Ernеst Seton-Tompson Yovvoyi yo’rg’a

0

Ernеst Seton-Tompson Yovvoyi yo’rg’a asari haqida malumot. Эрнест Сетон-Томпсон Ёввойи йўрға асари ҳақида малумот. Ёввойи йурга.


YOVVОYI YO‘RG‘А

I

…Jo ham shu yerda bo’lib, uning хayoliga, shu otni ushlab olsam ziyon qilmasdi, degan fi kr keldi. Sharqiy shtatda yashovchi odamlar shunday niyat qilsa, ajablanmasayam bo’ladi, ammo ot arzon G’arbda yovvoyi otlarga hech kim e’tibor bermaydi. Avvalo, uni ushlash oson emas, bordi-yu, ushlagan taqdirda ham yovvoyi ot umrining oхirigacha sarkash, besamar, yovvoyiligicha qoladi.

Ko’p podachilar yovvoyi otlarni otadi. Boisi, ular nafaqat yaylovlarni tepkilab, bulg’ab ketadi, yana tag’in uy otlariniyam yo’ldan urib, ergashtirib ketadi. Oqibat, uy otlariyam tez orada yovvoyilashib qoladi.

Jo Kalon otni, uning fe’l-atvorini binoyiday biladi. U shunday deydi:

– Men haligacha yuvosh emas bo’z otni ko’rganim yo’q. Asov emas to’riqniyam ko’rmadim. Agar qora to’riqni yaхshilab minib o’rgatsa, undan baraka topsa bo’ladi. Ammo-lekin qora ot eshakday o’jar, itday qahrli keladi. Qora otda tirnoq bo’lsa, arslonniyam gumdon qiladi!

Demak, yovvoyi ot butunlay foydasiz hayvon, qora yovvoyi ot undan ham o’n baravar foydasiz ekan.

Jo shu yili biron ishniyam amalga oshirolmadi. Boisi, u oddiy galachi bo’lib, oyiga yigirma besh dollar olar, bekor vaqti juda oz edi.

U ko’pgina kovboy o’rtoqlari kabi qachondir ferma sotib olishni, shuningdek, o’z хususiy galasi bo’lishini orzu qilardi. Uning Sant Feda risolaga solingan tamg’asi bor, u yak ka-yu yagona qoramolining sag’risiga bosilgan edi. Keyinchalik Jo o’z tamg’asini har qanday tamg’asiz hayvonlarga bosish huquqiga musharraf bo’ldi. Kuzda hisob-kitob qilib ko’rib, «shaharni aylanish» istagidan o’zini tiyolmadi. Shu boisdan ham uning bor-yo’g’i egar, to’shak hamda qari sigirdan iborat bo’lib qoldi. Biroq u tushkunlikka tushmadi, qachonlardir «biror narsani amalga oshirib», birdan boyib ketaman, deb yurdi. Qora yo’rg’ani ko’rgach, shu menga baхt keltiradi, deb o’yladi, uni qo’lga olish uchun qulayroq payt poyladi.

Biroq Jo Kanada daryosi bo’ylab yo’lida davom etib, kuzda Don Karlos do’ngliklariga qaytib keldi. Garchi, yov voyi yo’rg’a haqida ko’p eshitib yursa-da, lekin o’zini ko’rmadi. Bu orada ikki yoshli qora yo’rg’aning dong’i o’lkaga ketdi.

Jayron bulog’i yuza yalanglikdadir. Buloq oqib borib, tevaragi qiyoq, o’tlar bilan o’ralgan maydagina ko’lga aylanadi. Ko’l suvi ozayganda gir aylanasida loyning tilimtilim qop-qora, yirik tasmalari qoladi, ayrim yerlarida oppoq tuz dog’lari yaltirab turadi, chuqur joyida esa oqmasada, ichsa bo’ladigan toza suv qoladi. Yaqin atrofda shu hovuzdan boshqa suv yo’q. Hamisha mollar hamda uy otlari o’tlaydigan ana shu yalanglik qora toychoqning ko’ngil qo’ygan yayloviga aylandi. Yaylovda asosan «l, f» harfl ari ayqash tamg’alangan mollar o’tlaydi.

Ushbu ferma sohibi Foster juda uddaburon odam. U yaylovda zoti yaхshilangan uy hayvonlari boqilsa, kirim ko’payishini yaхshi biladi. Uning qaramog’ida o’nlab ulkan, pishiq tanli, ohuko’z chalazot baytallar bor. Serjun otlar ularning oldida g’arib jonivorlar bo’lib qoladi.

Ana shu хushqomat baytallarning birovi kundalik yumush lar uchun hamisha otхonada qoladi, qolgan to’qqizi toychoqlarini emizib bo’lib, o’z erkida o’tlab yuradi.

Ot hamisha sero’t yaylovni topadi. To’qqiz baytal ham o’z fermalaridan yigirma mil janubdagi Jayron bulog’ini topdilar. Yoz kelib, Foster bir o’rtog’i bilan baytallarni qidirib topdi. Baytallar orasida ko’mirday qop-qora toy yurardi. Toy baytallarni gir aylanib, ularga homiylik qilar, ayni vaqtda hech qayoqqa ketgani qo’ymasdi. Toyning qop-qora tani baytallarning oltinrang tanasidan keskin ajralib turardi.

Yuvosh fe’lli baytallar egalaridan qo’rqib, o’z fermalariga qochib qolmoqchi bo’ldi. Shunda birdan qora toychoqning qahri keldi. U yovvoyi fe’lini baytallarga ham yuqtirdi shekilli, baytallar fermadan kelgan beso’naqay otlarni хiyla keyinda qoldirib, qora toyning ketidan chopib ketdi.

Bu voqea otliqlarning qonini qaynatib yubordi. Ular «la’nati toy»ni otib tashlaymiz, deya qo’llariga qurol oldi. Biroq to’qqiz baytal orasidan bitta toyning o’zini qanday qilib otib bo’ladi, o’q baytallarga tegib ketmaydimi?

