Dinning paydo bo‘lishi va shakllari

0

Диннинг пайдо бўлиши ва шакллари. Dinning paydo bo‘lishi va shakllari


Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

  1. Qadimgi diniy tasavvurlardan bo‘lgan animizm, totemizm, fetishizm, shamanizm tushunchalarining mazmunini eslang va izohlang.
  2. Xalqimiz orasida tarqalgan qanday urf-odatlar qadimgi diniy tasavvurlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqida fikringizni bildiring.
  3. Markaziy Osiyo mintaqasida yashagan qadimgi xalqlarning ilk diniy tasavvurlari qanday bo‘lgan?

Bugungi kunda fanda dinlarning shakllanishi tarixiga oid ikki xil: teologik va materialistik qarashlar mavjud.

Teologik (ilohiy, diniy) yondashuvga ko‘ra, turli buyumlarga sig‘inish va ko‘pxudolik, jumladan, animizm, totemizm, fetishizm va shomonlik yakkaxudolikdan keyin yuzaga kelgan. Jumladan, yahudiylik, xristianlik va islom dinlariga ko‘ra, Xudo ilk inson — Odamni yaratib, unga o‘zini tanitgan va Odam avlodlarini o‘ziga sig‘inishga chaqirgan. Vaqt o‘tishi bilan insonlar sof ta’limotdan uzoqlashib, turli butlarga sig‘ina boshlaganlar.

Ilm —  dunyoning lazzati. Ilm inson uchun g‘oyat oliy va muqaddas fazilatdir. Zeroki, ilm bizga o‘z ahvolimizni, harakatimizni oyna kabi ko‘rsatur. Zehnimizni, fikrimizni qilich kabi o‘tkir qilur.

Abdulla Avloniy

Dinlarning kelib chiqishi haqidagi ikkinchi qarash fanda materialistik yondashuv deb nomlanadi. Maz kur qarashlarning paydo bo‘lishi antik davrga borib taqala di — ilk bor qadimgi yunon faylasuflari bu haqdagi o‘z qarashlarini bayon etganlar.

Teologik yondashuv — dinning paydo bo‘lishi bevosita Xudo bilan bog‘liq, degan ta’limot.


Nuh payg‘ambar qavmining butparast bo‘lib ketishi tarixi

Buyuk payg‘ambarlardan bo‘lgan Nuh (a.s.)ning qavmi butparast edilar. Ular Suvo‘ nomli ayol, Vad nomli erkak, Yag‘us nomli arslon, Yauq nomli ot, Nasr nomli burgut va kalxat shaklidagi butlarga sig‘inishardi. Ibn Jarir Tabariy yozishicha: «Nuh qavmi ibodat qilgan butlar aslida Odam va Nuh payg‘ambarlar orasidagi muddatda yashagan solih odamlarning nomlari bilan bog‘liq edi. Ularning vafotidan keyin muxlislari va shogirdlari ko‘zlari tushib eslaganda o‘zlariga shavq va ibodatga g‘ayrat keltirsin degan niyatda suratlarini yasatib qo‘yganlar va bu suratlarga sig‘inmagan edilar. Bu zamon odamlari olamdan o‘tib ketishgandan keyin, ularning avlodlari zamonida Iblis vasvasa qilib, «Otalaring bu suratlarga sig‘inardilar, ulardan baraka va yomg‘ir so‘rardilar», deb solih kishilarning timsoliga ibodat qilishga o‘rgatdi. Hamma bu shirk amaliga mubtalo bo‘ldi. Shunday qilib butparsatlik paydo bo‘ldi».

«Tafsir at­Tabariy» kitobidan

XVII asrga kelib Yevropada cherkov hokimiyatining susaya boshlashi, hurfikrlilik namoyandalari — din tanqidchilarining paydo bo‘lishi, XIX asrning ikkinchi yarmida Charlz Darvin tomonidan «Turlarning kelib chiqishi» (1859) nomli asarning chop etilishi ham materialistik qarashlarning rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Keyinchalik mazkur qarashlar Avgust Komt va Lyudvig Buxnerlar tomonidan eng cho‘qqiga ko‘tarildi.

Materialistik yondashuv — dinlarning kelib chiqishini ibtidoiy insonning qo‘rquvlari bilan bog‘laydi.

Unga ko‘ra din bu ijtimoiy hodisa, inson tafakkuri, hissiyotlari mahsulidir. Mazkur qarash tarafdorlari fikricha, dinlar soddadan murakkabga, umumiylikdan xususiylikka, ko‘pxudolikdan yakkaxudolikka tomon uzoq tarixiy evolutsion jarayonni bosib o‘tgan.

Mazkur qarash tarafdorlari fikriga ko‘ra, uyqu, tush va nafas olish kabi holatlarda tanani boshqaruvchi va  o‘lim bilan undan ajratib turuvchi, hayot bag‘ishlovchi qandaydir kuch mavjudligiga ishongan ajdodlarimiz, mazkur kuch harakat qiluvchi har bir narsa: daryo,  quyosh, oy, daraxt kabi mavjudotlarda bor deb tasavvur qilganlar. Natijada inson qo‘rquvi, hurmati, ehtiyoji va zarurati darajasida ularga sig‘ina boshlagan.

