Xalqimizning ishonchi va tayanchi (O‘zbekiston)

0

Халқимизнинг ишончи ва таянчи (Ўзбекистон).


Yurtimizda 31 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Buning teng yarmini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatimizda turli qazilma boyliklar, dunyo bozorida talab katta bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan yirik sanoat korxonalari ko‘p. Yerimiz unumdor, tabiatimiz qulay. Oddiy cho‘pni qadasangiz ham gurkirab o‘sib rivojlanadi. Lekin ana shu boyliklarning barchasini yurtimiz ravnaqi yo‘lida ishlatadigan kuch mehnatkash, mard va bag‘rikeng xalqimiz, shu xalqning ishonchi va tayanchi bo‘lib voyaga yetayotgan yoshlarimizdir. Aynan shuning uchun ham mamlakatimizda har bir bolaning sog‘lig‘i, uning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmasdan o‘sib-ulg‘ayishi, zamonaviy bilimlar, kasbhunarlar, xorijiy tillarni puxta egallashi, hayotdan o‘z o‘rnini topishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, barchasi yaratib berilmoqda.

Bir paytlar Amir Temur bobomiz: «Kim bizning qudratimizga shubha qilsa, qurgan imoratlarimizga boqsin», – deb katta ishonch, g‘urur-iftixor bilan o‘z ishining abadiyatga daxldor ekanini ta’kidlagan edi. Sohibqiron bobomizning nabirasi, buyuk alloma va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek esa ilm-fan sohasidagi kashfiyotlari hech qachon yo‘q bo‘lib ketmasligini nazarda tutib: «O‘z ishimni munosib avlodlarimga qoldirdim», – deb aytgan. Mumtoz mutafakkir shoirimiz

Samarqand. Shohizinda majmuasi
Samarqand. Shohizinda majmuasi

Alisher Navoiy, go‘yo ana shu haqiqatni tasdiqlagandek, Mirzo Ulug‘bek haqida: «Qiyomatg‘a deguncha ahli ayyom, Yozarlar aning ahkomidin ahkom», – ya‘ni, bu dunyo olimlari Yer yuzida toki hayot bor ekan, Ulug‘bekning kashfiyotlari asosida yangi-yangi xulosalar, hukmlar chiqarib, bu kashfiyotlarni davom ettiradilar, deb qayd etgani bejiz emas, albatta.

Buni qarangki, bu so‘zlar 2014-yil 14–15-may kunlari Samarqand shahrida o‘z tasdig‘ini topdi. Dunyoning 40 dan ziyod davlatlaridan kelgan eng mashhur olimlar bu shaharda «O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiyaga to‘plandilar. Ular boshqa buyuk allomalarimiz qatori Mirzo Ulug‘bek merosi haqida ham yaxshi fikrlar bildirdilar, ya’ni, bu buyuk mutafakkirning ahkomidan ahkomlar yaratganlarini bayon qildilar.

Prezidentimiz yurtimiz yoshlarining turli sohalarda erishayotgan yutuqlarini butun xalqimiz, O‘zbekistonimizning yutug‘i deb biladi. Demak, Vatanimiz istiqlolini asrab-avaylash va mustahkamlash, O‘zbekistonimiz shuhratini jahonga yoyish vazifasi kelajakda aynan sizdek yoshlarga bog‘liq.

Muxtasar qilib aytganda, «Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!» degan so‘zlarning negizida chuqur ma’no mujassam.

Haqiqatan ham, biz abadiyatga daxldor ishlari bilan dunyoga tanilgan xalqmiz. Qadimiy shaharlarimizdagi tarixiy obidalarimiz, buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi, istiqlol davrida barpo etgan ko‘plab inshootlarimiz, bugungi kunda xalqimiz, jumladan, yoshlarimiz erishayotgan ulkan yutuqlar aynan shundan dalolat beradi.

Previous articleMustaqilligimiz abadiy bo‘lsin (Узбекистан мустакиллик)
Next articleVatanimiz poytaxti – Toshkent haqida matn