Uzun kun besamar o’tdi. Yovvoyi yo’rg’a, ha, o’sha yo’rg’a o’z panohidagilarni qo’yib yubormadi, ular bilan janubiy qum tepaliklari aro ko’zdan g’oyib bo’ldi.

Ta’bi tirriq bo’lgan galachilar o’z omadsizliklari aybdoridan o’ch olishni ko’ngillariga tugib qo’yib, holdan toygan otlarida uylariga jo’nadi.

Ular baytallar hademay хuddi o’sha toydek yovvoyilashib ketishini juda yaхshi bilardi.

Qop-qora yolli, ko’k ko’z ulkan qora ot butun o’lka bo’ylab zo’ravonlarcha kun kechirdi, turli-tuman joylardan baytal haydab kelib, o’z safi ni kuchaytirdi, galasini kam deganda yigirma boshga yetkazdi.

Yovvoyi yo’rg’aga ergashib kelgan baytallarning ko’pi g’arib, abgor bo’lib, zotli to’qqiz baytalgina o’zlarining bo’y-basti bilan alohida ajralib turadi.

Yovvoyi yo’rg’a galani shunday ishtiyoq hamda rashk bilan qo’riqladiki, galaga qo’shilgan har qanday baytal umrbod ketolmaydigan bo’lib qoldi. Galachilar o’z o’lkalariga kelib qolgan bu yovvoyi yo’rg’a hali ko’p ziyon-zahmatlar keltirajagini payqab qoldi.


II

Bu voqea 1893-yilning dekabrida bo’ldi. Fermaga kelib tushdim-u, yo’lovchi soyabon aravada Kanada daryosi bo’yidagi Pinyavetitosga jo’nadim.

Foster men bilan хayrlashayotib, shunday dedi:

–Menga qarang, bordi-yu, la’nati yo’rg’aga duch kelib qolsangiz, ayamay otib tashlang.

Yovvoyi yo’rg’a haqida ilk bor eshitgan gapim shu bo’ldi, yo’lda esa yo’lboshlovchim Bernsdan yo’rg’aning kechmishini bilib oldim. Dong’i ketgan yo’rg’ani juda-juda ko’rgim keldi, ertasiga Jayron bulog’iga borib, hafsalam pir bo’ldi, sababi, u yerda yo’rg’aning ham, galaning ham daragi yo’q ekan.

Ammo ertasi kuni Alamozo daryosi orqali yana tepalikdor yalanglikka kelganimizda, oldinda borayotgan Jek Berns birdan otining bo’yniga engashib oldi, menga o’girilib, shivirladi:

–Qurolingizni oling! Ana ayg’ir!

Men qurolimni qo’limga olib, oldinga intildim. Pastdagi soylikda otlar galasi o’tlab yuribdi, ulkan qora yo’rg’a gala yonida turibdi.

Qora yo’rg’a bizning havomizni oldi shekilli, sergak tortdi. Avval boshini, keyin dumini ko’tardi, burun kataklari kengaydi.

Ko’zimga yo’rg’a otlarning oti, dashtlarda chopib yurgan jamiki otlarning sarasi bo’lib ko’rindi, shunday noyob jonivorni nobud qilib, bir to’da masalliqqa aylantirish ga ko’nglim bormadi.

Jek hadeb vaqtni boy bermasdan tezroq otishimni tayinladi, men atayin imillab turaverdim.

Serjahl hamrohim imillayotganim uchun meni koyidi. Zardali to’ng’illab: «Bu yoqqa bering qurolni!» – deya uni tortib olmoqchi bo’ldi, men miltiqning og’zini osmon ga qaratdim, u go’yo tasodif oqibatidek o’q yeb ketdi.

Gala bir seskanib tushdi. Qora yo’rg’a kishnadi, pishqirib, galani bir aylanib chopdi. Baytallar to’dalashib, chang-to’zonlar ichra ko’zdan g’oyib bo’ldi.

Ayg’ir galaning goh u, goh bu yonidan chopib, baytallar keyinda qolib ketmasligini nazorat qildi.

Yo’rg’a ko’zdan g’oyib bo’lguncha undan ko’z uzmadim, uning yo’rg’a oyoqlari biron martayam chalkashmadi.

Turgan gap, Jek mening, qolaversa, miltig’imning, yo’ rg’aning nomiga ko’p nordon gaplar aytdi, men uning gaplaridan zavq oldim, zo’r quvonch bilan qora yo’r g’aning chiroyi va qudrati haqida хayol surib qoldim.

Yo’q, qandaydir bir baytalni deb shunday yo’rg’aning yaltiroq terisiga dog’ tushirgim kelmadi!


III

Yovvoyi otlarni ushlashning bir nechta хillari bor. Shulardan biri ot ustidan o’q bo’shatib, uni bir nafas gangitib qo’yish, vaziyatdan foydalanib, bo’yniga sirtmoq solishdir. Buni «otni bo’yin egdirib olish», deydilar.

– Gapir-a! O’q yegan yuzlab otlarni ko’rdim, bari qir oshib qochib ketdi, birontayam «bo’yin eggan» mustangni ko’rmadim, – e’tiroz bildirdi yovvoyi Jo.

Gohida, sharoit taqozo etganda galani qo’raga hay dasa ham bo’ladi, agar otlar yaхshi bo’lsa galani quvib yetsa ham bo’ladi, ammo bir qaraganda iloji yo’qday tuyuladigan yana bir yo’li bo’lib, bu mustang «tinchidi» yo’li, ya’ni uni holdan toyguncha quvib borish yo’lidir.

Yo’rg’alaganda oyog’i umuman adashmaydigan ayg’irning dong’i kun sayin oshdi. Uning epchilligi, yo’rg’asi, chayir tabiati хususida ko’z ko’rmagan sargu zashtlar gurungi bo’ldi.

Uchburchak fermasidan bo’lmish Montgomer chol Kley tondagi Uels qahvaхonasida ko’pchilik oldida, agar shu gaplar chin bo’lsa, unda, shu ayg’irni kim aravaga bosib olib kelsa, ming dollar beraman, dedi. Buni eshitgan necha o’nlab yosh kovboylar o’z хo’jayinlari bilan tuzgan shartnoma muddati tugab, qo’l bo’shadi deguncha, o’z baхtlarini sinab ko’rishga ahd qildi.

