O’gut g’azali. Ўгут ғазали. Угут газали. (Абдурауф Фитрат шеърлари)
Og’ir yigit, sening go’zal, nurli ko’zingda
Bu millatning saodatin, baxtin o’qudim.
O’ylashingda, turishingda hamda o’zungda
Bu yurt uchun qutulishning borlig’in ko’rdim.
Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal,
Hurkma – kirish, qo’rqma – yopish, yo’rilma[1] – qo’zg’al!
Yel yo’lini to’sib turgan eski bulutlarni
Yondirib qo’y, yirtib tashla, barchasin yo’q et.
Qilolmasang shu ishlarni,
Sening uchun xo’rlikdir bu…
Yiqil, yo’qol, ket!
Shoirning «O’gut» she’ri bundan oldin tahlil qilingan «Mirrix yulduziga» asarining mantiqiy davomidek yangraydi.
Xo’sh, buni nimalarda ko’ramiz?
Guvohi bo’ldikki, «Mirrix yulduziga» she’rida Turkiston o’lkasi XX asr boshlarida tushib qolgan g’oyat achinarli holat o’z ifodasini topgan. Jafokash Vatan vujudiga joylashib olib, qonini zulukdayin so’rgan kimsalar kirdikoridan ozorlangan lirik qahramon xayolan Mirrix yulduziga murojaat etadi. Bu murojaat boshdan-oyoq achchiq savollardan tashkil topgan. Afsuski, «yerimizning eng qadrli tuqg’ani» – go’zal Mirrix ham bu holdan lol qotgan – sira gapirmaydi, gapirolmaydi. Tabiatan o’t-olovga qiyos beriladigan shu yulduz ham yer yuzida bo’layotgan adolatsizliklardan bezib uzoqlarga qochgan…
Shoir «O’gut»da o’zi va millati dardlariga najotni topganday bo’ladi. Bu najot – xalqning og’ir-vazmin, mulohazakor, biroq ko’zlari yoniq farzandlari – yigitlaridir!
Bu yigitlarning nurli ko’zlarida shoir millatning ertangi kunini, baxt-u iqbolini ko’radi. Zero, har qanday xalqning kelajagi uning bag’ridan yetishib chiqajak avlodga, bu avlodning millat orzularini qanchalik chuqur anglashiga bog’liqdir. Oradan yillar o’tib, o’zbekning boshqa bir iste’dodli ijodkori «Yigitlarga» degan mashhur she’rni yozadi. Bu she’rdan shunday hikmatli misra ham o’rin oladi:
Yigit omon bo’lsa, xavf-u xatar yo’q…
(G’afur G’ulom)
Yigitning omonligi esa faqat uning sog’ligi, to’rt muchasi butligi bilan o’lchanmaydi. «Yigitning omonligi» degan tushuncha o’z bag’riga nihoyatda ko’p mazmunni, talabni jamlaydi. Devday yigitlari bo’laturib, yovga yengilgan – do’stga zor, dushmanga xor, nomardga muhtoj bo’lgan xalqlarni ham juda ko’p ko’rdi bu olam.
Yigitning omonligi – uning imoni butligi, millatga fidoyiligi, mushfiqlarga shafqati, do’stlarga sadoqati, yorga vafodorligi, dush manga nafratidir!
Bunday yigitning nigohi ma’nosiz va so’lg’in emas, balki nurga, yog’duga to’la bo’ladi! Bunday o’g’lonning tili ming’irlashga, g’iybat-u mayda gapga aylanmaydi. U so’zlaganida xalq jon-u dilini berib tinglaydi, uning ortidan ergashadi.
Jo’mard farzand o’z or-u nomusini o’zgaga toptatib, bu holga bahona izlab o’tirishdan o’limni afzal biladi. Chinakam xalq farzandi uchun millat va mamlakat taqdiri har narsadan muhimroqdir!
Shoir ayni shunday avlodni ko’rgandek – najotni topgandek bo’ladi. Va yuragi orziqib, bu avlodni shiddatga – harakatga undaydi:
Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal,
Hurkma – kirish, qo’rqma – yopish, yo’rilma – qo’zg’al!
Zero, shoirning shoshganicha, shoshtirganicha bor edi. Uni muvozanatdan chiqargan, qo’liga qalam, ko’ngliga olov bergan hodisalar zarracha vijdoni bo’lgan insonni befarq qoldirishi mumkin emas! Bu hodisalarning ayrim manzaralari, aytganimizdek, uning «Mirrix yulduziga» she’rida jonli ifodasini topgan.
«O’gut» she’rining sarlavhasi zamirida «pand», «nasihat», «maslahat» ma’nolari emas, balki ko’proq «chaqiruv», «da’vat», «uyg’otish» ma’nolari yotibdi, desak, to’g’ri bo’ladi.
Qolaversa, «og’ir yigit»ga qaratilgan bu murojaatda bir shoir iltijosi, da’vatigina emas, bu haroratli ovozda kamida bir millatning asriy istagi, qalb chaqirig’i eshitilmayaptimi?!
…Qilolmasang shu ishlarni,
Sening uchun xo’rlikdir bu…
Yiqil, yo’qol, ket!
[1] Y o‘ r i l m a – charchama, o‘tirma.
Savol va topshiriqlar
- Nega shoir «O’gut» she’rida o’z murojaatini aynan yigitlarga qaratganini izohlab bering.
- O’zbek she’riyatida chaqiriq, murojaat shaklida bitilgan yana qanday asarlarni bilasiz? O’sha she’rlar bilan Fitrat asarining o’xshash va farqli jihatlarini topishga harakat qiling.
- Sizningcha, she’riy chaqiriq, da’vatning odamga tez va samarali ta’sir ko’rsatishining asosiy sababi nimada?
- «O’gut» she’ri lirik qahramonini nimalar umidlantiradi?
- «Bu yurt uchun qutulishning borlig’in ko’rdim…» deganda ijodkor nimalarni nazarda tutadi?
- She’riy asarda «Yel yo’lini to’sib turgan eski bulutlar» shaklini olgan tarixiy hodisalar nimalar edi? («Mirrix yulduziga» she’ri tahlilida aytilgan faktlarni esga oling.)
- «Bulutlarni yondirish», «yirtib tashlash», «barchasin yo’q etish», aslida, nimaning «vazifasi»? Shundan kelib chiqib, shoir yigitlarni nimaga o’xshashlarini orzu qiladi?
- Lirik qahramon talab etgan ishlarni qilolmaslik yigit uchun nega xo’rlik bo’lishi kerak? Bu xo’rlikning ortida nimalar turishini mulohaza qilib ko’ring-chi.
- Ixtiyor Sizda bo’lganida, bu she’rga yana qanday sarlavhani taklif etgan bo’lardingiz?
- Avvalgi sinflarda Fitratning yurtparvarlik ruhida yozilgan qanday asarlarini o’rganganingizni eslang. Bu asarlar bilan «Mirrix yulduziga», «O’gut» she’rlari orasidagi o’xshash jihatlarni izohlashga urining.
- «O’gut» she’ri bugungi yoshlar uchun ham da’vat bo’la oladimi? Fikringizni misollar bilan kengroq ifodalashga harakat qiling.
- Shoir zamondoshlari uning o’gutiga to’liq quloq solib, amal qildilarmi? Natijasi nima bo’ldi?







