Таклиф ва таклиф қонуни / конуни.
Guruch narxi (p), so’mda | Guruch taklif miqdori (q), tonnada |
8 800 | 8 |
8 600 | 7 |
8 400 | 6 |
8 200 | 5 |
8 000 | 4 |
7 800 | 3 |
Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar
Andijon dehqon bozorida guruch narxi 8 600 so’m. Farg’ona dehqon bozorida esa 7 200 so’m.
- Dehqonlar qaysi bozorga ko’proq guruch olib borib sotishni xohlaydilar? Nega?
- Bozorga sotish uchun olib chiqilayotgan tovar miqdori va narxi orasida qanday bog’lanish bor deb o’ylaysiz?
- Guruchning narxi va taklif miqdori haqidagi ma’lumotlar berilgan jadval asosida mos nuqtalarni koordinatalar tekisligida belgilang va ularni tutashtirib chiqing. Hosil bo’lgan chiziqni iqtisodchilar taklif chizig’i deb atashadi.
Oldingi ikki darsda tovarning sotilish hajmini xaridorlar nuqtai nazaridan tahlil qilgan edik. Bu darsda tovarning sotilish hajmini sotuvchilar nuqtai nazaridan qarab chiqamiz.
Tovar taklifi yoki taklif sotuvchilarning muayyan vaqt davomida tovarni turli narxlarda qanchadan sotishga bo’lgan xohish va imkoniyatlarini aniqlaydi. Taklif miqdori deb sotuvchilarning muayyan vaqt davomidagi ma’lum narxda sotishlari mumkin bo’lgan tovar miqdoriga aytiladi. Taklif deganda alohida, shaxsiy taklifni (muayyan sotuvchining taklifini) yoki taklifning umumiy hajmini (bozordagi barcha sotuvchilarning umumiy taklifini) qarash mumkin. Ammo iqtisodiyot fanida, asosan, muayyan tovarga bo’lgan umumiy taklif kattaligi o’rganiladi.
Biror tovar taklifi, odatda, jadval ko’rinishida ifodalanadi. Jadval asosida grafik chizilsa, taklif chizig’i hosil bo’ladi. Taklif chizig’i “S” harfi — inglizcha “supply” (taklif) so’zining bosh harfi bilan belgilanadi. Taklif ba’zida p=aq+b, (a≥0) chiziqli funksiya ko’rinishida ham berilishi mumkin.
Tovar taklifi miqdori tovarning narxiga bog’liq va tovar narxiga bog’liq bo’lmagan omillar ta’sirida o’zgarib turadi. Taklifning faqatgina narxga bog’liq xususiyati taklif qonunida o’z ifodasini topgan: Boshqa shart-sharoitlar o’zgarmagan holda tovarning narxi qancha past bo’lsa, uning taklif miqdori shuncha kam bo’ladi, tovarning narxi qancha yuqori bo’lsa, uning taklif miqdori shuncha ko’p bo’ladi.
Narx (p) | Talab (q) |
800 | 700 |
700 | 600 |
600 | 500 |
500 | 400 |
Taklif qonuni taklif miqdorining narxga nisbatan to’g’ri bog’liqligini ko’rsatadi, ya’ni narx oshganda taklif miqdori ham oshadi.
Talab tushunchasi bilan tanishganimizdek, taklif miqdorining o’zgarishi ishlab chiqaruvchilarning turli ma’lumotlardan xabardorliklariga ko’p jihatdan bog’liq bo’ladi.
Taklif — tovar narxi va taklif miqdori orasidagi munosabat bo’lib, sotuvchilarning muayyan vaqt davomida, tovarni turli narxlarda qancha miqdorda sotish mumkinligi haqidagi xohish va imkoniyat- larini aniqlaydi.
Taklif miqdori — sotuvchilarning muayyan vaqt davomida ma’lum narxda sotishlari mumkin bo’lgan tovar miqdori.
Adam Smit o’z ta’limotida iqtisodiy faoliyat erkinligiga taraqqiyot omili sifatida qaragan. Uning fikricha, har bir bozor qatnashchisi bozorda o’z manfaatlarini himoya qiladi. Shaxsiy manfaatlari uni yuqori darajadagi foyda keltiradigan faoliyatga undaydi. Shu maqsadda u ko’proq mahsulot ishlab chiqarishga va buning uchun ozroq mablag’ sarflashga harakat qiladi. Natijada, sifatli va nisbatan arzon tovarlar va xizmatlar bozorga chiqariladi va bozordagi taklifni oshiradi. Bundan esa xaridorlar va butun jamiyatga katta naf keltiriladi.
Bu jarayonni na davlat, na boshqa bir shaxs boshqaradi. Qatnashchilarning bozordagi erkin faoliyatini talab va taklif muvofiqlashtirib turadi. Talab va taklifni Adam Smit bozorning “ko’rinmas qo’li” deb atagan va ushbu “ko’rinmas qo’l” bozordagi munosabatlarni muvofiqlashtiradi va qatnashchilar faoliyatini boshqarib turadi deb ta’kidlagan.
Topshiriq
- O’zingiz bilgan dehqon bozorida sotilayotgan biror qishloq xo’jalik mahsulotini tanlang. Bu bozor bo’yicha ayni paytdagi ushbu mahsulotga bo’lgan taklifni chamalab, taklif jadvalini tuzing. Jadval asosida taklif egri chizig’ini chjizing.
Bilimingizni sinab ko’ring!
- Taklif tushunchasining ma’nosini misollar yordamida tushuntiring.
- Taklif miqdori nima?
- Taklif egri chizig’ini chizishda qanday ma’lumotlar kerak bo’ladi?
- 2016- yili O’zbekistonda kartoshka ko’p yetishtirilib, bozorlarda uning narxi ancha arzon bo’ldi. 2017- yil kuziga kelib esa kartoshkaning narxi juda qimmatlashib ketdi. Buning sababi nimada bo’lgan deb o’ylaysiz?
- Agar makkajo’xorining narxi yaqin kelajakda ortishi kutilayotgan bo’lsa, makkajo’xorining bozordagi taklif miqdori qanday o’zgaradi?
- Taklif qonunini misollar yordamida tushuntirib bering.
- Adam Smit tomonidan bozorning “ko’rinmas qo’li” iborasi qanday iqtisodiy hodisaga nisbatan ishlatilgan? Bu iboraning mohiyati nimada?
Buni yodda tuting!
- Tovarning narxi qancha past bo’lsa, taklif miqdori shuncha kam, tovarning narxi qancha yuqori bo’lsa, taklif miqdori shuncha ko’p bo’ladi.
- Bozorni o’rganishda talab tushunchasi bilan bir paytda taklif tushunchasi ham o’ta muhimdir.
- Talab va taklifni A. Smit bozorni “ko’rinmas qo’li” deb atagan va bozor shu “ko’rinmas qo’l” orqali boshqarilib turadi.