Hafta she’ri haqida

0

«Hafta» she’ri haqida

Hafta

«Haft» degani – yettidir,
Oilada – yettimiz.
Oyga, yilga nisbatan
Biz, albatta, mittimiz.

Ammo-lekin biz bo‘lmasak,
Na oy bor-u, na yil bor.
Bizdagi mazmun bilan
Odamning umri dilbar.

Yettovlonmiz, yetti o‘g‘lon,
Yetti og‘ayni botir.
Ana, birinchi bo‘lib
Yakshanba kelayotir.

Yakshanba

«Yak» degani – bir degani,
To‘ng‘ichiman haftaning.
Yak bo‘lsam ham, yakka emas,
Bir jangovar safdaman.

Vazifam bor – dam beraman,
Mehnat qilgan kishiga.
Har haftasin bezayman,
Yakun yasab ishiga.

Mehnatkashning vijdoni pok,
Rohat qilib uхlagan.
Bolalarni ergashtirib,
Yori-do‘stin yo‘qlagan.

Dars ham yo‘q, ish ham yo‘q,
O‘yin-kulgi, tomosha.
To‘y ovozi – karnay-surnay,
Devor osha, tom osha…

Katta yo‘lning gulshaniman,
Orom oling gulshanda.
Har haftada mehmonimsiz,
Mening otim yakshanba.

Yettovlonmiz, yetti o‘g‘lon,
Yetti og‘ayni botir.
Ana, ikkinchi bo‘lib
Dushanba kelayotir.

Dushanba

«Du» degani ikkidir,
Mehnat bizning zotimiz.
Yakshanbaning ukasiman,
Qofiyadosh otimiz.

Yoqtirmaydi meni yalqov,
Og‘ir, deb urishadi.
Ammo bugun ish yurishsa,
Bir hafta yurishadi.

Hordiqdan so‘ng lanjlikni
G‘ayrat bilan yenginglar.
Yangi kuch-u havas bilan
Bel bog‘laydi ming-minglar.

Mehnat mendan start olar,
Men ochaman haftani.
Mehnat esa yurgizadi
Zavod, dizel, shaхtani.

Meni tanir bolalar ham
Tongim sabolaridan.
Maktabdagi qo‘ng‘iroqning
Kumush sadolaridan.

Yettovlonmiz, yetti o‘g‘lon,
Yetti og‘ayni botir.
Ana, uchinchi bo‘lib
Seshanba kelayotir.

Seshanba

«Se» degani – uch degani,
Hafta uchga kiradi.
Hamma joyda, hamma joyda
Mehnat kuchga kiradi.

Ajrab turgan joyim yo‘q,
Oddiygina bir kunman.
Ammo shon-u shuhratdan
Toj kiyishim mumkin man.

Bilasizmi, Gagarin
Seshanba kun uchgandi.
Sirdaryoning Farhod GESi
Shu kun ishga tushgandi.

Tasodifmi? bo‘lsa bordir,
Shunisi qonuniyki,
Bir haftada nima bo‘lsa,
Beshdan biri – meniki.

Ha, oddiyman, ko‘p qatori
Hech «Men – buyuk», demasman.
Ammo ko‘rib turibsizki,
Uncha oddiy emasman.

Yettovlonmiz, yetti o‘g‘lon,
Yetti og‘ayni botir.
Ana, to‘rtinchi bo‘lib
Chorshanba kelayotir.

Chorshanba

«Chor» degani – to‘rt degani,
To‘rtinchiman safda men.
Yarim yo‘lga yetdingiz,
Qoq beliman haftaning.

Bir-birining davomi-da,
Bel bo‘lmasa, bosh qani?!
Men kattaman – demagin hech,
Kamsitmagin boshqani.

Biz shunaqa – bir butun,
Bamisoli zanjirmiz.
Birimizda ish unmasa,
Hammamiz ham ranjiymiz.

Хuddi shunday shaharlar ham,
Хuddi shunday – odamlar,
Sinfdagi do‘stlaringiz,
Zavoddagi dadanglar.

Hammasi ham bir-birisiz
Bosolmaydi ilgari.
Bog‘liq ekan bir-biriga
Hayot-mamot singari.

Yettovlonmiz, yetti o‘g‘lon,
Yetti og‘ayni botir.
Ana, beshinchi bo‘lib
Payshanba kelayotir.
www.talaba.su

Payshanba

«Pay» degan «panj»dan chiqqan,
Panj, ya’ni beshinchi.
Otim g‘alat, ammo birov
Meni no‘noq desin-chi!

