Cho’lpon go’zal sheri / she’ri / matni. Чўлпон гўзал шеъри / матни. Чулпон гузал.
Go’zal
Qorong’u kechada ko’kka ko’z tikib,
Eng yorug’ yulduzdan seni so’raymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukub,
Aytadir: men uni tushda ko’ramen.
Tushimda ko’ramen – shunchalar go’zal,
Bizdan-da go’zaldir, oydan-da go’zal!
Ko’zimni olamen oy chiqqan yoqqa,
Boshlaymen oydan-da seni so’rmoqqa.
Ul-da aytadir: bir qizil yanoqqa
Uchradim tushimda, ko’milgan oqqa.
Oqqa ko’milganda shunchalar go’zal,
Mendan-da go’zaldir, kundan-da go’zal!
Erta tong shamoli sochlarin yoyib,
Yonimdan o’tganda so’rab ko’ramen.
Aytadir: bir ko’rib, yo’limdan ozib,
Tog’-u toshlar ichra istab yuramen!
Bir ko’rdim men uni – shunchalar go’zal,
Oydan-da go’zaldir, kundan-da go’zal!
Ul ketgach, kun chiqar yorug’lik sochib,
Undan-da so’raymen sening to’g’ringda.
Ul-da o’z o’tidan bekinib, qochib
Aytadir: bir ko’rdim, tushdamas, o’ngda.
Men o’ngda ko’rganda shunchalar go’zal,
Oydan-da go’zaldir, kundan-da go’zal!
Men yo’qsil na bo’lib uni suyibmen,
Uningchun yonibmen, yonib-kuyibmen,
Boshimni zo’r ishga berib qo’yibmen,
Men suyib… men suyib, kimni suyibmen?
Men suygan suyukli shunchalar go’zal,
Oydan-da go’zaldir, kundan-da go’zal!
Cho’lpon 1919
Savol va topshiriqlar:
- She’r Sizda qanday tuyg’ular uyg’otdi? Ko’nglingizdan o’t gan sezimlar haqida so’ylang.
- She’rdagi Go’zal obrazini kim deb o’ylaysiz? Odam tim-solimi, ozodlik ramzimi, baxtmi yoki taqdir ifodasimi?
- She’rni yod oling.







