Bo‘g‘imoyoqlilar tipi. Daryo qisqichbaqasining tashqi tuzilishi va ko‘payishi

0

Bo‘g‘imoyoqlilar tipi. Qisqichbaqasimonlar sinfi. Daryo qisqichbaqasining tashqi tuzilishi va ko‘payishi. Бўғимоёқлилар типи. Қисқичбақасимонлар синфи. Дарё қисқичбақасининг ташқи тузилиши ва кўпайиши. Бугимоёклилар типи. Кискичбакасимонлар синфи. Дарё кискичбакасининг ташки тузилиши ва купайиши.


Bo‘g‘imoyoqlilar tipi

Bo‘g‘imoyoqlilar tanasi qattiq xitin po‘st bilan qoplangan. Xitin po‘st organlar uchun tashqi tayanch skelet vazifasini ham bajaradi. Chunki unga ichki organlarning muskullari va oyoqlar kelib birikadi.

Qisqichbaqasimonlar sinfi

Qisqichbaqasimonlar – birlamchi suvda yashovchi bo‘g‘imoyoqlilar. Ularning tanasi boshko‘krak va qorin bo‘limidan iborat. Boshko‘krak xitin qalqon bilan qoplangan.

Daryo qisqichbaqasining tashqi tuzilishi va ko‘payishi

Bo‘g‘imoyoqlilar tipi. Qisqichbaqasimonlar sinfi. Daryo qisqichbaqasining tashqi 16-§. tuzilishi va ko‘payishi

Qisqichbaqasimonlar suvda hayot kechiradi, jabra bilan nafas oladi. Ular ikki juft mo‘ylovlarining bo‘lishi bilan boshqa bo‘g‘imoyoqlilardan farq qiladi. Daryo qisqichbaqasi bu sinfning tipik vakili hisoblanadi.

Yashash muhiti

Daryo qisqichbaqasi chuchuk suvli ko‘l, daryo va soylarda hayot kechiradi. Uning tuzilishi va rangi suv muhitida yashashga moslashgan. Tanasining ustki tomoni ko‘kimtir-qo‘ng‘ir, ostki tomoni esa oqish rangda; shuning uchun suv ostidagi qisqichbaqani payqash qiyin.

Qisqichbaqa kun bo‘yi toshlarning ostida yoki qirg‘oq yaqinida daraxtlar ildizi ostidagi inlarida bekinib yotadi. Oziq izlab faqat kech qurunlari chiqadi. Qisqich baqaning asosiy ozig‘i suv o‘tlari, kasal hayvonlar (mollyuskalar, hasharotlar lichinkasi), ularning murdalari hisoblanadi. U oziqning hidini yaxshi sezadi.

Tashqi tuzilishi

Daryo qisqichbaqasining tanasi qattiq xitin po‘st bilan qoplangan. Xitin qoplag‘ich uning tanasini tashqi ta’sirdan himoya qiladi; tana uchun tashqi skelet vazifasini bajaradi. Unga ichki organlar muskullari va oyoqlar kelib birikadi.

Qisqichbaqaning tanasi boshko‘krak va qorin bo‘limlaridan iborat (35-rasm). Boshko‘krak bosh va ko‘krak bo‘limlarining ha rakatsiz birikishi natijasida hosil bo‘lgan va boshko‘krak qalqoni bilan qoplangan. Qalqonning oldingi uchi uzun pixni hosil qiladi. Ana shu pixning ikki yonida, harakatchan poyachalar ustida ko‘zlar joylashgan. Boshining oldingi tomonida joylashgan bir juftdan uzun va kalta mo‘ylovlari hid bilish va tuyg‘u organlari hisoblanadi. Og‘iz teshigini uch juft jag‘lar o‘rab turadi.

