«Sab’ai sayyor» dostoni (3-4-qismlar)

0

«Сабъаи сайёр» достони (3-4-қисмлар). «Sabai sayyor» dostoni (3-4-qismlar).


III. Ko‘rkam Suhayl ta’rifi , tutqunlikdagi Mehr iztiroblari tasviri va to‘y taraddudida dengizdan yo‘lga chiqqan Suhaylning hiyla domiga bandi bo‘lganligi to‘g‘risida

…Go‘yiyo ham jazirada bir shahr,
O‘zi fi rdavs-u Salsabil[1] anga nahr.

Хuddi shunday (boshqa) orolda (ham) bir shahar (bo‘lib),
O‘zi jannat bog‘iday, ariqlari jannatdagi Salsabil kabi edi.

Bor emish ravzadek[2] havosi aning,
Charxi minu[3] kibi fazosi aning.

Uning havosi jannatdek emish,
Fazosi zangori osmon kabi keng ekan.

Anda bir shoh hokim-u voliy,
Mulki ma’mur-u[4] himmati oliy.

Unda bir shoh hokimlig-u boshqaruvchilik (qilar),
Mamlakati obod-u, (o‘zining) himmati baland (edi).

Oti Nu’mon-u mulki oti Yaman,
Adlidin mulki guliston-u chaman.

(O‘zining) oti Nu’mon, mulkining nomi Yaman,
Adolatidan mamlakati guliston ham chaman.

Anga bir o‘yla nozanin farzand,
Kim, bashar[5] ichra yo‘q anga monand.

Uning shunday bir nozanin farzandi bo‘lib,
Insonlar orasida unga o‘хshashi yo‘q edi.

Yuzidin bargi gul xijil erdi,
Qaddidin sarv munfail3 erdi.

Yuzi(ning go‘zalligi)dan gul bargi xijolat tortardi,
Qaddi(ning kelishganligi)dan sarv daraхti uyalib ketardi.

Borcha fazl-u hunarda yo‘q misli,
Ko‘zguga boqsa o‘zi-o‘q misli.

U barcha fazilat-u hunarda tengi yo‘q,
Ko‘zguga boqsa (husnda) o‘ziga o‘xshashi yo‘q.

Hunar avji sori kelib anga mayl,
Yuzi andoqki mehr, oti Suhayl[6].

Hunar (egallashda) yuksaklikka mayl qilardi,
Yuzi xuddi quyoshdek oti Suhayl edi.

Mehr zulfi g‘a ko‘ngli bog‘lig‘ edi,
Bu anga go‘yiyo atog‘lig‘ edi.

(Uning) ko‘ngli Mehrning sochlariga bog‘langan edi,
Bu (qiz) ham go‘yo unga atalgan(dek yaratilgan) edi.

O‘ylakim, Mehrning xarobi Suhayl,
Mehrg‘a ham Suhayl sori mayl.

Shundayki, Suhayl Mehrning (ishqida) хarob bo‘lgani kabi
Mehrda ham Suhaylga moyillik bor edi.

Maylni qo‘yki, vola-u zor ul,
Jon berib vaslig‘a xaridor ul.

Mayl demaki, u (Suhaylning ishqida) shaydo-yu zor (edi),
Jonini berib (bo‘lsa ham) visoliga хaridor (edi).

Bo‘ylakim hajr qo‘ydi bag‘rig‘a dog‘,
Manzil o‘lmish edi anga ul bog‘.

Lekin judolik (Mehrning) bag‘riga dog‘ qo‘yib,
(Jobirning) bog‘i unga manzil bo‘lib qolgandi.

Bor edi anda guna-guna[7] shajar,
Gul yo‘q edi bag‘ayri nilufar[8].

Unda, ya’ni bog‘da хilma-хil daraхtlar bor edi,
(Ammo) nilufardan bo‘lak gul yo‘q edi.

Nilufarvor[9] so‘gvor[10] erdi.
Nilufar ichra ashkbor[11] erdi.

(Mehr shu) nilufarguldek qayg‘uli edi,
Nilufarlar ichida ko‘zi yoshli edi.

Ashkidin go‘yiyo berur edi suv,
Oh o‘tidin qururg‘ayib[12] qayg‘u.

Ashki, ya’ni ko‘zyoshi bilan go‘yo (gullarni) sug‘orardi,
Oh o‘ti bilan qayg‘usini quritardi.

Yo‘qki hijron g‘amida zor-u zalil[13],
Nilufar ichra oqizib edi Nil.

