Mirtemir Onaginam she’ri

0

Mirtemir Onaginam she’ri. Миртемир Онагинам шеъри.


Tovonimga chaqir tikanakday botguvchi – g’ashlik.
Bedavo sizloviqday sizlatguvchi – g’ashlik.
Jigarimni qiymalab ahyon-ahyon,
Chuchvaraga chekkuvchi – g’ashlik.
Meni o’ylab notavon va nimjon,
G’ashimga tekkuvchi – g’ashlik.
Suyaklarimni sirqiratib
och tevatday g’ajiguvchi,
Ko’zimda yosh tirqiratib,
jig’ildonimda achchiq bo’zaday
achiguvchi g’ashlik…

Dunyoga qayta kelishimga ko’zim yetsaydi,
Yigit yoshimga to’lmay turib,
Ayriliq zaylida qoq yog’ochday qurib,
Jon bergan onamni ko’rishimga ko’zim yetsaydi,
Tizzasiga bir nafas bosh qo’yishimga ko’zim yetsaydi,
Onalik mehriga obdan to’yishimga ko’zim yetsaydi,
«Oq sutingni oqlay», – deyishimga ko’zim yetsaydi,
Menda g’ashlik netardi?

Yantoq o’tinidek,
Tamaki tutunidek,
Tong paytida taralgan badbaxtlik tunidek –
Cheksiz fazolarga tarqab ketardi!
Onaginam!
Odam bo’ldimmi menam?
Yigit yoshimgacha bir chelak suv keltirib bermagan bo’lsam,
Yo tashnaligingda bir kosa sharbat to’ldirib bermagan bo’lsam,

Yo non yopishing uchun,
Hatto bir yo’la bir kun
Sahrodan o’tin orqalab kelmagan bolangman…

Yo sigirni podadan ayirib,
Yo echkini hovliga qayirib,
Og’zingdan so’z chiqmay, yelmagan bolangman…
Sening arzimas bir yumushingni ado etolmaganim,
Sening bir ishorangga yuz o’mbaloq oshib ketolmaganim.

Seni jindak xushvaqt qilgani,
Seni jindak xushbaxt qilgani,
Tagsiz jarlardan o’tolmaganim,
Seni so’nggi yo’lga o’zim kuzatolmaganim – Tog’day zil,
Abadiyatday cheksiz armon bo’lib qoldi dilimda, onaginam!

Odam bo’ldimmi menam?
Ha, odam sanashar meni elimda.
Senga qilolmagan xizmatim,
Sen deb chekolmagan zahmatim –
Jindak zehnim, jindak she’rim, jindak g’azalxonligim,
Onalik mehriga to’ymagan mehrim, jindak yaxshilik va yomonligim,
Meni odam sanagan elimga baxshida, jafodiyda onaginam!

Elga xizmatim– senga xizmatim emasmi, axir,
El meni farzandim demasmi, axir!
Rozi bo’l, odam sanalay menam…
Dunyoga qaytib kelurman,
Lekin boshqa o’g’il bo’lib…

Mirtemir


Savol va topshiriqlar:

  1. Shoirning holati dastlabki misralarda qay tarzda ifodalan-gan?
  2. She’rdagi «botguvchi», «sizlatguvchi», «chekkuvchi», «tek kuvchi», «g’ajiguvchi», «achiguvchi» singari sifatlashlar qaysi tushunchaga tegishli? Ular qanday she’riy vazifani bajarishga qaratilgan?
  3. She’rdagi «g’ashimga tekkuvchi – g’ashlik» ifodasining she’r jozibasini oshirishdagi, kishi ruhiy holatini ifodalashdagi o’rnini tushuntirib bering.
  4. Ona oldida farzandlik burchini o’tay olmagan kishining afsuslari ifodasi eng avjiga chiqqan o’rinni aniqlang.
  5. «Onaginam» she’rini boshdan oyoq bir xil ohangda, bir xil zarb bilan o’qib bo’ladimi? Ohanglar almashinib turishiga sabab nima?
  6. «Togday zil» ifodasi nima uchun alohida bir misraga chiqarilgan va uni qanday o’qish kerak, deb o’ylaysiz?
  7. She’rni yodlang.
Previous articleMirtemir she’rlari (Onaginam, Toshbu, Betobligimda)
Next articleMirtemir Toshbu she’ri