bor?
Men to‘ldirgan ummonlarning savlati qani?
Qani o‘shal quturuvchi yoldor dengizlar?
Ummonlarning o‘rnida men ko‘raman
Bir hovuzki, kaftimga ham qiladi kamlik.
Men oltmish yil ot belidan tushmadim, toki,
Ilalabad avlodlarim bo‘lsin jahongir.
Har kun besh bor aytar edim: butun yer yuzi
Torlik qilar: sig‘dirolmas ikki podshohni,
Ammo, bugun ko‘ramanki, ellik shohga ham
Kenglik qilar, ortib qolar shu latta dunyo…
O‘g‘lim, sening irodangni yeb qo‘ydi kitob.
Sipohiylik rasmlarin qilmayin pisand,
Yulduzlarning qo‘shiniga bo‘lding farmondor.
Osmoniy o‘lkalarni olmoqchi bo‘lib,
Yerdagi naqd diyoringni boy berding qo‘ldan…

Shu asnoda birdan sahna orqasi yorishib ketishi bilan Temur yer tagiga cho‘kib ketadi.

Ulug‘bek

(Temur qabrini va yonidagi go‘rlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirib)

Uxlang, uxlang, shum dunyoning betinch shohlari.
Siz pashshadan ham beozor yotibsiz bunda.
Faqat goho kirasizlar tushlarga tunda.
Yotasizlar yangi-yangi qo‘shnilar kutib,
Shahringizga ular kelar vaqtida yetib…
Shohlar umrin puchligiga bu isbot tugal.
Tiriklarning ro‘yxatidan, kim bilar, bu gal –
Qay birini o‘chirarkan kotibi azal.
Kim biladi, balki navbat menga yetgandir,
Chunki umrim ozi qolib, ko‘pi ketgandir.
Yo‘q, yo‘q, sulton o‘lsa hamki, donishmand yashar,
Olimlarga mangu hayot tarixi – bashar…

Samarqand. Ko‘ksaroy. Katta mehmonxona. Uning bir yonida qabulxona ham ko‘rinadi. O‘rtadagi eshik ustiga zarbof pardalar osilgan. Shayxulislom, Abdurazzoq, Sakkokiy, Bek Arslon, Devonbegi.

Devonbegi

Tuni bilan uxlamayin hazrat Shahriyor
Sohibqiron mozorini ziyorat qildi.

Abdurazzoq

Hozir shahar betinch mahal. Tun pallasida
Davlatpanoh qanday qilib bir o‘zi bordi?
Xo‘ja Ahror kelishini kutib quturgan
Yovvoyi it qalandarlar daydib yurmoqda.
Har baloda Ulug‘bekni ayblashadi.

Bek Arslon

Men, sultonga bildirmasdan hamma joy-joyda,
Ko‘ksaroydan Go‘ri Amir qopqasig‘acha
Pistirmada sipohlarni poyloqda qo‘ydim.

Ulug‘bek kirib keladi.

Ulug‘bek

Birodarlar, g‘oyat og‘ir o‘ylashlardan so‘ng,
Qat’iy qaror chiqarmoqqa majbur bo‘ldim men.
Bilamanki, ko‘p-ko‘p do‘stlar ranjiydi shundan.
Bilamanki, toleini menga ulagan
Arboblarda bezovtalik boshlanur al’on.
Amir Temur himmatidin Ulug‘bek so‘zim:
Birodarlar, eski do‘stlar, og‘ir bo‘lingiz!
Balki, bunga kengash bergan janoblarga ham
Bu qarorim tuyulgusi nogoh balodek.
Men – taxtimdan voz kechmoqqa jazm etdim bugun.
Sokit bo‘ling, og‘ir bo‘ling, izzatli do‘stlar!
Hech bir kimsa tug‘ilmabdi boshda toj bilan.
Temurbekdan og‘ir meros bu qalpoq, xolos.
Bilamanki, shu kungacha temuriylardan
O‘zi xohlab hech kim tojni tashlagan emas.
Podshohlik hashamidan kim ham ajralgay?
Ammo, men-chi, ko‘p yovvoyi dashtlar ortida
Nur qo‘shig‘in havosida bog‘lar ko‘raman,
Ilm-u urfon zamonasida bog‘lar ko‘raman.
Insoniyat saroyining dabdabasini,
Ufqlarning tumanida gulgun yo‘llarda,
Firuzarang baxt shahriga uchib boruvchi
Ilm ahlining sim qanotli aravasini –
Tirik qolib ko‘rmasam-da, hozir ko‘raman.
Olislardan sanabgina sayr etish emas,
Yulduzlarga oyoq bosib, qo‘l bilan ushlab,
Qaytib kelgan sayyohlarni ravshan ko‘raman,
O‘tib ketar bu dahshatlar, bu ma’rakalar,
Urush, vabo va jaholat o‘tib ketadi.
Oh, naqadar saodatli bo‘lur dunyomiz,
Va naqadar aziz bo‘lur erkin odamzod.
Bu jahonda birodarlar qolur-ku, oxir
Bir so‘zimiz yo izimiz. U oydin elda
Zora meni va bizlarni eslasalar bas!
Shunday, do‘stlar!
(Hammada hayajon.)

