12-§. O’zbekiston respublikasi fuqarolarining konstitutsiyaviy burchlari

0

Ўзбекистон республикаси фуқароларининг конституциявий бурчлари. Ҳуқуқ ва бурчлар бирлиги. Қонун олдида ҳамма тенгдир. Конституциявий бурчларга риоя этмаганлик учун жавобгарлик.

Узбекистон республикаси фукароларининг конституциявий бурчлари. Хукук ва бурчлар бирлиги. Конун олдида хамма тенгдир. Конституциявий бурчларга риоя этмаганлик учун жавобгарлик.


Mavzu ustida ishlash natijasida:

  • fuqarolarning konstitutsiyaviy burchlari nimadan iborat ekanligini;
  • balog’at yoshiga yetmagan fuqarolarning O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarligini;
  • huquq va burchlarning uzviy birligini bilib olasiz.
  1. Huquq va burchlar birligi.
  2. Qonun oldida hamma tengdir.
  3. Konstitutsiyaviy burchlarga rioya etmaganlik uchun javobgarlik.

1.Huquq va burchlar birligi

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida nafaqat O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining asosiy huquqlari, qolaversa, ularning burch- lari ham belgilab berilgan.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (II bob) fuqarolarning quyidagi burchlarini nazarda tutadi:

Ko’pchilikka ma’lum bir haqiqat mavjud:

«Xuddi huquqlarsiz burchlar bo’lmagani kabi burchlarsiz huquqlar ham bo’lmaydi».

Buni hayotning o’zi tasdiqlaydi. Jamiyatda yashab, o’ziga o’xshaganlar bilan muomala qilar ekan, inson mutlaq erkin bo’la olmaydi, atrofdagi odamlarni inobatga olmasligining iloji ham yo’q.

Bu prinsip har bir fuqaroga taalluqlidir hamda mamlakat Konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkamlab qo’yilgan majburiyatlardan bo’yin tovlashga hech kim haqli emasligini anglatadi.

Ayni mahalda Konstitutsiyada o’z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda fuqarolar boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari lozimligi alohida ta’kidlanadi (48-modda). Konstitutsiyaviy burchlar va qonunlar fuqarolar tomonidan bajarilmagan hollarda ma’muriy, fuqaroviy yoki jinoiy javobgarlik kuchga kiradi.

Topshiriq

Tasavvur qiling, sizning sinfingiz — uncha katta bo’lmagan jamiyat. Sizningcha, agar uning fuqarolari barcha huquq va erkinliklarga ega bo’lishsa-yu, ammo ularning biron-bir burchi bo’lmasa, nima ro’y beradi?

2. Qonun oldida hamma tengdir

Qonun oldida yalpi tenglik prinsipi ijtimoiy mavqeyi, egallagan mansabi va hokazolardan qat’i nazar davlatning barcha fuqarolariga tatbiq etiladi. Biron-bir fuqaro Konstitutsiya bilan belgilangan burchlardan bo’yin tovlamasligi yoki ozod etilmasligi kerak.

Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish davlat fuqarolarining eng asosiy burchidir.

Asosiy qonun belgilaydi

Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo’yilgan burchlarini bajaradilar.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 47-modda.

Tarixiy va madaniy merosni avaylab asrash

O’zbekiston xalqining tarixiy yodgorliklari, madaniy va ma’naviy merosi butun xalqning milliy boyligidir. Bu milliy boylik asrlar davomi- da yaratildi va har birimiz ajdodlarimizning tarixiy va madaniy merosini saqlab qolishimiz lozim.

Atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish

Atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish zarurati Konstitutsiyada (50-modda) va «O’zbekiston Respublikasi tabiatini muhofaza qilish to’g’risida»gi Qonunda o’z aksini topgan bo’lib, ular fuqarolar zimmasiga quyidagi burchlarni yuklaydi:

  • tabiat resurslaridan oqilona foydalanish;
  • tabiat boyliklarini asrab-avaylash;
  • tabiat obyektlari bilan bog’liq bo’lgan madaniy merosni saqlab qolish.

