«Bemor» hikoyasi haqida

0

Mana, anchagina hazin hikoyani ham o‘qidik. Harqalay, hayotdan erta ko‘z yumgan onaga, uning eri Sotiboldiga, murg‘ak qiziga yuragingiz achigan bo‘lsa kerak? Shu achinish barobarida o‘nlab savollar Sizga tinchlik bermayotgandir ham:

>> Bemor (hikoya) <<

Nega shunday bo‘ldi?

Sotiboldining xotini o‘zi nima kasal bilan og‘rigan edi?

Nahotki, bu kasalning davosi bo‘lmasa?

Nega Sotiboldi xotinini ko‘rsatgani shifokorga olib bormadi?

Bu qanaqa tabibki, ayolning qanday kasal bilan og‘riganini aniq bilmay turib undan qon oladi?

Baxshi kelib, kasal xotinning ustida nimalarni o‘qidi? Nega o‘qidi?

Axir kasal xotinni kelib-kelib tolning xipchini bilan savalashadimi?

Tovuq so‘yib qonini oqizish bilan ayolga tekkan dardning o‘rtasida nima aloqa bor?

Sotiboldining xo‘jayini Abdug‘aniboy qanaqa odam o‘zi?

Imkoniyati bo‘la turib nimaga bir insonga yordam bermadi?..

Bunday savollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Zamonni qarangki, kichik bir hikoyaga jo bo‘lgan birgina hayot manzarasi ustida shuncha savol paydo bo‘ladi! Xo‘sh, bu qanday zamon edi? Hikoya qahramonlari zamonning qanday kishilari edilar? Gapni shundan boshlasak.

Siz 5-sinf adabiyot darsida Abdulla Qodiriy, Fitrat, Hamza, G‘afur G‘ulom, Oybek singari ijodkorlar hayoti va ijodi bilan tanishgandingiz. Ularning bolalik paytlari naqadar og‘ir davrga to‘g‘ri kelganini bir necha misollar orqali bilgansiz.

Bu o‘tgan XX asrning dastlabki yillari edi. Chor Rossiyasi tomonidan bosib olingan o‘lkamizning iqtisodiy, madaniy hayoti parokanda holga keltirilgan bu davrda aholi nihoyatda qashshoq holda hayot kechirar, yurtimizning aksariyat boyliklari chetga tashib ketilardi.

«Bemor» hikoyasidagi Sotiboldi, guvohi bo‘lganingizdek, chigit po‘choq va kunjara bilan savdo qiladigan Abdug‘aniboyning qo‘lida xizmat qiladi. Boy uning mehnati uchun qancha haq to‘lashi to‘g‘risida hikoyada gapirilmasa-da, buni Sotiboldining qanday turmush kechirayotganidan ham bilish qiyin emas. Axir, kasal xotinini do‘xtirga ko‘rsatish uchun talab qilinadigan 25 so‘m pulni u faqat tushida ko‘rishi mumkin, xolos. Uning orttirgan «boyligi» bir marta tabib chaqirishga, bitta tovuq so‘yishga, kasalni baxshiga o‘qitishga yetadi-yu tugaydi. «Chilyosin» o‘qitish uchun esa o‘zi «to‘qigan savatchalarini ulgurji oladigan baqqoldan yigirma tanga qarz» ko‘tarishga majbur. Hali bu ham hammasi emas. Endi o‘lgan xotinini ko‘mishi, uning turli ma’rakalarini o‘tkazishi lozim. «Bularning hammasi, albatta, pul bilan bo‘ladi. Bunday vaqtlarda yo‘g‘on cho‘ziladi, ingichka uziladi…»Qishloqlardagi dehqonlar, shaharlardagi hunarmandlar kun bo‘yi qilgan og‘ir mehnati evaziga juda oz haq olishardi. Oila boqish, uning kam-ko‘stini butlash, farzandlarni o‘qitish masalalari kishilarni o‘ta qiyin ahvolga solib qo‘ygandi. Iqtisodiy nochorlik kishilar turmush darajasining tobora pasayib borishiga, aholi o‘rtasida turli kasalliklar keng tarqalib, oddiy betoblik ortidan odamlarning bevaqt hayotdan ko‘z yumib ketishiga sabab bo‘lgandi. O‘lkada tibbiyot masalalarini hal etishga deyarli e’tibor berilmas, faqat chor amaldorlari, harbiylari va mahalliy boylargina malakali tibbiyot xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega edi.

