Abdurauf Fitrat hayoti va ijodi

0

O’zbek adabiyoti tarixidan. XX asr o’zbek adabiyotidan. Abdurauf Fitrat hayoti va ijodi. Ўзбек адабиёти тарихидан. 20 аср ўзбек адабиётидан. Абдурауф Фитрат ҳаёти ва ижоди. Узбек адабиёти тарихидан. 20 аср узбек адабиётидан. Абдурауф Фитрат хаёти ва ижоди.

Abdurauf Fitrat (1886–1938)
Abdurauf Fitrat (1886–1938)

Abdurauf Fitrat (1886–1938). XX asr boshidagi o’zbek milliy uyg’onish davri adabiyotining yetakchi siymolaridan biri Abdurauf Fitrat ko’hna ilm-fan markazlaridan bo’lmish Buxoro shahrida 1886-yilda tavallud topgan.

Uning otasi Abdurahimboy zamonasining o’ziga to’q, o’qimishli, dunyo ko’r gan kishilaridan edi. Uning tirikchiligi sarroflik (pul maydalovchi, pul almash-tiruvchi) va savdogarlik bilan kechgan. Kasbi taqozosi bilan boshqa yurtlarga, hatto Turkiya, Eron, Qashqarga tez-tez borib-kelib turgan.

Onasining ismi Bibijon (to’la nomi Nastarbibi, ayrim manbalarda Mustafbibi deb aytiladi) bo’lgan. Fitrat 1937-yilda «xalq dushmani» sifatida qamoqqa tashlanganda onasi hayot edi.

Bu oilada Abduraufdan keyin yana ikki farzand tug’ilgan – Abdurahmon va Mahbuba.

Bo’lg’usi ijodkor avval shahardagi ko’plab eski maktablardan birida, keyin mashhur Mir Arab madrasasida o’qiydi. 18 yoshlarga yetganda, bir muddat otasining ishlariga yordam beradi, u bilan birga haj ibodatiga ham boradi. 1904–1907-yillar oralig’ida ro’y bergan shu safarlar davomida yosh Fitrat dunyoning Turkiya, Eron, Hindiston, Arabiston, Rusiya singari mamlakatlarini o’zi uchun kashf qiladi. Albattaki, bu sayohatlar uning dunyoqarashi kengayishiga turtki bo’ladi, o’z yurtidagi ahvolga chetdan turib nazar tashlash imkoniyatini beradi.

1909-yilda Abdurauf o’zining bir necha hamshaharlari bilan birgalikda Istanbul (Turkiya)ga o’qishga ketadi. 1913-yil oxirigacha Istanbuldagi «dorulmuallimin» – muallimlar gimnaziyasida tahsil oladi.

Juda yoshligidan badiiy ijodga qiziqib, uning turli janrlarida mashqlar qilib kelayotgan Fitrat 1909-yilda dastlabki yirik asarini e’lon qiladi. Bu Istanbulda chop etilgan «Munozara» kitobi edi. Mazkur asarning to’liq nomi «Hindistonda bir farangi ila buxorolik mudarrisning jadid maktablari xususinda qilg’an munozarasi» bo’lib, u fors tilida yaratilgan.

Shundan so’ng 1911–1912-yillarda birin-ketin uning forsiy tilda yozilgan she’rlari to’plami – «Sayha» («Na’ra»), nasriy asari – «Hind sayyohi qissasi» («Bayonoti sayyohi hindi») bosilib chiqadi. O’sha yillari Turkiya yoshlari orasida avj olgan hurfikrlilik Fitratga ham kuchli ta’sir etgani, u uzoqda turib ona yurti Buxoroning ayanchli ahvoliga qanchalar achingani mazkur asarlarda o’z ifodasini topdi.