Materialistik qarash tarafdorlari fikriga ko‘ra, qo‘rquv dinlarning kelib chiqishida asosiy rol o‘ynagan hissiy holatdir.

Ingliz faylasufi Xerbert Spenser (1820–1903) ham (1820–1903) ibtidoiy qabila dinlarining kelib chiqishiga qo‘rquv natijasida «ajdodlarga sig‘inish» sabab bo‘lganligini ta’kidlaydi. Spenser ijtimoiy hisob-kitoblarga suyangan holda, hayot qo‘rquvining dinlardagi o‘rniga alohida diqqatni tortadi.

Bu qo‘rquvning ajdodlarga nisbatan ibodatning barcha ko‘rinishlari shakllantirganligini va tangrilarning ustun yoki qahramon bo‘lgan ajdodlardan tanlanganligini alohida ko‘rsatadi; har bir dinda ajdodlarga alohida e’tibor qaratilganligiga ishora qiladi.

Maks Myuller (1823–1900) fikriga ko‘ra, dinning kelib chiqishi tabiat hodisalarining insonga bergan dahshatiga borib taqaladi va u «naturalizm» deyiladi.

Maks Myuller hinduiylikning muqaddas kitobi V edalarga suyangan holda, deyarli barcha dinlarda xudo nomlari tabiat hodisalarini bildirishini ta’kidlagan. Mazkur ta’limot tarafdorlari dinlarning yuzaga kelishi va shakllanishi animizm, totemizm, fetishizm va shamanizm kabi bosqichlarda yuzaga kelganini ta’kidlaydilar.

Animizm

Animizm. Qadimgi odamlar atrofdagi dunyoda hayvonlar, o‘simliklar, tabiat hodisalari kabi har narsaning joni, ya’ni ruhi mavjud deb tasavvur qilganlar. Qadimgi Markaziy Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan afsonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan yer, olov, o‘rmon, suv, tog‘ va uyning odamsimon «ruhlari» ham shundan kelib chiqqan.

Jumladan, daraxtga sig‘inish ham animizmning bir turi hisoblanadi. Shu sababli bo‘lsa kerak, «Hayot daraxti» mavzusi O‘zbekiston xalq hunarmandchiligida muhim o‘rin tutadi. Xalqlarda insonning jismoniy o‘limidan so‘ng uning ruhi yashab qolishiga bo‘lgan ishonch va e’tiqod dafn etish bilan bog‘liq qator marosimlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.

Totemizm

Totemizm. Ibtidoiy jamoalar qavm-qarindoshlik asosiga qurilgan. Odam ijtimoiy munosabatlarning ushbu ko‘rinishini tashqi muhitga – tabiatga ham ko‘chirgan. Urug‘ning jonivorlar va o‘simliklar olami bilan aloqasini ular bilan qondoshlik alomati deb tushunilgan.

1938-yili Surxondaryo viloyati Boysuntog‘ tog‘laridagi Teshiktosh g‘oridan topilgan neandertal bola qabri hozirgi O‘zbekiston hududidagi totemizm e’tiqodiga aloqador eng qadimiy yodgorliklardan biridir. Bolani ko‘mishdan avval uning atrofi tog‘ echkisi – arxarning shoxlari bilan o‘ralgan, bu uning totem jonivor bilan bog‘liqligi to‘g‘risidagi taxminni ilgari surish imkonini beradi.

TARIXGA NAZAR

Farg‘ona vodiysining So‘x qishlog‘idan topilgan va miloddan avvalgi II mingyillikka oid tashqi ko‘rinishidan o‘qilonga o‘xshash tosh tumor O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyida saqlanmoqda.

Ho‘kizga qadimdan kuch-qudrat, mahsuldorlik timsoli sifatida qaralgan. Ba’zi arxeologik yodgorliklardan tutqichi qo‘y shaklida ishlangan idishlar topilgan. Qadimgi mahalliy xalqlarda yuqoridagi hayvonlarni ulug‘lash odati ancha keng tarqalgan.

Fetishizm

Fetishizm. Zamonaviy dinlarda fetishizm tabarruk buyumlarni tavof qilish  tarzida, jumladan, xristianlarda — xoch, ikonalar, mayitga sig‘inish, buddizmda – tabarruk o‘g‘ir yoki hovoncha tarzida saqlanib qolgan. Irim-sirimga ishonadigan odamlar orasida tumor baxt keltiradi, ko‘zmunchoq esa yomon ko‘zdan asraydi, degan ishonch mavjud bo‘lgan. Taqa, tumor, bo‘yin taqinchog‘i (kulon) kabi narsalar zamonaviy fetishlarga misol bo‘ladi.

Shamanizm (shomonlik)

Shamanizm (shomonlik). Boshqa millatlarda bo‘lgani singari, Markaziy Osiyo xalqlarida ham shamanizm turli ko‘rinishlarda kuzatiladi. Folbinlik,  rom ochish, issiq-sovuq qilish, ilgirlik kabilarni shamanizm belgilari sifatida keltiriladi.