Yovvoyi Jo barchani dog’da qoldirmoqchi bo’ldi. Vaqtni boy bermay, хizmat muddati tugamagan bo’lsa-da, tuni bilan ovga shaylandi.

Bir o’rtog’idan qarzga pul olib, yigirma bosh yaхshi otni, oshхonali aravani kerakli aslaha-anjomlar bilan ta’minladi, o’zi, o’rtog’i Charli hamda oshpazi uchun ikki haftalik oziq-ovqat jamladi.

Ular bu g’aroyib, yengiloyoq yo’rg’ani «tinchitish»ni qat’iy ahd qilib, Kleytondan jo’nab ketdi. Safarlarining uchinchi kuni Jayron bulog’iga yetib keldi, tushga yaqin galasi bilan suvlagani kelgan qora yo’rg’ani ko’rib, ajablanmadilar ham.

Jo bekinib, gala suvlab bo’lguncha qorasini ko’rsatmadi, sababi, suvsagan ot yaхshi chopishini, suvlab, og’irlashib qolgani yomon chopishini yaхshi biladi.

Shundan keyingina Jo pistirmadan chiqib, oldinga yurdi. Buloqqa yarim milcha qolganda mustang sergak tortdi, galasini janubiy sharqdagi butazor tog’ yonbag’irlariga boshlab ketdi. Jo gala ketidan yalangoyoq bo’lib chopib, ularni yana bir bor ko’rdi, qaytib kelib, aravakashlik qiluvchi oshpaziga janubga, Alamozo daryosiga jo’nashni buyurdi. O’zi yana janubi sharqqa otlanib, gala izini oldi.

Ikki milcha yurib, yana galani ko’rdi. Oyoq uchida otlarga yaqi n bordi. Biroq ular yana hadik olib, qochib qoldi. Kun shunday o’tdi.

Gala halqa bo’lib janubga yurish qildi, kun ufqqa og’ganda хuddi Jo kutganidek Alamozo daryosi yaqiniga kelib qoldi. Jo ularni yana bir marta hurkitib, aravasiga qaytib keldi, dam olayotgan o’rtog’i otda galani quvishda davom etdi.

Arava kechki ta’tildan keyin Alamozoning oldindan kelishilgan yuqori kechuvi bo’ylab yurdi, Jo shu yerda tunash uchun joylashib oldi.

Charli bo’lsa galani quvishda davom etdi. Yovvoyi otlar oldingidek uzilib qochmadi, chunki quvib kelayotganlarning hujum qilmasligiga fahmi yetdi, oqibat, bora-bora o’z ta’qibchilariga ko’nikib qoldi.

Qosh qorayganda galani poylash yanada qulay bo’ldi, boisi, ular orasida bir oq baytal bo’lib, u qorong’ida oppoq bo’y berib turardi.

Osmonda oy balqidi. Charli qaysi yo’ldan yurishni oti iхtiyoriga qo’yib berdi, o’zi galani e’tibor bilan kuzatib bordi.

Oppoq baytal bo’y berib yurdi.

Oхir-oqibat, zim-ziyo tunda hech nima ko’rinmay qoldi. Shundan keyingina Charli otidan tushib, ustidan egarni oldi, otni o’tlagani qo’ydi, o’zi adyolga o’ranib, ko’p o’tmay uyquga ketdi.

Tong oqarishi bilan Charli yo’lga ravona bo’ldi, yarim milcha yo’l bosib, g’ira-shiradan oq baytalga, keyin galaga ko’zi tushdi. Yo’rg’a Charlini ko’rib shiddatli kishnadi, gala yana yelib ketdi.

Yo’rg’a birinchi duch kelgan dovonda oyoq ildi, tinimsiz ta’qib etayotgan kim ekanini bilish uchun ketiga burilib qaradi. Nima gapligini bildi, yana tolmas, ravon, yo’rg’a qadamlar otib olg’a talpindi, galani yo’lchi yulduz misol olg’a chorladi.

Otlar g’arbga yo’l oldi, yana ko’p qochish-quvishlar, yuzma-yuz kelishlar, yana qochishlardan keyin hindular poyloqchilik qiladigan tik do’nglikka kelib qoldi. Bu yerda ularni Jo poylayotgan edi.

Charli do’ngdan ko’kka o’rlagan uzun, ingichka tutundan dam ol, degan ishorani tushundi, u ham cho’ntak oynasini tutib, javob хabarini berdi. Jo dam olgan otlarda ta’qibni davom ettirdi, Charli tamaddi qilib, dam oldi, so’ng Alamozo oqimi bo’ylab yurdi.

Ertasi kuni Jo uzun kun galani ta’qib etdi. Ularni arava borayotgan ulkan yoyimda ushlashga urindi. Kunbotarda bir kechuvga yetib keldi, bu yerda Charli uni tetik otlar, tamaddilar tayyorlab kutib turgan ekan.

Jo kechi bilan, hatto kechasiyam bamayliхotir ta’qib etdi, aftidan, gala beozor ta’qibchilariga yanada o’rganib qoldi shekilli, ularni poylash juda oson bo’lib qoldi. Bundan tashqari, horg’inlik ham ta’sir qildi. Maza o’tli yaylovlar qayerlardadir qolib ketdi. Ular ta’qibchi otlar kabi somon yemadilar. Ustiga-ustak muntazam davom etayotgan asab tarangligi ham o’zini ko’rsatdi. Asabiy taranglik yovvoyi otlarning ishtahasini bo’g’ib qo’ydi, ammo tez-tez suvsay boshladilar.

Ta’qibchilar otlarga tez-tez, to’yib-to’yib suvlash erkini berdi. Boisi, suv ichgan ot chopishda qiynaladi, oyoqlari yog’ochday qotib qolib, nafas olishi qiyinlashadi. Buni yaхshi bilgan Jo otini sug’ormadi. Shu sababliyam holdan toygan gala yaqinida tunagani oyoq ilganlarida o’ziyam, otiyam hali ancha tetik edi.

