O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlik

0

O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlik. Ўзбекистонда диний бағрикенглик ва ижтимоий барқарорлик. Узбекистонда диний багрикенглик ва ижтимоий баркарорлик.

O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlik

Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

  1. Berilgan rasmlarda xalqimizga xos qanday qadriyatlar uyg‘unlashgan?
  2. Bag‘rikenglik deganda nimani tushunasiz?
  3. Vatanimiz tarixidan bag‘rikenglik tamoyiliga oid ma’lumotlarni keltiring.
  4. Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbek xalqining bag‘rikenglik qadriyati qanday namoyon bo‘ldi?

Bugun O‘zbekiston diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik borasida butun dunyoga namuna bo‘lmoqda. O‘zbekiston xalqiga xos ushbu fazilat uzoq va murakkab tarixiy jarayonlar natijasida yuzaga kelgan. Og‘ir sinovlarni boshidan kechirgan turli e’tiqod vakillari qiyin vaqtlarda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab, o‘zaro yordam qo‘lini cho‘zganlar. O‘lkamiz tarixi turli din vakillari orasida diniy asosdagi nizolar chiqmaganligi bilan ajralib turadi.

Bundan deyarli 1,5 ming yil avval hozirgi Markaziy Osiyoni o‘z ichiga olgan G‘arbiy turk hoqonligi davrida (552–576) o‘lkada ma’lum bo‘lgan barcha din vakillariga o‘z e’tiqodlarini amalga oshirish uchun keng yo‘l qo‘yib berilgan.


«…din umuminsoniy axloq me’yorlarini o‘ziga singdirib olgan, ularni jonlantirgan, hamma uchun majburiy xulq­atvor qoidalariga aylantirgan. Madaniyatga katta ta’sir ko‘rsatgan».

Islom Karimov


VIII asr boshida Movarounnahrga islom dini kirib keldi. Bunda yangi diniy e’tiqod va mahalliy urf-odat, an’analar birlashib, boshqa musulmon mamlakatlaridan farqli o‘ziga xos shaklni oldi. Keyinchalik shu o‘lka ulamolari tomonidan keng rivojlantirilgan hanafiylik mazhabi mazkur urf-odatlarning Qur’on va hadislarga mos qismini diniy manba sifatida qabul qildi. Natijada diniy-ijtimoiy masalalarni hal qilishda «urf» fiqhiy manbalardan biri bo‘lib qoldi.

Islom olamida kim musulmon, kim musulmon emas, degan tortishuvlar avj olgan bir paytda Markaziy Osiyo ulamolari islom dinini qabul qilib, o‘zini musulmon sanagan kishini kofirlikda ayblash mumkin emas, degan qoidani islom dinining manbalari bilan asoslab berdilar. Islom dinining ushbu o‘lkada keng tarqalgan mazhabi hanafiylikning bosh aqidaviy tamoyillari ana shunday bag‘rikenglikka asoslangan.

Imomi A’zam Abu Hanifa (699–767) tomonidan bosh langan bunday bag‘rikenglikning ilmiy-aqidaviy asoslari yurtimiz allomalaridan Imom Moturidiy (870– 944), Abul Muin Nasafiy (1046–1115) kabi zotlar tomonidan davom ettirildi. Ular qoldirgan boy ilmiy meros asrlar osha musulmon mamlakatlar madrasalarida diniy bag‘rikenglikka asoslangan qo‘llanmalar sifatida o‘qitib kelindi va hozirgi kunda ham o‘qitilmoqda.


Ijodiy faoliyat

Ieromanax Xaritonning gapini o‘qing va quyidagi savollarga javob bering.

  1. Voqea qaysi davrga oid deb o‘ylaysiz?
  2. Xalqimizga xos bag‘rikenglik qadriyatlarini tushuntiring.

«Mahalliy aholi bechora ko‘chmanchi (rus dehqon)larga hamdardlik bilan mehribonlik qilishmoqda, aks holda ularning ko‘pchiligi ocharchilik va muhtojlikdan o‘lib ketgan bo‘lar edi».

«Oramizda do‘stlik rishtalari hamma sohalarda namoyon bo‘lmoqda: har bir pravoslavning musulmon do‘stlari mavjud bo‘lgani kabi ruhoniylar va imomlar o‘rtasida ham do‘stlik aloqalari juda baland. Do‘st­musulmonlarga tadbirkorlik sohasi yoki konstitutsiya bo‘yicha yordam bilan murojaat qilinsa, albatta, so‘ralgan narsani olamiz. Bizda ziddiyatlar u yoqda tursin, tushunmovchiliklar ham mavjud emas».

Mitropolit Vladimir


«Diniy bag‘rikenglik va qonun ustuvorligi — bu ko‘pmillatli davlat qurilishi lozim bo‘lgan poydevorning bir qismidir».

