Lutfiy hayoti va ijodi haqida malumot. Лутфий ҳаёти ва ижоди ҳақида малумот. Лутфий хаёти ва ижоди хакида малумот.

Lutfiy (1366 – 1465)
Lutfiy – o‘zbek adabiyotining XV asr ikkinchi yarmigacha bo‘lgan davrlardagi eng mashhur lirik shoiri. Shuning uchun ham zamonasining ahli adabi va ahli fuzalosi uni «malik ul-kalom», ya’ni «so‘z podshosi» deb e’zozlagan. Manbalarda taxallusi oldidan «ulug‘ ustod» ma’nosidagi «Mavlono» sifatining qo‘shib tilga olinishi ham – shundan. Obro‘yi va shuhrati juda yuksak daraja-
ga yetgan edi. Alisher Navoiy uni o‘zining ustozlaridan biri deb biladi. Buni shoirlar haqidagi «Majolis un-nafois» tazkirasidagi bu ulug‘ shoir haqida aytilgan quyidagi iliq so‘zlar ham isbotlaydi: «Mavlono Lutfiy o‘z zamonasining malik ul-kalomi erdi, forsiy va turkiyda naziri yo‘q erdi… va turkcha devoni ham mashhurdur».
Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat» degan tasavvuf vakillari – shayx-avliyolar to‘g‘risidagi tazkirasida esa Lutfiyning uzoq umr ko‘rgani va qabri haqida ham qimmatli ma’lumot beriladi: «…To‘qson to‘qqiz yoshida olamdin o‘tdi. Qabri Dehikanordadur, o‘z maskani erdi».
Bundan shoir Hirotda tug‘ilib-o‘sgani, o‘zi yashagan Dehikanor degan qishloqda dafn etilganini bilib olamiz. Biroq Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqandda yashab, ijod etgan o‘zbek adabiyotshunosi Ahmad Taroziyning keyingi yillarda Amerika Qo‘shma Shtatlaridan topilgan adabiyot nazariyasiga bag‘ishlangan «Funun ul-balog‘a» asarida bu shoir «Lutfiyi Shoshiy» deya tilga olinganiga asoslanib, olimlar uning Toshkentda tavallud topgan bo‘lishi mumkinligini ham aytishyapti. Сhunki Shosh hozirgi Toshkentning qadimiy nomi bo‘lganini yaxshi bilasiz.
Lutfiy milodiy 1366-yili tug‘ilib, 1465-yili vafot etgan. Bu ustoz shoir dunyodan o‘tganda Alisher Navoiy 24 yoshda edi.
XV asrning birinchi yarmida o‘zbek tilida yaratilgan «Gul va Navro‘z» dostoni sho‘rolar davrida uzoq yillar Lutfiyning asari sifatida xato taxmin etib kelingan edi. Ammo keyingi tadqiqotlar bu doston o‘sha davrda yashab, ijod etgan shoir Haydar Xorazmiy qalamiga mansub ekanini ko‘rsatdi.
Lutfiy – lirik shoir. Alisher Navoiy uni o‘zigacha bo‘lgan o‘zbek she’riyatining eng kuchli, eng taniqli shoiri sifatida baholaydi. U Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Atoiy, Muqimiy, Yaqiniy, Amiriy, Gadoiy kabi o‘zbek shoirlarini sanay turib, o‘zbek she’riyatida «mashhur forsiy shoirlar muqobalasida (qarshisida) kishi paydo bo‘lmagan»ini aytadi. Ammo ular orasida Lutfiyni alohida ajratib ko‘rsatadi: «… Bir Mavlono Lutfiydin o‘zgakim, bir necha matla’lari borkim, tab’ ahli (nozik didli adabiyotchilar) qoshida o‘qusa, bo‘lur». Bundan anglashiladiki, Lutfiy Navoiygacha bo‘lgan davrning eng oldi o‘zbek shoiri edi. U fors-tojik tilida ham go‘zal she’rlar bitgan zullisonayn (ikki tilli) ijodkor edi.
Bizgacha Lutfiy turkiy (o‘zbekcha) devonining XVI – XX asrlar mobaynida ko‘chirilgan jami 33 nusxasi yetib kelgan. Bu qo‘lyozmalar dunyoning turli shaharlaridagi e’tiborli kutubxona va qo‘lyozmalar xazinalarida saqlanadi.
Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, shoir merosining umumiy miqdori 2 ming 774 baytdan ortiq. Buning 2086 baytini, ya’ni 60 foizga yaqinini g‘azal janri namunalari tashkil etadi. Shoir, g‘azaldan tashqari, qit’a, ruboiy, tuyuq va fard janrlarida ham ijod qilgan.