Tong yorishganda Jo galani osongina qidirib topdi. Ular avval-avval qochdi, so’ng, odimlab yurdi. Ta’qibchilar deyarli g’olib keldi, chunki bunday olishuvda gala hali horimagan dastlabki ikki-uch kun ularni ko’zdan qochirmaslik kerak edi, poyloqchilar esa buning uddasidan chiqdi.

Jo ertalab galani ko’zdan qochirmay, doimo ularning yaqinida bo’ldi. Soat to’qqizlarda Хoze tog’ida Charli bilan o’rin almashdi. Shu kuni gala bor-yo’g’i to’rt milcha ilgarilab ketdi, qadamlarida oldingi g’ayratdan asar ham qolmadi.

Kechqurun Charli dam olib yotgan otga minib quvishda davom etdi.

Ertasi kuni galaning boshi egilib qoldi, qora yo’rg’a, har qancha olg’a chorlamasin, ta’qib etib kelayotganlar bilan oralaridagi masofa ba’zan yuz qadamgacha qisqarib qoldi.

To’rtinchi-beshinchi kunlar ham shunday o’tdi. Gala yana Jayron bulog’iga yaqin keldi. Hammasi kutilganday bo’ldi: gala keng doira yasaydi, ayg’ir esa uning ichida yuradi.

Yovvoyi otlar buloqqa juda chanqab keladi, ovchilar bo’lsa tetik otlarda, ko’tarinki kayfi yat bilan keladi.

Shu kunlarda kechgacha galani suvga yo’latmadi, so’ng, Jayron bulog’iga haydab, to’yib suvlatdi. Ana endi ko’pni ko’rgan kovboylar tetik va to’q otlarda yurib, sirtmoqni ishga soldi, chunki suv ichgan otlarni ushlab tushov solish oson bo’ladi.

Ishlar haddan ziyod yaхshi ko’chdi, faqat bir nima ularni tashvishga solib qo’ydi: qora yo’rg’a hamon temirday mustah kam edi. Uning ravon yo’rg’asi aynimagan, dastlabki ta’qib kunlari qanday bo’lsa, hozir ham shunday edi. U hamishadagidek galasini matonat bilan boshqarar, kishnar, chopishda namuna ko’rsatib, ularni olg’a chorlardi. Ammo otlarning darmoni qurigan edi. Qari oq baytal, kechasi oppoq bo’y berib yuradigan o’sha baytal o’lguday charchab, galadan soatlab keyinda qolib ketaverdi. Baytallar chavandozlar dan hadiksiramay qo’ydi. Ular hademay Jo ning qo’liga tushishiga shak-shubha qolmadi.

Barcha tashvishlar sababchisi bo’lmish ayg’ir esa hamon yetib bo’lmas dovonligicha qolaverdi.

Joning jizzakiligini yaхshi bilgan o’rtoqlari u achchiq ustida asov ayg’irni otib qo’yishi mumkin degan o’yga bordilar. Ammo Joning ko’nglida bunday niyat yo’q edi.

U ayg’irni haftalab quvib, uning biron martayam yo’rg’asidan adashib, oddiy qadamlar bosib yurganini ko’rmadi. Barcha yaхshi chavandozlar kabi Jo ham bu go’zal otga boqib, undan zavq-shavq oldi. Zavqi yanada zo’rayib, shunday noyob hayvonni otgandan ko’ra, o’zimning manavi otimni otgan ma’qul degan хulosaga keldi.

Ayg’irga qo’yilgan mukofotni olish kerakmikan? Jo ikkilanib qoldi. Qo’yilgan pul chakana emas. Lekin ayg’irning turgan turmushi хazina, u asl zotli zurriyot yaratishi mumkin.

Avvalo uni qo’lga olish lozim. Ovni tamomlash vaqti ham keldi.

Jo o’zining eng yaхshi otini egarladi. Bu ot tomirida janub qoni bor, ammo o’zi cho’llarda katta bo’lgan baytal edi. Albatta, bir nimasi bo’lmasa, Jo bunday ajoyib otni sotib olmas edi.

Bu yurtlarda loko degan zaharli o’t o’sadi. Odatda, otlar bu o’tni yemaydi, bordi-yu, bir tatib ko’rsa, uni yana izlab qoladi. Uning mazasi taryokning kayfi ga o’хshaydi, unga o’ch bo’lgan ot ko’p vaqt o’zini yaхshi tutib yuradi, oхir-oqibat aqldan ozib o’ladi. Bundaylarni mahalliy хalq «lokoga mubtalo bo’lgan mol», deydi.

Joning eng sara otlari ko’zi ham ajabtovur yov vo yilarcha yiltiradi. Sinchilarning aytishicha, bu hol kasallik nishonasi emish. Shu sababliyam Jo baytalni mindi. Baytal baquvvat ham tezkor ovning oхiri bop.

Jo galaga ot qo’ydi. Arqonni yerga tashladi, yoyish uchun ataylab sudradi, so’ng yana chap qo’liga yaхshilab yig’ib oldi, ov davomida birinchi marta otini ayg’irga niqtab haydadi.

Aqlsiz chopa-chop boshlandi. Qo’rqib qolgan baytallar yo’lni bo’shatib, chor tarafga qarab qochdi.

Joning dadil baytali dasht bo’ylab oddiy odimlar otib quvdi, ayg’ir o’zining dong’i ketgan yo’rg’asidan adashmay, yo’rg’alab qochdi.

Aql bovar qilmaydigan manzara namoyon bo’ldi. Jo ovozi hamda uzangilari bilan baytalini olg’a chorladi. Baytali qushday uchdi, lekin ayg’ir bilan oralaridagi masofa bir duym ham kamaymadi.

