Muzqaymoq (hikoya)

0

Muzqaymoq (hikoya). O‘sha oilamiz boshiga og‘ir kulfat tushgan kuni men, o‘n yashar bola, nimadandir ko‘nglim g‘ash, uyimiz ro‘parasidagi paxsa devorga chiqib o‘zimcha go‘yo otga minib o‘tirardim.

U mahalda biz Turkiston shahrining eng so‘lim joylaridan biri – Lager ko‘chasida ikki xonadan iborat, oldi ayvon, o‘sha zamon imkoniyatiga ko‘ra tuzukkina uyda istiqomat qilardik. Bu uyning kattagina hovlisi ham bor edi. Ikki qavatli ulkan darvoza orqali kiradigan bu hovlida bizdan tashqari yana bir nechta xonadon yashardi. Darvozaning ustida quruq pichan saqlanadigan boloxona bo‘lar, biz, bolalar oqshom paytlari bekinmachoq o‘ynaganda boloxonaga chiqib pichan tagida «jon saqlardik».

Oilamiz boshiga musibat tushgan o‘sha mash’um kundan bir necha oy muqaddam dadam uyimizdagi deyarli barcha kitoblarni uch-to‘rt qopga solib beda tagiga yashirgan-u, boloxona eshigiga otning kallasidek qulf osib qo‘ygandilar. Endilikda boloxonaga hech kim kirolmas, faqat men goho-goho tuynukdan tushib qoplardagi kitoblarni, ayniqsa sersurat, qalin kitoblarni tuynuk shu’lasiga solib tomosha qilib o‘tirishni yoqtirardim.

Bu suratlar ham juda g‘alati, ularning aksari charm palto kiyib, bellariga qilich va to‘pponcha taqib olgan harbiy, ba’zilari esa ot o‘ynatgan, qizil alvon ko‘tarib dushman sari ot surib ketayotgan mard-u maydonlar bo‘lsa ham, negadir barchasining ko‘zlari o‘yib olingan yoki yuzlariga ko‘k siyoh tortilgan edi. Nega shunday? Men bu sir-asrorning tagiga yetolmay qiynalardim, dadamlardan so‘rashga esa yuragim dov bermas, sababi, dadamlar qahri qattiq odam edi, «bu kitoblarni senga kim ko‘rsatdi» deb dashnom berishlari mumkin edi.

O‘sha qora kun ham nimadandir ko‘nglim notinch, kitob titish esimga tushib tomga chiqdim. Ammo tanish tuynukka yaqinlashganimda ko‘chaning boshida qo‘sh ot qo‘shilgan chiroyli foytunga ko‘zim tushdi. Sal o‘tmay foytun darvozamiz ro‘parasiga kelib to‘xtadi. Undan o‘sha paytlarda barcha kattalar uchun rasm bo‘lgan yashil rang galife shim va gimnastyorka kiygan o‘rta yashar ikki kishi bilan qizil ko‘ylakli, ko‘zlari qiyg‘och bir ayol tushdi. Erkaklardan biri tomda meni ko‘rib qolib: – Egamberdi Jaqipovning uyi shulma? – deb so‘radi.

–     Shu, – dedim men. Shu payt hovlidan chiqqan oyim-larning:

–     Kelinglar, mehmonlar, xush kelibsizlar, – degan ovozi eshi-tildi. Men boloxona ustunidan sirpanib yerga sakrab tushdim. Mehmonlar ichkariga kirishgan, oyimlar allaqanday hayajonda edilar.

–     Dadangning mahkamasiga chop! – dedilar oyimlar negadirshivirlab. – Ayt: SAKUda birga o‘qishgan og‘aynilaringiz kelishdi, de! Kutib o‘tirishibdi, tezroq kelar ekansiz, de! Ha, aytmoqchi, bir yo‘la maktabga borib, opang bilan pochchangga ham ayt – tezroq kelishsin. Dasturxon-pasturxonga qarashib yuborishsin!