Biroq o’qishni tugallab yurtiga qaytgan Fitrat mavjud ahvolni o’zgartirish oson kechmasligini ich-ichdan his qiladi. Zero, butun Turkistonda bo’lgani singari Buxoroda ham diniy mutaassiblik, jaholat va qonunsizlik barcha jabhalarda hukm surar, kishilar ongida o’zgarish yasamay turib, jamiyatda biror ijobiy o’zgarish qilishning imkoniyati yo’q edi.

Shu tufayli ham Fitrat o’z davrining Ismoilbek Gasprinskiy (Rusiya ma’rifatparvari), Mahmudxo’ja Behbudiy, Is’hoqxon Ibrat, Abdulla Avloniy singari fidoyilari tutgan yo’ldan borishga ahd qiladi. Shahrisabz va Karkida yangi usul – jadid maktablari ochadi, bolalarga zamonaviy ta’lim berishni joriy qiladi.

Fitrat nazarida millatni uyg’otish, uning ongini yuksaltirishning muhim yo’nalishlaridan biri – matbuot, adabiyot va san’at orqali xalqqa ta’sir etish edi. Shu maqsadda ijodkor publitsistika va adabiyotning turli janrlarida o’nlab asarlarni yozib, e’lon qildi. «Rahbari najot» (1915), «Oila» (1916), «Begijon» (1916), «Mavludi sharif» (1916), «Abo Muslim» kabi asarlari shular jumlasidandir. Bunga qo’shimcha Fitrat yangi maktablar uchun darsliklar ham ijod qiladi. Uning «Muxtasar islom tarixi» (1915), «O’qu» (1917) va boshqa kitoblari Behbudiy, Avloniy, Hamza darsliklari singari bolalar ta’lim-tarbiyasida muhim rol o’ynaydi.

Fitrat 1917-yil fevral inqilobidan keyin siyosiy harakatlarga yana-da faolroq aralasha boshlaydi. Buxoro jadidlarining «Yosh buxoroliklar» firqasiga sarkotib bo’lib saylanadi. Samarqandda chop etiladigan «Hurriyat» gazetasida o’zining o’tkir maqolalari bilan ketma-ket chiqishlar qiladi. Fitrat 1917–1918-yillar oralig’ida bu gazetaga bosh muharrir ham bo’ladi.

1917-yil oktabrida Rusiyada bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan davlat to’ntarishini har kim har xil kayfiyatda qarshi oladi. Kimdir unga katta umid bog’lagan bo’lsa, ko’pchilik bo’lib o’tgan hodisaning asl ma’nosini anglolmay, taraddudda qolgandi. Fitrat esa bu hodisaga o’zining uzil-kesil bahosini shu kunning o’zidayoq ochiq e’lon qiladi. «Hurriyat» gazetasi ning 1917-yil 7-noyabr sonida u: «Rusiyada yangi bir balo bosh ko’tardi: bolshevik balosi!» – deb yozdi.

5-sinfdagi adabiyot darsligidan bilasizki, xuddi o’sha paytlar Fitrat «Yurt qayg’usi» degan turkum she’rlar yozib, bolsheviklar o’z yurtiga yana-da ko’proq qayg’ular olib kelishini oldindan bashorat qilgan edi.

Shunday bo’ldi ham: sho’rolar 1917-yil 27-noyabrda tuzilgan Turkiston muxtoriyati qonuniy hukumatini oradan uch oy ham o’tmay mahv etdilar. Buxoroda bo’lsa, johil ulamolar so’zidan chiqmagan, o’z taxtidan ayrilib qolishdan cho’chigan amir yosh buxoroliklarni qirg’in qilish yo’liga o’tdi. 1918-yil bahorida Fitrat Toshkentga chaqirib olindi va bu yerda maorif va madaniy ishlarga jalb qilindi. Maktablarda, dorulfununda til va adabiyotdan saboqlar berdi.

1919-yilning boshida Fitrat Toshkentda birinchi bor Cho’lpon bilan uchrashdi. Bu ikki buyuk iste’dodning do’stligi ular qatag’on qilingan kunga qadar davom etdi.