Ammo, hanuz sulton ekanman,
Saltanatning muhri mening qo‘limda ekan,
Buyurishga hali borkan salohiyatim,
Bu mansabda qilib qo‘yay so‘nggi yaxshilik.
Aziz o‘g‘lim, Ali Qushchi, olgin qalamni,
Farmoyish yoz!

Sakkokiy

(o‘z-o‘ziga)
O‘g‘illardan yalchimagan, benasib padar,
O‘z shogirdin o‘g‘il deya topar tasalli.

Ulug‘bek

Amir Temur himmatidin Ulug‘bek so‘zim:
Avaxtadan bo‘shatilsin Piri Zindoniy!
Tayyorlab ber!

Abdurazzoq

Kim ekan bu Piri Zindoniy?

(Sekin)

Shayxulislom hazratlari, siz bilasizmi?

Shayxulislom

Bunda yotgan eng ashaddiy sarbadorlardan…

Abdurazzoq

Davlatpanoh, sarbadorlar qissasin o‘zim
Eshitganman tarixnavis Hoz Abrudan.
Sohibqiron o‘zi unga naql etgan emish.
O‘ylashimcha, sarbadorlar chin inson bo‘lgan.
Haq yo‘lida, xalq yo‘lida bosh qo‘ygan ular,
Halol, rostgo‘y fuqarolar ekan hammasi.

Ulug‘bek

Bu gaplar rost… Ammo taxtga dushman ekanlar.
Shu tufayli bandda ko‘rib uni, tanishib –
Avaxtada qolsin dedi sulton Ulug‘bek.
Hozir esa, men qutulib taxt havasidan,
U odamga ozodlikni qaytib beraman.
Shohlar zulmin toki, olim qilolgay bekor…
Ali Qushchi, farmoyishni yozib bo‘ldingmi?
Bergin menga!

(Ko‘zdan kechirib)

Farmonlarga oxirgi imzom!

(Farmonga imzo va muhr qo‘yadi.)

Ali Qushchi, Abdurazzoq, mehribon do‘stlar!
(Farmonni ularning qo‘liga berib)
Siz zindondan olib chiqing u bechorani.
Qarorimni men g‘animga aytishim bilan
Samarqandning qurshovi ham tugatiladi.
Hayallamay, Xurosonga yo‘lga chiqingiz.
Ali Qushchi, to‘plab mening asarlarimni –
Hirotga elt. Zindon pirin topshirgaysizlar
Jomiy bilan shoir Luty panohlariga.
Sizga ruxsat, tez va puxta tayyorlaningiz.
Zamonada inobat-u ishonch qolmadi,
Mendan keyin bu shaharda sizlarga kun yo‘q.
Sizga hamroh bo‘lib borgay bizning Berdiyor.
U ko‘p jasur, sadoqatli, yo‘l bilag‘on, sho‘x.
Qismat bo‘lsa ko‘rishgaymiz!

Qabulxonaga Devonbegi ketidan Abdullatif, Xo‘ja Ahror, Qozi Miskin va yana bir necha imom va muftilar kirib kelib parda orqasida to‘xtaydilar. Devonbegi ichkari kiradi.

Ulug‘bek

Amir Temur himmatidin Ulug‘bek so‘zim:
Mamlakatning oromini nazarda tutib,
Nizolarga barham bermoq niyati bilan…
Qaror qildik: Amir Temur poytaxtida biz
Uning bizga meros qo‘ygan oltin tojini
Boshimizdan bilkulliya olib qo‘ymoqqa!