Men negadir, aftidan, «mehmon» so‘zidan ko‘nglim yorishib, ikki oyog‘imni qo‘limga olib chopa ketdim. Garchi pochcham bilan katta opamlar o‘qituvchilik qiladigan maktab dadamlar ishlaydigan mahkamadan xiyla narida bo‘lsa-da, avval o‘sha tomonga o‘tib oyimlarning gapini opamlarga aytdim, so‘ng, hamon ikki oyog‘im qo‘limda, yalangoyoq, yalangbosh, ko‘cha changitib dadamlarning mahkamasiga qarab chopdim.

Dadamlarning mahkamasi badavlat savdogar qurgan va endilikda partiya qo‘mitasi joylashgan ko‘rkam binoning shundoq biqinida edi. Men borganimda dadamlar ham idoradan chiqqan ekanlar. Meni uzoqdan ko‘rib darvoza oldida to‘xtadilar. Dadamlar to‘ladan kelgan, novcha, qirraburun, o‘sha davrda rasm bo‘lgan to‘mtoq mo‘ylovli, xushqad, salobatli kishi edilar. Egnidagi libosi hozir xotiramda yo‘q, agar yanglishmasam, o‘sha mahalda dohiy Stalinga taqlidan kiyiladigan ko‘krak cho‘ntakli yashil kostyum va galife shim kiygan, oyoqlarida ham o‘sha zamonlarda rasm bo‘lgan g‘arch-g‘urch xrom etik.

Rahmatlik dadamlar uyqusizlikdanmi, boshqami – ko‘zlari qizargan, allaqanday horg‘in ko‘rindilar menga. U kishi hansiray-hansiray aytgan gaplarimni eshitdilar-u, chehralari sal yorishib:

–     Yur, bolam! – dedilar boshimni silab. – Senga bitta muz-qaymoq oberay!

Boya aytganimdek, dadamlar diydasi qattiqroq, o‘ktam, kamgap odam edilar. O‘sha kungacha men u kishining biror marta boshimni silaganlarini bilmasdim. Aksincha, hanuz esimdan chiqmaydi: dadamlar ur kaltak, sur kaltak tagidan chiqolmay, ishdan haydala-haydala oxir pirovardida qishloqqa qaytib uyda ko‘kragini zaxga berib yotgan paytlar. Bir kun oyimlar qo‘limga pul va ikki-uch litrli grafin (dadamlar katta lavozimlarda ishlagan mahalda orttirgan nodir matoh) tutqazib:

–     Do‘konga kirib qimiz olib chiq, dadang aytdilar! – dedilar.

Do‘konga kirsam, qimiz tugagan ekan. Men parvoyifalak qo‘limdagi grafinni o‘ynatib uyga qaytdim. Yo‘lim yog‘och va temir qoziqlar qoqilgan mol bozoridan o‘tardi. To‘satdan nimadir «shaq» etdi. Qarasam, qo‘limdagi grafin temir qoziqlardan biriga tegib, tangaday joyi o‘pirilib tushibdi. Yuragim orqamga tortib ketdi. Uyga qaytishga jur’at qilolmay anchagacha bog‘imiz poyidagi soy bo‘yida aylanib yurdim. Nihoyat, yuragimni hovuchlab uyga kirib bordim. Oyimlar meni ko‘rib:

–     Qayoqlarda daydib yuribsan, bevosh? Dadang sho‘rlikkutaverib diqqinafas bo‘p ketdilar-ku! — deb koyidilar, so‘ng grafindagi teshikka ko‘zlari tushib qo‘limdan ushlagancha ichkariga sudradilar.

Dadamlar ulkan, chorxari uyimizning to‘rida kitob varaqlab yonboshlab yotardilar.

–     Do‘konda qimiz yo‘q ekan, bu ham yetmagandek, o‘g‘lingiz grafinni sindirib qo‘yibdi… – Oyimlar shunday deb grafinni dadamlarning oldidagi xontaxtaga qo‘ydilar.