Yo‘q, (uni) ayriliq g‘amida zor-u хor (bo‘ldi demang),
Nilufar(zor) ichida (ko‘zidan) Nil (daryosini) oqizardi.

Topibon ashki nilufarda mamar[14],
Yo‘q, ajab bahr ichinda nilufar.

Ashki nilufar(zor)da suv yo‘li – o‘zan topib,
Nilufar(ning) dengiz – suv ichidaligi ajablanarli emas.

Ko‘ngli gar nilufarg‘a rog‘ib[15] edi,
Mehr ila nilufar munosib edi.

Ko‘ngli agar nilufarlarga moyil bo‘lsa, (buning sababi)
Mehr bilan nilufar (bir-biriga) munosib edi(lar).

Nilufar sori ko‘p qilib ohang,
Kiymakin ham qilib edi ul rang.

Nilufar(gul)ga juda ham bog‘lanib qolganidan
Kiyimlarini (ham) shu (nilufar) rangda qilib olgandi.

Nilufargun libos birla sanam,
Tutubon yor hajrida motam.

(Bu) sanam nilufarrang libosi bilan
Yori hajrida motam tutardi.

Motamin zohir aylamakka mafar[16],
Rang aro so‘gvor nilufar.

(Aslida o‘z) motamini zohir qilish – ko‘rsatish maqsadida
Qayg‘uli nilufar (shu) rangda (bo‘ladi).

Mehrni charx etib asiri fi roq,
Aylar erdi Suhayl otosi yaroq[17].

Charх – dunyo Mehrni ayriliq asiri etganida,
Suhaylning otasi (to‘y) yarog‘ini – taraddudini ko‘rardi.

Aqd bazmini[18] qilg‘ali obod,
Go‘yiyo bu mahal edi miod[19].

Nikoh to‘yini qilgani, ya’ni o‘tkazish uchun
Bu vaqtga kelishilgan edi.

Yuklabon necha jung[20] aro amvol,
Anda mavjud har ne qilsa xayol.

(Bir) necha kemaga (bebaho) mollarni yuklatdi,
Unda nimaniki хayol qilish mumkin bo‘lsa bor edi.

Yer tutub bir hilol ichinda Suhayl,
Mehr aqdig‘a aylamish edi mayl.

Suhayl hilol – yangi oy(ga o‘хshash) kemaga joylashdi,
Mehr (bilan) aqd – nikoh maylida – orzusida edi.

Yo‘l qiroqdin[21] magar yiroq erdi,
Bahrdin borsa yaxshiroq erdi.

Yo‘l qirg‘oqdan – quruqlikdan yiroqligi uchun
Dengizdan borish yaхshiroq edi.

Bu jihatdin murod sori murur[22],
Bahrdin ittifoq tushti zarur.

Shu jihatdan maqsad sari yurish(ni)
Dengiz orqali zarur deb kelishdilar.

Andakim, Mehr kemasin ko‘lok
Surdi bahr ichra o‘ylakim xoshok.

O‘z vaqtida Mehr kemasini (bo‘ron) to‘lqinlari
Dengizda хashak singari surib ketgandi.

Go‘yiyokim esib hamul[23] yel tez,
Soldi bu elga dog‘i rustoxez[24].

Go‘yo o‘sha shiddatli shamol esib,
Bu elga ham g‘avg‘o soldi.

Suvg‘a surdi Suhayl kemasini,
Oyirib borcha xayl-u nimasini.

(To‘fon) Suhayl kemasini suvga surdi,
Barcha hamrohlari va narsalaridan ayirib qo‘ydi.

Beribon kemasiga muhlik[25] mavj,
Bir zamoni haziz-u[26] gohi avj.

Kemasiga halokatli mavjlar urilib,
(To‘fon) bir zamon pastlar, goh (yana) avj (olardi).

To kema bo‘ldi ul sori obir,
Kim, qo‘yub erdi didbon Jobir.

Kema (yana) o‘sha tomon o‘tguvchi bo‘ldiki,
Jobir (bu yerga) qo‘riqchi qo‘ygan edi.

Didbon ul taraf boqib nogoh,
Yana Jobirni ayladi ogoh.

Didbon nogoh bu tarafga boqib,
(Kema haqida) yana Jobirni xabardor qildi.

Ul kirib zavraqig‘a ayladi azm,
Bo‘lub ul kema ahli qatlig‘a jazm.