Bugungi kunda ham ba’zan biror narsasini yo‘qotgan kishi folbinga borish holatlari uchraydi. Shuningdek, sehr yo‘li bilan birovga foyda yoki zarar yetkazishga urinish amaliyoti ham kuzatiladi. Markaziy Osiyo xalqlarida ba’zan biror kimsa uzoq vaqt kasal bo‘lsa, unga sog‘ayishning birdan-bir yo‘li – ruhlar bilan muloqotga kirishish, deb uqtiradilar. Bunday kishilar xalq orasida «odamli» deyiladi. Ammo unutmaslik kerakki, ko‘pincha, bunday hollar sodda odamlarni aldash uchun o‘ylab chiqarilgan bo‘ladi.

Jonivorlar va o‘simliklarga sig‘inish

Jonivorlar va o‘simliklarga sig‘inish. Markaziy Osiyo xalqlari orasida, asosan, quyidagi jonzotlar va o‘simliklar muqaddaslashtirilgan:

Odamlar! Eng avvalo, ezgu axloqqa ega bo‘lishga harakat qiling,  zero, axloq qonunning asosidir. Pifagor

Bo‘ri. Qadimgi turk afsonalariga qaraganda, Ashina qabilasidan bo‘lgan yosh go‘dakni bo‘ri emizib katta qilgan. Shuning uchun ham Yevroosiyo vohalaridagi turklarning ko‘k bayrog‘ini bo‘rining oltindan yasalgan boshi bezab turgan. Bo‘rining mo‘jizaviy ilohiy kuchiga ishonch shu kunlargacha qisman saqlanib qolgan.

Ot. Otni ulug‘lash turkiy xalqlar orasida qadimdan mavjud bo‘lgan. Buni Janubiy Qirg‘iziston tog‘laridagi (Aravon, Ayirmoch-Tog‘) qoyalarga bitilgan otlar tasvirida ko‘rishimiz mumkin. Tasvirlar tagida hayvonlarni qurbonlikka keltirib, sham yoqish uchun tokchalar yasalgan. Otning muqaddasligi haqidagi tushuncha nafaqat dashtlarda yashovchi qabila va elatlarda, balki dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi o‘troq aholi orasida ham keng tarqalgan.

Qushlar. Rivoyatlarga ko‘ra, o‘zlarini O‘g‘izxon avlodlari deb hisoblagan turkiy o‘g‘izlar bobolar timsolini yomonliklardan asrovchi qushlarda ko‘rishgan. Qirg‘iy, burgut, lochin, qarchig‘ay kabi qushlar qabila a’zolariga baraka va baxt olib keluvchi muqaddas jonzotlar hisoblanib, ularni otish qat’iyan man etilgan.

O‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman xalqlari qadimda ukki, boyo‘g‘li, burgut va lochin patlarining muqaddas kuchiga ishonganlar. Bugunga qadar ham kichik yoshdagi o‘g‘il bolalar va qizchalarning bosh kiyimlari, beshik va belanchaklarini qushlar pati bilan bezaydilar. Markaziy Osiyo xalqlari orasida qirg‘ovul, tovus, xo‘roz muqaddas qushlar deb sanalgan.

Daraxtlar. Markaziy Osiyoda chinor va sarv daraxtlari (archa) qadimdan muqaddas kuchga ega obyekt sifatida e’zozlangan. Ularga qizlar o‘z qalb sirlarini aytib, daraxt shoxlariga nishona bog‘lab, armonlarining ushalishiga umid qilganlar. Janubiy Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonda chinor daraxti g‘oyat e’zozlanadi. Turkmanlar chinorning qurigan shoxlarini o‘tin sifatida yoqib, istifoda etishga ham qo‘rqadilar.

Turkmanistondagi Feruza vohasi uzunligi qirq metr keladigan «Yetti akauka» chinori bilan mashhur. Sayrob qishlog‘idagi bahaybat chinorning to‘rt metrli kavagida bir vaqtlar hatto madrasa joylashgan. Toshkent yaqinidagi Burchmulla qishlog‘ida odatdan tashqari katta chinorni ziyorat qilishga keluvchilarning keti uzilmaydi.


MUSTAHKAMLASH UCHUN SAVOL VA TOPSHIRIQLAR
  1. Animizm, totemizm, fetishizm, shomonlik, sehrgarlik kabi dastlabki diniy tasavvurlar o‘rtasida qanday umumiylik bor? Ularning bugungi kundagi ko‘rinishlari haqida ma’lumot bering.
  2. Ilk diniy tasavvurlarning bugungi kundagi ko‘rinishlari haqida ko‘rgazmali slayd tayyorlang (MS Power Point).
  3. Qadimgi Markaziy Osiyo xalqlari hayotida animistik, totemistik, fetishistik va shamanistik tasavvurlarning o‘rni nimalarda aks etgan?
  4. Tarix fanidan milliy va jahon dinlarining qanday paydo bo‘lganligi haqida ma’lumot to‘plang.
Previous articleFan va din (Dunyo dinlar tarixi)
Next articleTeologik (ilohiy, diniy)