Nodira hayoti va ijodi. Нодира ҳаёти ва ижоди. Нодира хаёти ва ижоди.
Nodira (1792 – 1842)

Nodira – XIX asrning birinchi yarmida ijod qilgan taniqli o’zbek shoirasi. Uning asl ismi Mohlaroyim bo’lib, Nodira – adabiy taxallusi. Bundan tashqari, Komila taxallusi bilan ham o’zbekcha she’rlar bitgani ma’lum. Bu qalam sohibasi – zullisonayn (ikki tilda ijod qilgan) shoiralarimizdan. Fors-tojik lisonidagi asarlarini Maknuna taxallusi bilan yozgan.
U ijod qilgan davrda Qo’qon adabiy muhitida o’zbek va fors-tojik tillarida badiiy asarlar yaratish qariyb teng darajada edi.
Nodira 1792-yili Andijonda tavallud topgan. U Andijon hokimi Rahmonqul otaliqning qizi.
Nodiraning ota-onasi buyuk Sohibqiron Amir Temur xonadoniga mansub edi. Buni uning ushbu baytlaridan ham bilib olish mumkin:
Siyodat xonadoni, shohi Bobur nasli pokimen,
Xudoyo, rahmat ayla barcha ajdodi izomimni.
Nodiraning onasi – Oyshabegim qizining soliha farzand, komila shaxs bo’lib yetishuviga ko’p hissa qo’shdi. Bo’lg’usi shoira zamona xoni oilasiga yaqin qarindosh bo’lgan xonadonda voyaga yetdi. Rahmonqul otaliq Qo’qon xoni Olimxonning tog’asi edi. Shuning uchun 1807-yili Olimxon ukasi Umarxonni tog’asining qizi Mohlaroyimga uylantirdi. Umarxon Marg’ilon begi lavozimiga tayinlanganidan keyin oilasini shu shaharga olib ketdi.
Oradan uch yil o’tib, ya’ni 1810-yili Qo’qon xoni, ya’ni Nodiraning qaynakasi Olimxon qatl etildi. Uning taxtiga ukasi Umarxon o’tirdi. Shoiraning bundan keyingi hayoti mamlakat poytaxti bo’lgan shu shaharda – xon saroyida kechdi. Bu uni ng ijod bilan muntazam va unumli shug’ullanishi, o’zidan oldingi turkiy va forsiy shoirlar asarlarini qunt bilan o’rganishi, ular an’analarini o’zlashtirib, izchil davom ettirishi uchun qulay sharoit yaratdi.
Shoira yashagan zamonda Qo’qon adabiy muhiti gullabyashnagan edi. Umarxon uning umr yo’ldoshi, mamlakat rahbarigina emas, ustoz shoir ham edi. U Amiriy taxallusi bilan she’rlar ijod qilar, shoir sifatida mashhur edi. Tarix takrorlanadi, degan gap bor. O’xshash yerini qarangki, Nodira va Zulfiyaning turmushi ham qariyb bir xil kechdi. Ya’ni Nodira 30 yoshligida, Zulfiya esa 29 yoshida umr yo’ldoshidan ayrildi. Bu ayriliq tabiiy ravishda ana shu ikki shoira ijodida hijron motivini asosiy yo’nalishga aylantirdi. Nodira va Zulfiya faqat adabiyotimizdagina emas, umuman, hayotda ham o’zbek ayolining vafo va sadoqati timsoli bo’lib tarixda qoldi.
Nodira ijodi haqida gap ketar ekan, yana bir nozik jihatni esdan chiqarmaslik kerak. Yor timsolida zimdan Alloh ko’zda tutilishini, bu o’zbek mumtoz g’azaliyotida an’anaviy bir hodisa ekanini yaxshi bilasiz. Modomiki, yor Xudo ekan, uning jinsi ma’lum emas. Aksar erkak shoirlar yor deganda go’zal bir qizni ko’z oldilariga keltirib, uning chiroyini – qaddi-qomati, beli, sochi, yuzi, yonog’i, ko’zi, qoshi va hokazolarini qalamga olgan, bu borada bisotidagi bor yaxshi so’z-u ifoda-yu tasvirlarini ishga solgan. Bu mantiqan o’zini oqlagan. Chunki Alloh – husn shohi, ya’ni go’zallikning eng oliy namunasi, uni har qancha ta’riflasangiz ham, kamlik qilaveradi.
Biroq endi shoira yozgan g’azal yo boshqa kichik lirik janrlar namunalarida yor timsoliga munosabat biroz o’zgaradi. Birinchidan, ancha umumiylashadi, ya’ni endi uni xushro’y bir qiz sifatida tasvirlab bo’lmay qoladi. Ikkinchidan, g’azal janri an’anasiga ko’ra, lirik qahramon – oshiq tarzida namoyon bo’ladi, erkak shoirlar yozgan asarlar mantiqan ma’shuqaga bag’ishlanadi, shoiralar qalamiga mansub satrlarda lirik qahramon oshiqqa aylanadi va g’azal endi ma’shuqaga emas, balki ma’shuqqa bag’ishlanadi, shuning uchun shoiralar qalamiga mansub g’azallarda yorning uzun sochi, ingichka beli, qalam qoshi, uzun kipriklari… maqtalavermaydi. Uchinchidan, shoiralar yor(ya’ni ma’shuq)ni shunday umumiy tarzda tasvirlashi kerakki, undan Allohga ishora uzoqlashib ketmasin.
Nodira ijodi bu talablarga to’la javob beradi. Uning «Eshit» radifli g’azalida bir yo’la ham Amir Umarxon, ham Yaratganga ishora borligini sezish qiyin emas. Bu matla’dayoq ko’zga tashlanadi:
Doda keldim, ey salotin sarvari, dodim eshit,
Sen shah-u, men benavo, lutf ayla, faryodim eshit.
