Dunyoviylik — dahriylik emas

0

Дунёвийлик — даҳрийлик эмас


Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

  1. Dunyoviy inson deganda kimni tushunasiz? Diniy kishi deganda-chi?
  2. Dunyoviy demokratik davlat deganda nimani tushunasiz?
  3. O‘zbekistonda davlat va din munosabatlarining asosiy tamoyillari nimalardan iborat?
  4. Sizningcha, zamonaviy hayot kechiradigan inson dindor bo‘lishi mumkinmi?

Dunyoviylikning mohiyati

Dunyoviylik deganda barcha dinlar hamda turli qarashlarni teng hurmat qilish, fuqarolarning dinidan qat’i nazar qonun oldida tengligi nazarda tutiladi. Dunyoviy turmush tarziga dinning moslashish jarayonini ifodalash va din bilan siyosatning o‘zaro nisbatini tavsiflash uchun ilmiy adabiyotlarda «sekulyarizatsiya» atamasi keng qo‘llaniladi.

Masalan, O‘zbekiston aholisining ko‘pchilik qismi muayyan dinga e’tiqod qiladi. Davlat diniy tashkilotlarga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi, ularning qonun asosida faoliyat yuritishiga va dindorlarning emin-erkin e’tiqod qilishlariga sharoit yaratib beradi. Shu bilan birga, uning hech qaysi dinga alohida ustunlik yoki imtiyoz bermaydigan o‘z Konstitutsiyasi, qonunchilik asoslari, davlat ramzlari mavjud.


Yurib ketayotgan kishiga otliq, o‘tirgan kishiga yurib ketayotgan, ko‘pchilikka ozchilik salom bersin!

Hadis


«Sekulyarizatsiya» so‘zi lotincha «saeculum» so‘zidan olingan bo‘lib, «dunyoviy» degan ma’noni anglatadi. U davlat va jamiyat boshqaruvida diniy an’analar o‘rnini dunyoviy qonunchilik tizimi egallashiga nisbatan ishlatiladi.

Din faqatgina diniy aqida va ibodatlarni o‘z ichiga olish bilan kifoyalanmay, jamiyatdagi insonlarning o‘zaro hurmat, mehr-shafqat, insoniylik fazilatlari mezonlarini belgilab kelgan. Shuning uchun ham har qanday dunyoviy davlatda jamiyatning birdamligi, o‘zaro ahilligi, jipsligi, tinchligi va barqarorligini saqlashda din o‘zining alohida o‘rniga ega.

Faraz qiling, ikki inson ko‘rishganda bir-birlariga «Assalomu alaykum», «Va alaykum assalom» deya tinchlik tilaydilar. Bir inson: «Salom so‘zi diniy mohiyatga ega bo‘lgani uchun dunyoviy kishilar uni ishlatmaydi», deb salom bermasa yoki alik olmasa, juda xunuk holat bo‘lgan bo‘lar edi.

Diniy manbalarda faqatgina e’tiqod va ibodat masalalari yoritilmagan, balki o‘tgan xalqlar hayotidan ibratli hikoyalar ham mujassam. Ularda og‘ir sinovlarni boshdan kechirgan payg‘ambarlar hayoti, buzg‘unchiliklarga berilgan xalqlar va ular boshiga jazo sifatida tushgan falokatlar namuna qilib ko‘rsatiladi. Ularni o‘qib, to‘g‘ri xulosa chiqargan kishi gunohlardan tiyilishga, savobli ishlarni ko‘proq qilishga harakat qiladi. Bu esa har qanday jamiyatda sog‘lom ijtimoiy holatning yuzaga kelishiga yordam beradi.

Dunyoviy davlatda xalqning urf-odat, an’ana va axloqiy qadriyatlari qonun darajasiga ko‘tarilishi mumkin. Diniy qad riyatlar umuminsoniy qadriyatga, xalqning ma’naviy mulkiga, axloqiy normalariga aylangan holdagina u davlat miqyosida ahamiyatga molik bo‘lishi mumkin. Yurtimizda Ramazon va Qurbon hayitlarining mamlakat miqyosida dam olish kuni deb e’lon qilinishi shu kabi milliy va diniy qadriyatlarning uyg‘unlashuviga misol bo‘la oladi.


Dunyoviylik va mutaassib oqimlar

Barcha dinlarda mavjud bo‘lgan mutaassiblik kayfiyatidagi ayrim guruhlar dunyoviylikni go‘yoki «dahriylik», «dindan chiqish» deb talqin qilishga harakat qiladilar. Ular ning da’volariga ko‘ra, dunyoviy shaxs go‘yo yaratganning buyruqlarini, muqaddas kitoblarni inkor etadi. Bu kabi toifalar dunyoviy ilmfan, madaniyat va san’atni mutloq inkor etishni go‘yoki din ko‘rsatmasi darajasiga ko‘taradilar. Aslida esa, sof diniy ta’limotga ko‘ra, insonlar manfaatiga xizmat qiladigan ilmning har qanday turi savobli amallardan sanaladi.