U kemasiga o‘tirib, (darhol) yo‘lga tushdi,
Bu kemadagilarni qatl (qilmoqchi bo‘ldi).

Chun yetib qildi el halokig‘a mayl,
Razm-u kin ichra chobuk[27] erdi Suhayl.

Yetib(oq) ularni halok etmoqchi bo‘ldi,
(Lekin) Suhayl (ham) jang va o‘q otishda epchil edi.

Qila boshlab aning birla parxosh2,
Ishlari kema ichra bo‘ldi savosh.

U bilan jang qila boshlab,
Ishlari kema ichida savashish bo‘ldi.

Jobir ar[28] zarb urur edi behad,
Borcha zarbin Suhayl etar edi rad.

Agar Jobir behad (kuchli) zarba ursa (ham),
Suhayl barcha zarbalarini qaytarar edi.

Qilsa ul dog‘i zarb izhori,
Munga ham tushmas erdi ul kori[29].

U yana zarba beradigan bo‘lsa,
Bunga (hech) kor qilmas edi.

Ikkisi chunki erdilar cholok[30],
Bir-biridin alarg‘a yo‘q edi bok[31].

Ikkisi (birday) chaqqon edilar,
Bir-biriga zarar yetkizolmasdilar.

Ko‘rdi Jobirki, qoyim[32] o‘ldi ishi,
Olida nomuloyim[33] o‘ldi ishi.

Jobir ko‘rsaki, ishi – jangi (dushmani bilan) baravar,
Bu holat (uning uchun) ko‘ngilsizlik edi.

G‘olib o‘lmoq aro bo‘lub ojiz,
O‘zin ul nav’ ko‘rmayin hargiz.

G‘olib bo‘lishga ojiz bo‘lib,
O‘zini hargiz u holatda ko‘rmagan edi.

Ilgiga hiyla shevasin oldi,
Yalang‘ochlab o‘zun sug‘a soldi.

Qo‘liga hiyla odatini oldi, ya’ni hiyla yo‘liga o‘tdi,
Yalang‘och bo‘lib, o‘zini suvga otdi.

Xasmning[34] kemasi tubiga kirib,
Tig‘ ila kemaning tubini yorib.

Raqibining kemasi ostiga kirib,
Tig‘ bilan kemaning tubini yordi.

Taxtani uyla kov-kov etti[35][36],
Ki, suv yo‘lin nechukki nov etti.

(Kema) taхtasini shunday kovladiki,
Go‘yo suv yo‘lini (kemaga) ariq qildi.

Kemasin chunki nov ko‘rdi Suhayl,
Tubidin suv yuqori etgan mayl.

Suhayl kemasining teshilganligini ko‘rdi,
(Uning) tubidan yuqoriga suv ko‘tarila boshlagani uchun.

Daf’ig‘a necha hiylagar bo‘ldi,
Qilmadi sud-u[37] kema(g‘a) su(v) to‘ldi.

To‘хtatishga qancha hiyla, ya’ni tadbir qilsa ham,
Foydasi bo‘lmadi – kema suvga to‘ldi.

Ul su to‘ldi-yu bahr erdi amiq[38],
Kema-yu kema ahli bo‘ldi g‘ariq.

(Kemaga) suv to‘ldi, dengiz chuqur edi,
Kema va kemadagilar g‘arq bo‘ldi.

Qo‘lni shahzoda jonidin yudi pok,
Qo‘ydi ko‘nglin suvda bo‘lurg‘a halok.

Shahzoda pok, ya’ni butunlay jonidan umid uzdi,
Suvda halok bo‘lishni ko‘ngliga tuydi.

Qildi Jobir aning sori ohang[39],
Ul sifatkim, bolig‘ yutarg‘a nahang.

Jobir uning yoniga qasd qilib (keldi),
Хuddi baliqni yutishga (shay) nahangga o‘хshardi.

Boshig‘a yetti aylamakka qatil,
O‘lar elga nechukki Azroil.

Qatl qilish uchun boshiga keldi,
O‘layotgan odam (tepasidagi) Azroil(ga o‘хshardi).

Qo‘lig‘a chun aning qo‘lin oldi,
O‘zining zavraqi aro soldi.

Qo‘liga uning qo‘lini oldi, ya’ni qo‘lidan ushlagancha,
O‘zining kemasi ichiga soldi.

Chiqti dog‘i eshib kamandini[40] chust[41],
Bog‘lab oning ilik-ayog‘ini rust.