(Boshidan oltin tojni olib mahram tutgan oltin barkashga qo‘yadi.)

Bir zamonlar yetti iqlim xazinalari
Xiroj bergan bu toj endi hukmin yo‘qotdi!

Abdullatif guruhida bosiq holda quvonch holatlari ko‘rinadi. Xo‘ja Ahror qo‘llarini osmonga ko‘tarib, Xudoga hamd-u sano qiladi.

Ammo, buning shartlari bor. Eshitasizmi?

Qozi Miskin

Eshitamiz.

Ulug‘bek

Mamlakatda tna-yu fasod
Butunicha tugatilishi, bitishi lozim.
Rozimilar bu shartimga?

Qozi Miskin

Rozimiz, ma’qul.

Ulug‘bek

Qo‘ni-qo‘shni o‘lkalarga bosqinlar qilib,
Naslimizga yog‘ilmasin qarg‘ish va la’nat.
Bu shartimga ahli parda rozimi?

Qozi Miskin

(yana boyagi usul bilan)

Rozi!

Ulug‘bek

Xizmatimda, suhbatimda yurgan do‘stlarga,
Arboblarga qasos tig‘i botirilmasin!
Bu shartimga ahli parda rozimi?

Qozi Miskin

(yana boyagi usul bilan)

Rozi!

Ulug‘bek

Bizga oid haram ahli, ahli ayolning
Iffatiga, izzatiga g‘ubor cho‘kmasin!
Bu shartimga ahli parda rozimi?

Qozi Miskin

(yana boyagi usul bilan)

Rozi!

Ulug‘bek

Madrasaga va rasadga yetmagay zavol!
Kutubxonam, kitoblarim saqlansin omon!
Shu shartimga ahli parda rozimi?

Qozi Miskin

(yana boyagi usul bilan)

Rozi!

Ulug‘bek

Picha taskin topay deya ketgum safarga.
Bu diyordan tez fursatda jo‘nab ketaman.
O‘zim esam iztirobdan, anduh-u g‘amdan,
Shartim shuki, berilmagay bizlarga xalal.
Shu shartimga ahli parda rozimi?

Qozi Miskin

(yana boyagi usul bilan)

Rozi!

Ulug‘bek

Bu va’daga ahd-u paymon qilasizlarmi?

Abdullatif odamlari

Ont ichamiz, ahd etamiz, bahaqqi Xudo!

Ulug‘bek

Bilib qo‘ying, bu qasamni buzsangiz agar,
Qayda bo‘lmay, men o‘zimman sizga da’vogar.
Tangri sizni osiy sanar, el sharmanda der,
Tarix sizga la’nat o‘qir.

Abdullatif odamlari

Qasam ichamiz!

Ulug‘bek

Bugun barcha vasiqalar yozilib bo‘lur,
Imzo uchun madrasaga kelsin elchingiz.
Alvido, taxt va saltanat iztiroblari!
Endi sulton Ulug‘bek yo‘q, do‘stlarga rahmat.
Majlis tamom. Ahli parda, sizlarga ruxsat.
Abdullatif odamlari chiqib ketadilar.

Ulug‘bek

Bugun oqshom Samarqanddan chiqib ketamiz.
Devonbegi va Bek Arslon, borib shu topda
Ot va navkar, pul-ozuqa tadbirin ko‘ring!

Bek Arslon

Oh, shahriyor, nega kerak menga bu qilich?
Shu peslarga sira xizmat qilolmayman, yo‘q!
Siz qayerga, hatto Hindga borsangiz boray…

Ulug‘bek

Sadoqatli mard sardorim, ma’yus bo‘lmangiz.
Ketib qolsa bu shahardan hamma yaxshilar,
Kimlar yeydi xaloyiqning, elning g‘amini?
Buyurganim bajaringlar!

Devonbegi va Bek Arslon chiqadilar.

Mayli, o‘tsin oqpadarga ertangi kundan
Saltanat ham, iztirob ham, bezovtalik ham.
Ko‘p afsuski, Abdullatif boshga toj qo‘ygach,
Otin tag‘in yugurtirar zulm yo‘lida.
Unga mendek qirq yil sulton bo‘lish qayerda.
Qirq hafta ham taxt tutolmas…
So‘zimni eslang!

Samarqand atrodagi bir qishloq. Namozgar vaqti. G‘ira-shira qorong‘i. Kuz fasli. Ota Murodning hovlisi.

