Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q

0

Vatan ta’rif

Vatan! Bu so‘z zamirida olam-olam ma’no bor. Vatan – aziz muqaddas va mo‘tabar yurtdir.

«Vatan» arabcha so‘z bo‘lib, ona yurt degan ma’noni anglatadi.

Vatan – biz  tug‘ilgan makon. Kindik qonimiz to‘kilgan tuproq. Vatan –  bu oltin beshik. Ota-onamiz, qarindoshlarimiz va do‘stlarimiz bilan birga yashayotgan zamin. Bobolarimizning izlari qolgan yer. Ajdodlarimiz yurti, yurakdagi javohirdir.

Vatan – jonajon shahringiz va qishlog‘ingizdir. Insonning qalbi, orzu-umidlari, quvonchlari va kelajagi  Vatani bilan chambarchas bog‘liqdir.

Muqaddas «Vatan» so‘zi mo‘tabar «ona» so‘zi bilan yonma-yon turadi. Chunki, Vatan ham ona kabi yagonadir.

Siz kinofilmlarda turli sabablarga ko‘ra uzoq muddat chet ellarda bo‘lib, o‘z Vataniga qaytgan kishilarining samolyotdan yoki poyezddan tushgach tiz cho‘kib ona Vatanlarining tuprog‘ini o‘pganlarini va ko‘zlariga surtganlarini ko‘rgansiz. Bu manzarada ularning Vatanga bo‘lgan muhabbatlari, Vatanning sajdagohdek muqaddas ekanligining yorqin namunasini ko‘ramiz.


O‘zbekiston – bizning Vatanimiz

O‘zbekiston o‘tmishda Turon, Movarounnahr va Turkiston nomlari bilan atalgan. Ming yillar mobaynida mamlakatimiz hududida xilma-xil dinlar va madaniyatlarga ega bo‘lgan insonlar tinch-totuv yashab kelganlar. Diyorimiz o‘zining go‘zal tabiati, unumdor tuprog‘i, bitmas-tuganmas boyliklari bilan doim barchaning e’tiborini tortib kelgan.

O‘xshashi yo‘q bu go‘zal bo‘ston,
Dostonlarda bitgan guliston.
O‘zbekiston deya atalur,
Uni sevib el tilga olur.

(H.Olimjon)

Hatto Vatanimizni bosib olganlar ham xalqimiz yaratgan boy madaniyatiga tan berganlar. Ayni shu zaminda ko‘p asrlar mobaynida jahon madaniyatlari bir-birini boyitgan.

Vatanimiz salkam uch ming yillik tarixga ega. Bu davrlarda mamlakatimizdan jahon ilm-fanining rivojiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk allomalar, olimlar yetishib chiqdi. Siz o‘quvchilar esa Vatanimiz O‘zbekistonning kelajagisiz. O‘zbekiston dunyoning ilg‘or davlatlaridan biri bo‘lishga intilmoqda.

Bu buyuk maqsadning ro‘yobga chiqishida Vatanimiz Sizni hamma havas qilgudek farzand bo‘lib kamol topishingizga ishonch bilan qaraydi.


«Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q»

Dunyodagi zo‘ravon kuchlar qaysi bir xalqni o‘ziga tobe qilmoqchi, bo‘ysundirmoqchi bo‘lsa, avvalambor uning buyuk boyligi bo‘lmish milliy qadriyatlari, tarixi va ma’naviyatidan judo qilishga urinadi. Yurtboshimiz Islom Karimov o‘zining «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» kitobida «O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q» deb bejiz ta’kidlamaganlar. Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan aytilgan bu hikmatli so‘zlar Sizni Vatanimizning tarixini puxta egallashga da’vat etadi.

Vatanimizning o‘tmishi buyuk, uning kelajagi ham shubhasiz buyukdir. O‘tmishdagi  buyuklik nimalardan iborat bo‘lganligini  va kelajakdagi buyuklik yo‘lida qanday ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligini tarix fanini bosqichma-bosqich o‘rganish orqali bilib olasiz.


Uzbekiston/Uzbekistan – bizning Vatanimiz

Previous articleKelishik qo’shimchalari
Next articleSifat