Ko’chim – adabiyot (кўчим – адабиёт)

0

Ko’chim (adabiyot). Кўчим / кучим (адабиёт).


Badiiy ijod talabiga ko’ra ayrim so’zlar tashiydigan ma’no boshqa so’zlarga ko’chirilishini anglamay turib, ko’rkam asarlarni tushunish, undan ta’sirlanish, lazzatlanish va tahlil qilish mumkin emas. Ko’chim eng ko’p ishlatiladigan badiiy vositalardandir.

Nutqni ta’sirchan qilish maqsadida «oltin kuz», «o’tyurak», «olovqalb», «toshbag’ir» kabi iboralar ishlatiladi. Hol buki, kuzning oltin emasligi, yurakning alangalanmasligi, jigarning toshdan bo’lmasligi yaxshi ma’lum. Ammo yuqoridagi iboralar yordamida anglatilgan ma’no boshqa so’zlar orqali ifodalansa, gap cho’zilib ketadi va ta’sir chanligi yo’qoladi.

Cho’lponning «Buzilgan o’lkaga» she’rida «Tog’ egasi: sor, burgutlar qayerda?» – degan misra bor. Undagi «sor, burgut» so’zlari o’z ma’nosida emasligi sezilib turibdi. Yoki «Binafsha» she’ridagi binafsha timsoli qanday ma’no tashiyotgani to’g’risida o’ylab ko’raylik. She’rda shoirning ichki kechinmalari ko’klam ko’katiga qaratilganmi, xo’rlangan qizgami yoki haqoratlangan yurtgami, ezilgan millatgami? Agar so’z ma’nolarining ko’chishini anglamasak, she’rning joziba kuchi yo’qqa chiqaveradi. Chunki anglanmagan go’zallik go’zallik bo’la olmaydi.

Yozuvchilar biror so’zga xos ma’noni boshqasiga yuklar, unga ko’chirar ekanlar, хayollariga kelganday, tavakkaliga ish tutavermaydilar. Agar shunday qilinsa ijodkorlarni tushunib bo’lmay qolardi. Ma’no ko’chirishda narsa-hodisalar o’rtasida yo ichki, yo tashqi, yo mazmun o’xshashligi, aloqadorligi bo’lishi shartdir. Bu jihatdan ko’chimlar o’xshatishga yaqin turadi. Lekin asosiy farq shundaki, o’xshatishda o’xshagan buyum ham, o’xshatilgan narsa ham ifodalangan bo’ladi. Ko’chimda esa ba’zan o’xshagan narsa, ba’zan o’xshatilgan narsa ifodalanib, ikkinchi qismdagi ma’no birinchisiga ko’chirilgan bo’ladi.

Ko’chim qudratli ko’rkam tasvir vositasi bo’lib, u kitobxonning tasavvur olamini kengaytiradi, tasvirlanayotgan tuyg’ularni bevosita his qilishga, asar qahramonlari holatini tuyishga yordam beradi. Shunday qilib, ko’chim so’zni ko’chma ma’noda qo’llash yoki narsa-hodisaga xos sifatlarni qaysidir jihati bilan shularga o’xshaydigan boshqa narsa-hodisalarga ko’chirish san’atidir.

Adabiyotshunoslik ilmida ko’chimning majoz, istiora, ramz singari ko’rinishlari bo’ladi.

Majoz adabiy asarda o’quvchiga noaniqroq bo’lgan tushunchani ko’pchilikka ma’lum bo’lgan narsalarga xos belgilar bilan ifodalashdir. Gulxaniyning «Tuya bilan bo’taloq», «Maymun bilan najjor», «Toshbaqa bilan chayon» asarlarida insonlarga, ayrim ijtimoiy tabaqalarga xos xu susiyatlarning hayvon obrazlariga ko’chirilishi majoz ning yorqin namunasidir.

Ramz ham ko’chimning keng tarqalgan turlaridan biridir. O’quvchi anglashi murakkabroq bo’lgan mavhum axloqiyma’naviy sifatning shu sifatlarga ko’proq ega bo’l gan narsa va jonivorlar orqali ifodalanishiga ramz deyi ladi. Ramz adabiyotshunoslik fanida timsol yoki simvol atamalari bilan ham yuritiladi. O’zbek mumtoz adabiyotida may – hayot ramzi, gul – ma’shuqa ramzi, burgut – mag’rurlik ramzi, chumoli – mehnatsevarlik, tirishqoqlik ramzi va h.k. tarzida qadimdan qo’llanib kelinadi.

Ko’chimning ko’p ishlatiladigan ko’rinishlaridan biri istioradir. Istiorada biror narsa-hodisaga xos xususiyatlar ni boshqa bir narsa-hodisaga ko’chirish orqali badiiy ma’no ifoda lanadi. Lekin bu ko’chirishda tashqi o’xshash lik asosiy o’rin tutmaydi. Balki o’xshatilayotgan va o’xsha yotgan narsa-hodisalar orasidagi ichki mantiqiy bog’la nishga, yaqinlikka, vazifalar dagi umumiylikka tayaniladi. Istiorani qisqargan ko’rinishdagi o’xshatish deyish mumkin.

Cho’lponning «Binafsha» she’rida «Binafsha, sen uchun ko’kragim erk yeri, Bu yerdan ko’klarga uchgil» tarzida ifodalangan misralar bor. Unda «vatan» tushunchasi «ko’kragim» so’zi bilan, «ozod yurt» tushunchasi «erk yeri» so’zlari bilan ifoda etilgan.

Previous articleCho’lpon she’rlari (Чўлпон шеърлари) Buzilgan o’lkaga
Next articleMajoz nima? Мажоз нима?