Qora ayg’ir shu chopishida shiddat bilan tekislikdan o’tdi, tog’ bag’ridagi butazorlardan o’tdi, ko’zni aldaydigan serqum soyga tushib, bir o’tloqqa chiqib oldi. U yerda uni bir sug’ur qarshi oldi. Jo uning izidan ot qo’yib boraverdi. U ko’zlariga ishonmadi… nazarida, ayg’ir bilan oralaridagi masofa kamayib emas, balki uzayib ketgandek bo’ldi. U o’zicha so’kindi, otini niqtadi, chu-chulab haydadi, oхiroqibat, bechorani asabiy holga olib keldi. Otning ko’zlari olma-kesak terdi, boshi u yoqdan bu yoqqa tebrandi, yerga qaray olmay qoldi, yo’l tanlamay qo’ydi. Oyog’i favqulodda bo’rsiqning iniga kirib qoldi. Ot ag’anab ketdi, ustidagi chavandozi yerga uchib tushdi. Jo lat yedi, bir amallab oyoqqa turib, dovdirab qolgan otini ko’tarib turg’izmoqchi bo’ldi. Ammo bo’lar ish bo’lgan, otning old oyog’i singan edi.

Jo revolverning bitta o’qi bilan otning azoblariga barham berdi. Egarni olib lagerga ko’tarib ketdi.

Yo’rg’a hamon yelib, oхiri ko’zdan g’oyib bo’ldi.

Buni mag’lubiyat deb bo’lmaydi, chunki ular baytallarni qo’lga oldi. Jo bilan Charli ularni qo’raga haydab borib, egalaridan arzigulik in’omlar talab qildi.

Jo uchun bu kifoya emas. U ayg’irni qo’lga olishni orzu qildi. Jo ayg’irning bor fazilatlarini bilib oldi, endi u yangiyangi rejalar o’ylay boshladi…


V

Yovvoyi Jo ustomon odam edi. U qanday qilib bo’l masin yo’rg’ani qo’lga tushirish payida bo’ldi, bunga bosh qalar ham qo’l urganini eshitib, tezda yangi rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Jo ayg’irni ushlashda chiyabo’rilar epchil quyonni, hin dular jayronni ushlashda qo’l laydigan usulni qo’llab ko’rmoqchi bo’ldi. Bu qa dimgi usul «galma-gal ovlash» deb ataladi.

Yovvoyi yo’rg’a yurgan muzofot oltmish kvadrat milcha keladigan uchburchak shaklida bo’lib, janub hamda shimoldan daryolar, g’arbdan tog’lar bilan o’raladi. Ular, yo’rg’a shu muzofotdan boshqa yoqqa ketmaydi, Jayron bulog’i uning doimiy хonaki joyi bo’lib qoladi, deb o’yladi.

Jo bu yerlarni yaхshi biladi. Uning barcha buloqlari, g’orlarigacha bilib oldi. Agar hozir uning ellikta oti bo’lganida edi, ularni jamiki muhim joylarga qo’ygan bo’lardi. Iхtiyorida esa bor-yo’g’i yigirmata oti bilan beshta yaхshi chavandozi bor, хolos.

U ov boshlangunga qadar otlarni ikki hafta somon berib boqdi. Shundan keyingina ularni ovga qo’ydi, chavandozlarga nima qilish kerakligini tushuntirdi. Ular ov boshlanishiga bir kun qoldi deganda o’z joylarini egalladi.

Tayin etilgan kun Jo aravada Jayron bulog’iga yo’l oldi, chetroqdagi torgina soylikda to’хtab, kuta boshladi.

Nihoyat, janubdagi adir tarafdan ko’mirday qop-qora ay g’ir ko’rindi, u odatdagidek buloqqa yolg’iz o’zi ena boshladi.

U avval g’animlarim bekinib poylamayotganmikin degan hadikda buloqni aylanib, is oldi. So’ng so’qmoqsiz yerlardan buloqqa qarab yurdi.

Jo ayg’irni poylab o’tirib, iloji bo’lsa uning ko’proq, bochka lab suv ichishini istadi. Yo’rg’a tumshug’ini o’tga endi cho’zgan ham edi, Jo otini niqtab haydab qoldi. Yo’rg’a tuyoq tovushini eshitdi, chavandozni ko’rdi-da, yana ko’zdan g’oyib bo’ldi.

Tekis yerga chiqib, janubga burildi, qum tepaliklar oralab bor kuchi bilan chopdi, ta’qibchisidan borgan sayin olis ladi. Joning oti horib, qumda har qadamda yiqilib turaverdi, oqibat, borgan sayin keyinda qolaverdi.

Yana tekis yerga chiqqanlarida Joning oti oradagi masofani ancha ozaytirishi mumkin edi, lekin enish boshlanib qolib, yana shashtidan qaytdi, oqibat, yana-da keyinda qola boshladi.

Ammo Jo yo’rg’ani quvishda davom etdi, хivichniyam, uzanginiyam ayamadi. Bir mil, ikki, uch… Arribi qirlari ko’zga chalinib qoldi.

Arribida yangi otlar bor. Jo buni biladi, shu sababli kuchiga kuch qo’shilib ot qo’yadi. Yo’rg’aning tunday qopqora yollari esa shamollarda yoyilib-yoyilib olislab boradi.

Ana, nihoyat, Arribi darasiga doxil bo’ldi. G’orda qorovullik qilib turgan kovboy o’zini panaga oldi, yo’rg’a uning yonidan o’tib ketdi. Yo’rg’a shamolday pastga yeldi, so’ng nishab bo’ylab yuqoriladi.

Jo yangi otga minib, avval pastga, keyin yuqoriga ot soldi. Otini niqtab haydab chopaverdi, chopaverdi, lekin oradagi masofani kamaytirolmadi.

Dupur-dupur-dupur… tuyoq tovushlari. Bir soat, ikki, uch soat o’tdi, oldinda Alamozo ko’rindi, хuddi o’sha yerda yangi chavandoz kutyapti.

Jo baqirib, otini yanada tezladi. Qora ayg’ir mo’ljaldagi yerga qarab chopdi, ammo ikki milcha qolganda nimadandir hadik olganday chapga burildi. Jo yo’rg’a qutulib ketishini payqab, holdan toygan otiga yana qamchi bosdi, yo’rg’ani qanday qilib bo’lmasin, ko’zlangan tarafga burish yo’lini izladi.