Din nomidan jaholatni targ‘ib etishga misol tariqasida o‘rta asrlarda Yevropadagi inkvizitsiya sudlarida cherkov nomidan ilm-fan sohalarida yangiliklarni ochgan kashfiyotchilarning turli jazolarga tor tilishi, olimlarning ta’qib qilinishini keltirish mumkin. Boshqa dinlar doirasida ham bunday holatlar kuzatilib turadi.

Mamlakatimiz aholisining qariyb 90 foizi e’tiqod qiladigan islom dinida dunyoviylik va diniylik chegaralari belgilanmagan. Islom ta’limotiga ko‘ra, insonlarning dini, joni, nasabi, aqli va moliga foyda keltiradigan har qanday amal diniy jihatdan ham ma’qullangan, savobli ish hisoblanadi. Ma salan, kishilarning og‘irini yengil qilish maqsadida texnik vositalarni, tibbiy yoki kimyoviy moddalarni kashf etish, dehqonchilikda yangi uslublarni qo‘llash kabi ishlar uchun ham kishi ikki dunyoda ajr va mukofotlar oladi. Ayni damda, insonlar zarariga xizmat qiladigan, g‘arazli maqsadlarda kashfi yotlarni amalga oshirish gunoh deb topiladi.

Mazkur tamoyillarga asoslangan holda o‘rta asrlarda islom olamidan fanlarning barcha sohalari bo‘yicha yetuk, qomusiy allomalar yetishib chiqqan. Din olimlari ham ularni «kufr» yoki dinbuzarlikda ayblamaganlar.


Islom dini va dunyoviylik

Islom dinida dunyoviylikka dinga yot tushuncha sifatida qaralmaydi. Islom dinining muqaddas manbalari — Qur’oni karim va hadislarda ham inson bu dunyosi uchun ham harakat qilishi kerakligi uqtiriladi.


Islom ta’limotiga ko‘ra, salom berish va alik olish katta savobli amallardan hisoblanadi. Hadisi sharifda shunday deyiladi: «Salom Allohning yerdagi ismlaridan biridir. Bir­birlaringiz bilan salomlashib yuring lar».


Qur’oni karimda aytilishicha, inson oxirat uchun xayrli ishlarni qilish bilan birga bu dunyodagi nasibasini ham unutmasligi lozim. Chunki kishida tanasi, oilasi, qo‘ni-qo‘shni, jamiyat, qo‘l ostidagilarining ham haqqi bor, har bir haqdorning haqqini ado etish kerak. Bu dunyo nasibasi oxirat amallari uchun ozuqa bo‘ladi, deyiladi.

Shular bilan birga Qur’onda ko‘plab oyatlar dunyoviy masalalarni ham qamrab oladi. Misol tariqasida, Qur’ondagi eng katta oyat — «Baqara» surasining 282-oyati ham aynan dunyoviy masala — qarz oldi-berdisi haqida bo‘lib, unda masalaning moddiy va ma’naviy jihatlariga e’tibor qaratilgan.

Islom dinining payg‘ambari Muhammad (ﷺ) diniy masalalarda barchaga muallim bo‘lsa ham, dunyoviy ishlarda mutaxassislarning fikrlariga quloq tutar edi. Mashhur hadisi sharifda shunday deyiladi:

«Payg‘ambar (ﷺ) (xurmo) changlatayotgan bir qavmning oldidan o‘tayotib, buni qilmasangiz ham bo‘laveradi, dedilar. O‘sha yili hosil yomon chiqdi. U zot yana o‘shalarning oldilaridan o‘tayotib, xurmoingizga nima bo‘ldi? — deb so‘radilar. Ular, shundoq, shundoq, degan edingiz, deb aytdilar. U zot: «Sizlar dunyoyingiz ishini biluvchiroqsiz» dedilar».

Ya’ni Rasulullohning ba’zi gaplari diniydan ko‘ra tajribaviy asosga yoki shaxsiy fikrga tayangan. Shuning uchun ham sahobalar Rasulullohning ba’zi buyruqlari borasida «Shaxsiy fikringizmi yoki Allohning amrimi?», deb so‘rar edilar. Shaxsiy fikri bo‘lsa, unda ba’zan boshqa afzalroq taklif ayta olardilar. Rasululloh (a.s.) yaxshi taklifni qabul qilib, o‘z fikrini o‘zgartirar, ya’ni shu dunyoviy soha mutaxassisining fikrini albatta inobatga olar edi.


IJODIY FAOLIYAT

Matnni o‘qing, din va diniy e’tiqod butunlay rad etilsa, jamiyat uchun uning oqibati qanday bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa qiling.