Ulug‘bek dadil turib hovlidan chiqmoqchi bo‘ladi. Ammo Ulug‘bek qaysi tomonga yo‘nalsa, devor orqasida, eshik oldida, daraxt tagida, panjara yonida nayzalik sipohlar pistirmada turgani ma’lum bo‘ladi. Sipohlar uning yo‘lini to‘sib, hovlidan chiqarmaslik uchun qurshovga olganligi ayon bo‘ladi.

Ulug‘bek

Ah-ha, tuzoq! Bir kishiga qarshi bir lashkar!
Oqpadarning qo‘rqoqligi shundan oshkor!

Ota Murod

Yo rabbano, bu zolimlar nima qilmoqchi!
Yalmog‘izmi, nima bular, aqlidan ozgan!

Shu paytda daraxt tagida soyada turgan Abbos yoruqqa chiqib Ulug‘bekka qarab yuradi.

Ulug‘bek

Sen hali ham tirikmisan, haromi, xabis!

Abbos

Tirikmanki, toki ko‘ray o‘limingizni.
Men otamning xunini deb, qasosin kutib,
Bir-u bordan shu fursatni yalinib keldim.

Ulug‘bek

Otang qilgan badkirdorlik, beinsoikka
Eng yengilroq jazo edi shahardan surgun.
Balki undan jabr ko‘rgan olomon o‘zi
Alash qilib o‘z hukmicha terakdan osib,
Xud asfalasolinga jo‘natgan uni.
Bu gaplaring yo tuhmatdir yoki bahona.

Abbos

Padarimning o‘limiga shar’iy mahkama
Faqat sizni javobgar deb biladi. Mana!
(Fatvoni qo‘ynidan olib ko‘rsatadi.)

Ulug‘bek

Jallodlarning malayisan, badbaxt kushanda!

Bir zarba bilan urib Abbosni yiqitadi. Abbos o‘rnidan turib sipohlarga ishora qiladi. Sipohlar Ulug‘bek navkarlariga hujum qilganda bittasi qochadi. Yigitali esa qilichini sug‘urib, ularni yaqinlatmaydi. Ota Murod: “Musulmonlar, voy dod, bosqin!” deb qichqirib qishloq tomonga qochadi.

Yigitali, qilichimni bergin, ko‘ray-chi,
Qilichbozlik bilarmikan bu nobakorlar!

Yigitali Ulug‘bekka qilich beradi. O‘zi ham qilich tutib Ulug‘bekning chap tomonida turadi.

Yo‘q, bo‘shashgan emas hali Ulug‘bek qo‘li,
Men qilichni olmaslikka qasam ichgandim,
Ammo bunga sen haromi majbur etasan,
Goho kerak bo‘lar ekan bobo merosi.

Ulug‘bek fonus orqasida turib hujum qilayotganlarni ravshan ko‘rgani uchun Abbos va sheriklarining hamlalariga raddi-badal berib yaqinlatmaydi. U o‘zini hamda Firuzani himoya qiladi.
Yigitali jarohat yeb yiqiladi.

Abbos
(sipohlarga)

Fonusni ur! Yo‘qsa unga bas kelolmaymiz!

Bir necha sipohi fonusni urib tushiradilar.
O‘rtaga qorong‘ilik cho‘kadi.

Ulug‘bek

Eh, nomardlar, yapaloqlar, ko‘rshapalaklar,
Qorong‘ida faqat sizning ishingiz unar!

Uch-to‘rt sipohi qorong‘idan foydalanib Ulug‘bekka orqadan hujum qiladilar, o‘ng qo‘lidan yaralaydilar, qilich Ulug‘bek qo‘lidan tushib ketadi.

Abbos

Darhol bog‘lang! O‘chni o‘zim olmog‘im kerak.
Sipohlar arqon tashlab Ulug‘bekni daraxtga bog‘laydilar.

Ulug‘bek

O‘lim meni qo‘rqitmaydi. Lekin, afsuski,
Men do‘stlarni hasrat ichra qo‘yib ketaman.

Abbos

Hukmi shar’iy bajarilur. Ayting vasiyat!