Bugungi kunda inson hayoti uchun tabiatni yo’q qilish, havo, yer va suvni ifloslantirishdan ko’ra katta xavf-xatar yo’q. Tabiatni qutqarar ekanmiz, biz o’z-o’zimizni halokatdan xalos etamiz.

Asosiy qonun belgilaydi

Fuqarolar O’zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar.

Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 49-modda.

Vatan himoyasi

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida Vatan himoyachisi bo’lish mamlakat har bir fuqarosining burchi, deb e’lon qilingan (52-modda). «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida»gi Qonunga muvofiq o’z Vatanini himoya qilish burchi fuqarolar tomonidan harbiy yoki muqobil xizmatni o’tash yo’li bilan bajariladi.

Muqobil xizmat odatda xalq xo’jaligi korxonalarida malaka talab qilinmaydigan ishlarni bajarishga jalb qilishni ko’zda tutadi. Ayollar tinch davrda harbiy xizmatga chaqirilmaydi.

O’zbekistonda doimiy yoki vaqtincha yashab turgan boshqa davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar harbiy xizmatni ado etmaydilar hamda mamlakat o’quv yurtlarida harbiy tayyorgarlikdan o’tmaydilar. Muddatli harbiy xizmatga salomatligi holatiga ko’ra harbiy xizmatga yaroqli, chaqiruv kunida 18 yoshga to’lgan erkaklar chaqiriladi. 1993-yilda 14-yanvar kuni bizning davlatimizda Vatan himoyachilari kuni deb e’lon qilingan.

Asosiy qonun belgilaydi

O’zbekiston Respublikasini himoya qilish — O’zbekiston Res- publikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilan- gan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o’tashga majburdirlar.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 52-modda.

Ta’lim olish — voyaga yetmagan fuqarolarning asosiy majburiyati

Mamlakat voyaga yetmagan fuqarolarining asosiy majburiyatlaridan biri bazaviy umumiy ta’lim olishdir. Maktablarda to’qqiz yil o’qiganidan so’ng ta’lim oluvchilar ta’limni 10-11-sinflarda yoki litseylarda, yoxud 11-sinfni bitirganlaridan keyin kollejlar yoki oliy ta’lim muassasalarida davom ettiradilar.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har kim ta’lim olish huquqiga ega va har kimning bepul umumiy ta’lim olishi kafolatlanadi (41-modda).

Hozirgi kunda respublikamizda oliy o’quv yurtlari, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari, umumiy o’rta ta’lim maktablari faoliyat ko’rsatmoqda. Ularning butun kuch-g’ayrati ta’lim oluvchilar har tomonlama kamol topgan, yuksak umumiy madaniyat saviyasiga ega ijodkor shaxslar bo’lishiga qaratilgan.

3. Konstitutsiyaviy majburiyatlarga rioya etmaganlik uchun javobgarlik

O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksiga muvofiq, qonunbuzarlik sodir etilgan kunga qadar 16 yoshga to’lgan fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortilishi lozim.

13 yoshdan o’smirlar aybni og’irlashtiruvchi vaziyatlarda qasddan odam o’ldirganlik, 14 yoshdan esa qasddan odam o’ldirish, qasddan o’ta og’ir yoki yengil tan jarohati yetkazganlik, qiynash, nomusga tegish, odam o’g’irlash, bosqinchilik, talonchilik, o’g’rilik, transport vositalarini haydab qochish va boshqa og’ir qonunbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlikka tortiladilar.

Voyaga yetmagan qonunbuzarlarga nisbatan quyidagi jazo turlari qo’llanishi mumkin:

  • yetkazilgan ziyonni bartaraf etish majburiyatini yuklash;
  • jarima;

– ozodlikdan mahrum etish.

Voyaga yetmagan qonunbuzarlar jazoni voyaga yetmaganlar uchun mo’ljallangan koloniyalarda yoki yopiq turdagi maxsus o’quv-tarbiya muassasalarida o’taydilar.