Chindan ham, xonni ham «salotin sarvari» (podshohlar boshlig’i), ma’shuqini «shah» deyishi, o’zini «benavo» hisoblashi mumkin, bu ta’riflar, Xudoga qaratilgan, deb hisoblansa ham, bo’laveradi. G’azal davomidagi «sarvi ozodim», «sarvi nozim», «parizodim», «tab’i noshodim» undalmalari ham xuddi shunday tarzda bir yo’la ikki obyektga qaratilgan holda qo’llangan.
Kelki, bir soat seni ko’rmoq uchun mushtoqmen,
Telba bo’ldim sendin ayru, ey parizodim, eshit, –
bayti esa she’rni yana-da hayotiyroq qilib, uning insoniy muhabbatga daxldorligini kuchaytirgan.
Nodira asarlari mumtoz shoiralarimiz ijodiyotining ana shunday o’ziga xosliklari borligini, ularni nozik tushunish zaruratini ko’rsatib turibdi.
«Jilva ko’rsatdi chu ul sarvi diloro bog’ aro…», «Fig’onkim, gardishi davron ayirdi shahsuvorimdin…», «Kel, sanga, ey shahi jahon, mamlakati jahon fido…», «Na gul sayr ayla, na fikri bahor et…» deya boshlanadigan va boshqa g’azallarini ham majoziy (insonning insonga muhabbati), ham ilohiy (insonning Allohga muhabbati) ishq jihatidan talqin etish zarur. Ana shunda asar mazmuni falsafiylashadi, u irfoniy-tasavvufiy ma’no-mazmun kasb etadi, uning badiiyligi, har zamon va makonga mosligi darajasi oshadi.
Shoira asarlarida mumtoz she’riyatimiz shart va talablarini mukammal o’zlashtirishga, shu yo’lda izlanishlar qilishga, yangiliklar yaratishga intilish sezilib turadi. Bu jihatdan uning musammatlari[1] alohida diqqatga molik. Xususan, «Firoqnoma» musammati o’zbek so’z san’atining ajoyib namunasi hisoblanadi. Asar mazmun-mohiyati – shoira umum ijodidagi mavzu va motivlar bilan chambarchas bog’liq.
Nodira chekkan g’am, kulfat-u hijron azob-uqubatlari yetmagandek, o’zi va o’g’illarining hayoti ham fojiali yakun topdi. 1842-yili Buxoro amiri Nasrulloxon lashkar tortib kelib, Qo’qonni bosib oldi. Uning buyrug’i bilan Nodiraning o’zi ham, uning o’g’illari Muhammadalixon, Sulton Mahmudxon ham, nevaralari ham vahshi yona qatl etildi.
Nodiradan xalqimizga ikki devon qoldi. Nisbatan to’la deb hisoblanadigan turkiy devonida 189 g’azal mavjud. Ulardan ayrimlari tojikcha. Forsiy she’rlari «Devoni Maknuna»da jamlangan.
Sharqda sohibi devon shoir bo’lish katta sharaf hisoblangan. Chunki devon tuzishi uchun shoir arab alifbosidagi barcha harflar bilan tugaydigan g’azallar bitgan bo’lishi kerak. Nodira ikki tilda ham ana shunday yuksak darajaga yetgan ijodkor edi. She’riyat muxlislari orasida shuhrati juda baland edi. Bu haqda uning o’zi faxr bilan:
Nodira, har so’zki insho ayladim,
Aydi anga ahli davron: «Marhabo!» –
deb yozganida tamoman haq edi.
Chunki, mana, oradan bir yarim asrdan ko’p vaqt o’tgan bo’lishiga qaramay, uning she’rlari sevib o’qiladi, hofizlarimiz tomonidan qo’shiq qilib kuylanadi, hamon kishilarga ma’naviyma’rifiy, badiiy-tab’iy (estetik) zavq va lazzat ulashadi.
Nodira ijodi o’zidan keyingi ko’plab shoirlar uchun mahorat maktabi bo’lib xizmat qildi. Zokirjon Furqatning ayrim she’rlari aynan ana shu shoira asarlariga nazira (o’xshatma) tarzida dunyo ga kelgan. XX asrda Nodira haqida drama sahnaga qo’yildi, badiiy film ishlandi. Uning nomiga san’at va ta’lim maskanlari, ko’chalar qo’yilgan.
[1] M u s a m m a t – har bandi uch (musallas), to‘rt (murabba’), besh (muxammas), olti (musaddas), yetti (musabba’), sakkiz (musamman), to‘qqiz (mutasne’ yoki tasne’) va o‘n (muashshar yoki mashru’) baytdan iborat lirik she’r turi.
Savol va topshiriqlar
- Nodiraning hayot yo’lini so’zlab bering. Umrining eng muhim nuqtalarini esdan chiqarmaslik uchun daftaringizga ularni alohida ketma-ketlik bilan qayd eting.
- Nodira qanday oilada tarbiya topti? Bu uning shoira bo’lib yetishuvida qanday ahamiyat kasb etdi?
- Nodira va Umarxon munosabatlari, buning shoira ijodiga ta’siri haqida batafsil so’zlab bering.
- Shoira ijodida hijron motivi kuchayishining sabablari, ko’rinishlari haqida so’zlang.
- Nodira va o’zbek shoiralari munosabatlari haqida gapirib bering.
- Shoira ijodining o’zbek adabiyotida tutgan o’rni aynan nimalarda namoyon bo’ladi?







