Alisher Navoiy hayoti va ijodi – Алишер Навоий

0

Alisher Navoiy hayoti va ijodi. Алишер Навоий ҳаёти ва ижоди.


Alisher Navoiy rasmlari
Alisher Navoiy (1441–1501)

Butun umrini turkiy til mavqeyini ko‘tarish, turkiy adabiyot imkoniyatlarini dunyoga tan oldirish, turkiy davlatchilik asoslarini mustahkamlash, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga bag‘ishlagan bobokalonimiz hayoti haqi dagi ma’lumotlarning deyarli barchasi saqlanib qolgan.

Хalq ichida bu zotning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq rivoyat va afsonalar ham talaygina. Chunki bunday zotlarning yashash tarzi, qilmishlari ibrat, aytmish so‘zlari haqiqatdir.

Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Хuroson o‘lkasining poytaхti Hirotda tug‘ildi. Alisher bolalikdan ma’rifatli oila muhitida tarbiya topdi. Navoiyning otasi G‘iyosiddin Muhammad (uni «G‘iyosiddin kichkina» ham der edilar) temuriy larga yaqin amaldorlardan bo‘lib, o‘z davrining obro‘li va ma’rifatli kishilaridan sanalgan.

Adabiyotshunos Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, u o‘g‘li Alisher ning tarbiyasiga e’tibor bergan va kelajakda fazilatli odam bo‘lib yetishmog‘i uchun astoydil harakat qilgan. Onasi Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi bo‘lgan. Bo‘lajak shoirning tog‘alari Mir Said (Mirsayid) Kobuliy yaхshi shoir, Muhammad Ali G‘aribiy shoir, sozanda va хattot edilar. Alisher oilada uchinchi yoki to‘rtinchi farzand bo‘lib, maktabda bo‘lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga o‘qidi. U erta savod chiqardi. She’r o‘qish va yod olish, she’r bitishga bolalikdan havasi uyg‘ondi. Kichik maktab yoshida fors shoiri Farididdin Attorning kattalar ham tushunishi qiyin bo‘lgan «Mantiq uttayr» dostonini fors tilida o‘qib ham uqib yod olgani uning yoshlik iste’dodining muhim qirralaridan edi.

1447-yilda podshoh Shohrux Mirzo vafot etib, poytaxt Hirot notinch bo‘lib qoladi. Alisherlar oilasi Iroqqa ko‘chib ketadi. Yo‘lda Taft shahrida Alisher mashhur tarixchi Sharafi ddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi, tiyrak va aqlli bolakay ning zukkoligidan mamnun bo‘lgan keksa olim uning haqqiga duolar qiladi. Хalq orasidagi «Ulug‘lar duosi qabul bo‘ladi» degan naql bejiz emas.

Alisherlar xonadoni 1451-yilda Hirotga qaytadi. Ko‘p o‘tmay, taxtga Abulqosim Bobur Mirzo o‘tiradi. Alisherning otasi G‘iyosiddin Muhammad Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. Alisher esa, o‘qishni davom ettiradi.

1453-yilda Alisherning otasi G‘iyosiddin Muhammad vafot etdi. Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kirdi. Avval Sabzavorda, so‘ng Mashhadda yashadi. Ikki maktabdosh do‘st: Husayn va Alisher yana birga bo‘ldilar.

She’rga mehr Alisherni ijodga undadi. U 7, 8 yoshlaridan she’r yoza boshladi. O‘zbekcha she’rlariga «Navoiy», forscha she’rlariga «Foniy» taxallusini qo‘ydi. Deyarli Siz tengi paytlarida she’rlari bilan mamlakatga tanilib qolgan edi.

O‘smirlik davrlarida Alisher o‘qishda va yozishda tinim bilmas, she’r mutolaasidan charchamas edi. «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida o‘zining yoshlik chog‘ida mashhur o‘zbek va fors shoirlari nazmidan 50 ming bayt (100 ming misra) she’rni yod bilganini yozadi.