«Dunyoviylik — bu dahriylik degani emas. Din va diniy e’tiqod butunlay rad etiladigan hayot qanday g‘ayriinsoniy ko‘rinishga ega ekanini biz kechagi tariximiz misolida yaxshi bilamiz. Bunday mafkuraning xatarli tomoni shundaki, u necha asrlar davomida din negizida shakllangan, xalq hayotining ajralmas qismiga aylanib ketgan qadriyatlar — bu yozma yoki og‘zaki, moddiy yoki ma’naviy meros bo‘ladimi, axloq yoki an’analar bo‘ladimi, milliy dunyoqarash yoki turmush tarzi bo‘ladimi — bularning barchasini rad etadi».

Islom Karimov, «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch»

«Tarix va hayot tajribasi shundan dalolat beradiki, dunyoviy va diniy qadriyatlar bir­birini to‘ldirmas ekan, bugungi kunning og‘ir va murakkab savollariga to‘laqonli javob topish oson bo‘lmaydi».

Islom Karimov


Rasululloh (a.s.)dan keyin chahoryorlar ham shu yo‘lni tutdilar. Hazrati Umar (r.a.): «Sizlarning yax shlaringiz u dunyo va bu dunyo uchun harakat qilganlaringizdir» deb alohida ta’kidlagan. Ali (r.a.) esa: «Bu dunyo uchun abadiy yashaydigandek, oxirating uchun ertaga vafot etadigandek harakat qil», deb marhamat qilgan.

Bugungi kunda ayrim buzg‘unchi kuchlar tomonidan zamonaviy dunyoviy qonunchilik asosida hayot kechirish musulmonlar uchun maqbul emasligi haqida soxta da’volar tarqatilmoqda. Vaholanki, dunyoviy qonunlar haqida islom ulamolarining fikrlarini quyidagicha umumlashtirish mumkin: zamonaviy jamiyat talablariga muvofiq chiqarilgan qonunlar shariatga zid kelmasa, unday qonunlar shariatdandir. Zero, har bir shariat inson manfaati uchun yuborilgan, jamiyatlarning o‘z manfaatlarini ko‘zlab chiqargan qoidalari garchi shariatdan olinmagan bo‘lsa-da, lekin shariatga zid kelmasa, ular ham shariatga muvofiq (shar’iy) hisoblanaveradi.

Yuqoridagi misollardan ko‘rinadiki, islom dinida dunyo viylikka dinsizlik sifatida baho berilmagan. Dunyoviy ishlar shaxs va jamiyat manfaatini ko‘zlar ekan, ular din ta’limotlarida doim qo‘llab-quvvatlangan. Din dunyoviy ishlarning ma’naviy jihatlarini tartibga solib turgan. Masalan, bu ishning savob yoki gunoh, ma’naviy jihatdan mumkin yoki mumkin emasligi kabi.

Dunyoviylik tamoyili O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonuni bilan huquqiy kafolatlangan. O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘li — dunyoviy demokratik yo‘ldir. Xalqimiz diniy e’tiqodni chuqur hurmat qilgan holda dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan bormoqda.

Istiqlolning dastlabki kunlaridanoq mamlakatimizda diniy-milliy qadriyatlarning tiklanishi, barcha din vakillari uchun keng imkoniyatlar yaratilishi yo‘lida islohotlar boshlandi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida barcha fuqarolar uchun vijdon erkinligi kafolatlandi. Yurtimizda diniy tashkilotlar faoliyatining huquqiy asoslari bilan birga davlat va dinning munosabatlari ham belgilab berildi.

Shu bilan O‘zbekiston tarixida birinchi marta fuqarolarning dinga o‘z munosabatlarini, shunga muvofiq ravishda e’tiqodini erkin belgilash va ifodalash, dinga hech qanday to‘sqinliksiz amal qilish va diniy marosimlarni bajarish huquqlarini kafolatlaydigan qonun qabul qilindi. «Musulmonlarning Saudiya Arabistoniga haj qilish uchun borishi to‘g‘risida», «Diniy bayram «Qurbon hayit»ni dam olish kuni deb e’lon qilish haqida», «Ro‘za hayitini dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida», «Toshkent islom universitetini tashkil etish to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» va boshqa bir qator Prezident Farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bu sohaga katta e’tibor berilayotganini ko‘rsatib turibdi.


Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Dunyoviylik so‘zining mazmunini tushuntirib bering.
  2. «Sekulyarizatsiya» tushunchasi qanday ma’noni anglatadi?
  3. Mutaassib oqimlar tomonidan dunyoviylikning inkor etilishi sababi ni-mada, deb o‘ylaysiz?
  4. Islom dini manbalarida dunyoviylikka qanday munosabat bildirilgan?
  5. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning bugungi kunda diniy qadriyatlarni e’tiborga olmay ish tutish mumkin emasligi haqidagi fikrlarini sharhlang.
Previous articleIslom dinida hayotning qadrlanishi
Next articleDunyoviylik va mutaassib oqimlar. Islom dini va dunyoviylik