Darhol arqon eshib chiqdi-da,
Uning qo‘l-oyog‘ini mahkam bog‘ladi.

Bo‘ldi yonmoq ishiga omoda[42],
Keldi nogah o‘ziga shahzoda.

Qaytish uchun tayyor bo‘lib turganida,
Nogoh shahzoda o‘ziga keldi.

Ko‘rdi o‘zni g‘arib band ichra,
Halqa-halqa xami[43] kamand ichra.

O‘zini g‘arib holda band ichida ko‘rdi,
Halqa-halqa o‘ralgan arqonda edi.

Aduv ilgida qatra suvdek tig‘,
Edi o‘z notavonlig‘ig‘a dareg‘[44].

Dushmani qo‘lida qatra suvdek ojiz bo‘lib,
O‘z(ining) (bunday) notavon holatidan afsus qildi.

Dedi Jobirki: «Ey qo‘lumda asir,
Razm-u ko‘shishda[45] qilmading taqsir[46].

Jobir dedi: «Ey qo‘limda(gi) asir yigit,
Urush va ( jang) harakatlarida хato qilmading.

Men bu zavraqni suvg‘a to surdim,
Ming seningdekni suvda o‘lturdim.

Men bu kemani suvga – dengizga solganimdan buyon
Seningdek minglab (odamlarni) suvda o‘ldirdim.

Birida sencha ko‘rmadim jur’at,
Jur’ating bo‘ldi maxlasingg‘a[47] jihat.

(Hech) birida senchalik jur’at ko‘rmadim,
Jur’ating хalos bo‘lishingga sabab bo‘ldi.

Kim, tengiz ichra boshinga yettim,
O‘laringdin seni xalos ettim.

Dengiz ichida boshingga yetgan bo‘lsam ham,
O‘limdan seni хalos etaman – o‘ldirishdan voz kechdim.

Qatlinga garchi tab’ rog‘ib emas,
Lek qo‘ymoq dag‘i munosib emas.

Ko‘ngil qatlingni tilamasa-da,
Lekin qo‘yib yuborish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Kim, agar banddin xalos o‘lg‘ung,
Bir shahi komrong‘a[48] xos o‘lg‘ung.

Agar banddan хalos bo‘lsang,
Bir toleli shohga хos bo‘lasan.

Bo‘lmoq o‘lmas xalos domingdin[49],
Bo‘lmog‘um emin4 intiqomingdin.

(Shunda) tuzog‘ingdan хalos bo‘lmay,
Qasosingdan qutulolmayman.

Ish hisobin shumora[50] qilg‘ungdur,
Qatl-u kinimg‘a chora qilg‘ungdur.

(Oramizdagi) ish – olishuvni hisob-kitob qilasan,
(Meni) qatl qilish uchun chora qilasan.

O‘lmoq avlo sanga kamand ichra,
Tirik o‘lmoq valek band ichra».

Sening arqonda (boylog‘liq) bo‘lishing yaхshi,
Tirik qolasan, lekin band ichida bo‘lasan».

Necha izhori ajz[51] qildi Suhayl,
Qilmadi kinavar[52] javobig‘a mayl.

Suhayl ojizlik bilan qancha yolvorsa ham,
Dushmani javob bergisi ham kelmadi.

Kemasin maskani sori surdi,
Oni o‘z ma’manig‘a yetkurdi.

Kemasini maskani sari surdi,
Uni (Suhaylni) o‘z makoniga keltirdi.

Qasri kunjida[53] bor edi chohe,
Kimsani band aylasa gohe,

Qasr burchagida (bir) choh bor edi,
Goho kimni bandi qilsa,

Ul choh ichra qilurdi sokin[54],
Chiqmoq andin emas edi mumkin.

U choh ichiga tashlab qo‘yardi,
Undan (qutulib) chiqish mumkin emasdi.

Aning a’zosidin rasan[55] oldi,
Band6 ila choh qa’rig‘a soldi.

Uning qo‘l-oyog‘idan arqonni yechib,
Zanjir bilan choh qa’riga soldi.

Har kim ul choh aro chu bo‘ldi g‘ariq,
Non ikita edi, su bir ibriq[56].

Kimki u choh ichiga tashlangan bo‘lsa,
(Kuniga) ikkita non, bir oftoba suv (berilar edi).

Yuqori dilbar-u quyi bedil[57],
Bir-biridin vale ikov g‘ofi l[58].

Yuqorida dilbar, ya’ni Mehr, quyida g‘amgin – Suhayl,
Lekin ikkovi bir-biridan bexabar edilar.

