Cheklanganlik muammosi Чекланганлик муаммоси.
Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar
- Inson Yer yuzida yashab, to‘laqonli hayot kechirishi uchun o‘zida nimalarga muhtojlik va ehtiyoj sezadi? 3 daqiqa ichida bu ehtiyojlar ro‘yxatini tuzing. Agar vaqt yetarlicha bo‘lganda bu ro‘yxatni yana qanchagacha davom ettirishingiz mumkin edi? Umuman olganda, inson ehtiyojlarining poyoni va cheki bormi?
- 1- rasmda tasvirlangan pillakorning qanday ehtiyojlari bo‘lishi mum- kin?
- 2- rasmda tasvirlangan otaxonning, uning fermer o‘g‘lining va jajji nevarasining qanday ehtiyojlari bor deb o‘ylaysiz?
- 3- rasmda tasvirlangan maktab o‘quvchilarining qanday ehtiyojlari bor va ularni qondirish uchun nimalar kerak bo‘ladi?
- 4- rasmdagi chaqaloq ulg‘ayib voyaga yetgunicha unga qanday narsalar kerak bo‘ladi?
- Dunyodagi eng boy odamlarning ehtiyojlari bormi yoki yo‘qmi? Dunyodagi ayrim qashshoq mamlakatlarda ocharchilik bor. Bunga sabab nimada deb o‘ylaysiz?
Inson — ongli mavjudot. U har doim yaxshi yashashga intilib kelgan. Ayiqning qorni to‘ysa, iniga kirib uxlaydi. Inson esa erishgan narsasi va mavqei bilan qanoatlanmaydi. U yaxshiroq ovqatlanish, yaxshiroq kiyinish, yaxshiroq turmush sharoitiga ega bo‘lish, yaxshiroq martabaga erishish, yaxshiroq bilim olishga va hokazolarga intilib yashaydi. Insonga har doim nimadir yetishmaydi. Shu bois, inson ehtiyojlarining poyoni va cheki yo‘q deb aytamiz.
Ehtiyoj nima?
Ehtiyoj — insonning muayyan sharoitda yashashi va kamol topishi uchun zarur bo‘lgan narsalarga muhtojligi.
Inson ehtiyojlari ma’lum shaxs yoki guruhga tegishli bo‘lishiga ko‘ra, shaxsiy ehtiyojlar va ijtimoiy ehtiyojlar kabi turlarga bo‘linadi.
Shaxsiy ehtiyojlar deb alohida olingan shaxsgagina tegishli bo‘lgan shaxsiy gigiyena vositalari, kiyim-kechak, gazeta o‘qish kabi ehtiyojlarga aytiladi. Ijtimoiy ehtiyojlar esa kishilarning yonma-yon, hamjihatlikda hayot kechirishi bilan bog‘liq, birgalashib qondiriladigan, xususan, maktabda bilim olish, jamoat transportidan foydalanish kabi umumiy ehtiyojlaridan iborat bo‘ladi.
Fan tarixiga oid asarlardan iqtiboslar
“Hayvon tabiat ne’matlariga qanoat qiladi. Odamlarga esa tabiat ne’matlari kamlik qiladi. Ular ovqat, kiyim-kechak, uy-joyga ehtiyoj sezadilar. Hayvon tabiat ne’matlarini tayyor holda o‘zlashtirib oladi. Odam esa o‘z mehnati bilan o‘ziga ovqat, kiyim, turar joy yaratadi. Shu maqsadda inson dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanishi kerak.”
(Abu Ali ibn Sino)
Inson ehtiyojlarini qondirishi uchun unga turli xil ne’matlar zarur bo‘ladi. Bu ne’matlarning ba’zilari (havo, suv, quyosh yorug‘ligi, issiqligi va hokazolar)ni insonga tabiat tekin in’om etadi. Ularni erkin ne’matlar deb ataymiz. Qolganlarini esa inson o‘z mehnati, iqtisodiy faoliyati orqali yaratishi va ishlab chiqarishi lozim bo‘ladi. Ularni iqtisodiy ne’matlar deb ataymiz. Inson ehtiyojlari biror-bir moddiy narsa — ne’matni iste’mol qilish yoki biror-bir xizmatdan foydalanish evaziga qondirilishi mumkin. Bunday ne’matlarni yaratish uchun xom ashyo, insonning jismoniy ku- chi, bilimi, turli xil mashina va mexanizmlar, asbob-uskunalar, bino va inshootlar zarur bo‘ladi. Bu narsalarning barchasi resurslar deb ataladi.
Resurslar o‘z tabiatiga ko‘ra turli-tumandir. Lekin ularni umum- lashtirib tabiiy, mehnat va kapital turlarga bo‘lish qabul qilingan.
Resurslar nima?
Resurslar — mahsulot va xizmatlar yaratish uchun asqotadigan barcha narsalar.
Erkin ne’matlar nima?
Erkin ne’matlar — insonga tabiat in’om etgan tekin ne’matlar.
Iqtisodiy ne’matlar nima?
Iqtisodiy ne’matlar — inson iqtisodiy faoliyati orqali yaratiladigan ne’matlar.
Tabiiy resurslarning manbasi — bu bevosita tabiatning o‘zi. Tabiiy resurslargayer vayer osti qazilmaboyliklari, o‘rmonlar, suv, havo, quyosh nurini misol qilib keltirish mumkin.
