Vatanimiz poytaxti – Toshkent haqida matn

0

Vatanimiz poytaxti. Toshkent haqida matn. Ватанимиз пойтахти. Тошкент ҳақида матн.

Vatanimiz poytaxti - Toshkent haqida matn
Vatanimiz poytaxti – Toshkent haqida matn

Aziz o‘quvchi, Vatanimiz, uning go‘zal va obod qiyofasi, ulkan salohiyati haqida so‘z borganda, avvalo azim poytaxtimiz Toshkent shahri ko‘z oldimizga keladi. Chunki, Prezidentimiz Islom Karimov aytganidek, biz Toshkent timsolida O‘zbekistonni, O‘zbekiston timsolida esa Toshkentni sevamiz, qadrlaymiz.

Toshkent – nafaqat mamlakatimiz, balki O‘rta Osiyo mintaqasining eng yirik ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. U Vatanimizning shimoli-sharqiy qismida, Tyanshan tog‘ tizmalarining g‘arbiy etagida, Chirchiq vodiysida joylashgan. Shahar 335 kvadrat kilometrga yaqin maydonni egallagan bo‘lib, bu yerda qariyb ikki yarim million aholi istiqomat qiladi.

Shahar 11 ta tumanga – Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy, Yashnobod tumanlariga bo‘lingan.

Qadimda shahar Choch, Shosh, Binkat degan nomlar bilan atalgan. Shahar hududida Shoshtepa, Mingo‘rik, Chilonzor Oqtepasi, Yunusobod Oqtepasi singari ko‘hna shahar qoldiqlari saqlanib qolgan.

Toshkent 1930-yildan buyon O‘zbekiston poytaxti hisoblanadi.

Qadimda Toshkent shahrining 12 ta darvozasi bo‘lgan. Bular – Labzak, Taxtapul, Qorasaroy, Sag‘bon, Chig‘atoy, Ko‘kcha, Samarqand, Kamolon, Beshog‘och, Qo‘ymas, Qo‘qon, Qashqar darvozalaridir.


Sharq darvozasi

Bugungi kunda Toshkåntning o‘zi ulkan darvoza hisoblanadi. Chunki dunyoning g‘arbiy o‘lkalaridan Sharq mamlakatlariga, Sharqdan esa G‘arbga boradigan samolyotlar, avtomobil karvonlari Toshkent orqali o‘tadi. Shuning uchun u tom ma’noda Sharq darvozasiga aylanib bormoqda.

Toshkentning yana bir muhim xususiyati – bu yerda irrigatsiya tarmoqlari – ariq va kanallarning ko‘pligidir. Chirchiq daryosining o‘ng sohilidagi magistral kanal – Bo‘zsuv Toshkent shahri hududida Anhor, Bo‘rijar, Salor, Qorasuv, Kaykovus kabi tarmoqlarga bo‘linib, mahalla va mavzelar bo‘ylab kichik ariqchalar shaklida tarqalib ketadi. Biron-bir ko‘cha yoki guzar yo‘qki, undan suv to‘la ariqchalar oqib o‘tmasa.

«Toshkentning mayin havosi, gozal tabiati, qut-baraka yogiladigan fusunkor boglari, zilol va shifobaxsh suvlari haqida qanday gozal ta’riflar bitilmagan. Xususan, XVI asrda yashab otgan tarixchi alloma Zayniddin Vosifiy Toshkentni uluglab,bu diyorni bir bor korgan odam bamisoli jannat boglarini kezgandek boladi, deb yozganida ayni haqiqatni ifoda etgan edi»[1].

Qadimiy Toshkentning ko‘cha va mahallalari, guzarlari Temirchi, Miskarlik, Degrezlik (qozon yasovchilar), O‘qchi, Egarchi, Taqachi, Mahsido‘zlik, Ko‘nchilik, Parchabof degan nomlar bilan mashhur bo‘lgan. Ayniqsa, kamonchilar yasagan o‘q-yoylar «kamoni Shoshiy» degan nom bilan yetti iqlimga tanilgan.

