O‘simlik hujayrasining xilma-xilligi va mikroskopda ko‘rinishi

0

Yuqorida aytilganidek, o‘simlik hujayralari qaysi organga tegishliligiga qarab shakli, hajmi va joylashishiga ko‘ra bir-biridan farq qiladi (19-rasm). Hujayralardagi bu farq o‘simliklar turiga va yashash sharoitiga bog‘liq.

19-rasm. Hujayra shakllari: 1-ovalsimon; 2-yumaloq; 3-ko‘p burchakli; 4-naysimon; 5-to‘g‘ri to‘rtburchakli; 6-tuksimon.

Hujayralarning xilma-xilligini ko‘rish uchun o‘simliklar- ning turli organlaridan preparat tayyorlash kerak.

Misol uchun piyozning shaffof yupqa pardasidan preparat tayyorlash ancha oson. Buning uchun uning etli qobig‘idan yupqa shaffof pardasi ajratib olinadi va buyum oynasidagi tomchi suvga qo‘yiladi. Uning hujayralari shaklining cho‘ziqligi, zichroq joylashganl igi va plastidalarning rangsizligi bil an boshqa o‘simlik hujayralaridan farq qiladi.

Hujayralar o‘lchami jihatidan ham bir-biridan farq qilishi endi sizga ma’lum. Haqiqatan ham, ko‘pchilik o‘simliklarning hujayrasi juda kichkina bo‘ladi. Lekin yiriklari ham bor. Masalan, chigit yuzasidagi tola (tuk) bitta hujayradan iborat bo‘lib, uzunligi 3-4 sm ga yetadi.

Shunday qilib, har xil turga tegishli o‘simliklar hujayrasi o‘ziga xos shaklda bo‘lishiga ishonch hosil qildik. Hatto bir tup o‘simlikning turli organlaridagi hujayralar ham har xil – cho‘ziq, yumaloq, ko‘p qirrali va boshqa shakllarda bo‘lishi mumkin. Hujayralar shakliga va bajaradigan vazifasiga qarab xilma-xil tuzilgan bo‘ladi.

Hujayralar shakl jihatidan bir-biridan qancha farq qilmasin, ularning ichki tuzilishi o‘xshash bo‘ladi.


  1. O‘simliklar hujayralari qanday shakllarda bo‘ladi?
  2. Piyoz pardasi hujayralari boshqa hujayralardan qanday farq qiladi?
  3. Chigit tolasi hujayralarining o‘ziga xosligi nimalardan iborat? U piyoz hujayralaridan qanday farq qiladi?
Previous articleHujayra va uning tarkibiy qismlari
Next articleҚуръони Карим – Ислом таълимоти унинг муқаддас китоби