Keyinchalik oyimlar bu ishlaridan pushaymon bo‘lib ko‘p gapirganlar. «Nega shunday qilganimni o‘zim ham bilmayman, bolam, dadanglarning nochor ahvoli hammamizni ezib qo‘ygan edi», – deguvchi edilar rahmatlik.

Dadamlar shitob bilan qadlarini rostladilar-u xontaxtadagi grafinni olib menga qarab otdilar. Zarb bilan otilgan grafin shundoq qulog‘im tagidan o‘tib (chamasi, jonholatda boshimni olib qochgan bo‘lsam kerak!) devorga tegib chil-chil sindi.

Men tura qochdim, qocharkanman oyimlarning: «Qimiz ham o‘lsin! Qimiz deb bolamni o‘ldirmoqchimisiz, adasi?» – degan achchiq faryodini eshitdim.

Oyimlarning aytishicha, keyinchalik dadamlar ham bu qilmishidan pushaymon bo‘lganlar. Kim bilsin, ehtimol, boshiga og‘ir musibat tushishini sezib yurgani uchundir, ehtimol, bir mahal dilimga ozor bergani esiga tushib uni ko‘nglimdan chiqarmoqchi bo‘lgandir, harqalay, umrimda birinchi bor boshimni silab muzqaymoq oberishga ahd qildilar.

Ko‘chaning narigi yuzida shahar bog‘i bo‘lar, bog‘ oldidagi maydonchada har xil suv, meva sharbatlari, muzqaymoq sotiladigan mitti-mitti do‘konchalar bo‘lardi. Borsak, do‘konlar yopilgan ekan. Dadamlar astoydil ranjidilar.

–     Umrimda bir marta senga muzqaymoq olib bermoqchi bo‘l-gandim, bu ham nasib qilmadi-yov, bolam! – dedilar u kishi allaqanday chuqur o‘kinch bilan.

Uyga borganimizda chiroqlar yongan, hovlidagi o‘choqqa qozon osilgan, bizdan avval yetib kelgan katta opamlar bilan oyimlar o‘choq atrofida kuymalanib yurishar, pochchamlar ko‘rinmas edilar.

Dadamlar ichkariga kirib ketdilar-u darhol qaytib chiqdilar. Chehralari ochilgan, kayflari chog‘ edi.

–     SAKUda birga o‘qigan eski qadrdonlarim kelishipti. Qalay,tuzukroq go‘sht-po‘shtlaring bormi, Gulshan? – dedilar dadamlar oyimlarga qarab. – Bor bisotingni dasturxonga to‘kasan bugun…

Hovlimizda, shundoq o‘choq yonida bir tup gujum o‘sar, gujum tagida chuqur quduq bo‘lar, issiq yoz va iliq kuz kunlari go‘shtni shu quduqda asrardik.

Oyimlar menga quduqdan go‘sht olib ber dedilar. Men quduq chang‘irog‘ining dastasini aylantirib go‘sht osilgan changakni torta boshladim-u, to‘satdan ko‘chadan kirib kelgan ikki harbiyga ko‘zim tushib, negadir yuragim orqamga tortib ketdi. Ular o‘choq atrofida kuymalanib yurgan oyimlar bilan opamlarga bir qarab qo‘ydilar-da, etiklari bilan yerni tap-tap bosib ayvonga chiqishdi. Ayvondan uyga kirishdi. Harbiylarni ko‘rishlari bilanoq turgan joylarida tosh qotib qolgan oyimlar bilan opamlar birdan dod solishib uyga qarab yugurishdi. Quduq chang‘irog‘ini beixtiyor qo‘yib yuborib men ham ketlaridan chopdim.

