Hujayra va uning tarkibiy qismlari

0

Hujayra va uning tarkibiy qismlari. O‘simlik va hayvonlar organizmi hujayralardan tuzilgan. Hujayralar juda kichik bo‘lib, ularni faqat mikroskopda ko‘rish mumkin. O‘simliklar tanasi bitta yoki bir nechta (hatto minglab) hujayralardan tuzilgan bo‘ladi. O‘simlik bitta hu- jayradan tuzilgan bo‘lsa, organizmdagi barcha jarayonlar: oziqlanish, nafas olish, ajratish, o‘sish, ko‘payish ana shu bitta hujayraning o‘zida boradi. Ko‘p hujayrali organizmlar yuzlab, minglab va millionlab hujayralar yig‘indisidan tashkil topgan bo‘ladi. Bunday organizmdagi ayrim jarayonlar maxsus hu­jayralar tomonidan amalga oshiriladi.

Hujayra hujayra qobig‘i va uning ichidagi tirik qism (borliq) dan iborat. Tirik qism sitoplazma va mag‘izdan tashkil topgan (18-rasm).

18-rasm. Hujayraning tuzilishi: 1-qobiq; 2-sitoplazma; 3-mag‘iz (yadro); 4-xloroplast; 5-vakuol.
18-rasm. Hujayraning tuzilishi: 1-qobiq; 2-sitoplazma; 3-mag‘iz (yadro); 4-xloroplast; 5-vakuol.

Hujayra qobig‘i tiniq va mustahkam bo‘ladi. Klet- chatka unga mustahkam- lik beradi. Hujayra qobig‘i uning ichidagi tirik qismni tashqi tomondan o‘rab turadi.

U tashqi ta’sirdan himoya qi­ladi va shaklini saqlab turadi hamda tashqi muhit bilan bog‘lab turadi.

Tirik hujayraning qobig‘i murakkab tuzilishga ega, u bir moddani osongina o‘tkazsa, boshqasiga to‘sqinlik qiladi. Hujayra qobig‘idagi tanlab o‘tkazuvchanlik xususiyati u nobud bo‘lguncha saq- lanib qoladi. Demak, qobiq hujayraning butunligini saqlash bilan bir qatorda, moddalarning tashqaridan kirishini tartibga solib turadi hamda ortiqcha moddalarni tashqariga chiqaradi.

Sitoplazma – hujayraning asosiy tarkibiy qismi hisoblana- di. U rangsiz, tiniq, suyuq yoki shilimshiq holda bo‘lib, doimo harakatlanib turadigan elastik modda. Sitoplazmaning tarkibi juda murakkab tuzilgan.

Mag‘iz – hujayraning deyarli o‘rtasida (sitoplazma ichida) joylashgan eng muhim tarkibiy qismdir. U hujayralar bo‘li- nishida katta rol o‘ynaydi.

Ko‘k-yashil suvo‘tlar, bakteriyalar va ayrim zamburug‘- larning mag‘zi shakllanmagan, uning moddalari sitoplazma- da tarqoq holda joylashgan bo‘ladi. Mag‘izning shakli va hajmi huj ayraning yirik-maydal igiga, yoshiga, holatiga va to‘qimaning turiga hamda yashash sharoitiga qarab har xil bo‘ladi. U tarkibiga ko‘ra sitoplazmaga yaqin turadi. Mag‘iz irsiy belgilarning yangi bo‘g‘inga o‘tishida muhim aha­miyatga ega.

1831-yilda ingliz olimi Robert Broun mag‘iz hujayraning muhim tarkibiy qismi ekanligini aniqlagan.

Plastidalar – hujayraning asosiy tirik qismlaridan biri. Zamburug‘lar, bakteriyalar, shilimshiqlar hamda ko‘k-yashil suvo‘tlarda plastidalar bo‘lmaydi. Ular faqat o‘simliklarga xos. Plastidalar uch xil bo‘ladi: leykoplastlar (rangsiz), xromoplastlar (zarg‘aldoq, qizg‘ish), xloroplastlar (yashil). Keyingi ikkita plastida o‘simliklarga (barg, poya, gul va mevalarga) rang beradi. Xromoplastlar bilan xloroplastlar tufayli o‘simlik gullari va mevalar har xil rangga kiradi.

Vakuol – sitoplazma ichidagi hujayra shirasi bilan to‘lgan bo‘shliq. U turli shaklda bo‘ladi. Hujayra shirasi tarkibida 70-95% suv va unda erigan ko‘pgina mineral va oqsil, moy, shakar kabi organik moddalar bo‘ladi. Bu shira tarkibiga ko‘ra mevalarning ta’mi shirin, nordon va achchiq bo‘ladi.

Shuni ham aytish kerakki, o‘simliklarning turli organ- laridagi hujayralar har xil vazifani bajaradi. Masalan, barg, ildiz, poya va mevalar qobig‘ining hujayralari ularni tashqi noqulay sharoitdan – yomg‘ir, shamol, sovuq, issiqdan himoya qiladi.

Urug‘, ildiz va boshqa organlarda oziq moddalar g‘amlaydigan hujayralar bo‘ladi. Bir xil vazifani bajaradigan hujayralar yig‘indisi to‘qima deyiladi. Shunday qilib, hu­jayralar hujayra qobig‘i, sitoplazma, mag‘iz, plastidalar va vakuoldan tashkil topgan.


  1. O‘simliklar hujayrasi qanday asosiy qismlardan iborat?
  2. Hujayralar qobig‘i qanday vazifani bajaradi?
  3. Mag‘izning asosiy vazifasi nimalardan iborat?
  4. Plastidalar necha xil bo‘ladi va qanday vazifalarni bajaradi?
  5. Hujayra shirasi qayerda joylashgan?

Hujayra – hayotning asosi

Previous articleKattalashtirib ko‘rsatadigan asboblar
Next articleO‘simlik hujayrasining xilma-xilligi va mikroskopda ko‘rinishi