Fitrat 1918-yilda Toshkentda «Chig’atoy gurungi» deb nomlangan ilmiy-ma’rifiy jamiyatni tashkil etadi. Bu tarixiy yig’in bor-yo’g’i uch yil faoliyat ko’rsatgan bo’lsa-da, yangi davr o’zbek madaniyati, gumanitar soha fanlarining shakllanishida beqiyos rol o’ynagandi.

Fitrat o’zbek dramaturgiyasi rivojiga ham salmoqli hissa qo’shgan adib hisoblanadi. Uning «O’g’uzxon», «Chin sevish» (1920), «Abulfayzxon» (1924), «Shaytonning tangriga isyoni» (1924), «Arslon» (1926) singari o’nlab dramalari o’zbek teatrlari sahnasida katta muvaffaqiyat bilan qo’yilgandi.

1920-yil oxirlarida Fitrat o’zining sadoqatli do’sti Fayzulla Xo’jayevning taklifi bilan Buxoroga qaytadi. Unga F.Xo’jayev boshchiligidagi Buxoro hukumatining yirik lavozimlari ishonib topshiriladi. Fitrat va F.Xo’jayev tashabbusi bilan o’sha yillardayoq 60 nafardan ko’proq yoshlar davlat yo’li bilan Germaniyaga o’qishga yuboriladi. 1921-yil mart oyidan e’tiboran Buxoro Jumhuriyatida turk (o’zbek) tili davlat tili deb e’lon qilinadi. Buxoro teatri ish boshlaydi, ilmiy jamiyatlar tuziladi…

Yosh, mustaqil jumhuriyatning bu yutuqlaridan xavotirga tushgan bolsheviklar partiyasi markazqo’mi 1923-yil 12-iyundagi o’zining maxsus majlisida «Buxoro masalasi»ni muhokama qiladi. Mazkur majlisda «Buxoro hukumati nomi ostida ish ko’rayotganlarning xalq va sovet hukumatiga hech bir aloqadorligi yo’q» ekani, «bu yerda hokimiyatga boylar, savdogarlar tortilgani, birorta ham dehqon yo’qligi» qattiq tanqid qilinadi. Oradan 11 kun o’tgach – 23-iyunda Buxoroda bo’lgan kommunistlar plenumida Buxoro hukumatining besh a’zosi partiyadan o’chirilib, ishdan haydaladilar. Ular orasida Xalq xo’jaligi kengashi raisining o’rinbosari Abdurauf Fitrat ham bor edi.

Fayzulla Xo’jayevning ko’magi bilan adib Moskvaga ketadi va 1923–1924-yillarda Sharq tillari institutida mehnat qiladi. Shuningdek, hozirgi Sankt-Peterburg universitetining sharq fakultetida sharq xalqlari tili, adabiyoti, madaniyatidan ma’ruzalar o’qiydi, professorlik unvoniga ega bo’ladi.

Ilmiy faoliyatga jiddiy berilgan Fitrat shu yillari «Bedil» ilmiy-ommabop ocherkini, «O’zbek tili qoidalari to’g’risida bir tajriba: Sarf (1-kitob), Nahv (2-kitob)», «Sarfi zaboni tojik», «Adabiyot qoidalari» singari darslik-qo’llanmalarni e’lon qiladi.

Adib O’zbekistonga 1927-yilda qaytib keladi. Samarqandda tashkil etilgan Oliy Pedagogika instituti (hozirgi SamDU) da ishlay boshlaydi. Ilmiy izlanishlarining mevasi o’laroq, birinketin uning «Eng eski turkiy adabiyot namunalari», «O’zbek adabiyoti namunalari», «Sharq shaxmati», «O’zbek klassik musiqasi va uning tarixi», «Fors shoiri Umar Xayyom» singari ilmiy asarlari dunyoga keldi.

Fitrat o’nlab mumtoz shoirlarimizning ijodiy merosini izlab topish, tadqiq etish va nashr qilishda alohida jonkuyarlik ko’rsatdi. U 1936-yilda «Aruz haqida»gi kitobini ham e’lon qildi.