Men o‘sha paytlar mamlakatimizda va hatto shahrimizda nima bo‘layotganidan bexabar edim, albatta. Shu bois oyimlar bilan opamlarning harbiylarni ko‘rishlari bilanoq faryod chekib, ichkariga otilishlari sababini anglamadim. Ammo ular mudhish maqsad bilan kelishganini aql bilan bo‘lmasa-da, yurak bilan his etgandim. Keyin bilsam, o‘sha davrda hamma joyda bo‘lganidek, Turkistonda ham har kuni, har daqiqada ko‘plab odamlar hibsga olingan ekan. Oyimlar va opamlar bundan boxabar bo‘lganlari uchun ham harbiylarni ko‘rib dod solishgan ekan. Eshikdan kirishim bilan harbiylardan biri – novchadan kelgan, malla sochlarining uchlari qoshlariga nafis egilib tushgan xushsurat o‘ris kapitan polni g‘arch-g‘urch bosib eshikka keldi-da, uning ilmog‘ini solib:

–     Tintuv tugaguncha endi hech kim uyga kirmaydiyam, chiq-maydiyam! – dedi yurakka g‘ulg‘ula soluvchi bir qat’iyat bilan.

Uyda qiy-chuv boshlangan, katta opamlar o‘rta eshikda haykalday qotib qolgan dadamlarning bo‘yniga osilib yig‘lamoqda, oyimlar ham dadamlarning yelkasiga suyanib unsiz titramoqda, kichik opamlar bilan ukalarim burchakka tiqilishib xuddi kalxatlardan qo‘rqqan jo‘jalarday ko‘zlari ola-kula, bir-birining pinjiga kirib olishgandi.

Ikki tavaqali o‘rta eshik ochiq, ichkari xonaning to‘rida SAKUda dadamlar bilan birga o‘qigan mehmonlar, ranglarida rang yo‘q, tippa-tik serrayib turishardi. Ikkinchi harbiy esa ichkari uydagi katta qizil shkafga terilgan kitob va albomlarni bitta-bitta ko‘zdan o‘tkazmoqda edi.

Xushsurat, mallasoch kapitan esa tashqi xonadagi qutilar, sandiq va sandiqchalar, shkaflarning tortmalarini ochib ulardagi buyumlarni titkilar, latta-puttalar orasidan allanimalarni qidirar edi. Navbatdagi shkafga kelganda harbiy qancha urinmasin uning pastki tortmalarini ocholmadi. Uyda birorta sandiq yo shkaf yo‘q ediki, men uni ocholmasam. Kapitanning qiynalayotganini ko‘rib men qo‘limga mix oldim-u pildirab borib shkafning tortmasini shartta ochib berdim. Kapitan chehrasi yorishib kuldi-da:

–     Malades! – dedi boshimni silab, – kelgusida Pavlik Mo-rozov chiqadi sendan!

Kapitanning bu kutilmagan maqtovidan yuragim «jiz» etdi. Keyinchalik, katta bo‘lganimda, men uydagi dod-faryodga qaramasdan otamni qamashga kelgan jallodning maqtovidan bir zumgina bo‘lsa-da, yayrab ketganimni har eslaganimda bir o‘zimdan ijirg‘anib yurdim. Ammo o‘sha daqiqada, afsusnadomatlar bo‘lsinkim, uning so‘zlaridan g‘ururlanib ketganim ham haqiqat, mudhish haqiqat!

Shu payt dadamlarning:

–     Suv! – degan ovozlari eshitildi. – Bir piyola quduq suviberinglar, yuragim kuyib ketyapti!

Uyda suv yo‘q ekan. Opam yig‘idan to‘xtab:

–     O‘rtoq kapitan! – dedilar hiqillab. – Ruxsat bering, ukamquduqdan suv olib kirsin!

Kapitan shkaf tortmasidan boshini ko‘tarib:

–     Agar dod-voyingni qo‘ysang, ruxsat beraman! – dedi vakuldi: – Shunday chiroyli qiz ham bunaqa yig‘loqi bo‘ladimi?

Kapitanning meni Pavlik Morozovga o‘xshatgani menga qanchalik xush yoqqan bo‘lsa, uning opamlarga qilayotgan soxta xushomadi shunchalik yoqmadi. Lekin nima ham qilardim? Chelakni olib tashqariga otildim. Hovlidagi chiroq o‘chgan, ayvondan uzoqroqda, quduq yonidagi gujum panasida kimdir qoqqan qoziqdek qaqqayib turardi. Bu pochchamlar edi. U lommim demasdan qo‘lidagi chaqaloqni menga tutqazib quduqdan yarim chelak suv olib berdi-da, sharpasiz odimlab hovlining qorong‘i burchagiga qarab ketdi.