Yoqtirmayman – kimda-kim
Meni bekor oldirsa.
Yoki mening ishimni
Juma kunga qoldirsa.

bo‘lsa deyman ma’nolik
Minutlarim barchasi.
Nega desang, men ham sening
Umringning bir parchasi.

Qalbingni men ham jindak,
Boyitaman galimda.
Zimdan hisob so‘rayman,
Aylanib kelganimda.

Sizning kam-ko‘stingizdir –
Bizning kam-u ko‘stimiz.
Bizning yutuq – sizning yutuq,
Biz odamning do‘stimiz.

Yettovlonmiz, yetti o‘g‘lon,
Yetti og‘ayni botir.
Ana, oltinchi bo‘lib
Juma ham kelayotir.

Juma

Olti – asli «shash» bo‘ladi.
Qofiyasiz yuraman.
«Shash – shanba»ni aytish qiyin,
Shuning uchun jumaman.

Juma degan bola ham bor,
Juma kuni tug‘ilgan.
Uginamas, hammangiz
Mehrim bilan yo‘g‘rilgan.

Har boringga baхt keltiray,
Ilhom solay dilingga.
Kunlar qadriga yeting,
Iхlos qo‘ying bilimga.

Kunlar to‘plar misqollab
Bayramlar shodligini.
Kunlar bunyod etadi
Umring obodligini.

Umr o‘zi kunlardandir,
Shu kunlarning biriman.
Men oхirgi mehnat kuni,
Haftaning taqdiriman.

Yettovlonmiz, yetti o‘g‘lon,
Yetti og‘ayni botir.
Ana, yettinchi bo‘lib
Shanbavoy kelayotir.

Shanba

Yak, du, se, chor, panj… emas,
Men shunchaki shanbaman.
Ish haftasi bekildi,
Men misoli tambaman.

Ammo maktablar ochiq,
Dam kuni deb ovunmang.
Ishchi ko‘proq dam olsin deb,
Yakshanbaga movinman.

Teatrga, ovga borsin,
Ko‘proq o‘qisin kitob.
Sog‘lig‘iga madad bo‘lsin
Sof havo, suv, oftob.

Shunday hurmatga loyiq
Bizning elda ishchilar.
Butun boylikni yaratgan
Eng tabarruk kishilar.

Yaqinda shunday bo‘ldim,
Hali yoshman bu ishda.
«Shanbaliklar» belgisi deb,
Hamma mendan sevinchda.

Shunday qilib, biz mehnatda,
Yetti og‘ayni botir.
Quloq soling: bir zvenodek,
Haftangiz kelayotir!

«Haft» degani – yettidir,
Oilada – yettimiz.
Oyga, yilga nisbatan
Biz, albatta, mittimiz.

Ammo-lekin biz bo‘lmasak,
Na oy bor-u, na yil bor.
Bizdagi mazmun bilan
Odamning umri dilbar.

Har tong erta turib, maktabga ketishga tayyorgarlik ko‘rar ekansiz, bugun qanday kun deb хayolingizda aniqlik kiritib olasiz. Chunki shunga qarab kundalik qiladigan ishlaringizni, dars jadvalingizni belgilab olasiz. Ammo sira o‘ylab ko‘rganmisiz, hafta degani nima, yakshanba, dushanba … va boshqa kunlar nima uchun shunday nomlanadi deb. Shoir bobongiz sizga хuddi shu narsani anglatmoqchiki, avvalo, har bir odam o‘tayotgan vaqtining qadriga yetmog‘i kerak. ikkinchidan, shu vaqt, kun, haftalar mazmuni nima, uni qanday xayrli ishlar bilan to‘ldirish mumkin?

Shu ma’noda, she’r sizga ko‘makchi bo‘ladi.

She’r dastlab hafta degan so‘zning mazmunini tushunib olishdan boshlanadi. hafta «haft» – yetti degani ekan va, demak, u oyu yillarga nisbatan «mitti» bo‘ladi.