Bu ikovga bu yerda mundoq hol,
Qavm-u xaylig‘a[59], emdi ko‘r ahvol.

Ikkovlari bu yerda bundoq ahvolda,
Endi qavmi va yaqinlari ahvolini ko‘r(gin).


IV. Qizining boshiga tushgan kulfatni eshitib, Navdarshohning shoh Nu’monga maktub yo‘llagani hamda ikki shohning Jobir tomon qo‘shin tortgani bayonida

Andakim Mehrni qilib noshod,
Qavm-u xaylini ayladi ozod.

Ul ulus jondin ayru el yanglig‘,
Sayr etib suv yuzida yel yanglig‘.

Kunduz-u kecha po‘ya[60] ettilar,
Toki kishvarlarig‘a yettilar.

Nilufargun libos etib bori,
Qildilar borcha motam izhori.

Shoh xud Mehr ishtiyoqidin,
Bal jigargo‘shasi fi roqidin.

Ham bu rang aylab erdi xil’atni,
Xayli dog‘i bu rang kisvatni[61].

Chun bular dog‘i keldi motam ila,
Bahri anduh-u lujjai g‘am[62] ila.

Shohkim, bag‘rig‘a tegib edi tish3,
Ayladi Mehr holini taftish[63].

Bo‘ldi ketgan azo yana toza[64],
Qolmadi dard-u g‘amga andoza[65].

Qildilar ulcha bor edi taqrir[66],
Ki, ne kelturdi olig‘a taqdir.

Yana anduh ila fi g‘on qildi,
Yana anduhi qasdi jon qildi.

Tiyra bo‘ldi jahon anga, holi
Go‘yiyo botti mehri iqboli.

Dedi o‘ziga yig‘lab achig‘- achig‘,
Ki: «Achig‘ yig‘lamoq manga ne asig‘[67].

Tig‘ ila bag‘rim aylasam pora,
Chun jigargo‘sham yitti, ne chora?

Chora topmoq kerak mufi d[68] emdi,
Yo‘q g‘am-u noladin umid emdi».

Olib ilgiga safha-yu xoma[69],
Qissa sharhini yozdi bir noma.

Har ne ish bo‘lg‘onin bayon etti,
Shoh Nu’mon sori ravon etti[70].

Yozib ul noma ichra pinhoniy,
Kim: «Bu bo‘lmish qazoyi Yazdoniy[71].

Lek Haqkim g‘am-u balo bermish,
Dard bermish, vale davo bermish.

Chora bu ishga intiqom durur,
Yo‘qsa, bo‘lmoq tirik harom durur.

Mehr agar erdi jonima payvand,
Sanga dog‘i bo‘lub edi farzand.

Bo‘lsa ul dushman ilgida mahbus,
Manga nomus erur, sanga nomus.

Mundin o‘zga bu ishga yo‘q tadbir,
Ki, ikkimiz cherik[72] yig‘ib bir-bir.

Senga mulkungda bo‘lmoq o‘lsa mayl,
Lek farzandi arjumand Suhayl.

Kim, erur pilzo‘r-u shershukuh,
Panjasidin kelib bu ikki sutuh[73].

Bal haqiqat aro aningdur Mehr
Ki, bu mansuba[74] zohir etti sipehr.

Boshlabon ul cherikni sohil ila,
Suv yaqosidagi manozil ila.

Aylabon razm-u kiyna izhori,
Kelsa Jobir jazoyiri sori.

Men dag‘i tab’i kinaxohimni[75],
Sa’y[76] aylab yig‘ib sipohimni,

Yaroq aylab ko‘ngul farog‘i bila,
Ulcha mumkin cherik yarog‘i bila,

Beribon kemalar aro orom,
Yel kibi aylasak, suv uzra xirom.

Men sudin aylasam azimat jazm,
Ul qurug‘luq soridin aylab azm.

O‘yla tarix aylasak miod,
Ki, qachonkim bo‘lur bu ish bunyod.

Necha kundin so‘ng o‘lg‘ay imkoni,
Qobsamoq[77] bu iki cherik oni.

Ham o‘shul nav’kim muqarrar o‘lur,
Sa’y qilsoq, bu ish muyassar o‘lur.

Ki, chekilgay[78] bu intiqom oxir,
Ro‘zi o‘lg‘ay bu nav’ kom oxir.