Yakunlarni chiqaramiz

Fuqarolarning burchlari:

  • qonun oldida hamma tengdir;
  • huquqlar burchlarsiz bo’lmaydi;
  • Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish;
  • boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish;
  • tarixiy va madaniyat yodgorliklarini avaylab asrash;
  • qonun bilan belgilangan soliqlarni to’lash;
  • harbiy yoki muqobil xizmatni o’tash;
  • atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish, avaylab asrash.

O’zingizni sinang!

  1. Sizningcha, mamlakat fuqarolari huquq va erkinliklarining ro’yobga chiqarilishi uchun ularning Konstitutsiyada mustahkamlab qo’yilishining o’zigina yetarlimi?
  2. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mamlakat fuqarolari uchun belgilangan burchlarni aytib bering.
  3. Qanday fikrdasiz, nima uchun huquqlar burchlarsiz bo’lmaydi?
  4. Mamlakat Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etmaganlik uchun voyaga yet- maganlarga qanday ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan?

Normativ hujjat

VOYAGA YETMAGANLAR ISHLARI BO’YICHA

IDORALARARO KOMISSIYALAR TO’G’RISIDAGI NIZOM

(Ko’chirma)

9-bob. TA’SIR CHORALARI VA ULARNI QO’LLASH TARTIBI

21. Tuman (shahar) komissiyalari ushbu Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan hollarda voyaga yetmaganlarga nisbatan ta’sir ko’rsatish choralari sifatida quyidagilarga haqli:

voyaga yetmaganga jabrlanuvchidan uzr so’rash majburiyatini yuklash to’g’risida tuman (shahar) sudiga taqdimnoma kiritish;

ogohlantirish chiqarish;

o’n besh yoshga to’lgan voyaga yetmagan zimmasiga, agar u mustaqil ish haqiga ega bo’lsa va zarar miqdori belgilangan eng kam oylik ish haqidan ortiq bo’lmasa yetkazilgan moddiy zararning o’rnini qoplash yoki uni bartaraf etish majburiyatini yuklash yoki belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan ortiq bo’lmagan moddiy zararni o’z mehnati bilan qoplash majburiyatini yuklash to’g’risida tuman (shahar) sudiga taqdimnoma kiritish;

o’n olti yoshga to’lgan va mustaqil ish haqiga ega bo’lgan voyaga yetmaganga O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksida nazarda tutilgan hollarda va miqdorlarda jarima solish;

voyaga yetmaganni o’z ota-onasi yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslar yoxud jamoat tarbiyachilari nazoratiga, shuningdek ularning roziligi bilan mehnat jamoasi yoki nodavlat notijorat tashkiloti kuzatuviga topshirish;

voyaga yetmaganni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda ixtisoslashtirilgan o’quv-tarbiya muassasasiga joylashtirish to’g’risida sudga iltimosnoma yuborish.

Har bir aniq holat bo’yicha qabul qilingan ta’sir ko’rsatish choralari to’g’risida tuman (shahar) komissiyalari voyaga yetmaganning yashash, o’qish yoki ish joyi bo’yicha huquqbuzarliklarning profilaktikasi bo’linmalari tomonidan voyaga yetmaganlar o’rtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yakka tartibda profilaktika ishlarini olib borish masalasini hal etish uchun tegishli hududiy ichki ishlar organlariga xabarnoma yuborishga majbur.

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING JINOYAT KODEKSI

(Ko’chirma)

43-modda. Jazo tizimi.

Jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxslarga nisbatan quyidagi asosiy jazolar qo’llanilishi mumkin: a) jarima; b) muayyan huquqdan mahrum qilish; b1) majburiy jamoat ishlari; v) axloq tuzatish ishlari; g) xizmat bo’yi- cha cheklash; d1) ozodlikni cheklash; e) intizomiy qismga jo’natish; j) ozod- likdan mahrum qilish; z) umrbod ozodlikdan mahrum qilish.

Mahkumlarga asosiy jazolardan tashqari harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish tarzidagi qo’shimcha jazo ham qo’llanilishi mumkin. Xizmat bo’yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo’natish tariqasidagi jazolar faqat harbiy xizmatchilarga nisbatan qo’llaniladi. Muayyan huquqdan mahrum qi- lish faqat asosiy jazo sifatidagina emas, balki qo’shimcha jazo tariqasida ham qo’llanilishi mumkin.