Lutfiy lirikasi faqat o‘zbek she’riyati vakillarigina emas, boshqa turkiy xalqlar, jumladan, turkman, ozarboyjon, usmonli turk shoirlari ijodiga ham sezilarli ta’sir qilgan.
Xalqaro Bobur jamg‘armasi tashabbusi bilan 2006-yili Hirot yaqinida joylashgan Dehikanor qishlog‘idagi Lutfiy qabri aniqlashtirilib, u yerda o‘zbek milliy uslubida ayvonli yangi maqbara bunyod etildi.
Shoirning, xususan, g‘azal va tuyuqlari XV asr o‘zbek lirikasining go‘zal namunalari hisoblanadi. Hozirgi paytda ham shoirning ko‘plab g‘azallari qo‘shiq qilib kuylanadi. Ular xalqimizning sevimli ashulalari safidan joy olgan.
G‘azallar
«Xoh inon, xoh inonma» radifli g‘azal
Sensen sevarim, xoh inon, xoh inonma,
Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma.
Hijron kechasi charxi falakka yetar, ey Moh,
Ohi saharim, xoh inon, xoh inonma.
Haqqoki, qilich kelsa boshimg‘a, eshikingdin
Yo‘qtur guzarim, xoh inon, xoh inonma.
Usruk ko‘zing ashkolina har gah nazar etsam,
Qolmas xabarim, xoh inon, xoh inonma.
Yoqub bikin ko‘p yig‘idin qolmadi sensiz
Nuri basarim, xoh inon, xoh inonma.
Oy yuzung‘a ko‘z solg‘ali o‘zga kishi birla,
Yo‘qtur nazarim, xoh inon, xoh inonma.
Ishq o‘tida Lutfiy yuzi oltunni yoshurdi,
Ey siymbarim, xoh inon, xoh inonma.
Bu g‘azal tamoman turkona ruhda bitilgan. Tilimizda kelib chiqishi jihatidan sof o‘zbekcha bo‘lgan so‘zlardan tashqari, forstojikcha hamda arabcha kalimalar ham ko‘p uchraydi. «Turkona» degani shuki, she’rda o‘zbekcha so‘z va iboralar qo‘llash asosiy o‘rin tutadi.
G‘azal an’anaviy yetti baytdan iborat. U aruzning nisbatan murakkab turlaridan biri bo‘lmish hazaji musammani axrabi makfufi mahzuf (yoki maqsur), ya’ni maf’uv lu – mafoiylu – mafoiylu – faulun (yoki mafoiyl) vaznida bitilgan. Taqte’si: – – V / V – – V / V – – V / V – – (yoki V – ~).
G‘azalda ishq mavzusi qalamga olingan. Lirik qahramon oshiq nomidan so‘zlaydi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’shuqaga murojaat qiladi. Biroq bu yerda zimdan ilohiy ishq ko‘zda tutilganini unutmaslik kerak.
Qofiyasi («sevarim – jigarim – saharim – guzarim – xabarim – basarim – nazarim – siymbarim») va radifi («xoh inon, xoh inonma») – juda jarangdor. Asar qurilishida ularning alohida o‘rni bor. Xususan, radifning to‘rt so‘zdan tashkil topgani, amalda sakkiz misrada ularning qaytarilishi ohang ustuvorligini kuchaytirgan. Radifning o‘zida tazod bor: «xoh inon» bilan «xoh inonma» o‘rtasidagi o‘zaro zidlik asarga alohida badiiy joziba baxsh etgan.
«Inonma» – hozirgi tilimizda mavjud «ishonma» so‘zining XV asrdagi shakli. Mamlakatimizning ayrim hududlarida (masalan, Buxoro viloyatida), shuningdek, Afg‘onistondagi o‘zbek shevalarining ba’zilarida hozir ham «ishonma» o‘rniga «inonma» shakli ishlatiladi.
G‘azalning tili – sodda, ravon. Murakkab, falsafiy-tasavvufiy so‘z va timsollar uchramaydi hisob. Shuning uchun g‘azal mazmuni – bugungi o‘quvchi uchun ham tushunarli. Baytlar yengil kayfiyat, ayricha bir ishqiy zavq bilan o‘qiladi. Hozirgacha hofizlarimiz bu g‘azalni qo‘shiq qilib kuylayotgani ham shundan bo‘lsa kerak. Bu g‘azal ham mumtoz yo‘lda, ham zamonaviy estrada usulida ashula qilingan.