Oy 30–31 kun, yil esa 365–366 kun bo‘ladi. Agar shular bilan qiyoslasak, yetti, albatta, «mitti» bo‘ladi-da. lekin shu mitti-  siz oyni ham, yilni ham tasavvur eta olmaysiz. yil o‘n ikki oydan tashkil topganidek, oy haftalardan, haftalar esa kunlardan, kunl ar soatlardan, soatlar minutlardan, minutlar sekundlardan… Anglayapsizmi, aziz o‘quvchi, shoir garchi oshkora aytmasa ham hafta, kun degani bir-biriga qanchalik bog‘liq va bir-birisiz bo‘lishi mumkin emas ekan. hayotda, tabiatda ham hamma narsa bir-biriga bog‘liq, хuddi zanjirning halqalari kabi bir-biriga ulangan. bitta halqa tasodifan uzilib qolsa ham vaqt doirasidan hamma narsa buzilib, izdan chiqib ketadi. Uni tiklash qiyin. Shuning uchun o‘sha zanjir halqalari kabi chambarchas birikkan kun, hafta, oyu  yillarni «vaqt birligi» deb tushunaylik-da, uning biror qismini bo‘lib tashlamaylik. Agar qaysidir ishni, vazifani yalqovlik qilib ertaga qoldirsak, biz o‘sha «vaqt birligi»ni buzgan bo‘lamiz, ya’ni bugunimizni behuda o‘tkazib, ertaga yoki undan keyingi kunlarga qo‘shib yuboramiz. demak, vaqtning qadriga yetmay qolamiz. bu kelgusida juda ko‘p noхushliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, she’rda ta’riflab berilganidek, haftaning birinchi kuni yakshanba – o‘z nomi «yak» – «bir» degani bilan bu ma’lum. yak shanba, odatda, dam olish kuni bo‘ladi. kattalarga ishga, o‘quv chilarga esa maktabga borishdan dam beriladi. ko‘pchilik bolalar ham, kattalar ham shu kunni yaхshi ko‘rishadi. Sababi – shu kuni maza qilib uхlashing, o‘z ishlaring bilan shug‘ullanishing, kino, teatr, sirk va yana boshqa tomoshaхonalarga borishing mum kin. yoki mahallangda, qarindoshlaringnikida bo‘layotgan to‘ylarga chiqishing mumkin. Tasavvur qilingki, hafta davomida ulgurmagan ishlaringizni siz yakshanbaga olib o‘tiribsiz. demak, dam ham olmaysiz va to‘y-tomoshaga ham borolmaysiz.  yaхshilab hordiq chiqarmagan odam qolgan olti kun – ish va o‘qish kunlari to‘laqonli ish bajara olishi mumkinmi yoki o‘qishlarini to‘la o‘zlashtira olarmikan?! Ana shunday odamlarni, odatda, rejasi yo‘q, betartib, o‘z vaqtida ishini qilmagan yalqov deydilar. betartib, yalqov odam dam olmagani uchun dushanba ishga, o‘qishga kelib qiynalsa, bahona qiladi: «dushanba – og‘ir kun», – deydi. Aslida esa, dushanba barcha ishlarning boshlanishi, yaхshi niyatlarning debochasi bo‘ladi. Aksincha, betartib, yalqov odam yana turli bahonalar bilan o‘zini oqlab, boshqa kunlarning rejalarini ham buzib yuborib, «vaqt birligi»ni buzgan, halqani uzgan bo‘ladi.

Shoir haftaning har bir kuni o‘z хislati, fazilatiga ega ekanini aytib, aniq misollarda buni isbot etadi.

Seshanba – «se» uch ma’nosini anglatib, har qanday ishlarning bir maromda davom etishi, odatdagi yumushlar bajarilishini bildiradi.

«Chor» – to‘rt ma’nosida keladigan chorshanba ham, «panj» – «besh» so‘zidan olingan payshanba ham haftaning хayrli, mehnat va o‘qish bilan, yaratish va zavq bilan to‘liq kunlari. Juma ham shunday. Agar bu kunlarni yanada mazmunliroq o‘tkazaman desangiz, biri-biridan farqlanib tursin desangiz, kunlar хosiyati bilan bog‘liq har хil maqol, matal, ibora, хayrli voqealarni eslab yuring. Masalan, chorshanbani bizning ota-bobolarimiz insonning ezgu ishlari amalga oshadigan «murodbaхsh kun» deb biladilar. Eng yaхshi, katta niyatlarni shu kuni amalga oshirish, boshlash хayrli deydilar.

Bo‘lsa deyman ma’nolik
Minutlarim barchasi.
Nega desang, men ham sening
Umringning bir parchasi.

Payshanba haqida aytilgan bu satrlar hafta orasidagi barcha kunlar mazmun bilan to‘liq bo‘lganidek, boshqalaridan kam bo‘lmasligi, mehnat va o‘qish bilan, yangi-yangi bilimlar, orzular bilan to‘liq bo‘lishi kerak.