Keyinchalik marhum oyimlar ko‘p aytguchi edilar:

–     O‘sha kuni pochchangni Xudo o‘zi asradi! Agar pochchangopang bilan birga kelganida, kim bilsin, uni ham birga opketisharmidi bu toshbag‘irlar?

Oyimlarning bu gapida jon bor edi, chunki tintuv tugab dadamlarni olib ketayotganlarida harbiylar SAKUchi sho‘rlik mehmonlarga Turkistondan ketishdan avval NKVDga borib ruxsat olishlari shart ekanini uqtirishib, qo‘llaridan tilxat olishdi…

Nihoyat, tintuv tugadi. Dadamlarga kiyinishni buyurdilar. Oyimlar bilan opamlarning nolasi ko‘kka chiqib uyimiz achchiq faryoddan zir titradi. Oyimlar dadamlarning yelkasiga paltosini ildilar. SAKUni bitirgan sho‘rlik mehmonlarga tuzalgan dasturxondan ilingan narsani ro‘molga tugib, qo‘llariga tutqizdilar.

Boyagidan ham battar qorayib, bir zumda allaqanday ozib, munkayib qolgan dadamlar avval hamon faryod chekayotgan oyimlar bilan opamlar, so‘ng qaqshab-qaltirab qolgan ukalarimning peshonalaridan o‘pdilar-u navbat menga kelganda:

–     Hay, attang! – dedilar to‘satdan ko‘zlariga yosh olib. –Umrimda bir marta senga muzqaymoq olib bermoqchi bo‘luvdim. Shuniyam evlayolmadim-ov, bolam!..

Butun tintuv davomida ko‘zimga yosh olmagan, «kelgusida Pavlik Morozov bo‘lasan» degan so‘zlardan shishib ketgan norasida birdan hamma narsa – dadamlarning hech qachon erkalamaganini ham, do‘kondan qimiz topolmay qaytganimda grafinni qulochkashlab otganlari ham – hammasi esimdan chiqdi-yu, alamli chinqiriq bilan dadamlarning tizzalarini quchoqlab oldim…

… Bir necha oy o‘tdi. Bu orada xonadonimiz motamsaro bir makonga aylandi. Qish yaqinlashib qolgan, kun sayin uning qahrli nafasi kuchayib borar, uyda esa na o‘tin bor, na ko‘mir!.. Biz tancha qurib, bir amallab kun kechiramiz.

Haftada bir marta, yanglishmasam, shanba kunlari dadamga ovqat olishadi. Oyimlar bir amallab topgan-tutganlarini pishiradilar-u tong mahal u kishi bilan birga avaxtaga ravona bo‘lamiz.

Turkistonda Qul Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasining shundoq biqinida O‘rta Osiyoni zabt etgan general Chernyayev qurdirgan besh-oltita mustahkam g‘ishtin binolar bo‘lardi. Chernyayev bu binolarni chor askarlari uchun qurdirgan. Sovet hokimiyati esa ularni qamoqxonaga aylantirgan-u atrofini tikanli sim bilan o‘rab tashlagan.

