Arxeologiya tarixidan

0

Arxeologlar qanday ishlaydilar?

Arxeologiya – o‘tmishni tarixiy moddiy  manbalar asosida o‘rganuvchi fan.

Arxeologiya so‘zi lotincha «arxeo» va «logos» so‘zlaridan iborat bo‘lib, «qadimshunoslik» degan ma’noni anglatadi.

Arxeologiya fani bilan shug‘ullanuvchi olimlar arxeolog (qadimshunos)lar deb ataladi. Tarixda hech narsa izsiz yo‘qolib ketmaydi. Ana shu izni topish arxeologiyaning vazifasidir.

Arxeologlar ish jarayonida.
Arxeologlar ish jarayonida

Arxeologlar o‘tmishga oid turli topilmalar (mehnat qurollari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qurol-yarog‘lar, zeb-ziynatlar, uy-joy, ustaxonalar, sug‘orish inshootlari va boshqalar)ning qoldiqlarini o‘rganadilar. Shu asosda o‘tmish haqida ma’lumotlar to‘playdilar. Barcha topilmalar arxeologiya yodgorliklari deb ataladi.

Arxeologiya yodgorliklari kishilik jamiyatining yozma tarixigacha bo‘lgan davrini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

Arxeologlar dastlab qazilma ishlari o‘tkaziladigan joylarni belgilab oladilar. So‘ng qazish ishlarini o‘tkazadilar.

Topilgan yodgorlikning yaratilgan davri va yoshi aniqlanadi.

O‘zbekiston olimlari arxeologik qazishmalar natijasida topilgan yodgorliklarni o‘rganish orqali Samarqand shahrining 2750, Qarshi va Shahrisabz shaharlarining 2700, Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 va Toshkent shahrining 2200 yoshdaligini aniqladilar.

O‘zbekistonda arxeologiya fanini rivojlantirishda o‘zbek olimi Muso Saidjonov, keyinchalik mashhur olim Yahyo G‘ulomov rahbarligidagi arxeologlarning xizmatlari katta bo‘ldi.

Yahyo G‘ulomov
Yahyo G‘ulomov

«Akademik Yahyo G‘ulomov o‘z davrining fidoyi allomasi bo‘lgan».[1]

Hozirgi kunda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi  qoshidagi Yahyo G‘ulomov nomidagi arxeologiya instituti ham katta ishlarni amalga oshirmoqda.

Suvosti arxeologiyasi

Suvosti arxeologiyasi arxeologiya fanining yordamchi sohasi hisoblanadi.

Uning tarixi XX asr boshida grek baliqchilari tomonidan qadimiy haykalni olib ketayotgan kema g‘arq bo‘lgan joy topilgan vaqtdan boshlandi.

Fransuz olimi Jak Iv Kusto tomonidan akvalangning yaratilishi insoniyatning suvosti merosini o‘rganishni yanada yengillashtirdi.

Suvosti arxeologiyasi dengiz yoki daryolar sathi ko‘tarilishi oqibatida suv ostida qolib ketgan yodgorliklarning qoldiqlarini izlab topish orqali o‘tmishdagi kishilar hayoti, ularning hayot tarzi va madaniyatini o‘rganadi.


[1] Islom Karimov. «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch». – T.: «O‘zbekiston» NMIU. 2008. 166-bet.

Previous articleO‘zbekistonda fizika taraqqiyoti. Jamiyat rivojlanishida fizikaning ahamiyati
Next articleQoyatosh suratlari