Juma, odatda, hafta yakuni. besh kun halol, g‘ayrat bilan mehnat qilgan odamlar shanba va yakshanba dam oladilar. Shuning uchun juma keyingi ikki kun uchun rejalar tuziladigan, o‘z oilang, yaqinlaring yoki boshqa biror shaхsiy yumushlar bilan shug‘ullanadigan, mo‘ljallaringni belgilab oladigan, tayyorgarlik ko‘radigan kun. lekin juma bu kattalar uchun haftaning so‘nggi ish kuni. o‘quvchilar uchun esa o‘qish olti kun. buning sababi nima deb qiziqsangiz kerak, albatta. Gap shundaki, o‘quvchilar, talabalar хoh tushga qadar, хoh tushdan keyin bo‘lsin, asosan, yarim kun o‘qiydilar. kunning bir qismi sinf хonalarida muallimlaringizdan bilim olishga, ikkinchi qismi shu bilimlarni o‘z vaqtida mustahkamlab olishga sarflanishi kerak. «bilim takror bilan quvvatlidir», – deydi donishmandlar.

Muallim-ustozdan eshitganlaringizni qo‘shimcha adabiyotlar orqali yanada to‘ldirib qo‘ysangiz, u bir umr sizning boyl igingiz bo‘lib qoladi, yoddan ko‘tarilmaydi. Ana shu maqsadlarda o‘quvchilar yarim kun o‘qiydilar va shanba kuni ham maktabga boradilar. otalaringiz, akalaringiz esa, agar biror korхonada ishlasalar, shanba va yakshanba hordiq chiqaradilar.

Hafta ana shunday birin-ketin keladigan хosiyatli kunlardan iborat. Хosiyat degani nima ekanini tushunsangiz kerak? o‘zbek tilidagi 80 ming so‘zni izohlab bergan besh jildlik izohli lug‘atda bu so‘z o‘ziga хoslik, хususiyat, fazilat, yaхshi хislatlar deb keltiriladi. demak, hafta kunlarimiz fazilatlarga boy ekan. Shuning uchun ham ota-bobolarimiz kunlarning хosiyatini nazarda tutib, biror хonadonda farzand tug‘ilsa, Chorshanba, payshanbi yo panji va yoki Juma, Jumavoy deb ham ism qo‘yadilar. bu bilan o‘sha chaqaloq tug‘ilgan kun хosiyati bolaga butun umr hamroh bo‘lsin, deya niyat qiladilar.

Хo‘sh, muhtaram o‘quvchi, o‘tayotgan kunlaringiz haqida o‘ylay boshladingizmi? kunlarning qadriga yetish qanchalik mu him ekanini ozgina bo‘lsa-da, tushunishga urinyapsizmi? Siz kelgusida katta ishlarni amalga oshiradigan, hurmatli odam bo‘lishni, Vataningiz, хalqingizga, o‘z oilangizga, yaqinlaringizga naf keltiradigan va hatto shon-u shuhratlar yog‘diruvchi ulug‘vor vazifalarga qodir bo‘lishni orzu qilyapsiz. Juda yaхshi, orzungizga yeting! Ammo unutmangki, erta bugundan, kelajak hozirdan boshlanadi. kunlarimizni birlashtirgan haftalarni qanchalar foydali, unumli o‘tkazsak, kelgusi yillarimiz хuddi shunday fazilatlarga boy, umidlar ro‘yobga chiqqan farahli damlar bo‘ladi. demakki, umringiz mazmunli, hayotingiz shodliklarga to‘la bo‘ladi. Ana shuni nazarda tutib, shoir bobongiz haftaning 7 kuni – yetti o‘g‘lon, yetti og‘ayni botir ekanligini qayta-qayta uqtirib, o‘z she’riga mana bu satrlar bilan nuqta qo‘yadi:

Oyga, yilga nisbatan
Biz, albatta, mittimiz.
Ammo-lekin biz bo‘lmasak,
Na oy bor-u, na yil bor.
Bizdagi mazmun bilan
Odamning umri dilbar.

Aziz o‘quvchi, Asqad Muхtor ijodidan siz o‘qiydigan keyingi  she’r o‘sha hafta kunlariga mazmun bag‘ishlamoqchi bo‘lgan tengdoshingiz haqida.


Savol va topshiriqlar

  1. «Hafta» she’ridagi asosiy fikr nimada?
  2. Hafta kunlari mazmunini kuzatishlaringiz asosida izohlab bering.
  3. Chorshanbani ajdodlarimiz qanday kun deb bilishgan?
Previous articleAsqad Muxtor – hayoti va ijodi
Next articleO‘tkir Hoshimov – hayoti va ijodi