Ul Zuhalvash[79] jazog‘a xos o‘lg‘ay,
Mehr ham uqdadin[80] xalos o‘lg‘ay.

Gar bu yanglig‘ emasdurur sanga kom,
Oni ham botroq aylag‘il e’lom[81].

Ki, chu ish tushsa boshima yolg‘uz,
O‘zga yanglig‘ topay salohig‘a[82] yuz»5.

Shoh Nu’mon o‘qug‘och ul noma,
Bildikim, bo‘lmish o‘zga hangoma.

Yig‘labon bo‘ldi asru[83] ko‘p g‘amnok,
Bu sitamdinki ayladi afl ok[84],

Oni ham bildi shohi ozoda[85]
Kim, musofi r[86] chu bo‘ldi shahzoda.

Maqsadi sori yetmagan ermish,
Kema ul sori ketmagan ermish.

Ikki muhlik[87] ajab g‘am o‘ldi anga,
Motam ustiga motam o‘ldi anga.

Bilmadikim ne ish ekin hodis[88],
Kim bu ishga bo‘lub ekin bois.

Kim aningdek Suhayl-u sayyora
Charx zulmidin o‘lg‘ay ovora?

O‘ylakim bo‘lmag‘ay asar andin,
Demagay hech kim xabar andin.

Ko‘p qilib fi kr topti ra’yi savob[89],
O‘qug‘on nomag‘a bitidi javob.

Kim: «Hamul nomakim bitilmish edi,
Mehr holin bayon qililmish edi.

Ul alam garchi soldi boshima dud[90],
Bildim o‘rtanmagimda yo‘qtur sud.

Sabt[91] edikim, yururga qilsang mayl
Yaxshi, yo‘qsa chekib sipoh Suhayl.

Azm aylab cherik yarog‘i bila,
Yurusun bahrning qirog‘i bila.

Nukta qilma[92] Suhayldin iblog‘[93],
Qo‘ymag‘il dog‘im ustiga yana dog‘.

Degil avval muniki, qoni Suhayl?
Qoni ulkim, der erduk oni Suhayl?

Kim, Suhayl etgali sizing sori azm,
Olti oydur hisob etib biz jazm.

Kech kelur fi kridin eduk g‘amnok,
Yetmagan anda, bizni etti halok.

Sen qurug‘luq bila sipoh cheksang,
Charx uza avji borgah[94] cheksang.

Men bo‘lub kema ichra bahrxirom,
Sipohim birla tutmasam orom.

Topqamen shoyad ushbu savdoda[95]
Gavharimdin nishona daryoda.

Topsam-u, topmasam, sening sori
Aylagumdir tavajjuh[96] izhori.

Ki, nechukkim kerak qilib ko‘shish[97],
Haq taolodin istabon baxshish[98].

Ul haromig‘a tig‘i kin sursak,
Keragidek jazog‘a tegursak.

Emdi mav’id5 falon kun o‘ldi yaqin[99],
Azm[100] uchun soat ayladuk ta’yin.

Sen dog‘i ushbu so‘zni aylab jazm,
Kerak etsang bu va’da birlan azm».

Emdikim yozdi nomag‘a unvon,
Nomaning homilini[101] qildi ravon.

Chunki qosid[102] bitikni[103] yetkurdi,
Shoh Navdar qo‘lig‘a topshurdi.

Navdar ochti-yu soldi borig‘a ko‘z,
O‘qudi anda har ne bor edi so‘z.

Bo‘ldi miod vaqtidin ogoh,
Ham o‘shul vaqt birla yig‘di sipoh.

Ul sari azm qilg‘ali Nu’mon,
Ham muayyan bor erdi vaqt-u zamon.

Bo‘ldilar ikki shoh musta’jil[104],
Biri daryo bila, biri sohil.

Necha kun aylabon masofat[105] qat’[106],
Sohili bahr ichinda ofat qat’.

Bo‘ldi paydo aduv bo‘lur besha,
Tushti ikki tarafqa andesha.

