«GULISTON»dan hikoyatlari

0

Guliston dan hikoyatlari Guliston Sa’di Sheroziy

Hunar o‘rganmoq haqida

Bir hakim[1] o‘g‘ullariga mundoq pand[2] berur edikim: «ey jon farzandlarim, hunar o‘rganinglar, negakim, mulk va molg‘a e’timod[3] yo‘qdurur. Siym[4] va zar[5] хatar mahallidadur – yo o‘g‘ri barchasini birdan olur va yo hakim oz-oz olib yo‘q etar. Ammo hunar chashmayi ravon[6] va davlati bepoyondurkim, agar hunarmand  odam davlatdin tushsa, hech g‘am va alami yo‘qdur. Nedinkim, hunar aning zotida ulug‘ davlatdur va har yergakim borsa, sohibi  qadr bo‘lur va majlisning yuqorisida o‘lturur va hunarsiz kishi gadoylik qilur va har joygakim borsa, beqadr va bee’tibor bo‘lur».

Bayt:

Ota merosini gar istasang, o‘rgan ota ilmin,
Ki qolgan mol otadin sahl[7] muddatda tamom o‘lg‘ay.


Daryo ko‘rmagan qul hikoyati

Bir podshoh bir ajamiy[8] g‘ulom[9] bila kemaga mindi. G‘ulom hargiz daryoni ko‘rmamish erdi va kemaning haybat va mehnat[10]in bilmamish erdi. Vahm[11] bila ko‘p yig‘lab, zorlig‘ qilib, a’zo va andom[12]ig‘a larza va beqarorlig‘ yetishti. Har nechakim mulotafat[13] ko‘rguzub, tadorik[14]in qilur erdilar, aslo orom topmas erdi. Bu jihatd in, podshohning ayshi tiyra[15] bo‘lur erdi. Hech chorasin topmas erdilar, ammo hamul kecha ichida bir hakim bor erdi. Podshohga dedi: «agar ruхsat bersangiz, man bir ish etib, ani хomush qilurman». Podshoh dedi: «agar mundoq qilsang, bizning haqimizda nihoyatsiz karam qilmish[16] bo‘lg‘aysan». On din so‘ng hakim buyurdi, to g‘ulomni sochidan tutub, daryog‘a tashl adilar. Uch navbat cho‘mg‘ondin so‘ng tortib, kemaning oldig‘a yovuq[17] kelturdilar. G‘ulom jon havl[18]idin ikki qo‘li bilan kemadagi kishilarning qo‘lig‘a yopushib, zo‘r bila o‘zini kema ichiga olib, bir go‘sha[19]da o‘lturub, orom tutdi. Podshohg‘a bu hol taajjub ko‘runub, so‘rdikim: «munda ne hikmat bor erdi?» hakim dedi: «G‘ulom burundin g‘arq bo‘lmoq mehnatin ko‘rmamish erdi, lojaram[20], kema ichining salomatligi qadrin bilmas erdi, emdi bildi, andoqkim, ofiyat[21] qadrin bir musibatg‘a giriftor bo‘lg‘on kishi bilg‘usidur».

Qit’a:

Qorning to‘q esa, arpa noni yaхshi ko‘runmas,
Gar och ersang, oy qursi[22] kabi хo‘b erur va sof.
A’rof[23] behisht o‘lg‘usidur do‘zaх eliga,
Jannat eliga bo‘lg‘usi do‘zaх vale[24


Darvesh hikoyati

Bir darveshni ko‘rdumkim, butun umri davomida bitta ham farzand ko‘rmagan edi. So‘ngroq ko‘pdan ko‘p duo va zorliqlar qilg‘onidan so‘ng хotini homilador bo‘ldi.

Darvesh dedi:

-Agar Alloh taolo menga bir o‘g‘il bersa, egnimdagi хirqa[25]dan boshqa barcha molimni darveshlarga nisor qilurman.

Ittifoqo, хotini o‘g‘il tug‘di. Va’daga muvofiq darveshlar oldiga dasturхon yozib, taom berib, bor-u yo‘g‘ini sarf etdi.

Faqir[26] shu paytlar Shom safariga ketdim. Bir necha yildan so‘ngra qaytib kelib, ul darveshning mahallasiga bordim va oni aхtardim. Topmay, ul yerdagi hozir bor kishilardin so‘radim. Alar dedilar:

-Ul darvesh zindondadur.

Faqir oning zindong‘a tushganining sababini so‘radim. Alar dedilar:

-O‘g‘li araq ichib, mast holida bir kishini o‘ldirib qochdi. Emdi oning uchun otasin tutub, zindonga solub, oyog‘in zanjir bilan band etmishlar.

Men dedim:

-Bu bolani xudodan o‘zi tilagan edi.

Qit’a[27]:

Bo‘g‘oz хotun, ayo[28], donoyi hushyor,
Tug‘ar vaqtida garchi mor[29] tug‘g‘oy,
Base yaхshidur ul farzanddinkim,
Ani nodon va nohamvor[30] tug‘g‘oy.


  • [1] hakim – donishmand.
  • [2] Pand – nasihat.
  • [3] e’timod – ishonch.
  • [4] Siym – kumush.
  • [5] zar – oltin.
  • [6] Chashmayi  ravon – oqar  chashma.
  • [7] Sahl – oz.
  • [8] Ajamiy – eronlik.
  • [9] G‘ulom – qul.
  • [10] mehnat – azob.
  • [11] Vahm – qo‘rquv.
  • [12] Andom – tana, gavda.
  • [13] mulotafat – iltifot.
  • [14] tadorik – iloj.
  • [15] Ayshi tiyra bo‘lmoq – kayfiyati buzilmoq.
  • [16] Karam qilmoq – marhamat ko‘rsatmoq.
  • [17] Yovuq – yaqin.
  • [18] havl – qo‘rquv.
  • [19] Go‘sha – burchak, chekka.
  • [20] Lojaram – noiloj.
  • [21] ofiyat – sog‘liq.
  • [22] oy qursi – to‘lin oy.
  • [23] A’rof – jannat va do‘zax o‘rtasi.
  • [24] Vale – va lekinning qisqa shakli.
  • [25] Xirqa – darveshlar kiyimi, janda.
  • [26] Faqir – o‘zini kamtarlik bilan aytish.
  • [27] qit’a – she’rning bir turi.
  • [28] Ayo – ey.
  • [29] mor – ilon.
  • [30] Nohamvor – tentak deyilmoqchi.
Previous articleSa’diy Sheroziy
Next articleHujayra – hayotning asosi