Vatanni Suymak

0

Vatan. Har bir kishining tug‘ulub o‘skan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug‘ulgan, o‘sgan yerini jonidan ortuq suyar. Hatto bu vatan hissi-tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z vatanidan – uyuridan ayirilsa, o‘z yeridagi kabi rohat-rohat yashamas, maishati talx bo‘lub, har vaqt dilining bir go‘shasida o‘z vatanining muhabbati turar.

Biz turkistonlilar o‘z vatanimizni jonimizdan ortuq suydig‘imiz kabi, arablar Arabistonlarini, qumlik, issig‘ cho‘llarini, eskimo‘lar shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga o‘z vatanlarin tashlab hijrat qilurlar edi.

Bobolarimiz: «kishi yurtida sulton bo‘lguncha, o‘z yurtingda cho‘pon bo‘l», – demishlar.

Men ayblik emas, ey vatanim, tog‘larim,
Bevaqt tashlab ketdim ayo, bog‘larim.
Hijron qilodur meni judolig‘,
Do‘ndi g‘ama ro‘z-u shab chog‘larim.

Hammaga ma’lumdurki, eng muqaddas diniy yerimiz o‘lan Arabistonga bog‘larini, hovlilarini sotub hijrat qilgan hojilarimizning aksari yana o‘z vatanlariga qaytub kelurlar. Buning sabab i, ya’ni bularni tortib kelturgan quvvat o‘z vatanlarining, tuproqlarining mehr-u muhabbatidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram solla llohu alayhi vasallam afandimiz: «hubbul-vatani minal-imoni» –  «Vatanni suymak imondandur», – demishlar.

Vatan, vatan, deya jonim tanimdan o‘lsa ravon,
Bango[1] na g‘am qolur, avlodima o‘yu vatanim.
G‘ubor(g)a do‘nsa tanim, yo‘q vujud zeri vahm,
 Charoki, o‘z vatanim xokidur go‘r-u kafanim.
Tug‘ilib o‘sgan yerim ushbu vatan, vujudim xok,
O‘lursa aslina roje’, bo‘lurmi man g‘amnok.


  1. «Vatanni suymak» lavhasida adib bizni nimaga da’vat etadi?
  2. «Vatanni suymak» lavhasidagi «hubbul-vatani minal-imoni» – Vatanni suymak imondandur hadisining mazmunini sharhlang.

[1] Bango – menga degan ma’noda, o‘sha davr adabiy tili.

Abdulla Avloniy

Previous articleAbdulla Avloniy
Next articleErkin Vohidov hayoti va ijodi