Har shanba tikanli sim bilan chegaralangan bu qal’a ro‘parasiga kamida 150–200 ayol, chol-kampirlar yig‘ilishadi, bular «xalq dushmanlari»ning oila a’zolari. Yosh-yosh juvonlar, qaqshab-qaltirab qolgan keksalar hibsxona xodimlarining ovqat qabul qilishini kutib ertalabdan kechgacha tikanli sim oldida diydirab turishadi. Oyimlar qamoqxonaga gohida meni ham yetaklab borishlariga sabab – mabodo dadamlar bilan yuz ko‘rishish nasib etsa otamlar meni ko‘rib qolsinlar degan niyatda edilar. Lekin dadamlarni biror marta ko‘rsatishmadi, ko‘rsatishmaganlari ham mayli, bot-bot olib borgan ovqatlarimizni qabul qilmasdan qaytarib yuborishardi. Goho men bir necha soat mahtal bo‘lib kutganimdan keyin biror bahonani ro‘kach qilib, hibsxonaning shundoq yonginasidagi shahar bog‘iga qarab chopardim. U yerda Xudoning kuni borki, miting bo‘lar, shahar maktablaridan nog‘oralar gumburi va karnay-surnaylar sadosi ostida pionerlar va hatto oktabryatlar saf tortib bog‘ga kelishardi. Bog‘ o‘rtasiga qizil alvon bilan o‘ralgan ulkan minbar o‘rnatilgan bo‘lib, charm palto kiygan, to‘pponcha taqqan faollar unga chiqib va’z aytishar, va’zlarning aksariyati trotskiychilar va ularning «dum»larini fosh qilishga bag‘ishlanardi. Bu va’zxonliklarning dahshatli tomoni shunda ediki, bugun Trotskiyning «dum»larini fosh etib otashin nutq so‘zlagan notiqlarning aksari ertasiga o‘zlari «dum»ga aylanib fosh etilganlar ro‘yxatiga tushib qolishardi. Meni bu mitinglarga borishga nima chorlaganini hanuz tushunolmayman. Aftidan, karnay-surnay va nog‘oralar sadosi saf tortib o‘tadigan tengdoshlarimning quvnoq va jo‘shqin qo‘shiqlari bo‘lsa, ajab emas. Chunki bu gumburgumbur sadolar-u otashin qo‘shiqlar qulog‘imga chalinishi bilan xuddi nog‘oraga o‘rgangan harbiy otday oyoqlarim o‘z-o‘zidan raqsga tushib, yuragim hapriqib ketaverardi. Faqat bir narsa murg‘ak qalbimni ezar, u ham bo‘lsa, minbardan turib aytiladigan nutqlarda ba’zi-ba’zida dadamlarning nomi ham «dum»lar qatori tilga olinardi. Lekin shunday paytlarda dadamlarning Stalin to‘g‘risidagi so‘zlari esimga tushardi-yu yuragimga quyilib kelgan alamli tuyg‘uni haydardim. Bu hol toki shahar komsomol qo‘mitasining kotibi bilan yuzma-yuz kelgunimcha davom etdi.

Bu yosh, xushqad, xushsurat yigitcha bizga qo‘shni edi. Oilamiz boshiga musibat tushgunga qadar u xonadonimizga bo‘zchining mokisidek qatnar, dadamlar bilan kechalari uzoq suhbatlashib o‘tirardi. U o‘sha yozda uylangan, xotini ham, o‘ziga o‘xshash ko‘hlik, xushqad, xushsurat edi. Dadamlar ularning to‘ylariga to‘yboshi bo‘lgan, oyimlarning aytishicha, dadamlar unga moddiy yordam ham bergan ekanlar.

Dadamlar qamalganlaridan keyin yon qo‘shnimiz qorasini ham ko‘rsatmaydigan bo‘ldi. Bunga ajablanmasa ham bo‘lardi, chunki shogird tugul qarindosh-urug‘lar ham bu og‘ir, g‘urbatli kunlarda uyimizni chetlab o‘tishar, bitta-yarimta kelsa ham kechalari qo‘rqa-pisa kelib, so‘ng devor panalab qaytib ketardi.

Shanba kuni edi. Chamasi, qamalganlar soni ko‘paygan, chunki avaxtaga ovqat ko‘tarib kelganlar soni ancha ortgan, navbat kutayotganlarning dumi ko‘rinmasdi. Kun sovuq, sevalab mayda yomg‘ir yog‘ardi. Shu boisdanmi, boshqami, oyimlar men so‘ramasdanoq uyga ketishimga ruxsat berdilar. Men tinimsiz maydalab yog‘ayotgan yomg‘irdan diydirab uyimizga tomon ravona bo‘ldim-u to‘satdan bog‘ tomonda yangragan nog‘oralar gumburi-yu karnay-surnaylar sadosini eshitib beixtiyor to‘xtadim.

