Xayriddin Saloh she’rlari (dostonlari, asarlari). Хайриддин Салоҳ шеърлари (достонлари, асарлари).
Yulduzlar afsonasi
Bobolarning gapi shunday: «Har kechaning kunduzi bor,
Har kimning o’z nasibasi, har kimning bir yulduzi bor».
Gar tug’ilsa biror go’dak, derlar: «Ortdi yulduz soni,
Yana bitta mayoq bilan boyib qoldi yurt osmoni».
Biror yulduz uchsa, derlar: «Kimdir o’tdi bu olamdan,
Ko’hna dunyo ajrab qoldi, evoh, yana bir odamdan».
Eshitganman Zuhallar-u Oy, Zuhrolar to’g’risida,
Somon yo’li, Hulkarlar-u Surayyolar to’g’risida,
Eshitganman yuztasini, eshitganman mingtasini,
O’shalardan so’zlab beray faqatgina bittasini:
«Qadim Hulkar yulduzining suluv qizi bo’lgan ekan,
Bodom qovoq va oq tomoq, yuzi lo’ppi to’lgan ekan.
Uni sevib onajoni baxmallarga o’rar ekan.
Qizchasida istiqbolni aniq-ravshan ko’rar ekan.
Boqmoq uchun qiz yuziga kunduz quyosh, tun oy xumor,
Koshki unga ko’zgu bo’lsam, deya hatto sho’x soy xumor.
Uning yorqin chehrasiga xiyobonda gullar tashna,
Yuzlarini silab-siypab o’tsam, deya yellar tashna,
Bir kun Hulkar qizchasini solibdi-yu belanchakka,
O’zi esa mudrab sekin ketgan ekan tinch pinakka.
Shunda yetti tund qaroqchi boy bermasdan qulay choqni
Olib qochmish, olib qochmish murg’ak, jajji qizaloqni,
Ko’zin ochib boqsa Hulkar, sho’x qizidan yo’qdir darak,
Sekingina tebranardi ko’z o’ngida bo’sh belanchak,
Ona yo’lga tushibdi-yu, go’dagini xo’p izlabdi.
Xo’p yig’labdi, ovunibdi, so’ngra yana xo’p bo’zlabdi…
Bir nafasda tushar ekan jarliklarga sakrab tikka,
Bir nafasda ko’tarilar qorli toqqa – yuksaklikka.
Farqi yo’qdir unga sira tunmi-kunduz, baland-pastmi,
Kechalari tunab qolar barra o’tmi, poxol, xasmi.
Oxir unga voqeani bir-bir bayon etibdi Oy.
Maskaniga yo’l olibdi shunda Hulkar deb: «Hayyo-hay!»
Shundan beri quvsa Hulkar qochar yetti tund qaroqchi,
Oltitasi uxlasa gar, turar ekan biri soqchi…»
Bu afsona go’daklarni jalb etmoqqa juda qulay,
Bunday qadim ertaklarni tinglaganman men bir talay.
Eshitganman parilari, alvastisi, jinlarini,
Xushlamadim yolg’onlarni, eslab qoldim chinlarini.
Ha, bobolar so’zlarida qancha ilm va hikmat bor,
Shuning uchun keksalarga menda cheksiz sadoqat bor.
Savol va topshiriqlar:
- Yulduzlarning paydo bo’lishi va so’nishi bilan odamlar taqdiri o’rtasidagi bog’liqlik to’g’risidagi afsona haqida she’rda nima deyil gan?
- She’rdagi «Boqmoq uchun qiz yuziga kunduz quyosh, tun oy xumor, Koshki unga ko’zgu bo’lsam, deya hatto sho’x soy xumor» tasviriga tayanib, Hulkarning qizi husniga ta’rif bering.
- «Ko’zin ochib boqsa Hulkar, sho’x qizidan yo’qdir darak, Sekingina tebranardi ko’z o’ngida bo’sh belanchak» satrlarida kutilmaganda bolasidan ayrilib qolgan ona holati qanday aks etganini izohlang. Shu vaziyatdagi ona ruhiyatini ta’rifl ang.
- «Shundan beri quvsa Hulkar qochar yetti tund qaroqchi» misralari orqali nima deyilayotganini tushuntiring.
Ko’krak ochdim shamollarga
Ko’krak ochdim shamollarga,
Bisotimni sarf etdim.
Ular shirin xayollarga
Meni butkul g’arq etdi.
Shamollarga bitib sho’x kuy
Taklif etdim bog’imga.
Chamanlardan ular xushbo’y
Sepishdi dimog’imga.
Tunda uyqum qochib ketdi
Xushlab yellar ta’bini.
Ular tongda ochib ketdi
G’unchalarim labini.
Savol va topshiriqlar:
- She’rda shamollarga «ko’krak och»gan orzumand lirik qah ramon holati qanday tasvirlanganiga e’tibor qiling.
- She’rning ikkinchi bandida shoir va shamol munosabati qanday aks etganini sharhlashga urining.
- «Chamanlardan ular xushbo’y Sepishdi dimog’imga» satrlarida lirik qahramonning qanday kayfi yati aks etgan?
- Shoirning: «Ular tongda ochib ketdi G’unchalarim labini» ifodasida norozilik aks etganmi yoki quvonch? Fikringizni asoslang.
Yer va ter
Men bilmayman yer kabi ulug’
Tabiatning zo’r tuhfasini.
Inson unga sochib don – urug’
Topgan rizq-u nasibasini.
Buncha shirin bo’lmas edi non,
Tandir lov-lov qo’rin bermasa.
Nonday aziz bo’lmasdi inson,
Yerga manglay terin bermasa.
Savol va topshiriqlar:
- Shoirning yer va insonning rizq-u nasibasi borasidagi fi kr-larini matnga tayanib, sharhlang.
- Nonning lazizligiga tandirdagi olov sababchiligi bilan in-sonning azizligiga to’kilgan manglay teri bois ekani borasidagi parallel tasvirlarning hayotiy va badiiy asoslariga to’xtaling.