1457-yilda Abulqosim Bobur Mirzo vafot etdi. Uning o‘rnini Abusaid Mirzo egalladi. Husayn Boyqaro taxt uchun kurashga sho‘ng‘ib ketdi. Navoiy esa Mashhad madrasalarida o‘qishni davom ettirdi. 1464-yilda Hirotga qaytib kelgan shoir hayotida noxushliklar boshlandi. Abusaid Mirzo taxtga da’vogar Husayn Boyqaroning yaqin kishilarini ta’qib ostiga oladi. Alisherning ota mulkini musodara qiladi, tog‘alari Kobuliy va G‘aribiylarni qatl ettiradi.

Navoiy 1460-yillarning ikkinchi yarmida Samarqandda yashadi. Temurbek poytaхt qilgan bu ko‘hna shahar uning hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Bu yerda o‘z davrining yetuk olimlaridan, хususan, shu kungacha asarlari Islom olamida mo‘tabar sanalib kelayotgan Fazlulloh Abulays Samarqandiydek allomadan saboq oldi. Keyinchalik bu shaharni o‘z asarlarida «fi rdavsmonand» (jannatmisol) deb ta’rif etdi. Bu yerda shoir sifatida juda katta shuhrat topa bordi. Bir devonga yetib ortadigan asarlari bo‘lishiga qaramay, kamtarlik tufayli bo‘lsa kerak, o‘zi tartib bermaganligi uchun 1465–1466-yillarda uning muxlislari she’rlarini to‘plab, «Devon» tuzdilar. Bu kitob bugungi kunda shartli ravishda «Ilk devon» deb nomlanadi.

1469-yilda Hirot taxtiga Husayn Boyqaro chiqadi va Samarqandga xat yo‘llab, Alisher Navoiyni o‘z yoniga chaqirib oladi. Davlat ishlariga jalb etadi, avval muhrdor[1], so‘ng vazir qilib tayinlaydi. 1487–1488-yillarda Astrobodga hokimlik qildi. Husayn Boyqaro hokimiyat ishlarida Navoiyning aql va sadoqatiga tayanib ish ko‘rdi. Uning qarshiligiga qaramasdan, shoirni yuqori martabalarga tayinladi. Buyuk shoir «amiri kabir» (ulug‘ amir), «amir ul-muqarrab» (podshohga eng yaqin amir) unvonlariga musharraf bo‘ldi. Uning vazirlik yillari Hirotda obodonlik ishlari avj olgan, madaniyat gullab-yashnagan, adolat va haqiqat tug‘i baland ko‘tarilgan davr bo‘ldi. «Ilgimdan kelganicha, – deb yozadi «Vaqfi ya» asarida Navoiy, – zulm tig‘in ushotib (sindirib), mazlum jarohatig‘a intiqom marhamini (qasos malhamini) qo‘ydum. Va ilgimdin kelmaganni ul Hazrat (Husayn Boyqaro) arzig‘a yetkurdim».

Davlat ishlari bilan bir qatorda o‘zining sevimli mashg‘uloti – badiiy ijodni ham to‘хtatmadi. 1472–1476-yillarda «Badoye ul-bidoya» («Badiiylik ibtidosi»), 1476–1483-yillarda «Navodir un-nihoya» («Tuganmas nodirlik lar») nomlari bilan ikki devon tuzdi.

1483-yilda turkiy tilda birinchi bo‘lib «Xamsa» yozishga kirishdi va misli ko‘rilmagan qisqa muddat – ikki yilda besh yirik dostondan iborat asarni yozib tugatdi. Ilm va ijod ahli bu voqeani zo‘r shodliklar bilan qarshi oldi. Abdurahmon Jomiy Navoiy «Xamsa»siga yuksak baho berdi. Husayn Boyqaro buyuk shoirni o‘zining oq otiga mindirib, unga jilovdorlik qilib, Hirot ko‘chalarini aylantirdi. Bu insoniyat tariхida kamdan kam uchraydigan hodisa edi: qudratli davlatning shavkatli podshohi bir shoirga jilovdorlik qilsa! Mazkur hodisa ayni paytda Husayn Boyqaroning ma’nan yuksak, ma’rifatli va haqiqatpesha hukmdor bo‘lganligining dalilidir. Navoiy «Hayrat ul-abror» dostonida bejiz uni shoh G‘oziy deya ulug‘lamagan edi.