Nog‘oralar va karnay-surnaylar sadosi tobora avjga chiqmoqda, chamasi, odatdagidan ham katta miting boshlanmoqda edi. O‘rgatilgan otga o‘xshab yana nog‘oralar gumburlayotgan tomonga burildim. Haqiqatan ham, yomg‘irga qaramay, pionerlar har tomondan saf-saf bo‘lib bog‘ga yopirilib kelishardi.

Darvozaga yaqinlashib qolganimda nogahon ro‘para tomondan kelayotgan qo‘shnimiz – shahar komsomol qo‘mitasining kotibiga ko‘zim tushdi. U bir o‘zi emas, charm paltolik harbiy odam bilan uchburchak soqol qo‘ygan jikkakkina mo‘ysafid qurshovida kelardi.

Kotibni ko‘rishim bilan yuragim negadir «shuv» etib bog‘ga sho‘ng‘ishga chog‘landim, ammo kotib bir sakrashda yo‘limni to‘sib bilagimdan shappa ushladi-da:

–     Ha, qashqirdan tug‘ilgan qashqircha! – dedi titroq bosib.– Bitta shaltoq buzoq bir podani buzadi! Bo‘yningga soxta qizil galstuk taqib bu sofdil qizil pionerlarni buzmoqchimisan? – U qo‘limni og‘ritib siqqancha o‘ziga torta boshladi. Lekin shu payt jikkak mo‘ysafid:

–     Qo‘yib yubor bolapaqirni, – dedi oraga tushib. – O‘rtoqStalin aytdi-ku, bola otasi uchun javob bermaydi deb! Gunohi nima bu norasidaning?

Yosh kotib qovog‘idan qor yog‘ganicha bir qariyaga, bir charm paltoli harbiyga qaradi-da, qo‘limni qo‘yib yubordi va: «Yo‘qol ko‘zimdan!» – deb o‘shqirdi.

Shundan keyin nima bo‘ldi, nima qo‘ydi – hozir esimda yo‘q, faqat kotibning omburdek metin changalidan chiqdim-u tomog‘imni g‘ip bo‘g‘gan ko‘z yoshini yuta-yuta saf-saf bo‘lib o‘tayotgan baxtli tengdoshlarim yonidan katta ko‘cha tomon otildim…

* * *

Nihoyat, dadamlar bilan vidolashadigan kun ham keldi. Vidolashishga uch kishiga ruxsat berishgandi: oyimlar, katta opamlar va menga! Shu boisdan bo‘lsa kerak, qarindosh-urug‘lardan hech kim – na dadamlarning ukalari, na yor-do‘stlari — hech kim kelmadi.

Oyimlar bilan opamlar kechasi uxlashmay dadamlar uchun bug‘doy talqon, so‘k talqon va yana allaqanday narsalar tayyorlashdi. Chunki bu payt dadamlar ozod bo‘ladi degan umid ojiz miltirab turgan shamday so‘ngan, u kishini uzoqlarga olib ketishlari, chamasi, oyimlarga ayon edi.

Ertalab to‘rva-xaltalarni ko‘tarib qamoqxonaga qarab yo‘l oldik. Bu safar bizni ko‘p kuttirishmadi. Beliga choynakday to‘pponcha taqib olgan harbiy bizni uzun, tor, nimqorong‘i yo‘lakdan ichkariga boshladi. Yo‘lakning yarmiga borganda o‘ng qo‘ldagi eshikni ochib bizga yo‘l berdi. Chog‘roqqina to‘rtburchak xonaning to‘ridagi stol oldida gimnastyorka kiygan, sochlari oppoq bir odam allanimalarni yozib o‘tirardi.

