Mirtemir Toshbu she’ri

0

Mirtemir Toshbu she’ri. Миртемир Тошбу шеъри.


Chayirsan, chechansan, chuchuksan so’zsiz,
Ertakday ezgusan, buloq yanglig’ pok.
Ko’z ololmas hatto ilg’asa ko’zsiz,
Holbuki, munglug’san. G’amdan ko’ksing chok.
Yor jangga jo’narkan: «Bo’shashma», – devdi,
Bo’shashgan paytda ham bo’lolding tetik.
Bilarding – u seni jonidek sevdi,
Egningda kalta to’n, oyoqda etik,
Ko’ngil qo’yding suyuk paxtazoringga,
Jo’yaklarda qolding qosh qorayguncha.
Ter to’kib ko’z tikding o’z devkoringga,
Vafo bo’lsa agar, bo’lur-da shuncha!
Burmalik ko’ylak ham, nimcha-yu g’ijim,
Sirg’alar sandiqqa tushdi. Bardosh bu…
Xilvatda yosh to’kding yomg’irday sim-sim,
Keyin yig’i ham tark. Bosh bo’lding, Toshbu…
O’n juvonga boshliq – ko’p ham osonmas,
Tun og’ir va uzun, bo’lar eding xun.
Bu to’y kunidagi quvnoq javlonmas,
Ter to’kding ham o’zing, ham ering uchun
Qirov ketmasidan tashiding o’g’it,
To’qiltoq arava – uloving eshak.
O’n juvon izmingda – maslahat, o’git,
Darddoshlik ham og’ir, ko’p og’ir, beshak.
O’z bo’yningda edi suv, o’toq, chopiq,
Esda turmas edi soch tarash hatto.
Sho’x hislarga qalbing darchasi yopiq,
Kulib qaraganga jo’n qarash hatto.
Dalaga ergashar ikki bolang ham,
Biri choy qaynatar, biri tashir suv.
Erkak mehnatiga ko’nikding kam-kam,
Bu ham jang edi-da, qattol jang, Toshbu!

Har qalay qaynashdan qolgan yo’q qozon,
O’rtada quyuqmi, suyuqmi – yovg’on.
Buvak ham, go’dak ham bo’lmadi xazon,
Badnom etolmadi biror qing’ir jon.
Kosang toza, halol, butun va beyuq,
Qoraxat, nim qahat sololmadi chang.
Jamolingga har gal suqulolmay suq:
– Buncha toshbag’ir! – der badar ketdi gang.
Toleying bor emish, tole yor emish,
Keldi axir jangchi: bas deb, shum fi roq.
O’pkasida moshdek o’q ham bor emish,
Tirsakdan bir qo’l yo’q: Sendan g’ash yiroq.
Seni sal xo’rlagan sira insonmas,
Ko’zlaringda g’urur va baxtdan yosh bu.
Sensiz O’zbekiston – O’zbekistonmas,
Sensiz keng jahon ham sira jahonmas,
Toshbu!

Mirtemir


Savol va topshiriqlar:

  1. She’rning birinchi misrasida «ch» tovushi bilan boshlanadigan uch so’zning yonma-yon kelishida qanday ma’no bor deb o’ylaysiz?
  2. She’rda shoir tomonidan Toshbuning ichki va tashqi qiyo-fasi tasvirlangan satrlarni topib izohlang.
  3. Toshbuning bardoshi madh etilgan misralarni toping va ularni sharh lab bering.
  4. Toshbu tabiatidagi pokizalik, sadoqat, mehnatsevarlik, insoniy g’urur tuyg’ulari tufayli shoir ko’nglida paydo bo’lgan faхr aks etgan misralarni toping.
  5. O’zbek ayoli sadoqati va g’ururiga faxriya tarzida bitilgan misralar ni toping va sharhlab bering.
  6. «Sensiz O’zbekiston – O’zbekistonmas, Sensiz keng jahon ham sira jahonmas, Toshbu!» satrlarining ko’tarinki ruhi ha qidagi qarashlaringizni tushuntiring.
  7. She’rni yod oling.
Previous articleMirtemir Onaginam she’ri
Next articleMirtemir Betobligimda she’ri