Matla’da, radif («xoh inon, xoh inonma»)dan tashqari, to‘rttagina («sensen», «sevarim», «qondur» va «jigarim») so‘z ishtirok etgan. Bu birinchi bayt amalda yorga oshiqlikni anglatadi, xolos. Lekin qo‘shmisra mazmunidan uning to‘g‘ridanto‘g‘ri yorga murojaat ekani bilinib turibdi.
Ikkinchi baytda ustalik bilan oshiqning hijron (ayriliq) kechasida sahargacha oh chekkani, bu charxi falakka yetgani aytiladi. Birinchi misra oxiridagi «Moh» so‘zi bilan ikkinchi misra boshidagi «oh» o‘zaro ohangdoshlik paydo qilganki, bu ham shoirning yuksak badiiy mahoratidan dalolat beradi.
Uchinchi bayt alohida izoh talab qiladi. Buning uchun «guzar» so‘zining ayni matndagi xos ma’nosini tushunib olish kerak. Agar bu so‘zni «o‘tish» deb anglasak: «Xoh ishon, xoh ishonma, Xudo haqqi, boshimga qilich kelsa ham, eshiging oldidan o‘tmayman», – degan g‘azaldagi umumiy mantiqqa zid ma’no-mazmun kelib chiqadi. Shuning uchun bu so‘zni «ketish» ma’nosida tushunish lozim. Shunda: «Xoh ishon, xoh ishonma, Xudo haqqi, boshimga qilich kelsa ham, eshiging oldidan nari ketmayman», – degan to‘g‘ri ma’no anglashiladi.
Xuddi ikkinchi baytdagi kabi, to‘rtinchi qo‘shmisra birinchi satrida «nazar» so‘zi ham bekorga qo‘llanmagan: uning g‘azal qofiyasidagi so‘zlarga (ular orasida «nazarim» ham uchraydi) hamohangligi bor.
Beshinchi baytda talmih san’ati ishlatilgan. Talmih san’ati deganda asarda biror voqea-hodisa, tarixiy fakt, adabiy yoxud afsonaviy qahramon nomini tilga olish tushuniladi. Dinimiz tarixidan yaxshi bilamizki, Yusuf degan o‘g‘lidan ayrilgani uchun yig‘layverganidan Yoqub payg‘ambarning oxiri ko‘zlari butkul ko‘r bo‘lib qoladi. Bu mumtoz she’riyatimizda ko‘p bor tilga olinadigan, ishora qilinadigan voqealardan biri hisoblanadi. Lirik qahramon yori ishqida yig‘layverib, ko‘zdan qolganini aytish uchun shu talmihdan foydalanadi.
Oltinchi baytda shoir yorni «Oy yuzli» deb ta’riflagani uchun ham shunga mutanosib ravishda maqta’da uni «siymbarim» deydi. Oyning oqligi bilan siym, ya’ni kumushning oqligi o‘rtasida vobastalik bor. Bu ikki qo‘shmisra aro yana bir mutanosiblikni sezmaslik mumkin emas. Oltinchi baytda yor yuzi tilga olingan edi. Maqta’da lirik qahramon g‘azaldagi maqsad-muddaosidan kelib chiqib, o‘z yuzi haqida ham unga eslatib qo‘yishni unutmaydi: Lutfiyning yuzi azbaroyi hijron azobini chekaverganidan sarg‘ayib ketib, oltinni yashiradigan daraja ga yetdi, ya’ni shunchalik sarg‘aydiki, buning oldida tilloning sariqligi hech narsa bo‘lmay qoldi!
Lutfiy g‘azallari bunday go‘zal badiiy topilmalarga boyligi bilan ajralib turadi.
Adabiyotimizda mashhur g‘azallarga naziralar bitish, ya’ni uning qofiya va radifidan foydalanib, o‘xshatmalar yozish an’anasi shakllangan. Lutfiyning bu g‘azali ta’sirida Boborahim Mashrab (1640 – 1711) ham bir g‘azal yaratgan.
Savol va topshiriqlar
- G‘azal hajmi va mavzusi haqida ma’lumot bering.
- Asar vazni, qofiyasi va radifini tahlil qiling.
- G‘azal baytlarini ketma-ketlikka amal qilgan holda sharhlang.
- Ikkinchi baytda «oh» va «Moh» so‘zlari o‘rtasidagi bog‘liqlik, shuningdek, to‘rtinchi baytdagi «nazar» so‘zining g‘azal qofiyasiga olingan so‘zlar bilan ohangdoshligi qay darajada ahamiyatga ega ekanini tushuntiring.
- Beshinchi baytdagi Yoqub timsoli bilan bog‘liq talmihni izohlang.
- Maqta’da Lutfiyning yuzi oltinni yashirgani zamirida qanday ma’no ko‘zda tutilgan?
- G‘azalni yodlang.