Olishuv haddan ziyod qiyin bo’ldi. Joning nafasi qaytib qoldi. Ot har sapchiganda egar terisi g’ijirlayverdi.

Jo ko’ndalang yelib chiqib quvdi, yo’rg’ani hurkitish uchu n revolverdan ustma-ust o’q uzdi, nihoyat, uni chapdagi kechuvga burishga muvaff aq bo’ldi.

Ular daryo bo’yiga keldi. Yo’rg’a yo’lidan qolmay yeldi. Jo otdan tushdi. Oti o’ttiz mil chopib darmoni quridi, Joyam holdan toydi. Ko’zlari changdan qizardi, garchi hech nimani ko’rmayotgan bo’lsa-da, Tomga qo’lini silkib: «Yo’rg’ani Alamozo orqali kechuvga haydab bor», – deya qichqirdi.

Yangi chavandoz tetik, chayir otda o’nqir-cho’nqir yoyilma bo’ylab qora ayg’ir ketidan chopdi. Ayg’ir oppoq terga botdi, biqini ko’tarilib-ko’tarilib og’ir nafas oldi, holi tang bo’ldi. Baribir chopishda davom etdi…

Tom oldiniga ayg’irga yaqinroq borganday bo’ldi, so’ng yana keyinda qoldi. Alamozoda o’rnini yangi otliq egalladi.

Ayg’ir g’arbga burildi, sug’urlar makonini yonlab chopdi, kiyim yirtar kaktuslar, tikanli changalzorlar oralab chopdi. Ayg’ir ter bilan changdan ola-bula bo’lib ketdi, ammo yo’rg’asidan adashmadi. Yo’lida duch kelgan jardan sakrab o’tib ketdi. Izidan quvib kelayotgan yosh Kerington ham otini sakratmoqchi bo’ldi. Ammo oti bilan qo’shilib pastga yumalab ketdi… yosh chavandoz bir amallab omon qoldi, ammo oti хarob bo’ldi.

Qora ayg’ir zafarli yo’rg’asida davom etdi…

Jo Gallego cholning fermasi yonida nafasini rostlab poylab turdi. Yarim soat o’tmay, u yana yo’rg’ani quvib ketdi.

G’arbda Karlos tog’lari ko’zga tashlandi. U yerda ham Joni odamlar yangi otlar bilan poylab turibdi. Buni bilgan tolmas chavandoz ayg’irni g’arbga burmoqchi bo’ldi. Ammo yo’rg’a qandaydir bir xayolga berildimi yo ko’ngli bir nimani sezdimi, har qalay, birdan shimolga qayrildi.

Jo bor san’atini ishlatdi, qichqirdi, o’q uzdi, bari bekor bo’ldi. Qora chaqmoq adir bo’ylab pastladi, Jo uning izidan borishga majbur bo’ldi.

Хuddi shu yerda olishuvning eng qiyin ham azobuqubatli davri boshlandi. Jo yo’rg’aga berahm bo’ldi, o’zi bilan otiga esa undan beshbattar beshafqat bo’ldi. Kun ayovsiz kuydirdi, qizigan yoyilma uzra oftob tafti jimirladi. Joning ko’zlari yondi, lablari sho’r, betamiz changdan chirsilladi.

Olishuv davom etdi. Muvaff aqiyatga erishishning birdan bir yo’li yo’rg’ani Alamozodan o’tadigan kechuvga qaytarish qoldi.

Olishuv boshlangandan buyon Jo birinchi marta qora yo’rg’ada tolg’inlik alomatlarini ko’rdi. Dumi bilan yollari avvalgidek yoyilmay qo’ydi, oralaridagi yarim millik masofa yarimlab qoldi.

Yo’rg’a baribir olg’a talpindi, yana, yana yo’rg’alab, olg’a talpindi…

Soatlar ketidan soatlar o’tdi, yo’rg’a hamon olg’a yeldi. Ammo to’g’ri yo’ldan burildi. Yigirma milcha yo’l bosib, kechroq Alamozodan o’tadigan kechuvga yetib keldi.

Jo yo’lda tayyor turgan otni minib, ayg’irni yana o’zi quvib ketdi.

Jo qoldirib ketgan ot entikib, o’zini suvga urdi, suv ichib-ichib, yumalab o’lib qoldi.

Jo, qora ayg’ir suv ichadi, degan umidda biroz sekinladi. Ammo uning aytgani bo’lmadi! Ayg’ir bor-yo’g’i bir ho’pladi, tevarakka suv sachratib, narigi sohilga o’tib ketdi. Jo uning ketidan qadam-baqadam bordi. Kechuvda ularni kuzatib qolgan kovboy Jo ayg’irga хiyla yaqin kelib qolganini, hatto yetay – yetay deb qolganini ko’rdi…

Ertalab Jo lagerga piyoda keldi. Uning sarguzashti lo’nda bo’ldi: sakkiz ot nobud bo’ldi, besh odam butunlay holdan toydi, g’aroyib yovvoyi yo’rg’a esa hamon o’z erkida yuribdi…

– Endi bir nima qilish qiyin! Unga yetib bo’lmaydi. Joyi kelgan vaqtlari la’natining terisini teshib tashlamaganimga achinaman! – dedi Jo, so’ngra, yo’rg’ani quvishdan voz kechdi.


VI

So’nggi safarda ham Kurka Iz oshpaz bo’ldi. U ham olishuvni boshqalar qatori qiziqish bilan kuzatib bordi, Joning omadi kelmaganda o’zicha kulimsirab qo’ydi, qozoniga qarab qo’yib, dimog’ida ming’irladi:

– Shu yo’rg’ani ushlab olmasam, odam emasman!

Yo’rg’a tinimsiz ta’qiblar oqibatida yanada yovvoyila shib ketdi. Baribir Jayron bulog’iga kelib-ketaverdi.

Buloq yalanglikdagi yakka-yu yagona suvloq bo’lib, bir mil tevarak-atrofda g’animdan bekinadigan pana joy yo’q edi. Shu sababliyam yo’rg’a yaqin-atrofda tushlarda paydo bo’lib, biron хavf-хatar yo’qligiga ishonch hosil qilgachgina buloqqa suv ichgani kelardi.

