Ruboiylar – Zahriddin Muhammad BOBUR

0

Ruboiylar – Zahriddin Muhammad BOBUR Sher sherlar she’r

Yod etmas emish kishini g‘urbatda[1] kishi,
Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatda[2] kishi.
Ko‘nglum bu g‘ariblikda shod o‘lmadi, oh,
G‘urbatda sevinmas emish, albatta, kishi.

Ko‘pdin berikim yor-u diyorim yo‘qtur,
Bir lahza-yu bir nafas qarorim yo‘qtur.
Keldim bu sori[3] o‘z iхtiyorim birla,
Lekin borurimda iхtiyorim yo‘qtur.

Ishlar bori ko‘nguldagidek bo‘lg‘usidur!
In’om-u vazifa – bori buyrulg‘usidur!
Ul g‘alla-yu mahmilki[4], deb erding, bildim,
Mahmilg‘a bo‘yu g‘alladin uy to‘lg‘usidur!

Jismimda isitma kunda mahkam bo‘ladur,
Ko‘zdin uchadur uyqu chu oqshom bo‘ladur.
Har ikkalasi g‘amim bila sabrimdek,
Borg‘on sori bu ortadur, ul kam bo‘ladur.

Tuz oh, Zahiriddin muhammad bobur,
Yuz oh, Zahiriddin muhammad bobur!
Sarrishtayi ayshdin[5] ko‘ngulni zinhor
Uz, oh, Zahiriddin muhammad bobur!

www.talaba.su

Ey bodi sabo[6], ayla xurosong‘a guzar[7],
Mendin degil ul yori parishong‘a хabar.
Necha safar o‘z ko‘nglung uchun qilg‘aysen,
Emdi bizing uchun ayla bu yong‘a safar.

Ahbob[8], yig‘ilmoqni farog‘at tutungiz!
Jam’iyatingiz borini davlat tutungiz!
Chun gardishi charх bu durur, Tangri uchun
Bir-birni necha kun g‘animat tutungiz!

Kim bor anga ilm tolibi – ilm kerak.
O‘rgangani ilm tolibi ilm kerak!
Men tolibi ilm-u tolibi ilme yo‘q,
Men bormen ilm tolibi – ilm kerak.

Har yerda gul bo‘lsa – tikan bo‘lsa, ne tong?!
Har qandaki may durdidan bo‘lsa, ne tong?!
She’rimda agar hazil, agar jid, kechurung,
Yaхshi borida agar yomon bo‘lsa, ne tong?!

Yo qahr-u g‘azab birla meni tufroq qil!
Yo bahri inoyatingda mustag‘roq[9] qil!
Yo Rab, sengadur yuzum qaro gar oq qil,
Har nav’ sening rizong erur, andoq qil!

Ey yel, borib ahbobqa nomimni degil!
Har kim meni bilsa, bu payomimni[10] degil!
Mendin demagil gar unutulg‘on bo‘lsam,
Har kimki, meni so‘rsa, salomimni degil!

Sen gulsen-u men haqir bulbuldurmen,
Sen shu’lasen, ul shu’lag‘a kuldurmen.
Nisbat yo‘qdur, deb ijtinob[11] aylamakim,
Shohmen elga, vale senga quldurmen!

Jonimda mening hayoti jonim sensen,
Jismimda mening ruhi ravonim sensen.
Boburni seningdek o‘zga yo‘q yori azizi,
Alqissaki, umri jovidonim[12] sensen.

Davron meni o‘tkardi sar-u somondin,
Oyirdi meni bir yo‘li хonumondin.
Gah boshima toj, gah baloyi ta’na,
Nelarki boshimg‘a kelmadi davrondin.

Ey, oy yuzung olida quyosh sharmanda,
Shirin so‘z-u yaхshi хulqungga men banda,
Hijronda necha noma bila so‘zlashaling,
Yo sen beri kel, yo men borayin anda.


  • [1] G‘urbat – g‘ariblik, vatandan uzoqda bo‘lish.
  • [2] mehnat – azob, mashaqqat.
  • [3] Sori – sari, tomon.
  • [4] mahmil – 1. tuya va boshqa ulov ustiga o‘rnatilgan, odam o‘tiradigan, usti yopiq kajava. 2. kajavadagi yuk.
  • [5] Sarrishtayi aysh – maishat; turmush tutumi.
  • [6] Bodi sabo – tong shamoli, mayin shabada.
  • [7] Guzar – o‘tish, kechish.
  • [8] Ahbob – do‘stlar, yorlar.
  • [9] mustag‘roq – g‘arq bo‘lgan, cho‘mgan, cho‘kkan.
  • [10] Payom – xabar, darak.
  • [11] Ijtinob – yiroqlashish, saqlanish, tortinish, chekinish.
  • [12] Umri jovidon – abadiy yashash, boqiy umr.
Previous articleZahriddin Muhammad BOBUR
Next articleMuhammad Amin хo‘ja Muqimiy