Ilojsizlik, biror joydan yordam umidining yo‘qligi Sotiboldi va uning oilasiga qo‘shib o‘quvchini ham qiynaydi, qalbingizda odam bolasining naqadar uvol bo‘layotganidan nadomat tuyg‘ulari qo‘zg‘aladi. Boya aytilganidek, Sotiboldining ozgina yordamiga umid qiladigani xo‘jayini Abdug‘aniboy edi. O‘zi «omborda qulab ketgan qoplar ostida qolib o‘ladigan bo‘lganida» markaziy shaharga – Sim (hozirgi Farg‘ona shahri)ga borib davolanib kelgan bu bag‘ritosh kimsa xizmatkorining ayoli yosh o‘lib ketishi mumkinligini bila turib zarracha yordam ko‘rsatishga yaramaydi. (Biz Sotiboldining xotini hali nisbatan yosh ekanini uning qizchasi bor-yo‘g‘i to‘rt yoshga kirganidan anglashimiz mumkin!) Aksincha, bechora xizmatkoriga uni yana ham chiqimdor qiladigan turli bid’atlarni maslahat beradi. Axir uni boy qilgan, xohlagan joyiga borib davolanishi, istaganicha maishat qilishi uchun yetarli mablag‘ga ega qilgan Sotiboldi va unga o‘xshaganlarning mashaqqatli mehnati emasmidi? Nahotki, bir ayolning hayotidan «izvosh va oq podshoning surati solingan 25 so‘mlik pul» azizroq, qimmatliroq bo‘lsa?..

Hikoyada iqtisodiy-madaniy qoloqlikning yana bir fojiali oqibati – johillik quyuq bo‘yoqlarda aks ettiriladi.

Bir amallab «tabib» nomini olib olgan kimsa, yuqorida aytilganidek, ayolning nima kasal bilan og‘riyotganini bilmay turib undan qon oladi. Buning oqibatida esa «betobning ko‘zi tinib, boshi aylanadigan bo‘lib» qoladi. Demak, «tabib» bemorga foyda emas, balki zarar yetkazdi. Holbuki, u bunday «davolash usuli»ni birgina Sotiboldining xotini emas, o‘sha atrofdagi yuzlab bechoralar ustida qo‘llaydi. «Tabib»dan keyin xonadonga baxshi kirib keladi. U xotinning yonida o‘tirib bir narsalarni o‘qiydi. Lekin bu o‘qigan narsalari xotinning dardiga em bo‘ladimi-yo‘qmi, bu bilan uning ishi yo‘q. Baxshi ham qayerga chaqirilsa, qaysi kasalga ro‘para kelsa, hammasiga ko‘r-ko‘rona yodlab olgan narsalarini o‘qib, chiqib ketaveradi. Uning uchun ko‘richak ham, tomoq og‘riq ham, ruhiy xastaliklar ham bir – farqi yo‘q!

Sotiboldiga tavsiya etilgan navbatdagi «najotkor»ning qilig‘i bo‘lsa hammasidan oshib tushadi. U (yana kasalning asli nima ekanini surishtirib o‘tirmay!) betob xotinni… «tolning xipchini bilan» savalaydi, «tovuq so‘yib» qonlaydi…

Ko‘ryapsizki, johillik butun jamiyatni, kishilar ong-u shuurini butunlay band qilib olgan, millat «tanasidan qon oldirgan bemor» (Hamza Hakimzoda Niyoziy iborasi) holiga tushgan edi.