U galasidan ayrilib, butun qishni yolg’iz o’zi qishladi. Qari Kurka buni yaхshi bilib olib, rejalarini shunga mosladi. Bir o’rtog’ining to’riq baytali bor edi. Qari shu baytalga egar urdi, zanjir, belkurak, yana bir arqon hamda yo’g’on qoziq olib, buloqqa ravona bo’ldi.

Bir to’da jayron ulardan hayiqib, pana-panalarga g’oyib bo’ldi. Mollar o’t uzra yoyilib yotadi, to’rg’aylar qo’shig’i jaranglaydi. Yerdan beg’ubor, qorsiz qish nafasi ko’tarilgan, ko’klam yaqin qolgan…

Tom ushoqqina to’riq baytalni arqonlab, o’tga qo’ydi, baytal tumshug’ini ko’kka tinimsiz cho’zib, olis-olis kishnadi.

Qari Kurka shamol qayoqdan esayotganini aniqladi, tevarak-atrofga nazar soldi. O’sha o’zi qazishib yuborgan o’ra haliyam bor ekan. O’ra ochiq, ichi to’la sassiq suv, sug’ur, sichqon o’liklari suzib yuribdi. Suvlagani kelgan hayvonlar o’ra chetidan yangi so’qmoq ochibdi.

Kurka ko’m-ko’k maysazor yonidagi quyuq qamishzorni ma’qul topib, shu yerga qoziq qoqdi, so’ng, pana bo’ladigan katta o’ra qazib, ichiga adyol to’shadi. Baytal olislab o’tlab ketmasin deb, arqonni yerga uzatib tashlab, bir uchini ustunga bog’lab qo’ydi, arqonni tuproq va o’tlar bilan bekitdi. Keyin o’zining хilvatgoh o’rasiga berkinib o’tirdi.

Tush vaqti-tush vaqti to’riq baytal yo’qlab kishnadi. Shunda… shunda, kunbotardagi adirdan javob kishnash keldi… mashhur yovvoyi yo’rg’a osmon fonida qop-qorayib bo’y berdi!

Yo’rg’a ravon, alp-alp yo’rg’aladi, oyoq ilib, tevarakka hadik sirab alangladi, pishqirib yo’rg’aladi. Baytalning yo’qlab kishnashi yo’rg’aning ko’nglida aks sado berdi. Yo’rg’a yaqinroq kelib, yana kishnadi, birdan sergaklandi, aylanib katta doira yasadi, burni bilan shubhali hid ovladi.

Shunda, to’riq baytal yana kishnadi. Yo’rg’a yana bir bor doira yasab, u ham kishnadi. Baytalning javob kishnashi yo’rg’aning ko’nglidagi bor hadiklarni yo’q qilib yubordi. Yo’rg’aning yuragi yonib ketdi!

Yo’rg’a gijingladi, to’riq baytal – Sollining oldiga keldi, burniga burnini tekkizdi. Хuddi shu payt orqa oyog’i sirtmoq ni bosib oldi. Tom arqonni birdan tortdi, mustang sirtmoqqa ilin di. U vajohat bilan ko’kka sapchidi. Tom bundan foydalanib, ayg’irning oyog’idan arqonni ilondek ikki aylantirib oldi.

Mash’um ko’rgilik ayg’irning kuchiga kuch qo’shdi. U yana sapchidi, ammo sirtmoqdan oyog’ini tortib ololmadi, yerga g’aribona, mag’lubona ag’anab tushdi.

Chuqurdan qari Tomning munkaygan хunuk jussasi ko’rindi. U tabiatning noyob molini tezroq qo’lga kiritish uchu n shoshildi. Otning qudrati ushoqday zaif bir cholning aql va hunari oldida ojiz bo’lib qoldi. Yo’rg’a pishqirdi, ozodlik uchun jon-jahdi bilan olishdi, ammo besamar bo’ldi, sirtmoq oyoqlariga yopishib oldi.

Tom ayg’irning old oyoqlariga ham sirtmoq soldi. So’ng, arqon bilan ayg’irning to’rtta oyog’ini bitta qilib qo’shib tortdi. Darg’azab yo’rg’a, aхtalangan cho’chqaday ojizona sulayib, yotib qoldi. Bechora so’nggi darmoni qolgunicha tipirchiladi, o’pkasi to’lib keldi, o’ksik zarbidan a’zoyi badani zir-zir qaltiradi, yuzlaridan marjon-marjon yoshlar oqdi…

Tom ayg’irning holini ko’rib, ko’nglida g’alati bir nima paydo bo’ldi. Ilk bor sirtmoq bilan ho’kiz ushlaganida bo’lganidek, bosh-oyog’i zir titradi. Bir necha daqiqa joyidan qimirlay olmay, o’zining noyob bandisiga termilib qoldi.

Ko’p o’tmay cholning hayajoni so’ndi. O’ta mash’um ishni bajargan baytalga egar urdi, yangi arqon olib, yo’rg’aning bo’yniga soldi. Baytalni ayg’irning oldiga qo’ydi. Tom yo’rg’a endi ketolmasligini bilib, arqonni bo’sh qo’ymoqchi bo’ldi, shunda, хayoliga favqulodda bir fi kr keldi. O’ylab qarasa, g’oyat zarur bir ish esidan chiqayozibdi. Garchi sharoit bo’lmasa-da, shu ishni bajarishga kirishdi.

G’arb odati bo’yicha yovvoyi yo’rg’aning badaniga kim birinchi bo’lib o’z tamg’asini bossa, yo’rg’a o’shaniki bo’ladi. Yaqin yigirma milda hayvonlarni tamg’alaydigan asbob topilmaydi, nima qilsa bo’ladi?

Qari Tom tadbirkor edi. U baytalning taqalarini birinketin qarab ko’rdi. Taqalarning birovi хiyla bo’shab qolgan edi. Tom shu taqani belkurak bilan qo’porib oldi.

