Odil Yoqubov hayoti va ijodi

0

Odil Yoqubov hayoti va ijodi. Odil Yoqubov (1926–2009). Oдил Ёкубoв хaёти вa ижoди.

Siz O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning ayrim hikoya, qissa va romanlarini o‘qigansiz, uning asarlari asosida tayyorlangan ko‘p qismli videofilmlarni ko‘rgansiz, albatta. U hozirgi o‘zbek adabiyotining atoqli vakillaridan biridir.

Bo‘lajak yozuvchi 1926-yil 20-oktabrda hozirgi Janubiy Qozog‘iston viloyatiga qarashli Qarnoq qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘sha yerda o‘rta maktabni tugatib, harbiy xizmatga ketgan. U harbiy xizmatga chaqirilganida Ikkinchi jahon urushi tugash arafasida edi. Shu paytda Yaponiya davlati bilan urush boshlanib, O. Yoqubov ana shu urushda ishtirok etadi. 50-yillarda u harbiy xizmatdan qaytib O‘rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qiydi. So‘ngra turli yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, «Literaturnaya gazeta»da, «O‘zbekfilm» kinostudiyasida, nashriyotlarda ishlaydi.

1982–1987-yillarda «O‘zbekiston adabiyoti va  san’ati» gazetasini, 1987–1991-yillarda respublika Yozuvchilar uyushmasini boshqaradi. Keyin O‘zbekiston Atamalar qo‘mitasi raisi, so‘ngra Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasining birinchi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritadi.

Odil Yoqubovning dastlabki yirik asari 1951-yilda bosilib chiqqan «Tengdoshlar» qissasi edi. So‘ngra uning «Dastlabki qadam» (1953-yil), «Ikki muhabbat» (1955-yil) hikoyalar to‘plami, «Tilla uzuk» (1961-yil) qissa va hikoyalar to‘plamlari chop etiladi, «Chin muhabbat» (1955-yil), «Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi», «Yurak yonmog‘i kerak» (1958-yil), «Olma gullaganda» (1961-yil) pyesalari yaratiladi. Birin-ketin «Bir felyeton qissasi», «Muqaddas», «Qanot juft bo‘ladi», «Izlayman», «Billur qandillar» qissalari e’lon qilinadi.

Odil Yoqubov o‘zbek adabiyotida roman janrini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan adibdir. Uning turli davrlarda yaratilgan «Er boshiga ish tushsa…» (1966-yil), «Ulug‘bek xazinasi» (1973-yil), «Ko‘hna dunyo» (1982-yil), «Diyonat» (1977-yil), «Oqqushlar, oppoq qushlar» (1988-yil) romanlari kitobxonlarning mehrini qozongan.

Bu romanlarda yozuvchi gohi o‘rta asrlar vatanimiz tarixidagi buyuk allomalar Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ulug‘beklar hayoti, ularning ulug‘vor ishlari haqida hikoya qilsa, gohi zamonaviy mavzularni qalamga olib, odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, muhabbat, adolat, burch kabi yuksak tuyg‘ularni asrash to‘g‘risida fikr yuritadi. Shuning uchun ham bu asarlar hozirgacha o‘quvchilar tomonidan sevib o‘qiladi.

Mustaqillik yillarida ham yozuvchi barakali ijod qildi. Uning «Adolat manzili» (1998-yil) romani, «Muzaffar Temur» (1996-yil), «Bir koshona sirlari» (2000-yil) singari pyesalari hamda o‘nlab hikoyalarida xalqimiz o‘tmishi va bugungi kunining dolzarb muammolari badiiy tadqiq etildi. Yozuvchi 1985-yilda O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoniga ega bo‘lgan bo‘lsa, 1994-yilda «Do‘stlik», 1998-yilda esa «El-yurt hurmati» ordenlari bilan mukofotlangan.

Odil Yoqubov 2009-yilda vafot etgan.

Biz quyida adibning istiqlol davrida yaratilgan ta’sirli hikoyalarining biri bilan tanishamiz.


  1. Yozuvchi Odil Yoqubovning hayoti va ijodini gapirib bering.
  2. Odil Yoqubovning asarlaridan qaysilarini bilasiz?
  3. Adibning qanday romanlari bor?
  4. «Qatag‘on davri» qurbonlari bo‘lgan qaysi ijodkorlarni bilasiz?
Previous article«Bemor» hikoyasi haqida
Next articleMuzqaymoq (hikoya)