Toshkent azaldan ilm-ma’rifat shahri, buyuk allomalar, aziz-avliyolar yurti bo‘lib kelgan. Bu zamindan Qaffol Shoshiy, Shayx Xovandi Tohur, Xo‘ja Ahror Valiy, Hofiz Ko‘ykiy, Shayx Zayniddin bobo, Ibrohim ota va Qo‘yliq ota kabi aziz-avliyolar, «Shoshiy», «Toshkandiy» taxalluslari bilan ko‘plab olimlar, shoir va mutafakkirlar yetishib chiqqan.

XX asr boshlarida jadid ma’rifatparvarlari sifatida maydonga chiqqan tarixiy harakat ham avvalo Toshkentdan boshlanib, butun yurtimizga keng tarqalgan edi. Bu harakatning Munavvar qori, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy kabi atoqli vakillari aynan qadimiy Shosh farzandlaridir.

Istiqlol davrida Toshkent tom ma’noda poytaxt shaharga, jahon miqyosida tan olingan megapolis, ya’ni yirik shaharga aylandi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ulkan tarixiy o‘zgarishlar Toshkentdan boshlanmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining e’lon qilinishi, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va mamlakatimiz taraqqiyotiga oid ko‘plab qonun va qarorlar aynan shu yerda qabul qilingani Toshkentni yangi tariximizning ajralmas qismi bo‘lgan, barchamiz faxrlanib, g‘ururlanib yashaydigan shaharga aylantirdi.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Senat, Vazirlar Mahkamasi singari davlatimizning oliy hokimiyat organlari, markaziy vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, fuqarolik tashkilotlari, xorijiy davlatlarning elchixonalari, nufuzli xalqaro tuzilmalarning vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatadi.

Toshkent – yoshlar shahri. Bu yerda sizdek o‘g‘il-qizlarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganishi, sport, badiiy ijod bilan shug‘ullanishi, madaniy dam olishi uchun barcha qulayliklar mavjud. Ko‘plab maktablar, litsey va kollejlar, oliy o‘quv yurtlari, stadionlar, teatr va muzeylar, istirohat bog‘lari, ilm-fan, madaniyat muassasalari, yoshlar markazlari aynan ana shu maqsadga xizmat qiladi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi

Mustaqillik yillarida Toshkentning qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Shaharning Mustaqillik maydoni va markaziy qismida, Eski shahar hududida keng ko‘lamdagi qurilish-obodonchilik ishlari amalga oshirildi.

Toshkentning zamonaviy qiyofasida har qanday odamni ham o‘ziga maftun etadigan fusunkor bog‘-u rog‘lar, so‘lim xiyobonlar, yam-yashil hududlar alohida o‘rin tutadi. Faqat keyingi 10 yilda poytaxtimizda ilgarigi temir-beton va asfalt bilan qoplangan maydonlar o‘rnida 3 ming 30 gektardan ziyod ko‘kalamzor hududlar barpo etildi.

2009-yili Toshkent shahrining 2200 yilligi nishonlandi va u «Mustaqillik» ordeni bilan mukofotlandi.

Toshkent hozirgi paytda O‘zbekiston poytaxti degan yuksak maqomga har tomonlama munosib, dunyo ahlining e’tibor va e’tirofiga sazovor bo‘lgan, jahondagi eng buyuk shaharlar bilan bo‘ylashayotgan, tobora o‘sib, rivojlanib borayotgan buyuk shaharga aylangani bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz.


[1] Islom Karimov. Tarixi boy, buguni go‘zal, kelajagi buyuk shahar. –T.: «O‘zbekiston», 2009-yil, 5–6-betlar.


Savol va topshiriqlar:
  1. Sizning shahringiz yoki tumaningizda keyingi paytda qanday o‘zgarishlar bo‘lmoqda?
  2. Ota-onangiz yoki yaqinlaringizning Toshkent shahri haqidagi fikrlarini eshitganmisiz?
  3. O‘zingiz Toshkent shahrida bo‘lganmisiz?
  4. Toshkent qadimda qanday nomlar bilan atalgan?
Previous articleXalqimizning ishonchi va tayanchi (O‘zbekiston)
Next articleO‘zbekiston milliy bog‘i – Ўзбекистон миллий боғи