Ulug‘bek

Vasiyatim, vasiyatim! Kim ham eshitgay.
Mulkim yo‘qki, birovlarga meros qoldirsam,
Xazinam yo‘q, birovini boyitib qo‘ysam.
Merosimdir kitoblarim va jadvallarim.
Bir meroski, zamon uni mahv etolmaydi,
Bir meroski, vorislari bu vatan ahli,
Bir meroski, bahra topar undan yer yuzi.
Esiz, esiz, vatanimga so‘ng xitobimni
Na birovlar eshitadi va na yozmoqqa –
Bu boylovliq va yarador qo‘lim qodirdir.
Yovuz dushman oldida men boylovliq qo‘lim,
Parvardigor, bundan ortiq bormikan zulm?
Qayerdasan, dastyorim, sodiq navkarim,
Hay, Berdiyor, nega yo‘qsan shu damda o‘zing?
Nega seni men jo‘natdim o‘zimdan yiroq?
Sen bo‘lmasang ketar ekan omadim har choq.
Sen qaydasan, hay, Berdiyor, Chotqol shunqori!
Sahna orqasidan Berdiyor tovushi eshitiladi.

Berdiyor

Labbay, hazrat, sadongizdan aylanay, hazrat!
Hozir keldim, hay nomardlar!

Abbos

(cho‘chib, sipohlarga)

Jadal bo‘ling, tez otlaning, darhol ketamiz,
Mana qasos, mana sizga otamning xuni!

(Ulug‘bek ko‘ksiga xanjar tiqadi.)

Berdiyor

Seni tirik qochirmayman!

Abbosga o‘q uzadi. Abbos “o‘ldim” deganicha yerga yiqiladi.
Berdiyor va dehqonlar Ulug‘bekni darhol daraxtdan yechib yerga
yotqizadilar. Odamlar uning atroda tiz cho‘kadilar.

Ulug‘bek
(ko‘zini ochib)

Bu senmisan, Berdiyorim? Kechikding biroz.

Berdiyor

Oh, kechikdim bir daqiqa, qiblayi olam!
Biz u cholni ayab sekin yo‘l yurib edik,
Bu qishloqning yaqinidan o‘tganimizda,
Ota Murod jar solganin eshitib darhol
O‘zim chopib keldim bunga… Oh, zolim falak!
(Abbos qo‘lidan olgan xanjarga qarab)
U la’nati sizga tiqqan shu xanjar tig‘in,
Abdullatif ismi bunga yozug‘lik ekan.
Bu Toshkandning xanjaridur, dami zaharli…
Ey Xudo, sen guvoh bo‘lgin, bu xanjar bilan
Abdullatif kallasini olmasam agar
Yuz ming la’nat bo‘lsin menga!

Ulug‘bek

Men davramda do‘stlarimni ko‘raman yana,
Demak, bizga o‘lim yo‘qdir, men bo‘lmasam-da.
Shu payt osmonda bulutlar orasidan to‘lin oy ko‘rinib qoladi.
Sen ham biroz kechikibsan, ko‘kning fonusi!
Dushman meni yengolmasdi, chiqsang oldinroq.
Ortiq tamom, g‘urbatlarda daydib yurmoqdan
Shu vatanda shahid bo‘lmoq oliy saodat.
Xayr sizga, sho‘x yulduzlar, senga g‘amli oy!
Xayr sizga, do‘stlar, xayr, jami insonlar!
Xayr senga, oh Firuzam, qalbim singlisi!
Abdurazzoq, batafsil yoz bu qissalarni!
Dunyo, dunyo, bevafosan, bilaman seni.
Ammo, senga yomon farzand emas edim-ku!
Yorug‘ kunda, baxt ayyomi, meni yod ayla.
Bitdi nafas. Yig‘lamayman, siz ham yig‘lamang!

O‘ladi.

Piri Zindoniy

Men ellik yil zindonlarda chiritdim tanim,
Ne-ne balo, uqubatlar ko‘rmadi ko‘zim.
Ammo tangri shohiddirki, biron lahza ham
Ko‘zlarimda ko‘zyoshlari yalt etgan emas.
Vo ajabo, hech kimsadan uyalmay bugun
Men yig‘layman, yurak qoni bilan yig‘layman!
Yetim qolgan el dardiga kuyib yig‘layman!
Bosh qo‘yaman tuprog‘iga ulug‘ insonning!

“Mirzo Ulug‘bek” fojiasi haqida

Previous articleMonolog – Sevgi! Sening shirin tilingdan
Next article“Mirzo Ulug‘bek” fojiasi haqida