Alisher Navoiy hayoti va ijodi 

«Sab’ai sayyor» dostoni (1-2-qismlar)

«Sab’ai sayyor» dostoni (3-4-qismlar)

«Sab’ai sayyor» dostoni (5-6-qismlar)


  • [1] Salsabil – jannatdagi buloqning nomi.
  • [2] Ravzadek – jannatdek.
  • [3] Charxi minu – zangori osmon.
  • [4] Ma’mur – obod.
  • [5] Bashar – odamzod, insoniyat. 3 Munfail – xijolat.
  • [6] Suhayl – yorug‘ yulduz nomi, yigitning ismi.
  • [7] Guna-guna – xilma-xil.
  • [8] Bag‘ayri nilufar – nilufardan boshqa.
  • [9] Nilufarvor – nilufardek.
  • [10] So‘gvor – qayg‘uli, hazin.
  • [11] Ashkbor – ko‘zyosh to‘kuvchi, yig‘lovchi.
  • [12] Qururg‘ayib – qurib.
  • [13] Zalil – xor, tuban.
  • [14] Mamar – o‘tish joyi, yo‘l.
  • [15] Rog‘ib – moyil.
  • [16] Mafar – panoh, boshpana.
  • [17] Misraning mazmuni: Suhaylning otasi to‘yga tayyorgarlikni boshlagandi.
  • [18] Aqd bazmi – nikoh to‘yi.
  • [19] Miod – va’dalashilgan vaqt, payt.
  • [20] Jung – kema.
  • [21] Qiroq – qirg‘oq.
  • [22] Murur – o‘tish, kechish.
  • [23] Hamul – o‘sha.
  • [24] Rustoxez – g‘avg‘o.
  • [25] Muhlik – halokatli.
  • [26] Haziz – pastroq, sekinroq.
  • [27] Chobuk – chaqqon, epchil. 2 Parxosh – jang.
  • [28] Ar – agar.
  • [29] Tushmas erdi ul kori – zarba kor qilmas edi ma’nosida.
  • [30] Cholok – chaqqon.
  • [31] Bok – qo‘rquv, xavotir.
  • [32] Qoyim – teng, baravar.
  • [33] Nomuloyim – qattiq, mushkul.
  • [34] Хasm – dushman, raqib.
  • [35] Kov-kov etti – kovladi, o‘ydi.
  • [36] – Adabiyot, 7-sinf.
  • [37] Sud – foyda.
  • [38] Amiq – chuqur.
  • [39] Ohang – qasd, qiliq, niyat.
  • [40] Kamand – arqon.
  • [41] Chust – tez.
  • [42] Omoda – tayyor.
  • [43] Хam – o‘ralgan, bog‘langan.
  • [44] Dareg‘ – pushaymon, achinish.
  • [45] Razm-u ko‘shish – jang-u g‘ayratda.
  • [46] Taqsir – qusurli, kamchilikli.
  • [47] Maxlas – xalos, qutulish.
  • [48] Shahi komron – baxtli shoh.
  • [49] Domingdin – tuzog‘ingdan. Bu yerda qo‘lingdan ma’nosida. 4 Emin – xotirjam, ishonchli.
  • [50] Shumora – hisob-kitob.
  • [51] Ajz – ojizlik.
  • [52] Kinavar – kinchi, adovatkor, kekchi.
  • [53] Kunj – burchak.
  • [54] Sokin – turuvchi.
  • [55] Rasan – arqon. 6 Band – kishan.
  • [56] Ibriq – choydish, oftoba.
  • [57] Bedil – qayg‘uli, hasratli oshiq.
  • [58] G‘ofil – xabarsiz.
  • [59] Qavm-u xayl – yaqinlar, atrofidagilar.
  • [60] Po‘ya – tez yurish.
  • [61] Kisvat – ust-bosh.
  • [62] Lujjai g‘am – g‘am girdobi. 3 Tegib edi tish – yaralandi.
  • [63] Taftish – tekshirmoq, so‘ramoq.
  • [64] Toza – yangi.
  • [65] Andoza – o‘lchov.
  • [66] Taqrir – aytish, bildirish, bayon etish.
  • [67] Asig‘ – foyda.
  • [68] Mufid – foydali.
  • [69] Sahfa-yu xoma – qog‘oz va yozg‘ich.
  • [70] Ravon etti – yubordi, jo‘natdi.
  • [71] Qazoyi Yazdoniy – Tangri buyurgani, Yaratganning irodasi.
  • [72] Cherik – qo‘shin, lashkar.
  • [73] Sutuh – sathlar, tekisliklar. Bu yerda ikki kuch ma’nosida.
  • [74] Mansuba – tadbir, chora.
  • [75] Kinaxoh – alamzadalik, o‘ch olish istagi.
  • [76] Sa’y – g‘ayrat, harakat.
  • [77] Qobsamoq – o‘rab olmoq, qamal qilmoq.
  • [78] Chekilgay – amalga oshirilgay, qilingay, olingay.
  • [79] Zuhalvash – Zuhalga o‘xshagan. Zuhal, ya’ni Saturn sayyorasi yomonlik timsoli bo‘lgan. Bu yerda Jobirga nisbat berilmoqda.
  • [80] Uqda – bandilik, tutqun.
  • [81] E’lom – bildirmoq.
  • [82] Saloh – chora, yaxshilanish. 5 Yuz topish – kirishish.
  • [83] Asru – juda, g‘oyat.
  • [84] Aflok – falaklar.
  • [85] Shohi ozoda – tagi toza shoh, aslzoda shoh.
  • [86] Musofir – safarga chiqqan, sayohatchi.
  • [87] Muhlik – halok qiluvchi.
  • [88] Misraning mazmuni: Nima ishlar sodir bo‘lganini bilmadi.
  • [89] Ra’yi savob – to‘g‘ri fikr, savobli mayl.
  • [90] Dud – tutun.
  • [91] Sabt – yozish.
  • [92] Nukta qilma – ta’riflama, gapirma.
  • [93] Iblog‘ – yetkazish, aytish.
  • [94] Borgah – qo‘nim joy, qarorgoh.
  • [95] Savdoda – mojaroda, ishda.
  • [96] Tavajjuh – yuzlanish, ko‘rinish.
  • [97] Ko‘shish – jahd qilish, intilish.
  • [98] Baxshish – marhamat. 5 Mav’id – va’da.
  • [99]   Yaqin – aniq, muqarrar, qat’iy.
  • [100] Azm – kirishish, harakat.
  • [101] Homil – eltuvchi.
  • [102]  Qosid – xabarchi, so‘zlovchi.
  • [103] Bitik – xat, yozilgan narsa.
  • [104] Musta’jil – shoshilish.
  • [105] Masofat – masofa, yo‘l.
  • [106] Qat’ – bosish, yurish.