1489–1493-yillar shoir uchun ayriliq, og‘ir judolik yillari bo‘ldi. Do‘stlari, ustozlaridan Sayyid Hasan Ardasher, Abdurah mon Jomiy, Pahlavon Muhammad ketma-ket vafot etdilar. Navoiy ularning хotirasiga bag‘ishlab uchta – esdaliklardan iborat nasriy asar yaratdi.

Navoiy fanning bir necha sohalarida qalam tebratib, zabardast olim ekanligini ham isbot etdi. O‘tmish mavzusida «Tariхi muluki Ajam» («Ajam, ya’ni arab bo‘lmagan mamlakatlar podshohlari tariхi»), «Tariхi anbiyo va hukamo» («Payg‘ambarlar va donishmandlar tariхi») asarlarini yozgan. Turkiy adabiyotshunoslikda ham uning alohida o‘rni bor. Aruzga doir «Mezo n ul-avzon» («Vaznlar o‘lchovi»), tazkirachilikka[2] oid «Majolis un-nafois» («Nafi s majlislar») kabi asarlar yaratdi. Bular o‘zbek (turk) tilida shu sohalardagi birinchi asarlar edi. Buyuk shoir tilshunoslik bilan ham qiziqdi. Lug‘atshunoslikka oid «Sab’at-u abhur» («Yetti dengiz») nomli kitob yozdi. Ayniq sa, «Muhokamat ul-lug‘atayn» («Ikki til muhokamasi») asarida turk (o‘zbek) va sort (fors) tillarini solishtirib, o‘z ona tilining tuganmas imkoniyatlarini ilmiy asoslab berdi.

Navoiy 1490-yillarda adabiyotimiz tariхidagi yana bir katta hodisa – «Xazoyin ul-maoniy» («Ma’nolar xazinalari») majmuasini tuzdi. To‘rt devondan iborat bo‘lgan bu ulkan she’riy to‘plam shoirning turkiy tilda yozgan deyarli barcha lirik she’rlarini qamrab olgan edi. Shuningdek, fors tilini mukammal bilgan va unda ham barakali ijod qilgan shoir bu tilda yozgan she’rlarini to‘plab «Devoni Foniy»ni tuzdi.

Buyuk adib umrining oxiriga qadar ilm-u ijod bilan qizg‘in va samarali shug‘ullandi. Sharqda o‘tgan mashhur shayxlar, so‘fi ylar hayoti haqida ma’lumot beruvchi «Nasoyim ul-muhabbat» («Muhabbat shabadalari») asarini yozib tugatdi. So‘ng umr bo‘yi xayolini band etgan «Lison ut-tayr» («Qush tili»)ni qog‘ozga tushirdi. Boshqalar bilan olib borgan yozish malari – xatlarini to‘plab «Munshaot» («Xatlar») tuzdi. 1500-yilda buyuk mutafakkirning yaxshilik va yomonlik haqidagi qarashlarini o‘zida ifodalagan «Mahbub ul-qulub» («Ko‘ngillarning sevgani») asari maydonga keldi. Bu buyuk adibning so‘nggi asari edi.

Alisher Navoiy 1501-yilning 3-yanvarida vafot etdi.

«Sab’ai sayyor» dostoni (1-2-qismlar)

«Sab’ai sayyor» dostoni (3-4-qismlar)

«Sab’ai sayyor» dostoni (5-6-qismlar)


  • [1] Muhrdor – davlat hujjatlarini rasmiylashtiruvchi amaldor.
  • [2] Tazkira – ijodkorlar haqida ixcham ma’lumot va ayrim asarlaridan namuna keltiriladigan to‘plam.

Savol va topshiriqlar:
  1. Navoiyning «shams ul-millat» (millat quyoshi) deb ulug‘-lanishi sababini aytin g.
  2. Shoirning bolalik va o‘smirlikdagi qaysi jihatlari ke-yinchalik buyuk inson bo‘lib yetishuviga sabab bo‘lganligi to‘g‘risida fi kr yuriting.
  3. Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlari, shoirning davlat arbobi sifatida olib borgan faoliyati haqida nima deya olasiz?

Previous articleBadiiy obraz va mubolag‘ali tasvir
Next article«Sab’ai sayyor» dostoni (1-2-qismlar) – Alisher Navoiy dostoni