Dadamlar burchakda kursida o‘tirgan ekanlar (men avval u kishini tanimay qolibman!), biz kirishimiz bilan dik etib o‘rindan turdilar. Azaldan barvasta, to‘ladan kelgan, novcha odam bir-ikki oy ichida cho‘pday ozib, lunjlari ichiga botgan, ko‘zlari kirtayib, qiyg‘ir burni so‘rrayib qolgandi.

Yana qamalgan kechasidagidek yig‘i-sig‘i boshlandi. Oyimlar-ku, yuzini ro‘moliga yashirib jimgina titrab yig‘lar, lekin opamlar… dadamlarning bo‘yinlariga osilib olgan opamlarning faryodi tor xonani zir titratardi.

Keyinchalik marhum oyimlar ko‘p aytguvchi edilar:

–     Noinsoflar jilla qursa yarim soat ham fursat bermadilar.Dadang sho‘rlikning diydoriga ham to‘ymadik. Bergan chorak soatlari ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi…

Bu safar chorak soat davom etgan vidolashuv davomida dadamlar biror marta Stalinning nomini tilga olmadilar, qamalgan kunlaridagidek: «Men partiya oldida gunohkor emasman! O‘rtoq Stalin barhayot ekan, meni oyoqosti qilib qo‘ymaydi!» – demadilar. Bil’aks, bir necha marta ko‘zlariga yosh olib:

–     Meni kechir, Gulshan. Ayol boshing bilan besh bolaniqanday boqasan – aqlim bovar qilmaydi. Endi yuz ko‘rishishimizga ham ko‘zim yetmaydi, kechir meni! – dedilar.

Har safar dadam shunday deganlarida stolga mukka tushib allanimalarni yozayotgan kishi:

–     Hoy, Yoqubov! – derdi qog‘ozdan bosh ko‘tarmay. – Senganima bo‘ldi? Yosh bolamisan, Yoqubov!

Nihoyat, bu odam qarshisidagi devorga osilgan almisoqdan qolgan devor soatiga ko‘z tashlab:

–     Fursat tugadi, Yoqubov. Endi xayrlashinglar! – deb bu-yurdi.

Opamlarning nidosi battar avjiga chiqdi. Oyimlar ozgina pul olib kelgan ekanlar, dir-dir titragan qo‘llari bilan dadamlarga tutdi, dadamlar esa:

–     Bolalaringga yarat, Gulshan! – deb yolvorar edilar. Lekinoyim ko‘nmay axiri pulni olishga majbur qildilar.

Oyimlar keltirgan pul bor-yo‘g‘i ellik so‘m bo‘lib, o‘nta besh so‘mlikdan iborat edi. Dadamlar pulni qiynala-qiynala olarkanlar, besh so‘mliklardan birini menga uzatdilar. Oyimlar pulni mendan olib dadamlarga qaytarib bermoqchi bo‘lgandilar, dadamlar ko‘nmadilar, kaftlarini boshimga qo‘yib:

–     Sen endi bu uydagi eng katta erkaksan, bolam, – dedilarva yana ko‘ziga yosh oldilar. – Oyingga yordamlashib, ukalaringga qarab turgin, bolam!

Dadamlar shunday deb besh so‘mlikni cho‘ntagimga soldilar.

–     Umrimda bir marta senga muzqaymoq olib bermoqchibo‘lgan edim, bu ham nasib etmadi. Bu pulga daftar-kitob ol! Qolganiga muzqaymoq olib ye, o‘g‘lim!..

Boyadan beri oyim va opamlarga qo‘shilib yig‘lashni o‘zimga ep ko‘rmay serrayib turgan bola to‘satdan, xuddi dadamlarni olib chiqib ketayotgan paytlaridagidek yuragimda nimadir darz ketganday tuyuldi-yu NKVD xodimining maqtovlari ham, aksilinqilobchilar kirdikorlarini fosh etgan hushyor pioner ekanim ham – bari yoddan chiqib, «Dadajon!» degancha otamning tizzasini quchoqlab oldim.

Odil Yoqubov

Previous articleOdil Yoqubov hayoti va ijodi
Next articleVoleybol o’yinining vujudga kelishi, uning dastlabki qoidalari