35-rasm. Daryo qisqichbaqasining tashqi tuzilishi: 1 – boshko‘krak; 2 – qorin; 3 – uzun mo‘ylov; 4 – kalta mo‘ylov; 5 – jag‘lar; 6 – jag‘oyoqlar; 7 – qisqich; 8– yurish oyoqlari; 9 – qorin oyoqlari; 10 – dum suzgich
35-rasm. Daryo qisqichbaqasining tashqi tuzilishi: 1 – boshko‘krak; 2 – qorin; 3 – uzun mo‘ylov; 4 – kalta mo‘ylov; 5 – jag‘lar; 6 – jag‘oyoqlar; 7 – qisqich; 8– yurish oyoqlari; 9 – qorin oyoqlari; 10 – dum suzgich

Boshko‘krakning keyingi qismida 8 juft o‘simtalar bor. Ulardan 3 jufti jag‘oyoqlar bo‘lib, oziqni ushlab og‘izga surish va jabralarga suvni haydash vazifasini bajaradi. Qolgan 5 juftidan birinchi jufti qisqichga aylangan; keyingi to‘rt jufti esa haqiqiy yurish oyoqlari hisoblanadi. Qisqichlar oziqni tutish uchun xizmat qiladi.

Qorin bo‘limi yetti bo‘g‘imdan iborat. Har qaysi bo‘g‘imda bir juftdan qorinoyoqlar bo‘ladi. Ulardan oldingi 5 jufti ikki shoxli bo‘ladi, oxirgi 2 jufti dum suzgichni hosil qiladi.

Harakatlanishi

Odatda, qisqichbaqa suv tubida ko‘krak bo‘limidagi to‘rt juft yurish oyoqlari yordamida o‘rmalab yuradi. Lekin u biror xavf sezib qolsa, dum suzgichlarini qorin tomonga tez-tez siltab, orqa tomoni bilan suzadi.

Nafas olishi

Qisqichbaqa jabralar orqali nafas oladi. Jabralar ko‘krak bo‘limidagi jag‘oyoqlari va oldingi to‘rt juft yurish oyoqlari asosida joylashgan. Jag‘oyoqlari harakati tufayli jabralarda suv almashinib turadi.

Ko‘payishi va rivojlanishi

Qisqichbaqalar ayrim jinsli. Urg‘ochisining qorin bo‘limi boshko‘kragiga nisbatan kengroq, erkaginiki, aksincha, torroq bo‘ladi. Urg‘ochisi erta bahorda qo‘ygan tuxumlarini qorinoyoqlariga yopishtirib olib yuradi. Yoz boshlanishi bilan tuxumlardan qisqichbaqalar yetishib chiqadi. Ular urg‘ochisining qorinoyoqlariga yopishib oladi; keyinroq mustaqil hayot kechira boshlaydi.

Qisqichbaqalar hamma bo‘g‘imoyoqlilar singari eski qattiq po‘stini tashlab, ya’ni tullab o‘sadi. Tullagan qisqichbaqaning eski qoplag‘ichi ostida yangisi hosil bo‘ladi. U tez o‘sa boshlaydi. Lekin ohak modda shimilgan qoplag‘ichi asta-sekin qattiqlashib, o‘sishdan to‘xtaydi va yana tullaydi.


  1. Daryo qisqichbaqasi qanday hayot kechiradi?
  2. Qisqichbaqa xitin qoplag‘ichi qanday tuzilgan?
  3. Qisqichbaqa gavdasi qanday bo‘limlardan iborat?
  4. Qisqichbaqaning boshko‘krak bo‘limi qanday tuzilgan?
  5. Qisqichbaqa qorin bo‘limi qanday tuzilgan?
  6. Qisqichbaqa qanday harakatlanadi?
  7. Qisqichbaqa qanday nafas oladi?

Lugat daftaringizga yozib oling.

Bo‘g‘imoyoqlilar, qisqichbaqasimonlar, boshko‘krak, mo‘ylovlar, jag‘lar, jag‘oyoq lar, qisqich, xitin qoplag‘ich, dum suzgich, yurish oyoqlari, tullash.


1. Qisqichbaqa tanasi:

  • a) bosh, ko‘krak va qorin bo‘limlaridan iborat;
  • b) bosh va ko‘krak bo‘limlaridan iborat;
  • d) boshko‘krak va qorin bo‘limlaridan iborat.

2. Qisqichbaqa jabralari:

  • a) jag‘oyoqlari va yurish oyoqlari asosida joylashgan;
  • b) ko‘krak va qorin oyoqlari asosida joylashgan;
  • d) jag‘oyoqlari va qorin oyoqlari asosida joylashgan.
Previous articleIkki pallali va boshoyoqli mollyuskalar sinfi
Next articleDaryo qisqichbaqasining ichki tuzilishi