O‘zbekiston milliy bog‘i – Ўзбекистон миллий боғи

0

O‘zbekiston milliy bog‘i. Узбекистон миллий боги.


O‘zbekiston milliy bog‘i. Узбекистон миллий боги.
O‘zbekiston milliy bog‘i. Узбекистон миллий боги.

Aziz o‘quvchi, poytaxtimiz Toshkent shahrining markazida xalqimizning iftixori bo‘lgan, ko‘pchilik borib ko‘rishni, sayr etishni orzu qiladigan qutlug‘ maskan bor. Bu – Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy bog‘idir. U mamlakatimizdagi eng yirik madaniyat va istirohat bog‘i hisoblanadi. Uni qisqagina qilib, Milliy bog‘ deb ham ataymiz.

Milliy bog‘ Toshkent shahrining markaziy qismida joylashgan bolib, 69 gektar maydonni egallaydi.

Bog‘ 1991-yili Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan bunyod etilgan. Aynan o‘sha yili bu yerdagi baland tepalikka Alisher Navoiyning 550 yilligi sharafiga shoirning muazzam haykali o‘rnatilgan edi.

Bog‘ning o‘rtasidagi hududda o‘ziga xos me’moriy majmua barpo etilgan. Majmua markazida favvorali aylana hovuz va amfiteatr shaklidagi tantanali marosimlar o‘tadigan maydon bor.

Amfiteatrning g‘arb tarafida Oliy Majlis binosi va Abulqosim madrasasi, sharq tomonida esa «Navro‘z» restorani joylashgan.

Alisher Navoiy haykalining old tarafidagi xiyobon oralab kanal oqib o‘tadi. Unga charxpalak o‘rnatilgan. Bu xiyobonga 2007-yili atoqli yozuvchimiz Abdulla Qahhorning, 2010-yili Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning, 2013-yilda esa O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmad va taniqli shoira Saida Zunnunovaning haykallari o‘rnatilgan.

Bu yerdagi amfiteatrda har yili Navro‘z va Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tantanali marosimlarni el-yurtimiz, chet ellik mehmonlar katta qiziqish bilan tomosha qiladi. Ushbu marosimlarda Prezidentimiz Islom Karimov ishtirok etib, xalqimizni ana shu buyuk ayyomlar bilan tabriklaydi.

Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboni ham go‘zal maskanlardan biridir. O‘zbekiston Milliy bog‘i shaharning janubi-g‘arb tomonida joylashgan bo‘lsa, Amir Temur xiyoboni sharq tomonidadir.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng Prezidentimizning tashabbusi bilan bu maskanga Amir Temur xiyoboni deb nom berildi. 1993-yilda esa xiyobonning o‘rtasiga Sohibqiron Amir Temur bobomizning muhtasham haykali o‘rnatildi. Bu haykal loyihasining muallifi ham Yurtboshimizdir. Bu haqda «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» kitobida siz va biz uchun ibratli so‘zlar bitilgan:

«Haykaltaroshlar taqdim etgan variantda Sohibqiron qoliga nayza tutgan holda tasvirlangan edi. Men bunga e’tiroz bildirib, Sohibqiron bobomiz qolida nayza emas, otning jilovini tutib turgani ma’qul, – degan fikrni bildirdim. – Buning ramziy ma’nosi bor. Chunki, saltanatda nayza kotargan odamlar kop bolgan, ammo jilov Amir Temurning qolida bolgan. Bu mustahkam davlat tizimini qolda mahkam tutib turishni anglatadi»[1].

Hozirgi kunda bizga yaxshi tanish bo‘lgan Amir Temur haykali aynan shunday ko‘rinishda yaratilgan.

Xiyobonning shimol tarafida 1996-yili Amir Temurning 660 yillik tavallud to‘yi munosabati bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyi barpo etildi. Bu muzeyga kirsangiz, Amir Temur bobomizning mohir lashkarboshi, qudratli davlat boshlig‘i bo‘lganini isbotlaydigan ko‘pgina osori atiqalarni ko‘rasiz.

2009-yilda Amir Temur xiyoboni butunlay qaytadan bunyod etildi. Bu yerga ko‘zni quvontiradigan yam-yashil archalar, qarag‘ay va kashtan daraxtlari ekildi. Xiyobonning sharq tarafida oppoq rangdagi ulug‘vor «O‘zbekiston» anjumanlar saroyi hamda Toshkent qadimiy kurantiga uyg‘un ravishda yangi kurant barpo etildi. Bu muhtasham obidalar Toshkent shahrining 2200 yillik to‘yiga munosib sovg‘a bo‘ldi. Poytaxtimizning ana shu tarixiy sanasiga bag‘ishlangan tantanali marosim ham aynan «O‘zbekiston» anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tdi.


«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyi
«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyi

Prezidentimizning loyihasi va rahbarligi asosida barpo etilgan bu obida nafaqat Amir Temur xiyoboni, balki butun poytaxtimiz chiroyini yanada o‘zgartirib yubordi.


 [1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 152-bet.


Savol va topshiriqlar:

  1. Sizning shahringiz yoki tumaningizda ham istirohat bog‘i bormi?
  2. U yerda qanday tadbirlar o‘tkaziladi?
  3. Siz Milliy bog‘da bo‘lganmisiz?
  4. Amir Temur xiyobonida-chi?
Previous articleVatanimiz poytaxti – Toshkent haqida matn
Next articleBuyuk qadamjolar (Hazrati Imom majmuasi) – Vatan Tuyg’usi