Kenja nevaram shahrizodga (Rasul Hamzatov she’ri)

0

Kenja nevaram shahrizodga (Rasul Hamzatov sheri). Кенжа неварам шаҳризодга (Расул Ҳамзатов шеъри).


Nega yig‘layapsan, ayt, qo‘zichog‘im,
Nima bo‘ldi? Yomon tush ko‘rdingmi yo?
Otang bor, onang bor – suyangan tog‘ing,
Boshingda girgitton tevarak dunyo.

Ota-yu onamdan ayrilib, ne tong,
Ko‘p ko‘rdim qismatning ozorin qattiq.
Yig‘lasam yarashar men yetim – bobong,
Nega sen bunchalar yig‘laysan achchiq?

Bilmaysan sen hali xusumat nima,
Aldov, xiyonatdan emas holing tang.
Toza bu ko‘nglingda g‘am qolmas sira
Allasin aytganda mehribon onang.

Do‘stlarni ko‘rdim men iymonsiz taqir,
Dushmanlar yo‘limni to‘sdi g‘ov bo‘lib.
Sen nega yig‘laysan? Yig‘lay men, axir,
Ko‘nglim yig‘ilarga ketdi-ku to‘lib.

Sen urush neligin bilmaysan mutlaq,
Yondi olovida barcha tirik jon.
Sening boshing uzra nur sochar har choq
Tinch va osoyishta lojuvard osmon.

Urushdan qaytmadi ikkita akam,
Eslasam, ko‘zimdan sizadi namlar.
Haqqim bordir mening tinmay yig‘lasam,
Sochim oqartirdi adoqsiz g‘amlar.

Bola yig‘isida ma’no bor ekan,
Tinglasam, shunday der u mitti yurak:
«Siz ko‘rgan azob-ku o‘tmishda qolgan,
Men uni ertaga tortishim kerak!»

Rasul Hamzatov hayoti va ijodi >>


Savol va topshiriqlar:

  1. She’rning birinchi bandi mazmunini sharhlang. Boboning nevaraga berayotgan savolining ma’nosini chaqing.
  2. Ota-onasidan ayrilgan boboning tug‘ganlari yonida bo‘la turib yig‘layotgan nevarasini tushunmayotgani tasviridagi yumorni his etishga urining.
  3. Hayotning ayovsiz sinovlari, g‘araz, yomonlik, xiyonat, aldovlarni ko‘raverib bezor bo‘lgan boboning tashvishsiz nevara yig‘isidan yozg‘irishi sababini izohlang.
  4. Urushda ikki akasini yo‘qotgan shoir iztiroblari ifodasiga to‘xtaling.
  5. Yig‘ining sabablari haqida bobo bergan savollarga nevara-ning javobi ma’nosini sharhlang.
Previous articleRasul Hamzatov “Ona tilim” she’ri
Next articleAsqad Muхtоr hayoti va ijodi