Qoyatosh suratlari

0

Ilk san’at namunasi

Qadimgi ajdodlarimiz qoyatoshlarga chizib qoldirgan rasmlar ibtidoiy san’at namunalaridir. Ular tarix uchun juda qimmatli tarixiy yodgorliklar hisoblanadi. Qoyatosh suratlarining o‘ziga xos tomoni shundaki, ular insoniyat tomonidan hali yozuv paydo bo‘lmasidan oldin yaratilgan.

Rassom ish ustida
Rassom ish ustida

Bu san’at namunalari olimlarning qadimgi davr tarixini yoritishlarida muhim manba hisoblanadi. Ularda qadimgi odamlarning kundalik hayoti, turmush tarzi, diniy e’tiqodi, mashg‘ulotlari va odatlari ifodalangan. Ayniqsa, ajdodlarimizning eng qadimgi mashg‘uloti – hayvonlarni ovlash manzarasi ko‘p uchraydi. Bu suratlar tarix uchun o‘sha davrda odamlar ko‘proq qanday hayvonlarni ovlaganligi va ular buni qay tarzda bajarganligi haqida qiziqarli ma’lumotlar beradi.

Altamira, Kapovaya va Lasko g‘orlari

Mil.avv. 15–8-ming yilliklarda qoyatosh suratlarini dastlab kromanyon odamlari yaratganlar.[1]

Bu davrda qadimgi rassomlar suratlarni, asosan, qoyalarga o‘yib ishlaganlar. Ularning bir qismi  Ispaniyadagi dunyoga mashhur Altamira va Fransiyadagi Lasko g‘orlaridan hamda Boshqirdistondagi Kapovaya g‘oridan topilgan. O‘sha  zamon tasviriy san’at ustalari hayvonlarni tasvirlashda turli moddalar qorishmasidan tayyorlangan rangli bo‘yoqlardan, tosh devorlardagi rasmlarni bo‘yashda esa tayoqcha yoki hayvon junidan tayyorlangan mo‘yqalamdan foydalanishgan.

Bu esa suratlarning hozirgi davrgacha deyarli hech bir o‘zgarishsiz saqlanib qolishiga sabab bo‘lgan. Ularni o‘rganish qadimiy hayvonot dunyosini yanada yaxshiroq tasavvur qilishga imkon beradi.

O‘zbekiston hududidagi qoyatosh suratlari

O‘zbekistonda ushbu noyob san’at turi juda qadimdan paydo bo‘lgan. Suratlar, asosan, ikki xil usulda – urib cho‘kichlash va tabiiy bo‘yoqlar yordamida ishlangan. Keyinchalik rasmlar uchi o‘tkir tig‘li temir va po‘lat asboblar bilan toshlarni o‘yib ishlangan. Bu usul fanda nuqtali usul deb ataladi. Ikkinchi usulda ilk rangtasvir ustalarining mahorati ko‘zga tashlanadi. Ular turli moddalar qorishmasidan bo‘yoq tayyorlashni bilganlar. Suratlarga cho‘p, qamish, suyak va qushlarning pati vositasida jilo berilgan. O‘zbekistonda 100 dan ortiq ana shunday nodir san’at namunalari aniqlangan.

Xususan, Navoiy viloyatidagi Qoratog‘ tizmasidagi Sarmishsoy darasidan topilgan sher, yo‘lbars, bars kabi yirtqich hayvonlarning to‘qnashuvi, ovchining kamdan-kam hollarda qo‘lga o‘rgatiladigan ov qoploni – gepard yordamida yovvoyi buqani ovlashi tasvirlangan.

Dastlabki san’atning noyob yodgorligi sifatida «Qizil kitob»ga kiritilgan betakror qoyatosh suratlari bugun chet ellarda ham e’tirof etilmoqda.

2008-yilda Zarautsoy, Sarmishsoy kabi bebaho madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, ular yo‘qolib ketishi xavfining oldini olishga oid hukumat qarorlari qabul qilindi. Eng muhimi, Sarmishsoy suratlari umumjahon merosining noyob namunasi sifatida YUNESKO tomonidan ro‘yxatga olindi  va «Ochiq osmon ostidagi muzey» deb rasman e’lon qilindi.


  • YUNESKO – Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat ishlari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti.
  • Altamira – Ispaniyadagi g‘or.
  • Lasko – Fransiyadagi g‘or.
  • Kapovaya – Ural tog‘ining Boshqirdiston hududida joylashgan g‘or.
  • «Qizil kitob» yo‘qolib ketish xavfi bor o‘simlik va hayvonlarning nomlari kiritiluvchi kitob.

Savol

  1. Qoyatoshlarga bitilgan suratlarning ahamiyati nimada?
  2. O‘zbekistonning qaysi hududlaridan qoyatosh suratlari topilgan?
  3. Yevropadagi Altamira, Kapovaya va Lasko g‘orlaridagi suratlar nimasi bilan ahamiyatli?
  4. Dastlabki tasviriy san’at namunalarini yaratishda ajdodlarimiz qandayvositalardan foydalanganlar?
  5. Suratlarda, asosan, nimalar aks ettirilgan?
  6. Qoyatosh suratlarini saqlash borasida O‘zbekistonda qanday ishlar amalga oshirildi?

[1] O‘zME. – T.: «¤çÌÝ». 2003. 5-jild. 376-bet.

Uzbekiston hududidagi qoyatosh suratlari

Previous articleArxeologiya tarixidan
Next articleFizikada ishlatiladigan ayrim atamalar