82-modda. Jarima.

Jarima eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda tayinlanadi. Mahkum jarima to’lashdan olti oy muddat mobaynida bo’yin tovlasa, sud to’lanmagan jarima miqdorini axloq tuzatish ishlari jazosi bilan almashtiradi. Bunda eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdoridagi jarima axloq tuzatish ishlarining bir oyiga tenglashtirib hisoblanadi.

83-modda. Axloq tuzatish ishlari.

Axloq tuzatish ishlari faqat mehnatga layoqatli voyaga yetmaganlarga nis- batan o’z ish joyida o’tash, aybdor hech qayerda ishlamasa, ushbu jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan o’zi yashaydigan hududdagi boshqa joylarda o’tash tariqasida bir oydan bir yilgacha muddatga tayinlanadi.

85-modda. Ozodlikdan mahrum qilish.

Voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi olti oydan o’n yilgacha muddatga tayinlanadi.

Ozodlikdan mahrum qilish jinoyat sodir etish paytida o’n uch yoshdan o’n olti yoshgacha bo’lgan shaxslarga nisbatan: b) og’ir jinoyat uchun – olti yilgacha; v) o’ta og’ir jinoyat uchun – o’n yilgacha muddatga tayinlanadi.

O’rganilgan mavzular bo’yicha bilimlaringizni sinang

ORALIQ NAZORAT UCHUN SAVOLLAR

Qiynalganda qavs ichida ko’rsatilgan darslik sahifalariga murojaat qiling.

1. Hokimiyat nima? (33-b.)

2. O’zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati birdan-bir manbayi kim? (33-b.)

3. Ma’lum bir davlatga mansubligini isbotlab berolmagan shaxs qanday ataladi? (37-b.)

4. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Ikkinchi bo’limi qaysi masalalarga bag’ishlangan? (34-b.)

5. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo’yilgan shaxsiy huquq va erkinliklarni sanab bering. (35-b.)

6. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo’yilgan siyosiy huquqliklarni sanab bering. (35-b.)

7. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo’yilgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni sanab bering. (35-36-b.)

8. Shaxsning konkret davlat bilan barqaror aloqasi qanday ataladi? (36-b.)

9. Fuqaroligi bo’lmagan shaxs qanday huquqlardan mahrum bo’ladi? (62-b.)

10. Diskriminatsiya nima? (62-b.)

11. O’zbekiston Respublikasida fuqarolikka oid ishlar bilan qaysi davlat tashkilotlari shug’ullanadi? (63-b.)

12. O’zbekiston fuqaroligini qay tariqa olish mumkin? (63-b.)

13. O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini to’xtatib qo’yish uchun qaysi sabablar asos bo’lishi mumkin? (65-b.)

14. Ma’lum bir davlat fuqaroligini qaysi hujjat tasdiqlaydi? (63, 66-b.)

15. Biometrik pasport xususiyatlarini sanab bering. (63-b.)

16. «O’zbekiston Respublikasida o’lim jazosini bekor qilish to’g’risida»gi Qonun qachon qabul qilingan? (41-b.)

17. Davlat hokimiyati organlariga fuqarolarning murojaatlari turlarini sanab bering. (58-b.)

18. O’zbekiston Respublikasi fuqarosi iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini sanab bering. (58-b.)

19. Korxona ma’muriyati qaysi yoshdan boshlab ishga qabul qilishga haqli? (48-b.)

20. Voyaga yetmagan shaxs qanday shartlarga ko’ra ishga qabul qilinishi mumkin? (51-b.)

21. Inson huquqlari bo’yicha vakil – Ombudsman huquqlarini sanab bering. (70-b.)

22. Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi vazifalarini sanab bering. (71-b.)

23. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan mamlakat fuqarolari uchun belgilangan burchlar va majburiyatlarni sanab bering. (74-b.)

Previous articleOmbudsman (омбудсман)
Next articleHuquq va burchlar birligi