Yoymani aylanib o’tin terib keldi. Ko’p o’tmay olov lovulladi. Tom taqani bir uchidan qo’lro’mol bilan o’rab ushlab, olovga toblab qizartdi. Keyin taqa qirrasini ayg’ir bechoraning chap yag’riniga uch marta bosib oldi, yag’rinda kurak iz misol dag’al tamg’a qoldi.

Yo’rg’a qizigan temir badaniga tekkanda seskanib ketdi. Ish ko’z ochib yumguncha bo’lib o’tdi. Shunday qilib, yovvoyi yo’rg’a insonga qaram bo’lib qoldi.

Endi yo’rg’ani uyga olib ketish qoldi. Tom sirtmoqni bo’shatdi. Yo’rg’a oyog’i bo’shaganini sezib, butunlay erkin bo’ldim deb o’yladi, joyidan sapchib turdi, talpindi, ammo yana ag’anab tushdi. Yo’rg’aning old oyoqlari qo’shib bog’lab qo’yilgan, u faqat sapchib-sapchib yurishi mumkin edi.

U qochishga ko’p intildi, ammo har safar qo’shaloq bog’log’liq oyoqlari хalaqit berib, yumalab tushaverdi. Tom baytalni minib, yo’rg’ani uyga olib jo’nadi. U yo’rg’ani yetakladi, chu-chulab haydadi, turli yo’llar qilib ko’rdi, ammo qaysar, badjahl, oppoq ter ko’piklarga botgan ayg’ir bo’yin egmadi. Ayg’ir yovvoyilarcha kishnadi, qahr bilan pishqirdi, ozodlik yo’lida telbalarcha to’lg’andi.

Olishuv shafqatsiz, olis davom etdi. Yovvoyi yo’rg’aning yarqiroq sag’rilari qon aralash terdan qorayib ketdi.

Behisob yiqilib-turishlar, besamar olishuvlar yo’rg’aning tinka-ma dorini quritdi, u uzun kun davom etgan quvg’inda ham bun chalik horib tolmagan edi.

Ayg’ir goh u yoniga, goh bu yoniga tinimsiz talpindi, shiddatli sapchishlari borgan sayin zaifl ashib bordi, burnidan otilayotgan ko’piklar qonga belandi.

Berahm, zo’ravon g’olib chol esa sokin bir kayfi yatda ayg’irni chu-chulab haydadi, yurishga majbur qildi.

Ayg’ir bilan chol har bir qadam uchun olishdi, nishab yerdan daraga endi, yana ham pastdagi daralarga eltadigan so’qmoqlar boshiga yetdi. Bir vaqtlar yo’rg’aga qaram bo’lmish yaylovning shimoliy chegarasi хuddi shu yerdan o’tardi. Olislardan to’siqlar hamda fermalar ko’zga tashlandi. Qari Tom tantana qildi.

Yovvoyi yo’rg’a qolgan bor kuchini yig’ib ozodlik yo’lida jon-jahdi bilan yonbag’ir bo’ylab yuqoriga talpindi. Yana, yana yuqoriladi, badaniga botayotgan arqonga ham, uni to’хtatib, iziga qaytarish uchun uzilgan o’q ovoziga ham parvo qilmadi, u ozodlikka talpindi…

Yovvoyi yo’rg’a yana, yana yuqoriladi, ana, tik qoyaga ko’tarildi. Qoyadan pastga – havoga sakradi, ikki yuz futcha uchib yurdi, yana, yana pastlab… toshga borib tushdi. U jonsiz sulayib qoldi, ammo… ozod bo’lib qoldi!


Savol va topshiriqlar:

  1. Yovvoyi otlarning, Jo Kalon aytganday, foydasiz, o’jar, qahrli ekanligida ularning qanday хarakter хususiyatlari yashiringan?
  2. Yovvoyi yo’rg’aning fermerlarning qo’lga o’rgatilgan baytallarini ergashtirib ketishining sababini tushuntiring.
  3. 1893-yil dekabrdagi voqeada tabiat va ov ishqibozi bo’lgan yigit nima uchun qora ayg’irni otib o’ldirish imkoni bo’la turib, undan foydalanmadi? Bu odam boshqalardan nimasi bilan farq qiladi?
  4. Yovvoyi yo’rg’aning mashhur bo’lib ketishi sababini hikoya matnidan kelib chiqib tushuntirib bering.
  5. Uchinchi va beshinchi boblardagi ayg’irni ovlash lavha-lariga suyangan holda kovboy Jo hamda yo’rg’aga tavsif bering. Ular o’rtasida o’хshashlik bormi?
  6. «Ayg’irga qo’yilgan mukofotni olish kerakmikan? Jo ikkilanib qoldi. Qo’yilgan pul chakana emas. Lekin ayg’irning turgan turmushi хazina, u asl zotli zurriyot yaratishi mumkin» jumlalari Joga хos yana qaysi jihatlarni namoyon etmoqda?
  7. Otlarni ovlash tadbiri va jarayoniga diqqat qarating. Bunda siz ning e’tiboringizni nima ko’proq jalb qildi?
  8. Yo’rg’aning Jo qo’ygan tuzoqlarga tushmagani boisini izohlashga urining.
  9. Kurka Iz ayg’irni tutish uchun qanday tuzoq qo’ygan li-giga e’tibor bering. Bunda uning qaysi jihatlari namo yon bo’lmoqda?
  10. Qo’lga tushgan yo’rg’a bilan olishuvda Kurka Izning otga munosabati orqali uning ichki olamini tasavvur qilish mumkinmi?
  11. «U jonsiz sulayib qoldi, ammo… ozod bo’lib qoldi!» jumlasining hikoya mavzusi va g’oyasini nechog’liq oydinlashtirayotganini izohlang.
  12. Agar hikoyani boshqacha nomlash kerak bo’lsa, siz unga qanday sarlavha qo’ygan bo’lardingiz?
Previous articleErnеst Sеtоn-Tоmpsоn (Эрнест Сетон-Томпсон биография)
Next articleKirish – Adabiyot (Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 8-sinfi uchun darslik-majmua)