Bunday resurslarning ayrimlari tiklanmaydi (neft, gaz, ko‘mir, temir rudasi va h.k). Ayrimlari esa tiklanish xususiyatiga ega. Masalan, yerdan foydalangandan keyin ungayaxshi ishlov berilsavao‘g‘itlansau unum- dorligini nafaqat tiklashi , xatto oshirishi ham mumkin.
Mehnat resurslari — bu aholining mehnatga layoqatli qismidir. Bu odamlar ne’matlar yaratish jarayonida o‘zlarining jismoniy va ma’naviy qobiliyatlarini jalb qilgan holda qatnashadilar. Aholining bu qismi — aholining iqtisodiy faol qismi deb ham yuritiladi.
Zamonaviy sharoitda mehnat resurslariga qo‘yiladigan talablar oldingi davrlardagilarga nisbatan keskin oshib ketgan. Jumladan, ularning bi- limi, madaniyati, kasbiy tayyorgarligi, zamonaviy texnologiyalar bilan tanishligi, sog‘ligi va h.k.
Uchinchi tur resurslar — bu kapital deb umumiy nom berilgan resurslar bo‘lib, unga binolar, inshootlar, texnika vositalari, xom ashyo resurslari, yo‘llar va aloqa vositalari kabi moddiy narsalar bilan bir qatorda moliyaviy mablag‘lar ham kiradi. Kapital resurslarga oid moli- yaviy mablag‘lar o‘z ichiga ne’matlar yaratilishi jarayoniga jalb qilish mumkin bo‘lgan chet el valutasi, qimmatbaho metallar, aholining va korxonalarning pul mablag‘lari kabilarni oladi.
Zamonaviy iqtisodiyotda ma’lumot va vaqt kabi o‘ziga xos resurslar- ning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, axborot kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanayotgan sharoitda bunday resurslarning roli be- qiyosdir.
Biz yuqorida ta’kidlaganimizdek inson ehtiyojlarining chegarasi yo‘q. Ular ko‘payib vaturli-tumanlashib boraveradi. Resurslar miqdori esa, afsuski, chegaralangan. Shu bois, insonning hamma yetishmovchiliklari va ehtiyojlarini to‘la qondirishning iloji yo‘q. Iqtisodchilar bu muammoni cheklanganlik muammosi deb yuritishadi va u iqtisodiyotning asosiy muammosi hisoblanadi.
Odamlarning cheklangan resurslardan foydalanib, poyonsiz ehtiyoj- larini to‘laroq qondirishga qaratilgan oqilona xo‘jalik yuritish yo‘l- yo‘riqlarini iqtisodiyot fani o‘rganadi.
Cheklanganlik muammosi nima?
Cheklanganlik muammosi — cheksiz ehtiyojlar va cheklangan resurslar o‘rtasidagi nomutanosiblik.
Cheklangan resurslardan qay tarzda foydalanish insonning ma’na- viyatiga ham bog‘liq. Ma’naviy jihatdan qashshoq odam o‘z ehtiyojlari- ning moddiy jihatini e’tiborga oladi, xolos. Bu esa oxir-oqibat, insonning turmush tarziga, uning jamiyatdagi mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, har bir inson o‘z ehtiyojlarining ma’naviy va moddiy jihatiga aha- miyat berishi lozim. Yuksak ma’naviyatli inson o‘z moddiy ehtiyojlarini qondirar ekan, atrofdagi odamlarga va umuman, jamiyatga ziyon-zahmat yetkazmaslikka intiladi.
Buni yodda tuting!
- Inson tirik ekan, u doimo o‘zida ma’lum ne’matlarga muhtojlikni — ehtiyojni his qilib yashaydi.
- Inson ehtiyojlari cheksizdir.
- Biror ne’matni yaratish uchun bizga ishlab chiqarish resurslari zarur bo‘ladi.
- Ishlab chiqarish resurslari ehtiyojlardan farqli o‘laroq chegaralan- gandir.
- Iqtisodiyotning asosiy muammosi — inson ehtiyojlarining cheksizligi va bu ehtiyojlarni qondirish uchun ishlab chiqarish resurslarining yetishmasligidadir.
- Iqtisodiyot fani cheklangan resurslardan foydalanib insonning cheksiz ehtiyojlarini to‘laroq qondirish yo‘llarini o‘rganadi.
Bilimingizni sinab ko‘ring!
- Nega inson ehtiyojlarining poyoni yo‘q? Cheksiz ehtiyojlar qanday qondiriladi?
- Qishloqda va shaharda yashayotgan oilalar ehtiyojlarining turlicha bo‘lish sabablari nimada?
- Cheklanganlik muammosining mohiyati nimada? Unga 5 ta misol keltiring.
- Oila bo‘lib yashashning qanday iqtisodiy afzalliklari bor?
- Har bir resurs turiga uchtadan misol keltiring va ularning bir-biridan farqlarini ayting.
- Sizga yana qancha pul ajratilsa, sizning ehtiyojlaringiz to‘lig‘icha qondiriladi deb o‘ylaysiz?
- Nima sababdan sizga istaganingizcha pul ajratilmaydi? Javobingizni resurslar- ning chegaralanganligi bilan asoslang.