Hikoyaning mazmun-mohiyati, ta’sir kuchi hali bu bilan ham tugamaydi. O‘layotgan xotini uchun biror najot yo‘lini topa olmagan Sotiboldi qo‘shni kampirning maslahati bilan endi to‘rt yashar qizchasining saharlab turib uyqusiragan holda qiladigan duosiga umidvor bo‘ladi. Qarang, butun boshli jamiyat bor – doktorxona bor, tabib bor, baxshi bor, qo‘lida pul o‘ynagan boylar bor, har qanday mehnat bo‘lsa qilishga rozi Sotiboldi bor… biroq najot yo‘q! Bor-yo‘q umid – shu to‘rt yasharlik qizaloqning ojiz duosi. Demak…

Demak, BEMOR faqat Sotiboldining xotini emas ekan-da! Butun jamiyat bemor – xasta, najotga zor, tuzalishga muhtoj ekan-da!

Xuddi shu haqiqatni teran anglaganlari tufayli ham Munavvarqori Abdurashidxonov, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Avloniy singari bizning yuzlab jadid bobolarimiz el-u yurt dardini yengillatish, uni ma’rifatga oshno etish, ilm-u madaniyatini yuksaltirish, oxir-oqibat mamlakatni istiqlolga olib chiqish uchun kurashdilar, shu yo‘lda qurbon bo‘ldilar.

Abdulla Qahhorning bor-yo‘g‘i bir sahifaga jo bo‘lgan hikoyasi Siz bilan bizni shuncha mulohazaga oshno etdi. Holbuki, bu mulohazalarni yana davom ettirish, hikoya mazmun-mohiyatiga yanada chuqurroq kirib borish ham mumkin. Bu bilan esa yozuvchining badiiy olami sirlari ko‘z oldimizda yaqqol namoyon bo‘ladi. Adibning mo‘jaz hikoyalar bag‘riga olam-olam mazmun sig‘dira bilish, har bir so‘z, jumla ustiga chuqur fikr yuklash mahoratiga tan beramiz.

Quyida berilayotgan savol va topshiriqlar orqali Siz mana shu mahoratni o‘zingiz uchun kashf etishga harakat qilasiz degan umiddamiz.


Savol va topshiriqlar

  1. «Bemor» hikoyasi orqali yozuvchi aks ettirgan hayot haqiqatinimalardan iborat edi?
  2. Sotiboldi shahardagi yakka-yu yagona doktorxona ichigakirganmi-kirmaganmi? Qayerdan bildingiz?
  3. Sotiboldining xo‘jayini Abdug‘aniboy nega shu kasalxonadaemas, Simdagi kasalxonada davolanganini o‘ylab ko‘ring-chi.
  4. Sotiboldining «to‘rt yashar qizchasi qo‘liga ro‘molcha olibonasining yuzini karaxt, xira pashshalardan» qo‘rishi hikoyaning umumiy ruhiga mos ekanini isbotlang.
  5. Bemor yotgan xonadonga boshqa tovush emas, aynan gadolarning tovushi eshitilishi bilan nimaga urg‘u berilyapti?
  6. Bemorga qaragani chiqqan qo‘shni kampirning o‘tirib yig‘lashiga sabab nima?
  7. Kasal odamga «chilyosin» qildirish nima ekanini uyingizdagikattalardan yaxshilab bilib oling.
  8. «Chilyosindan bemor tetik chiqqanday» bo‘lishi bilan shamningyonib tugashi o‘rtasida qanday o‘xshashlik ko‘rasiz?
  9. «Bemor» hikoyasi to‘g‘risida uy inshosi yozib sinfda o‘qibbering.
Previous articleТуш таъбири ўзбек тилида
Next articleOdil Yoqubov hayoti va ijodi