 Savol va topshiriqlar:

  1. Mehr va Suhayl qaysi jihatlariga ko‘ra bir-birlariga mos? 2. Suhaylning qizga munosabati ifodalangan: «Mehr zulfi g‘a ko‘ngli bog‘lig‘ edi, Bu anga go‘yiyo atog‘lig‘ edi» satrlarini izohlang.
  2. Dostondan olingan: «O‘ylakim, Mehrning xarobi Suhayl, Mehrg‘a ham Suhayl sori mayl. Maylni qo‘yki, vola-u zor ul, Jon berib vaslig‘a xaridor ul» tasvirini izohlang.
  3. Suhaylning asir tushishi tasvirida yigitning jasorati, mardligi hamda qaroqchining hiylakorligi qanday ifodalangan?
  4. Jobirning: «Men bu zavraqni suvg‘a to surdim, Ming seningd ekni suvda o‘lturdim. Birida sencha ko‘rmadim jur’at, Jur’ating bo‘ldi maxlasingg‘a jihat» tarzidagi iq roriga qarab, qaroqchining ichki olamini izohlang.
  5. Hazrati Navoiyning tutqunlar holatini aniq aks ettiradigan: «Har kim ul choh aro chu bo‘ldi g‘ariq, Non ikita edi, su bir ibriq» tasviriga diqqat qarating va izohlashga urining.
  6. Asarda oshiq-ma’shuqlarning fojiaviy holati aks et-gan: «Yuqori dilbar-u, quyi bedil, Bir-biridin vale ikov g‘ofi l» misralarini izohlang.
  7. Navdarshohning bo‘lajak qudasi shoh Nu’monga yozgan: «Lek Haqkim g‘am-u balo bermish, Dard bermish, vale davo bermish. Chora bu ishga intiqom durur, Yo‘qsa bo‘lmoq tirik harom durur» tarzidagi fi krlarini izohlang.
  8. «Bo‘lsa ul dushman ilgida mahbus, Manga nomus erur, sanga nomus», deb yozganda Navdarshoh nimani ko‘zda tutadi deb o‘ylaysiz?
  9. «Ikki muhlik ajab g‘am o‘ldi anga, Motam ustiga motam o‘ldi anga. Bilmadikim ne ish ekin hodis, Kim bu ishga bo‘lub ekin bois» misralarida kimning holati aks ettirilayotganligini matndan toping va izohlab bering.

Previous article«Sab’ai sayyor» dostoni (1-2-qismlar) – Alisher Navoiy dostoni
Next article«Sab’ai sayyor» dostoni (5-6-qismlar)