Afsuski, 30-yillardan e’tiboran avj olib ketgan siyosiy ta’qib – terror muhiti ko’plab ziyolilar qatori professor Fitratni ham chetlab o’tmadi. Vaqtli matbuotda, ketma-ket uyushtirilgan turli majlislarda Fitrat «millatchi», «turkparast», «islomparast», hatto «g’arbning josusi» sifatida qoralandi, unga kurakda turmaydigan ayblovlar taqaldi. Nihoyat, 1937-yilning 24-aprelida u qamoqqa olindi.

Tergovning biror bir qonuniy talablariga amal qilinmay o’tkazilgan so’roq-savollardan so’ng, Abdurauf Fitrat «xalq dush mani» sifatida ayblanib, 1938-yilning 4-oktabrida Toshkentda otib o’ldirildi. Bu qotillikning g’ayriqonuniy harakat ekanini shundan ham bilsak bo’ladiki, Fitratning qatl etilishi e’lon qilin gan hukmga u ijro etilganidan bir kun keyin – 5-oktabrda imzo chekilgan.

Yurtimiz istiqlolga erishganidan keyingina millatparvar shoir-yozuvchilarimiz to’g’risidagi barcha haqiqat ro’yobga chiqdi. Fitratshunos olimlarimizdan H.Boltaboyev, B.Qosimov, I.G’aniyev, B.Ergashev va boshqalar adib hayoti va ijodi to’g’risida o’nlab yangi tadqiqotlarni e’lon qildilar.

«Ma’naviyat» nashriyoti tomonidan 2000-yilda Fitratning 2 jildlik «Tanlangan asarlar» to’plami chop etildi. Bugun Fitrat nomida respublikamizning barcha viloyatlarida ko’chalar bor. Buxoroda uning yodgorlik muzeyi ochilgan, xiyobon barpo etilgan. Abdurauf Fitratga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti va «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni berilgan.


Savol va topshiriqlar
  1. Abdurauf Fitratning bolalik va o’smirlik yillari qanday muhitda kechdi? Bu muhit Fitrat shaxsiyatining shakllanishiga qanday ta’sir ko’rsatdi?
  2. Xorijga qilingan sayohatlar bo’lg’usi ijodkorga qanday imkoniyatlar berdi? Bu nimalarda aks etadi?
  3. Sinfdoshlaringiz orasida xorijiy mamlakatlarga borgan do’stlaringiz bo’lsa, ulardan o’z taassurotlarini sinfda gapirib berishini iltimos qiling.
  4. Fitratning dastlabki asarlari qachon e’lon qilingandi?
  5. Adib Rusiyada bo’lib o’tgan siyosiy hodisalarga qanday munosabatda bo’ldi? Uning bu munosabati o’zini oqladimi? Javobingizni misollar bilan isbotlang.
  6. Jadidchilik harakati namoyandalari olg’a surgan asosiy g’oyalarni sanab bera olasizmi? Nima uchun ular xalq maorifiga bu qadar katta e’tibor bergandilar?
  7. Fitratning serqirra faoliyat egasi bo’lganini nimalardan bilamiz?
  8. O’zbek fani, madaniyati, maorifi, jurnalistikasi rivojiga Fitrat qo’shgan hissani qanday dalillar bilan isbotlasa bo’ladi?
  9. Fitratning hayoti qanday yakunlandi? Bunda asosiy aybdor deb kimni yoki nimani ko’rsatgan bo’lardingiz?
  10. Abdurauf Fitrat shaxsi, uning hayoti va ijodiy merosiga bugungi munosabat qanday ekanini misollar bilan isbotlashga harakat qiling. Sizning maktabingizda bu adibga bag’ishlangan ijodiy kecha yoki boshqa tadbirlar o’tkazilganmi?
Previous articleNodira g’azallari / she’riyati (Нодира ғазаллари / шеърияти)
Next articleO’gut g’azali (Abdurauf Fitrat she’rlari)