O‘zbekiston Bibliya jamiyati ijrochi direktori S.Mitin

XIII–XIV asrlarda mo‘g‘ullarga qarshi ozodlik kurashi jarayonida ushbu mintaqa aholisini birlashtiruvchi kuch sifatida yassaviya, kubraviya, naqshbandiya kabi so‘fiylik tariqatlari shakllandi. Markaziy Osiyo tasavvuf namoyandalari vatanparvarlik, xalqparvarlik, tinchlik, barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilgan islom dinining ilg‘or vakillari sifatida obro‘-e’tibor topdilar.

Buyuk sohibqiron Amir Temur e’tiqod va ma’naviyatning katta ahamiyatini to‘g‘ri idrok etgan edi. Sharafuddin Ali Yazdiy haqli ravishda Amir Temurni e’tiqodi komil inson sifatida ta’riflagan. Eng muhimi, sohibqiron Markaziy Osiyoda keng tarqalgan islomdagi birlashish va ajralmaslik tarafdori bo‘lgan yo‘nalish «ahli sunna va jamoa»ga doim sodiq, diniy aqidaparastlikka qat’iy qarshi bo‘lgan. Amir Temur islom dinini mutaassiblikdan xoli tushungan. Uning komil e’tiqodi boshqa dinlarni rad etish hisobiga bo‘lmagan. Shu sabab li ham u nafaqat o‘z asri, balki keyingi davrlar uchun ham namuna bo‘ldi.


Bugungi kunda mamlakatimizda ajdodlarimizning buyuk va ulug‘vor mehnati hamda me’rosini o‘zida mujassam etgan diniy qadriyatlar rivojlanmoqda. Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan turli e’tiqod vakillari ham davlatimizning bu siyosatini to‘g‘ri tushunib, qo‘llab-quvvatlamoqdalar.

Samarqanddagi Avliyo Aleksiy Moskovskiy sobori
Samarqanddagi Avliyo Aleksiy Moskovskiy sobori

O‘zbekistonda din davlatdan ajratilgan bo‘lsa-da, e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida davlatimiz tomonidan tartibli va tizimli ravishda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, 2000-yilda — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan Toshkent va O‘rta Osiyo Arxiyepiskopi Vladimir dinlararo bag‘rikeng likni mustahkamlash borasidagi xizmatlari uchun «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Markaziy Osiyodagi musulmon va boshqa din vakillari o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikka asoslangan. Bugun respublikamizda 16 konfessiya vakillari emin-erkin faoliyat olib bormoqdalar. Murakkab tarixiy jarayonlar sinovlarini mardonavor yengib o‘tishlari natijasida shakllangan diniy bag‘rikeng lik muhiti mamlakatda tinchlik, taraqqiyot va farovonlikka xizmat qilmoqda. Chunki bu holatdan barcha din vakillari manfaatdordirlar. Mana shu oliyjanob maqsad yo‘lida barcha konfessiyalar yurtimizda va xorijda tashkil etilayotgan ma’naviy va ma’rifiy tadbirlarda respublikamizda diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlikni yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqdalar.

Fayoztepa

Fayoztepa — O‘zbekistonda 2000 yil avval buddaviylik taraqqiy etganini ko‘rsatadi.


Ijodiy faoliyat

Ushbu matnni o‘qing va munosabat bildiring.

Odamlarni ayblamang, shunda siz ham ayblanmaysiz, aks holda, ularni qanday ayblagan bo‘lsangiz, siz ham shunday ayblanasiz. O‘zgalarning aybini qaysi qarichda o‘lchasangiz, sizniki ham o‘sha mezonda o‘lchanadi.


Bugungi kunda O‘zbekistonda har bir diniy konfessiya o‘zining diniy tashkilotiga ega bo‘lib, diniy marosimlarini amalga oshirmoqda. Konfessiyalar o‘z faoliyatlarini O‘zbekistonning «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonuniga amal qilgan holda olib bormoqdalar.

XX asr bashariyat tarixiga ikkita jahon urushi sodir bo‘lgan asr sifatida yozildi. Butun jahon afkor ommasi XXI asr — tinchlik asri bo‘lmog‘i uchun kurashmoqda. Bu yo‘lda diniy bag‘rikenglik, dinlararo muloqot katta ahamiyat kasb etadi. An’anaviy diniy bag‘rikenglik o‘lkasi sifatida ma’lum va mashhur bo‘lgan O‘zbekiston bu jabhada ham o‘z vazifasini sharaf bilan ado etmoqda.


Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
  1. Yurtimizda bag‘rikenglik muhiti yaratishda noislomiy konfessiyalar- ning o‘rni qanday?
  2. O‘zbekiston xalqiga xos diniy bag‘rikenglik asoslari qanday murakkab jarayonlar sinovlari natijasida yuzaga kelgan?
  3. Yurtimizga katoliklik yo‘nalishi vakillarining kirib kelishi qaysi voqea bilan bog‘liq bo‘ldi?
  4. Noislomiy konfessiyalarning mamlakatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish jarayoniga qo‘shgan hissasi nimalarda namoyon bo‘lmoqda?
Previous articleNaqshbandiylik tariqati haqida – Нақшбандийлик тариқати
Next articleYurtimiz mutafakkirlarining jahon ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi