Muhammad Yusuf (1954-2001)

0

Hozirgi davr o‘zbek milliy’ adabiyotining ko‘zga ko‘ringan iste’dodli shoirlaridan biri Muhammad Yusufdir. U 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumaii, Qovunchi qishlog’ida oddiy oilada tavallud topdi. O’rta maktabni tugatgandan so‘ng respublika Rus tili va adabiyoti institutini (1978) tamomladi. 1978—1980 yillarda respublika Kitobsevarlar jamiyatida, 1980—1986 yillarda  «Toshkent oqshomi» ro‘znomasida, 1986—1992 yillarda esa G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, hozir esa «O’zbekiston ovozi» ro‘znomasida faoliyat ko‘rsatmoqda.

U o‘nga yaqin she’riy to‘plamlarning, o‘nlab qo‘shiqlarning muallifi sifatida keng kitobxonlar qalb kirib ulgurgan. Uning dastlabki she’rlari birinchi bor «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» ro‘znomasida 1976 yilda chop etilgan. Shundan so‘ng «Tanish teraklar” (1985), «Bulbulga bir gapim bor» (1987), «Iltijo” (1988), «Uyqudagi qiz» (1989) «Halima enam allalari” (1989), «Ishq kemasi» (1990), «Ko‘nglimda bir yor” (1990), «Bevafo ko‘p ekan» (1991), «Erka kiyik» (1992) kabi jozibali she’riy to‘plamlari nashr etildi. 1989 yilda esa «Uyqudagi qiz» nomli she’riy to‘plami uchun unga respublika Yoshlar mukofoti berildi.    U rostgo‘y shoir, halol va pokiza qalb egasi. Shuning uchun ham uning she’riyati butun ma’naviyatga to‘la, muhabbat haqida kuylaydimi, bevafo yor haqida qo‘shiq to‘qiydimi yoki tariximiz, taqdirimiz haqida kuylaydimi hamisha hayotga, haqiqatga hamnafaslik sezilib turadi. Uning she’rlari oddiy, ravon, soddaligi bilan xalq og’zaki ijodiga hamohang ko‘rinadi. Shoirnig Shoir she’riyati ham shunday. Mehringizda, qalbingizda qo‘shiq bo‘lib qoladi.


OSMONNING OXIRI

Osmonning oxiri qayerda, dedim bir donishga. U miq etmadi.
Menga juda yoqdi bu javob.
Osmonning oxiri yo`q, axir!
Irmoqning oxiri daryo. Daryoning oxiri dengiz.
Osmonning esa oxiri yo`q.
Yo`l chetida yumalab yotgan toshni tepdim.
Toshdan sado chiqmadi.
Xudoga soldim, degani bu.
Olma shohiga osilib devorga chiqdim.
To`kilgan meva qumursqalarga ermak bo`ldi.
To`kilgan devor tuprog`i esa gunohimga gunoh bo`lib qo`shildi.
Tunda paxsakash chol tushimga kirdi.
Mening shirin uyqum buzildi.
Xuddi eski devor buzilganiday…
Uyquning oxiri – o`lim. O`limning oxiri esa yo`q.
Bo`lsa ham hech kim unga yetgan emas.
Axir o`lim bu hamma narsaning oxiri-da.
Odamning umri goho yerda yotgan qog`ozcha ham emas.
Ertalab ishga ketayotib ko`rgan qog`ozingni kechda qaytishda ham ko`rishing mumkin. Ertalab ko`rgan odamni esa hamisha kechqurun ko`ravermaysan.
Chumoli chumolini o`ligini tashiydi.
Biya qulunidan ko`z uzmay o`tlaydi.
Oqibat faqat odamlarda yetishmaydi.
Yer odamni boqadi. Kiyintiradi.
Odam esa uni bir kunda sahroga aylantiradi.
Suv odamning mardikori: hosil beradi, tegirmon yurgizadi.
Odam uni o`ylamaydi.
Dunyodagi hamma narsa odamga yaqinlashishi bilan o`zligini yo`qotadi.
Odam odamga yaqinlashganda ham topganidan yo`qotgani ko`proqdir…
Oftob qayerga botadi, deyman bobomga. Osmonning oxiriga, deydi u. Oftob osmonning oxiriga borib botmaydi, balki yig`laydi.
Dunyodagi barcha yo`llarning oxiri – yig`i.
Dunyoning oxiri – qiyomat ham yig`i.
Odam yig`i nimaligini anglab yetguncha yaqinlari olamdan o`tgan bo`ladi.


Muhammad Yusuf (1954) biografiya

Previous articleKomil inson tarbiyasi sharq mutafakkirlari talqinida (referat)
Next articleUsmon Nosir – hayoti va ijodi